Andijon viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasining
Qarori
Birinchi instansiyada ishni koʻrishda maʼruzachi sudya — S. Rustamov
Apellatsiya instansiyasida maʼruzachi sudya — D. Ubaydullayev
Andijon viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati, sud raisi oʻrinbosari Sh. Mirzayevning raisligida, hayʼat aʼzolari T. Ataboyev va D. Ubaydullayevdan iborat tarkibda, sudya katta yordamchisi X. Azizovning kotibligida, “Oʻz” AJ vakili A.A (ishonchnoma asosida), Andijon viloyat Davlat aktivlarini boshqarish agentligining vakili S.N (ishonchnoma asosida) ishtirokida, Andijon tumanlararo iqtisodiy sudining 4-1701-2102/1058-sonli iqtisodiy ishi yuzasidan 2023-yil 11-yanvar kungi hal qiluv qarori ustidan “Oʻz” AJ tomonidan berilgan apellatsiya shikoyati va unga ilova qilingan hujjatlarni Andijon viloyat sudining binosida ochiq sud majlisida videokonferensaloqa rejimidan foydalangan holda koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi palata aʼzosi daʼvogar — “Oʻz” AJ (bundan buyon matnda “dastlabki daʼvogar”) manfaatida, javobgarlar — “UZD” MChJ shaklidagi qoʻshma korxonasi (bundan buyon matnda Qoʻshma korxona deb yuritiladi) va “MIE” MChJ (bundan buyon matnda MChJ deb yuritiladi) ishtirokidagi 2019-yil 11-iyulda oʻtkazilgan “EA” nodavlat taʼlim muassasasi (bundan buyon matnda NTM deb yuritiladi)ni tashkil etish toʻgʻrisidagi taʼsischilarning umumiy yigʻilish qarorini, Andijon shahar Davlat xizmatlari markazida 2019-yil 12-iyulda 743064-raqam bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan NTMning ustavi va 2019-yil 11-iyuldagi taʼsis shartnomasini haqiqiy emas deb topishni, bitimlar haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllab NTM taʼsischilarining 2019-yil 15-iyuldagi qarorini, qoʻshma korxona va NTM oʻrtasida 2019-yil 15-iyulda tuzilgan 1-sonli shartnomani, qoʻshma korxona va MChJ oʻrtasidagi NTMdagi javobgarning ulushini sotish yuzasidan 2019-yil 6-avgustda tuzilgan oldi-sotdi shartnomasini, NTMning 2019-yil 6-avgustdagi yigʻilish qarorini, Andijon shahar Davlat xizmatlari markazida 2019-yil 7-avgustda 743064-raqam bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan NTMning yangi tahrirdagi ustavini, Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasi Andijon shahar filiali tomonidan 17:15:02:04:01 kod raqami bilan roʻyxatga olingan Andijon shahar Furqat koʻchasi 5-manzildagi qurilishi tugallanmagan maktabgacha taʼlim muassasasining kadastr hujjatlarini haqiqiy emas deb topishni, bitimlarning haqiqiy emaslik oqibatlarini qoʻllab, MChJdan qoʻshma korxona foydasiga 2 031 347 518 soʻm undirishni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan ishga KII javobgar sifatida, Andijon shahar hokimligi, Davlat xizmatlari agentligi Andijon viloyat boshqarmasi, Davlat kadastrlar palatasi Andijon viloyat boshqarmasi, Andijon viloyat qurilish boshqarmasi va “B” MChJ nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar sifatida jalb qilingan.
“Oʻz” AJning iltimosnomasiga asosan sudning ajrimi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Andijon viloyat hududiy boshqarmasi (bundan buyon matnlarda — “daʼvogar” deb yuritiladi) “Oʻz” AJning huquqiy vorisi sifatida daʼvogarga almashtirilgan.
Birinchi instansiya sudining 2023-yil 11-yanvardagi hal qiluv qarori bilan daʼvo talablarini qanoatlantirish rad etilgan, daʼvo talabining Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasi Andijon shahar filiali tomonidan 17:15:02:04:01 kod raqami bilan roʻyxatga olingan Andijon shahar, F. koʻchasi, 5-manzildagi qurilishi tugallanmagan maktabgacha taʼlim muassasasining kadastr hujjatlarini haqiqiy emas deb topish haqidagi qismi boʻyicha ish yuritish tugatilgan.
Mazkur hal qiluv qaroridan norozi boʻlib, dastlabki daʼvogar tomonidan kiritilgan apellatsiya shikoyatida birinchi instansiya sudining 2023-yil 11-yanvardagi hal qiluv qarorini davlat boji qismini oʻzgartirishni soʻragan.
Dastlabki daʼvogar vakili sud majlisida tushuntirish berib, apellatsiya shikoyatida keltirgan vajlarini quvvatlab, iqtisodiy ish 3-marta birinchi instansiyada, 2-marta apellatsiya instansiyasida, 2-marta kassatsiya instansiyasida koʻrib chiqilganligini, daʼvogar tomonidan jami 330 534 750 soʻm miqdorida davlat boji budjetga undirilganligini, shundan 60 940 425 soʻm qismi daʼvogar tomonidan ixtiyoriy ravishda budjetga toʻlanganligini, qolgan qismi esa Majburiy ijro byurosi orqali undirilganligini, ish yakuniga kelib sudning ajrimi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Andijon viloyat hududiy boshqarmasi “Oʻz” AJning huquqiy vorisi sifatida daʼvogarga almashtirilganligini va oʻz navbatida davlat boji toʻlovidan ozod qilinganligini bildirib, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni soʻradi.
Daʼvogar vakili dastlabki daʼvogarning apellatsiya shikoyatini hal etishni sudning hukmiga havola qildi.
Palata, uchinchi shaxslar va qoʻshimcha javobgarlar sud majlisi oʻtkazilishi haqida belgilangan tartibda ogohlantirilgan boʻlsa-da, sud majlisiga ulardan vakillar kelmadi.
Sudlov hayʼati taraflarning koʻrsatmasini tinglab, ishdagi mavjud hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra, apellatsiya shikoyatini qisman qanoatlantirishni, sudning hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topdi.
Aniqlanishicha, Andijon shahar hokimining 2018-yil 15-yanvardagi 20-K-sonli qarori bilan qoʻshma korxonaga Andijon shahar, F. koʻchasi 5-manzilda joylashgan 1,02 gektar yer maydoni 150 oʻrinli “Maktabgacha taʼlim muassasasi” qurish uchun tanlab ajratib berilgan.
MChJ QK va MChJ oʻrtasida 2018-yil 20-aprelda 7-sonli pudrat shartnomasi tuzilib, shartnomaga binoan MChJ maktabgacha taʼlim muassasasi obyektini qurib foydalanishga topshirish boʻyicha qurilish ishlarini bajarish majburiyatini olgan va bajarilishi lozim boʻlgan ishlarning qiymati 4 300 018 876,15 soʻmni tashkil etgan. MChJ tomonidan 2 482 890 464 soʻmlik qurilish ishlari bajarilgan.
Obyektda amalga oshirilgan qurilish ishlari “Q” MChJ mutaxassislari tomonidan nazorat oʻlchovidan oʻtkazilib, MChJ tomonidan haqiqatda 2 082 890 427 soʻmlik ishlar bajarilgani va topshirish hujjatlarida 400 000 037 soʻmlik bajarilmagan ishlar qiymati qoʻshib yozilgani aniqlangan.
MChJ QK va MChJ ishtirokida 2019-yil 11-iyulda “EA” nodavlat taʼlim muassasasi (keyingi matnlarda “NTM” deb yuritiladi) tashkil etish boʻyicha taʼsischilarning umumiy yigʻilishi oʻtkazilgan va umumiy yigʻilishda Nizom fondi 4 000 000 000 soʻm (MChJ ulushi 1 968 652 482 soʻm (49,2%)) va MChJ QK ulushi — 2 031 347 518 soʻm (50,8%) boʻlgan NTMni tashkil etish hamda NTM Nizomini tasdiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.
Shuningdek, shu kuni MChJ va qoʻshma korxona oʻrtasida taʼsis shartnomasi tuzilib, MChJ NTM nizom fondidagi 1 968 652 482 soʻm ulushini mol-mulk va pul mablagʻi koʻrinishida, MChJ QK esa 2 031 347 518 soʻmlik ulushini yuqoridagi qurilishi tugallanmagan maktabgacha taʼlim muassasasi bino-inshootlari bilan shakllantirishi belgilangan. NTMning taʼsis shartnomasi va Nizomi 2019-yil 12-iyulda davlat reyestrida roʻyxatga olingan.
Shundan soʻng NTM taʼsischilarining 2019-yil 15-iyuldagi umumiy yigʻilish qarori bilan MChJ QKga tegishli boʻlgan Andijon shahar, F. koʻchasi, 5-manzilda joylashgan 10 200,0 kv.m. yer maydonidagi umumiy qurilish maydoni 1238,16 kv.m. inventar qiymati 1 500 000 000 soʻm boʻlgan 0001-tarxli qurilishi tugallanmagan maktabgacha taʼlim muassasasi binosi NTM balansiga nizom fondini shakllantirish maqsadida oʻtkazib berish belgilangan.
Shu kuni taʼsischilar MChJ va MChJ QK qurilishi tugallanmagan koʻchmas mulkni NTM balansga oʻtkazib berish haqida 1-sonli shartnomani tuzib, qurilishi tugallanmagan maktabgacha taʼlim muassasasi binosi NTM balansiga tasarruf etish huquqi bilan oʻtkazib berilgan.
Ushbu shartnoma kadastr organidan 2019-yil 19-iyulda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
Keyinchalik, NTM taʼsischilari boʻlgan MChJ va MChJ QK oʻrtasida 2019-yil 6-avgustda ulushni oldi-sotdi shartnomasi tuzilib, shartnomaga asosan MChJ QK NTMdagi 2 031 347 518 soʻmlik toʻliq ulushini MChJga 2 031 347 518 soʻm qiymatda sotgan.
NTM taʼsischilari MChJ va MChJ QK ishtirokida 2019-yil 6-avgustda taʼsischilar umumiy yigʻilish oʻtkazilib, yigʻilishda MChJ QKni NTM taʼsischilari safidan chiqarish haqida qaror qabul qilingan va NTMning yangi tahrirdagi Ustavi tasdiqlangan.
NTMning yangi tahrirdagi ustavi 2019-yil 7-avgustda qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
Dastlabki daʼvogar oʻzining taʼsischiligida tashkil etilgan qoʻshma korxona amaldagi qonun hujjatlariga zid ravishda uni belgilangan tartibda xabardor qilmasdan va ishtirokchi hisoblangan daʼvogarning roziligini olmasdan boshqa yuridik shaxsni tashkil qilgani hamda yuqoridagi yirik bitimlarni tuzganligi vaji bilan palata orqali sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Birinchi instansiyasi sudi daʼvo talablarini qanoatlantirishni rad etish, daʼvo talabining Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasi Andijon shahar filiali tomonidan 17:15:02:04:01 kod raqami bilan roʻyxatga olingan Andijon shahar, F. koʻchasi, 5-manzildagi qurilishi tugallanmagan maktabgacha taʼlim muassasasining kadastr hujjatlarini haqiqiy emas deb topish haqidagi qismi boʻyicha ish yuritish haqida asosli va qonuniy toʻxtamga kelgan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, Andijon tumanlararo iqtisodiy sudining 2021-yil 13-iyuldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo talablari qisman qanoatlantirib, MChJdan qoʻshma korxona foydasiga 2 031 347 518 soʻm undirilgan, daʼvo talabining qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan.
Andijon viloyat sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2021-yil 16-sentabrdagi qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgartirilib, dastlabki daʼvogardan budjetga 29 400 000 soʻm davlat boji undirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining 2022-yil 18-yanvardagi qarori bilan quyi sudlarning qarorlari bekor qilinib, ish birinchi instansiyada yangidan koʻrish uchun Andijon tumanlararo iqtisodiy sudiga yuborilgan.
Fargʻona tumanlararo iqtisodiy sudining (ish birinchi instansiyada koʻrish uchun Fargʻona tumanlararo iqtisodiy sudiga oʻtkazilgan) 2022-yil 13-apreldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo talablarini qanoatlantirish rad etilgan, daʼvo talabining kadastr hujjatlarini haqiqiy emas deb topish haqidagi qismi boʻyicha ish yuritish tugatilgan. Dastlabki daʼvogardan respublika budjetiga jami 120 453 900 soʻm (1,2,3-uchun) davlat boji undirilgan.
Fargʻona viloyat sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2022-yil 13-iyundagi qarori bilan Fargʻona tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 13-apreldagi hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan, dastlabki daʼvogar tomonidan oldindan toʻlangan 60 226 950 soʻm davlat boji uning zimmasida qoldirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining 2022-yil 14-noyabrdagi qarori bilan quyi sudlarning qarorlari bekor qilinib, ish birinchi instansiyada yangidan koʻrish uchun Andijon tumanlararo iqtisodiy sudiga yuborilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-168-sonli Qaroriga asosan “Oʻz” AJning “UZD” MChJ shaklidagi qoʻshma korxonasi ustav kapitalidagi 50 foiz ulushi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Andijon viloyat hududiy boshqarmasiga oʻtkazilgan.
Andijon tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 5-yanvardagi ajrimi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Andijon viloyat hududiy boshqarmasi dastlabki daʼvogarning huquqiy vorisi sifatida daʼvogarga almashtirilgan.
Birinchi instansiya sudining 2023-yil 11-yanvardagi hal qiluv qarori bilan daʼvo talablarini qanoatlantirish rad etilgan, daʼvogar davlat boji toʻlovidan ozod qilinganligi inobatga olingan, daʼvo talabining Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasi Andijon shahar filiali tomonidan 17:15:02:04:01 kod raqami bilan roʻyxatga olingan Andijon shahar, F. koʻchasi, 5-manzildagi qurilishi tugallanmagan maktabgacha taʼlim muassasasining kadastr hujjatlarini haqiqiy emas deb topish haqidagi qismi boʻyicha ish yuritish tugatilgan.
Andijon viloyat sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2021-yil 16-sentabrdagi qarori bilan 29 400 000 soʻm, Fargʻona tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 13-apreldagi hal qiluv qarori bilan 120 453 900 soʻm (aslida 240 907 800 jami, shundan 120 453 900 soʻm qismi ixtiyoriy, 120 453 900 soʻm qismi MIB orqali undirilgan), Fargʻona viloyat sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2022-yil 13-iyundagi qarori bilan 60 226 950 soʻm (ixtiyoriy toʻlangan) jami 330 534 750 soʻm davlat boji dastlabki daʼvogardan respublika budjetiga undirilgan.
Dastlabki daʼvogar tomonidan kiritilgan apellatsiya shikoyatida dastlabki daʼvogar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Andijon viloyat hududiy boshqarmasi bilan almashtirilganligi, daʼvogar davlat boji toʻlovidan ozod qilinganligi kabi vajlarni bildirib, dastlabki daʼvogar tomonidan ixtiyoriy toʻlangan hamda sud qarorlari boʻyicha undirilgan jami 330 534 750 soʻm davlat bojini budjetdan qaytarishni soʻragan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonuniga (bundan buyon matnda “Qonun” deb yuritiladi) ilova sifatida tasdiqlangan davlat boji stavkalarining miqdorlarining 2-bandiga asosan iqtisodiy sudlarga beriladigan mulkiy xususiyatga ega daʼvo arizalaridan daʼvo bahosining 2 foizi miqdorida, biroq BHMning 1 baravaridan kam boʻlmagan miqdorda, nomulkiy xususiyatga ega daʼvo arizalaridan BHMning 10 baravari, apellatsiya va kassatsiya tartibida berilgan shikoyatlardan birinchi instansiya sudida koʻrib chiqish uchun arizalar berilganda toʻlanadigan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji toʻlanishi (undirilishi) belgilangan.
Palata tomonidan dastlabki daʼvogar manfaatida sudga daʼvo taqdim etilgan vaqtda, ishning natijasidan qatʼiy nazar dastlabki daʼvogar davlat boji toʻlovidan ozod qilinmagan.
Shu sababli dastlabki sudlarning qarorlariga asosan ishning natijasi boʻyicha toʻlanishi lozim boʻlgan davlat boji dastlabki daʼvogarning zimmasiga yuklatilgan.
Andijon tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 5-yanvardagi ajrimi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Andijon viloyat hududiy boshqarmasi dastlabki daʼvogarning huquqiy vorisi sifatida daʼvogarga almashtirilishi, avvalgi toʻlangan va undirilgan davlat bojlarining qaytarilishini anglatmaydi.
Chunki, Qonunning 18-moddasida davlat bojini qaytarish tartibi belgilangan boʻlib, qonunda yuqoridagi holatda davlat bojini qaytarilishi mumkinligi nazarda tutilmagan.
Biroq, Fargʻona tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 13-apreldagi hal qiluv qarori bilan undirilishi belgilangan 120 453 900 soʻm davlat boji dastlabki daʼvogardan 2-marta undirilgan, yaʼni, dastlabki daʼvogar tomonidan 2022-yil 8-iyuldagi 1-sonli momerial order orqali 120 453 900 soʻm toʻlangan boʻlsa, 2022-yil 13-iyuldagi toʻlov talabnomasi bilan Majburiy ijro byurosi Mirobod tuman boʻlimi orqali 126 476 595 soʻm (shundan 120 453 900 soʻm qismi davlat boji, 6 022 695 soʻm qismi ijro yigʻimi) davlat boji budjetga amalda undirilgan.
Mazkur holatda, dastlabki daʼvogardan bitta sud hujjati boʻyicha 2-marta davlat boji undirilganligi natijasida 120 453 900 soʻm davlat boji ortiqcha undirib olingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 20-apreldagi “Sudlar tomonidan iqtisodiy ishlarni apellatsiya tartibida koʻrish amaliyoti toʻgʻrisida”gi 16-sonli Qarorining 30-bandi toʻrtinchi qismiga binoan, sud xarajatlarini taqsimlash masalasining hal etilmasligi yoxud notoʻgʻri hal etilishi sudning hal qiluv qarorini bekor qilishga yoki oʻzgartirishga asos boʻlmaydi. Bunday holda apellatsiya instansiyasi sudi qarorining xulosa qismida sud xarajatlarini IPKning 118-moddasida nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha yangidan taqsimlash haqida koʻrsatiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining “bundan buyon matnlarda “IPK” deb yuritiladi) 118-moddasi birinchi va toʻqqizinchi qismlariga binoan, sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarning qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda ularning zimmasiga yuklatiladi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning apellatsiya, kassatsiya shikoyati berish bilan bogʻliq holda qilgan sud xarajatlari ushbu moddada bayon etilgan qoidalarga muvofiq taqsimlanadi.
Bunday holatda, sudlov hayʼati apellatsiya shikoyatida bildirilgan vajlar asosida birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilish yoki oʻzgartirish uchun asoslar mavjud emas deb hisoblaydi.
IPKning 278-moddasiga binoan, apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyati (protesti)ni koʻrish natijalari boʻyicha, sudning hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishga haqli.
Bayon etilganlarga asosan sudlov hayʼati, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni, apellatsiya shikoyatini qisman qanoatlantirishni, dastlabki daʼvogar tomonidan toʻlangan 33 000 soʻm pochta xarajatini uning zimmasida qoldirishni, ishni videokonferensaloqa rejimida koʻrish bilan bogʻliq 82 500 soʻm sud xarajatini dastlabki daʼvogardan Oliy sud foydasiga undirishni, dastlabki daʼvogar tomonidan ortiqcha toʻlangan 120 453 900 soʻm davlat bojini qaytarish haqida maʼlumotnoma berishni lozim topdi.
Binobarin, sudlov hayʼati Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 68, 72, 118, 128, 278-moddalarini qoʻllab, qaror qiladi:
Andijon tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 11-yanvardagi hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilsin.
Apellatsiya shikoyati qisman qanoatlantirilsin.
Apellatsiya instansiyasi uchun oldindan toʻlangan 33 000 soʻm pochta xarajati “Oʻz” AJ zimmasida qoldirilsin.
“Oʻz” AJdan Oliy sudning depozit hisob-raqamiga 82 500 soʻm sud xarajati undirilsin.
“Oʻz” AJ tomonidan ortiqcha toʻlangan 120 453 900 soʻm davlat bojini budjetdan qaytarish haqida unga maʼlumotnoma berilsin.
Qaror qabul qilingan paytdan boshlab qonuniy kuchga kiradi va uning ustidan kassatsiya tartibida shikoyat (protest) qilish mumkin.
Raislik qiluvchi Sh. MIRZAYEV
Hayʼat aʼzolari T. ATABOYEV
D. UBAYDULLAYEV
Andijon sh.,
2023-yil 8-sentabr,
4-1701-2102/1058-son