Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati kassatsiya instansiyasining
Qarori
Birinchi instansiya sudida ishni koʻrgan sudya — J. Musaboyev
Apellatsiya instansiyasida maʼruzachi sudya — A. Xonazarov
Kassatsiya instansiyasida maʼruzachi sudya — B. Sayfullayev
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati sudya B. Sayfullayevning raisligida, hayʼat aʼzolari sudyalar V. Sattorova va R. Sagatovdan iborat tarkibda, B. Joʻrayevning kotibligida, daʼvogar vakillari K.Yu (2023-yil 4-iyuldagi ishonchnomaga asosan), advokat J.A (2023-yil 18-maydagi orderga asosan) ishtirokida, N.V.R ikkinchi javobgar sifatida, “N” masʼuliyati cheklangan jamiyati nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan xolda daʼvogarlar R.A.I, R.R.A, R.A.A, Y.F.Yu, R.B.A, A.U.R, R.M.A, Y.Z.Yuning javobgar “N” masʼuliyati cheklangan jamiyati va N.V.R oʻrtasida 2009-yil 7-maydagi oldi-sotdi shartnomasini va ulushni 25500000 soʻm evaziga N.V.Rga sotib yuborilganlik boʻyicha tuzilgan bitimni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi boʻyicha qoʻzgʻatilgan ish boʻyicha qabul qilingan Namangan tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 6-iyundagi hal qiluv qarori va Namangan viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasining 2022-yil 16-avgustdagi qarori ustidan R.A.I tomonidan berilgan kassatsiya shikoyati asosida ishni Oliy sudning binosida ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
R.A.I, R.R.A, R.A.A, Y.F.Yu, R.B.A, A.U.R, R.M.A, Y.Z.Yular (bundan buyon matnda daʼvogarlar deb yuritiladi) javobgar “N” masʼuliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda javobgar yoki MChJ deb yuritiladi) va uchinchi shaxs N.V.R (bundan buyon matnda V.N deb yuritiladi)ga nisbatan sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, 2009-yil 7-maydagi oldi-sotdi shartnomasini va ulushni 25500000 soʻm evaziga V.Nga sotib yuborilganlik boʻyicha tuzilgan bitimni haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Sudning ajrimlariga asosan V.N ikkinchi javobgar sifatida, “N” masʼuliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda uchinchi shaxs deb yuritiladi) mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida ishga jalb qilingan.
Namangan tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 6-iyundagi hal qiluv qaroriga bilan ikkinchi javobgar V.Nning daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisidagi arizasi qanoatlantirilib, daʼvogarlarning daʼvo talablarini qanoatlantirish rad etilgan.
Namangan viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasining 2022-yil 16-avgustdagi qaroriga bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Daʼvogarlardan biri R.A.Ining kassatsiya shikoyatida daʼvo muddati sud tomonidan notoʻgʻri qoʻllanilganligi, daʼvo qilishning oʻtkazib yuborilganligini uzrli deb topish toʻgʻrisida iltimosnoma taqdim etilganligi, iltimosnomaga javobgar jamiyat ishtirokchilari yigʻilishining 2009-yil 3-martdagi qarori ilova qilinganligi, mazkur qarorda Namangan shahar, 4-kichik tuman, Q. koʻchasida joylashgan bino-inshootlarni 5500000 soʻm qiymatda uchinchi shaxsga ulush sifatida kiritish belgilanganligi, biroq quyi turuvchi sudlar tomonidan mazkur yigʻilish qarori muhokama qilinmaganligi, bino-inshootlar javobgarlar tomonidan oʻzaro til biriktirgan holda yigʻilish qarorida koʻrsatilmagan maqsadlarda V.N nomiga rasmiylashtirib berilganligi, daʼvogarlar bino-inshootlarda qilingan rekonstruksiya ishlarini uchinchi shaxs tomonidan amalga oshirilgan deb hisoblashgani, chunki, V.N uchinchi shaxsning rahbari sifatida faoliyat yuritganligi, daʼvogarlar 2009-yil 7-maydagi oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha mulklar amalda V.Nga sotib yuborilganligi haqida 2022-yil fevral oyiga kelibgina xabar topganligi, birinchi instansiya sudi daʼvogarlar mazkur holatni javobgar jamiyat ishtirokchilarining 2009-yil yakunlari boʻyicha oʻtkazilgan umumiy yigʻilishida jamiyat balansiga aniqlik kiritgan xolda bilishi lozim boʻlib, daʼvo muddatini aynan shu sanadan boshlangan deb barvaqt xulosaga kelganligi, 2009-yil yakunlari boʻyicha esa, bunday qarorning haqiqatda mavjud emasligi bayon qilinib, sud qarorlarini bekor qilish, daʼvo talabini qanoatlantirish toʻgʻrisida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sud majlisida ishtirok etgan daʼvogar R.A.Ining vakillari kassatsiya shikoyatini quvvatlab, uni qanotlantirishni soʻradilar.
Sud majlisida boshqa daʼvogarlar, javobgarlar va uchinchi shaxsdan vakil ishtirok etmadi.
Sudlov hayʼati, ish hujjatlarida ularning sud majlisi vaqti va joyi haqida xabardor qilinganligi toʻgʻrisida dalillar mavjudligini inobatga olib, sud majlisini ularning ishtirokisiz koʻrib chiqish mumkinligi haqida xulosaga keldi.
Sudlov hayʼati sud majlisida ishtirok etgan daʼvogar R.A.I vakillarining tushuntirishlarini tinglab, shikoyatda keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra sud hujjatlarini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
MChJ taʼsischilari tomonidan 2019-yil 3-martdagi umumiy yigʻilishda jamiyatga tegishli boʻlgan Namangan shahar, 4-kichik tuman, Q. koʻchasida joylashgan “Idora, omborxona, avtogaraj va yordamchi binolar”ni 5500000 soʻm qiymatda uchinchi shaxsga ulush sifatida berish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan (i.v.13, 1-t).
Shuningdek, 2009-yil 24-aprelda jamiyatning 2008-yil yakuni boʻyicha hisobot majlisi oʻtkazilib, yigʻilish tomonidan jamiyat balansida boʻlgan Namangan shahar, 4-kichik tuman, Q. koʻchasida joylashgan bino-inshootlarni uchinchi shaxsga qoʻshgan ulushi bilan birga 31000000 soʻmga V.Nga sotishga ruxsat berish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan (i.v.53,1-t) hamda mazkur mulklar 2009-yil 7-maydagi oldi-sotdi shartnomasiga koʻra V.Nga 5500000 soʻmga sotilgan (i.v.14, 1-t).
Daʼvogarlar MChJ hamda V.N oʻrtasida tuzilgan 2009-yil 7-maydagi oldi-sotdi shartnomasi qonun talabiga zid ravishda sotilganligini asos qilib, ushbu shartnomani shuningdek, oʻzlarida mavjud boʻlmagan (ish hujjatlarida ham mavjud emas) ulushni 25500000 soʻm evaziga N.V.Rga sotib yuborilganlik boʻyicha tuzilgan bitimni haqiqiy emas deb topishni soʻrashgan.
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi)ning 150-moddasiga koʻra, umumiy daʼvo muddati — uch yil.
FKning 153-moddasiga koʻra, buzilgan huquqni himoya qilish talabi daʼvo muddatining oʻtganligidan qatʼi nazar, sudda koʻrib chiqish uchun qabul qilinadi.
Daʼvo muddati sud tomonidan faqat nizodagi tarafning sud qaror chiqargunicha bergan arizasiga muvofiq qoʻllanadi.
Qoʻllanish toʻgʻrisida nizodagi taraf bayon qilgan daʼvo muddatining oʻtishi sudning daʼvoni rad etish haqida qaror chiqarishi uchun asos boʻladi.
V.N birinchi instansiya sudiga ariza taqdim etib, daʼvogarlar tomonidan qonunda belgilangan daʼvo muddati oʻtkazib yuborilganligi sababli, daʼvo muddatini qoʻllashni soʻragan (i.v.217, 1-t.).
Sudlar tomonidan ushbu ariza inobatga olinib, daʼvogarlar tomonidan daʼvo muddati oʻtkazib yuborilganligiga asoslanib, daʼvoni qanoatlantirishni rad etish haqida xulosaga kelingan.
Sudlov hayʼati quyi instansiya sudlarining ushbu xulosasi asosli va qonuniy deb hisoblaydi va quyidagi asoslarga koʻra kassatsiya shikoyatidagi vajlar bilan kelisha olmaydi.
Daʼvogarlar nizoli bitim va mulkni sotilganligi toʻgʻrisida 2022-yilning fevral oyida xabardor boʻlganliklarini vaj qilib keltirgan boʻlsalar-da, FK 59-moddasining birinchi qismiga asosan, xoʻjalik shirkati yoki jamiyatining ishtirokchilari taʼsis hujjatlarida belgilab qoʻyilgan tartibda shirkatning yoki jamiyatning faoliyati toʻgʻrisida axborot olish hamda uning buxgalteriya daftarlari va boshqa hujjatlari bilan tanishish huquqiga ega.
“Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni (bundan bayon matnda Qonun deb yuritiladi)ning 8-moddasida koʻra, jamiyat ishtirokchilarining huquqlari belgilangan boʻlib, unga koʻra, jamiyat ishtirokchilari ushbu Qonunda va jamiyatning taʼsis hujjatlarida belgilangan tartibda jamiyatning ishlarini boshqarishda ishtirok etish; foydani taqsimlashda ishtirok etish; qonunchilikda va jamiyat taʼsis hujjatlarida belgilangan tartibda jamiyatning faoliyati toʻgʻrisida axborot olish hamda uning buxgalteriya daftarlari va boshqa hujjatlari bilan tanishish; foydani taqsimlashda ishtirok etish huquqiga ega.
Qonun 30-moddasiga koʻra, yillik hisobotlarni va yillik buxgalteriya balanslarini tasdiqlash jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishining vakolatlaridan biri hisoblanadi.
Qonun 31-moddasining birinchi qismiga koʻra, jamiyat ishtirokchilarining navbatdagi umumiy yigʻilishi jamiyatning ustavida belgilangan muddatlarda, lekin yiliga kamida bir marta oʻtkaziladi.
FK 154-moddasining birinchi qismiga koʻra, daʼvo muddati shaxs oʻzining huquqi buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan oʻta boshlaydi. Bu qoidadan istisnolar ushbu Kodeks va boshqa qonunlar bilan belgilanadi.
Mazkur holatda, sudlov hayʼati MChJ ishtirokchisi sifatida oʻzlarining qonunda belgilangan huquqlaridan foydalangan holda daʼvogarlar haqiqiy emas deb topish soʻralgan bitimning tuzilganligini (daʼvo talabidagi ikkinchi talab boʻyicha bitim mavjudligi isbotlab berilmagan) 13 (oʻn uch) yil davomida bilishlari lozim edi deb hisoblaydi.
Sudlov hayʼati daʼvogarlarning MChJ taʼsischilarining 2009-yil 3-martdagi umumiy yigʻilishda jamiyatga tegishli boʻlgan koʻchmas mulklar uchinchi shaxsga ulush sifatida berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi va ushbu koʻchmas mulklar MChJning balansida boʻlishi mumkin emasligi, shuning uchun ular (daʼvogarlar) mulk uchinchi shaxsga sotilganligidan xabardor boʻlishlari mumkin emasligi haqidagi vajlari bilan kelisha olmaydi. Chunki, ular (daʼvogarlar) koʻchmas mulklar uchinchi shaxsga MChJning ulushi sifatida kiritilgan deb oʻylashgan taqdirda ham, MChJning boshqa (uchinchi shaxs)dagi ulushlarining taqdiri haqida bilishlari lozim edi.
Qolaversa, sudlar tomonidan V.N mazkur bino-inshootlarni sotib olgandan keyin bir necha marotaba rekonstruksiya qilib, tashqi koʻrinishiga keskin oʻzgartirishlar kiritgan boʻlsa-da, daʼvogarlar tomonidan biror marta ham eʼtiroz bildirilmaganligi ham inobatga olingan.
Bundan koʻrinadiki, daʼvogarlar bitim tuzilganligini hech boʻlmaganda 2010-yildan boshlab bilishlari lozim boʻlgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) IPK 302-moddasining birinchi qismiga koʻra, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun ish uchun ahamiyatli holatlarning toʻliq aniqlanmaganligi, sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatli boʻlgan holatlarning isbotlanmaganligi, hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalarning ish holatlariga muvofiq emasligi, moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilganligi asos boʻladi. Mazkur holatda bunday asoslar mavjud emas.
Bayon qilinganlarga asosan sudlov hayʼati, sud qarorlarini oʻzgarishsiz, R.A.Ining kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq oldindan toʻlangan 2 700 000 soʻm davlat boji va 33000 soʻm pochta xarajatini uning zimmasida qoldirishni lozim topadi.
Yuqoridagilarga asosan va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 118, 301-303-moddalarini qoʻllab, sudlov hayʼati qaror qildi:
Namangan tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 6-iyundagi hal qiluv qarori va Namangan viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasining 2022-yil 16-avgustdagi qarori oʻzgarishsiz, R.A.Ining kassatsiya shikoyati qanoatlantirmasdan qoldirilsin.
Oldindan toʻlangan 2700000 soʻm davlat boji va 33000 soʻm pochta xarajati R.A.I zimmasida qoldirilsin.
Mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Raislik qiluvchi: B. SAYFULLAYEV
hayʼat aʼzolari: V. SATTOROVA
R. SAGATOV
Toshkent sh.,
2023-yil 19-sentabr,
4-1601-2202/1549-son