Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Maʼmuriy islohotlar doirasida raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida davlat boshqaruvi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maʼmuriy islohotlar doirasida raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-son Farmonining ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 1-ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
raqobatga qarshi kelishuv tuzgan yoki oʻzaro muvofiqlashtirilgan harakatni sodir etgan shaxs bu haqda monopoliyaga qarshi organga birinchi boʻlib ixtiyoriy ravishda xabar qilsa, ushbu shaxsga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilmasligi;
monopoliyaga qarshi organ raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikning iqtisodiy taʼsir darajasi past holatlar boʻyicha birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan moliyaviy sanksiyalar belgilash va undirish toʻgʻrisida sudga murojaat qilmasligi, ularga nisbatan profilaktik tushuntirish tadbirlari amalga oshirilishi;
davlat organlari davlat yordamini berishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ularning raqobat muhitiga taʼsirini baholash uchun Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasiga majburiy tartibda kiritishi;
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xodimlari tanlov (tender) komissiyalari tarkibiga kiritilmasligi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi Sh.Sh. Sharaxmetov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 20-oktabr,
549-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-oktabrdagi 549-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 12-oktabrdagi 225-son qarori bilan tasdiqlangan Raqobat, tabiiy monopoliyalar, isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ish qoʻzgʻatish va ularni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomda:
a) 1-banddagi “Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi va uning hududiy boshqarmalari hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi” soʻzlari “Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi va uning hududiy boshqarmalari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 4-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining markaziy apparati Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisining qarori asosida”;
v) 34-bandning birinchi xatboshisi va 37-banddagi tegishli kelishikdagi “Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi” soʻzlari tegishli kelishikdagi “Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
g) 36-bandda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi — oʻn birinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Raqobatga qarshi kelishuv tuzgan yoki oʻzaro muvofiqlashtirilgan harakatni sodir etgan jismoniy yoki yuridik shaxs bu haqda vakolatli davlat organiga birinchi boʻlib ixtiyoriy ravishda xabar qilsa, vakolatli davlat organi ushbu shaxsga nisbatan moliyaviy sanksiyalar belgilash va undirish toʻgʻrisida sudga murojaat qilmaydi.
Vakolatli davlat organi raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikning iqtisodiy taʼsir darajasi past holatlar boʻyicha birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan moliyaviy sanksiyalar belgilash va undirish toʻgʻrisida sudga murojaat qilmaydi, ularga nisbatan profilaktik tushuntirish tadbirlari amalga oshiriladi.
Raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishi natijasida isteʼmolchilar, raqobatchilar yoki boshqa manfaatdor subyektlarga keskin zarar yetkazilmagan, shu jumladan, raqobatni cheklashga, bozordagi raqobat muhitiga taʼsir qilmagan holatlar iqtisodiy taʼsir darajasi past holatlar hisoblanadi.
Quyidagilar raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikning iqtisodiy taʼsir darajasi past holatlar boʻlishi mumkin:
a) tovar va moliya bozorlarini tahlil qilishda monopoliyaga qarshi organga uning soʻroviga asosan maʼlumotlarni taqdim etmaslik, notoʻgʻri yoki yolgʻon maʼlumotlar taqdim etganlik;
b) savdolar oʻtkazilishida ularni oʻtkazish tartibining buzilishi:
savdolar boʻyicha yakuniy natijalarning eʼlon qilinishi yoki savdolar natijalari boʻyicha shartnomalar tuzilgunga qadar aniqlanganda;
savdolarni oʻtkazish tartibini buzish savdolar natijasiga taʼsir etmaganda;
raqobatni cheklashga olib kelgan harakat bozor ishtirokchilari, isteʼmolchilarga bevosita moliyaviy zarar keltirib chiqarmaganda;
ustun mavqega yoki ustun muzokara kuchiga ega xoʻjalik yurituvchi subyektlarning uning kontragentlari yoki isteʼmolchilari bilan tuzilgan shartnomalarga raqobatni cheklovchi yoki kamsituvchi shartlarni kiritganlik holatlari amaliy jihatdan hayotga tatbiq etilgunga qadar aniqlanganda”;
ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilar tegishlicha oʻn ikkinchi — oʻn toʻrtinchi xatboshilar deb hisoblansin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 28-oktabrdagi 239-son qarori bilan tasdiqlangan Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni shakllantirish, deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash hamda ularning qoʻllanilishini davlat tomonidan nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 3-bandning beshinchi xatboshisidagi “bilan band boʻlgan” soʻzlari “boʻyicha faoliyatni asosiy faoliyat sifatida amalga oshiradigan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 27-bandning birinchi xatboshisi va 39-bandning ikkinchi xatboshisidagi tegishli kelishikdagi “Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi” soʻzlari tegishli kelishikdagi “Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-maydagi 118-son qarori bilan tasdiqlangan Monopoliyaga qarshi organning tabiiy monopoliyalar subyektlari faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni olishi tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 2-bandida:
a) ikkinchi xatboshidagi “Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi” soʻzlari “Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) uchinchi xatboshidagi “bilan band boʻlgan” soʻzlari “boʻyicha faoliyatni asosiy faoliyat sifatida amalga oshiradigan” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-apreldagi 259-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 34-banddagi “, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining” soʻzlari chiqarib tashlansin;
b) 60-bandda:
birinchi xatboshidagi “Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi” soʻzlari chiqarib tashlansin;
ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilaridagi “, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi” soʻzlari chiqarib tashlansin.
5. Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahri aholisini qoʻshimcha issiqlik va elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirish boʻyicha tezkor chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2023-yil 20-yanvardagi 23-son qarorining 6-bandi ikkinchi xatboshisi “Toshkent shahar mahalliy budjetining qoʻshimcha manbalari” soʻzlaridan keyin “hamda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ mablagʻlari” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
6. Vazirlar Mahkamasining “Iqtisodiyot tarmoqlarida oʻzaro hisob-kitoblarni mustahkamlash, tarmoq korxonalarining muddati oʻtgan idoraviy qarzdorliklarini qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 28-apreldagi 168-son qaroriga ilovadagi “(mln soʻm)” soʻzlari “(mlrd soʻm)” soʻzlari bilan almashtirilsin.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-oktabrdagi 549-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-dekabrdagi 972-son qarori bilan tasdiqlangan Namangan viloyatining Pop va Mingbuloq tumanlarida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni tuzish huquqi boʻyicha tender gʻolibini aniqlash uchun tender komissiyasining aʼzolari tarkibining 4-bandi.
2. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-maydagi 239-son qarori bilan tasdiqlangan Talabalar turar joylarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan subsidiya ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ilovaning 4-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.10.2023-y., 09/23/549/0791-son)