Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-avgustdagi “Chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni tashkil etish tizimini isloh qilish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-189-son Farmoniga qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida
Sanitar tozalash korxonalari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, sohada uzoq muddatli investitsiya loyihalari amalga oshirilishini ragʻbatlantirish maqsadida qonunchilikda bir qator soliq imtiyozlari va preferensiyalar mavjud.
Bugungi kunda aholiga sifatli sanitar tozalash xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari yoqilgʻi xarajatlarini tejash maqsadida gaz ballonlari bilan jihozlangan transport vositalaridan foydalanib kelmoqda.
Mazkur ekologik xavfsiz yoqilgʻi turlarida harakatlanuvchi transport vositalarini respublika hududiga olib kirishda imtiyozlarning mavjud emasligi ulardan foydalanib kelayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun moliyaviy qiyinchiliklar tugʻdirmoqda.
Shu munosabat bilan, aholiga sifatli sanitar tozalash xizmatlarini koʻrsatayotgan tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-avgustdagi “Chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni tashkil etish tizimini isloh qilish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-189-son Farmonining 2-bandi quyidagi mazmundagi “v1” kichik band bilan toʻldirilsin:
“v1) 2024-yil 1-yanvarga qadar yangi yuk tashuvchi transport vositalarini (chiqindi tashish mashinalari va samosvallar) (TIF TN kodi 8704 32 9209) import qilishda bojxona boji stavkasi 5 foiz miqdorida oʻrnatilsin va ular utilizatsiya yigʻimidan ozod qilinsin”.
2. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 26-sentabr,
PF-161-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.09.2023-y., 06/23/161/0728-son)