Xorazm viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati appelatsiya instansiyasining
qarori
Birinchi instansiya sudida ishni koʻrgan sudya — B. Hayitboyev
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya — V. Qazaqov
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya — V. Qazaqov
Xorazm viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati M. Kurbanov raisligida, hayʼat aʼzolari M. Bobonazarov va V. Qazaqovdan iborat tarkibda, sudya katta yordamchisi V. Qoʻshnazarovning kotibligida, daʼvogar “XKS” aksiyadorlik jamiyati vakillari R.K., S.R. (2023-yil 1-avgustdagi 59-sonli ishonchnomaga asosan), javobgar “SS” masʼuliyati cheklangan jamiyati vakillari I.A. (jamiyat raisi), M.K. (2023-yil 1-avgustdagi 5-sonli ishonchnomaga asosan), uchinchi shaxslar A.K., Z.M., X.D., O.N., Q.S.lar ishtirokida, Shovot tumanlararo iqtisodiy sudining 4-2202-2301/402-sonli ish doirasida 2023-yil 5-iyunda qabul qilingan hal qiluv qarori nisbatan Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Xorazm viloyat hududiy boshqarmasi “XKS” aksiyadorlik jamiyati manfaatida berilgan apellatsiya shikoyati asosida ishni viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati joylashgan binosida, ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Xorazm viloyat hududiy boshqarmasi (bundan buyon matnda — palata deb yuritiladi) “XKS” aksiyadorlik jamiyati (bundan buyon matnda — daʼvogar deb yuritiladi) manfaatini koʻzlab, Shovot tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “SS” masʼuliyati cheklangan jamiyati(bundan buyon matnda — javobgar deb yuritiladi)ning 2020-yil 15-avgustdagi 16-sonli yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Sudning 2023-yil 18-apreldagi ajrimi bilan ishga nizoning predmetiga mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida notarius M.B.B. hamda 2023-yil 25-maydagi ajrimi bilan fuqarolar A.Q., Z.M., X.D., O.N., Q.S. va “MB” ATB jalb qilingan.
Shovot tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 5-iyundagi hal qiluv qarori bilan daʼvo rad etilgan.
Ish yuzasidan qabul qilingan hal qiluv qarori ustidan palata daʼvogar manfaatida apellatsiya shikoyati berib, unda birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvoni qanoatlantirish toʻgʻrisida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sud majlisida ishtirok etgan daʼvogar vakillari tushuntirish berib, apellatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni qoʻllab-quvvatlab, birinchi instansiya sudi tomonidan qonun normalari notoʻgʻri qoʻllanilganligini “XKS” aksiyadorlik jamiyati “SS” masʼuliyati cheklangan jamiyatida taʼsischi sifatida 25 foiz ulushga ega ekanligini, boshqa taʼsischilarning huquq va manfaatlarini inobatga olmasdan, taʼsischilar I.A.ning (0,39%), Z.M.ning (1.01%), K.S.larning (0,37%) jami — 1.77 foiz ulushlari ovoz berish natijalariga taʼsir koʻrsatish imkoniyati mavjud emas degan asoslar bilan daʼvoni notoʻgʻri rad etganligini bildirib, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvo arizasini qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishni soʻradilar.
Sud majlisida ishtirok etgan javobgar vakili hamda taʼsischilari tushuntirish berib, “SS” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischilarining 2020-yil 15-avgustdagi 16-sonli umumiy yigʻilishi oʻtkazilmaganligini, mazkur yigʻilishdan taʼsischilarning xabari ham boʻlmaganligi, yigʻilishda ishtirok etgan deya eʼtirof etilayotgan I.A., Z.M., K.S.lar ushbu yigʻilishda qatnashmaganligi hamda ularning imzolari soxtalashtirilganligi, bu toʻgʻrisida ekspertizaning xulosasi borligini, mazkur holat boʻyicha Shovot tumani prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 168-moddasi 2-qismi “b” bandi, 228-moddasi 2-qismi “b” bandi va 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilganligini, jinoyat ishi boʻyicha ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinishi lozim boʻlgan Q.D. vafot etganligi sababli, Shovot tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tergovchisi B.N.ning 2022-yil 30-sentabrdagi qaroriga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 84-moddasi 1-qismi 3-bandiga asosan jinoyat ishi tugatilganligini bildirib, “SS” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischilarining 2020-yil 15-avgustdagi 16-sonli umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻradilar.
Sud majlisining joyi va vaqti toʻgʻrisida palata va uchinchi shaxslar notarius M.B.B., “MB” ATB vakillari qonunda belgilangan tartibda xabardor qilingan boʻlsalar-da, sud majlisida vakillari ishtirok etmadi va apellatsiya shikoyati boʻyicha fikr bildirmadi.
Ammo, notarius M.B.B. sudga ariza bilan murojaat qilib, ishni oʻzining ishtirokisiz koʻrib chiqishni soʻragan.
Bu holda sudlov hayʼati, Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda — IPK deb yuritiladi) 274-moddasining toʻrtinchi qismiga asosan ishni ular ishtirokisiz koʻrib chiqishni lozim topadi.
Sudlov hayʼati ishda ishtirok etgan shaxslarning tushuntirishlarini tinglab, apellatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagilarga asosan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvoni qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishni va apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni lozim topadi.
Daʼvo arizadan koʻrinishicha, “SS” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischilarining 2020-yil 15-avgustdagi 16-sonli umumiy yigʻilishi oʻtkazilmaganligini va bu toʻgʻrisida jamiyatning 45 ta taʼsischisiga xabar berilmasdan ushbu yigʻilishni oʻtkazilgan deb rasmiylashtirilib, qabul qilingan qaror va undagi imzolar qalbakilashtirilganligi, ushbu holat yuzasidan Shovot tumani prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 168-moddasi 2-qismi “b” bandi, 228-moddasi 2-qismi “b” bandi va 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilganligini, jinoyat ishi boʻyicha ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinishi lozim boʻlgan Q.D. vafot etganligi sababli, Shovot tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tergovchisi B.N.ning 2022-yil 30-sentabrdagi qaroriga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 84-moddasi 1-qismi 3-bandi bilan jinoyat ishi tugatilganligini bildirib, “SS” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischilarining 2020-yil 15-avgustdagi 16-sonli umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topish soʻragan.
Birinchi instansiya sudi ish hujjatlarini toʻliq oʻrganmasdan, dalillarga baho bermasdan “Masʼuliyati cheklangan va qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni (bundan buyon matnda Qonun deb yuritiladi) 41-moddasida belgilangan jamiyat ishtirokchilarining qonuniy manfaatlari buzilgan qaror qabul qilinganligiga eʼtibor bermasdan daʼvoni rad qilish haqida barvaqt xulosaga kelgan.
Qonunning 41-moddasi uchinchi qismiga koʻra, jamiyat kuzatuv kengashining, jamiyat yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organining, jamiyat kollegial ijro etuvchi organining ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlarining, jamiyat ustavi talablari buzilgan holda qabul qilingan hamda jamiyat ishtirokchisining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan qarori jamiyat ana shu ishtirokchisining arizasiga binoan sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Biroq, birinchi instansiya sudi ushbu qonun 41-moddasida belgilangan jamiyatning qolgan ishtirokchilarining manfaatlarini eʼtiborga olmasdan taʼsischilar I.A.ning (0,39%), Z.M.ning (1.01%), K.S.larning (0,37%) jami — 1.77 foiz ulushlari borligini hamda mazkur taʼsischilarning ulushlari ovoz berish natijalariga taʼsir koʻrsatish imkoniyati mavjud emas degan asoslar bilan daʼvoni rad qilish haqida notoʻgʻri xulosaga kelgan.
Ammo, daʼvogar “XKS” aksiyadorlik jamiyatining ulushi 25 foizni tashkil etadi.
Mazkur holatda birinchi instansiya sudi qolgan jamiyat taʼsischilarning huquq va manfaatlarini inobatga olishi hamda taʼsischilarining 2020-yil 15-avgustdagi 16-sonli umumiy yigʻilish oʻtkazilmaganligiga va/yoki oʻtkazilgan deb koʻrsatilgan umumiy yigʻilishda ishtirok etgan deb koʻrsatilgan I.A., Z.M., K.S.lar imzolari ular tomonidan bajarilmaganligini inobatga olishi lozim edi.
IPK 279-moddasi ikkinchi qismining 1-bandiga asosan qoʻllanilishi lozim boʻlgan qonunchilik hujjatining qoʻllanilmaganligi moddiy huquq normalarining buzilishi yoki notoʻgʻri qoʻllanilishi hisoblanadi.
Mazkur moddaning birinchi qismining 4-bandiga asosan moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilganligi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladi.
Qayd etilganlarga asosan, sudlov hayʼati Shovot tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 5-iyundagi hal qiluv qarorini bekor qilishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, “SS” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischilarining 2020-yil 15-avgustdagi 16-sonli umumiy yigʻilish qarori bilan jamiyatga tegishli boʻlgan Shovot shaharchasi K. Otaniyazov koʻchasida joylashgan maʼmuriy binoni “KHGH” masʼuliyati cheklangan jamiyatining “MB” ATB Shovot filialidan 1.675.000 AQSh dollari miqdorida kredit olish, ushbu kredit taʼminotiga qoʻshimcha garov sifatida garovga qoʻyish uchun jamiyatga tegishli boʻlgan maʼmuriy binoni garovga qoʻyishga taqdim qilingan.
Mazkur umumiy yigʻilish qarorida jamiyat taʼsischilari K.D., A.K., I.A., Z.M., K.S. tomonidan imzolangan.
Qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida xatshunoslik ekspertizasi tayinlash haqidagi qarorga asosan, Xorazm viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ekspert-kriminalistika markazi tomonidan berilgan xulosaga koʻra, “SS” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischilarining 2020-yil 15-avgustdagi 16-sonli umumiy yigʻilish qaroridagi I.A., Z.M., K.S.larning imzolari ular tomonidan bajarilmaganligi koʻrsatilgan.
Qonunning 33-moddasiga koʻra, jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishini chaqiruvchi organ yoki shaxslar uni oʻtkazishdan kamida oʻttiz kun oldin bu haqda jamiyatning har bir ishtirokchisini jamiyat ishtirokchilarining roʻyxatida koʻrsatilgan manzil boʻyicha buyurtma xat bilan yoki jamiyatning ustavida nazarda tutilgan boshqa usulda xabardor qilishi shart.
Xabarnomada jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi oʻtkaziladigan vaqt va joy, shuningdek taklif qilinayotgan kun tartibi koʻrsatilishi kerak.
Ammo, jamiyatning 2020-yil 15-avgustdagi 16-sonli umumiy yigʻilishni chaqirish toʻgʻrisida jamiyat ishtirokchilari xabardor qilinmagan.
Javobgar vakillari umumiy yigʻilishni chaqirish toʻgʻrisida jamiyat ishtirokchilarini xabardor qilinganligini tasdiqlovchi maʼlumotlarni yaʼni, buyurtma xat bilan va/yoki boshqa usulda xabardor qilinganligini tasdiqlovchi dalillarni sudga taqdim etmadi.
Qonunning 41-moddasiga asosan, jamiyat boshqaruv organining qarori ushbu qarorni qabul qilish boʻyicha ovoz berishda ishtirok etmagan yoki bahsli qarorga qarshi ovoz bergan jamiyat ishtirokchisining daʼvosi bilan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Mazkur moddiy huquq normasining mazmuni shundan iboratki, Qonunning 41-moddasiga asosan jamiyat boshqaruv organining qarori ushbu qarorni qabul qilish boʻyicha ovoz berishda ishtirok etmagan yoki bahsli qarorga qarshi ovoz bergan jamiyat ishtirokchisining daʼvosi bilan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Sudlar shuni eʼtiborga olishlari kerakki, yigʻilishda ishtirok etib, nizoli masala yuzasidan qabul qilingan qarorni yoqlab ovoz bergan shaxs ushbu qarorni haqiqiy emas deb topish haqida sudga murojaat qilganda, uning talabini qanoatlantirish rad etilishi lozim, ishtirokchining aldash, zoʻrlik, qoʻrqitish taʼsirida ovoz berganligi hollari bundan mustasno.
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishi qarori u qonunchilikka zid boʻlgan va (yoki) umumiy yigʻilish qonunchilik va jamiyat ustavida belgilangan tartibga rioya etilmagan holda oʻtkazilgan hollardagina, haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Iqtisodiy sudlar tomonidan korporativ nizolarni hal etishning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi 2014-yil 20-iyundagi 262-sonli qarorining 20, 20.2-bandlarida tushuntirish berilgan.
IPK 72-moddasiga koʻra, qonunchilikka muvofiq muayyan dalillar bilan tasdiqlanishi kerak boʻlgan ish holatlari boshqa dalillar bilan tasdiqlanishi mumkin emas.
Yuqoridagilarga koʻra, sudlov hayʼati jamiyatning 2020-yil 15-avgustdagi 16-sonli umumiy yigʻilish oʻtkazish toʻgʻrisida xabardor qilinmaganligi barobarida, jamiyat taʼsischilari tomonidan nizoli qarorga nisbatan yoqlab ovoz bermagan deb hisoblab, daʼvogarning daʼvosini qanoatlantirishni lozim topadi.
Shuningdek, sudlov hayʼati javobgar “SS” masʼuliyati cheklangan jamiyatining ishga jalb qilinmagan 17 nafar jamiyat taʼsischilarini uchinchi shaxs sifatida ishga jalb qilish haqidagi arizasini muhokama qilib, arizani rad qilishni lozim topadi.
Chunki, IPK 48-moddasi birinchi qismiga koʻra, nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorini qabul qilguniga qadar, agar ish ushbu shaxslarning taraflardan biriga nisbatan huquq yoki majburiyatlariga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlsa, daʼvogar yoxud javobgar tarafida ishga kirishishi mumkin. Ular tarafning iltimosnomasiga yoki sudning tashabbusiga koʻra ham ishda ishtirok etishga jalb qilinishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sudlar tomonidan iqtisodiy ishlarni apellatsiya tartibida koʻrish amaliyoti toʻgʻrisida”gi 2021-yil 20-apreldagi 16-sonli qarorining 25-bandida, apellatsiya instansiyasi sudida uchinchi shaxslarni ishda ishtirok etishga jalb qilish (IPK 47, 48-moddalari) qoidalari qoʻllanilmasligi haqida tushuntirish berilgan.
Shunga koʻra, sudlov hayʼati ishga uchinchi shaxslarning jalb qilish masalasi birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorini qabul qilguniga qadar jalb qilinishi mumkinligi, apellatsiya instansiyasida ushbu qoidalar qoʻllanilmasligi sababli javobgarning 17 nafar jamiyat taʼsischilarini uchinchi shaxs sifatida ishga jalb qilish haqidagi arizasini qanoatlantirishni rad qilishni lozim topadi.
Qayd etilganlarga asosan, sudlov hayʼati birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvoni qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishni, ishni birinchi va apellatsiya instansiyasida koʻrib chiqish bilan bogʻliq sud xarajatlarini toʻliq hajmda 4.500.000 soʻm davlat bojini javobgar zimmasiga yuklashni, daʼvogar tomonidan daʼvo ariza berishda hamda apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilishda oldindan toʻlangan 63.000 soʻm (30.000+33.000) pochta xarajatini javobgardan daʼvogar foydasiga undirishni lozim topadi.
Shuningdek, birinchi instansiya sudining 2023-yil 5-iyundagi hal qiluv qarori bilan daʼvogardan ishni sudda koʻrish bilan bogʻliq 3.000.000 soʻm davlat boji Respublika budjetiga undirilgan va Majburiy ijro byurosi Urganch shahar boʻlimi tomonidan daʼvogarning hisob raqamidan 2023-yil 20-iyulda 1549098-sonli inkassa topshiriqnomasiga asosan 3.000.000 soʻm pul mablagʻlari undirib olingan.
Birinchi instansiya sudining 2023-yil 5-iyundagi hal qiluv qarori bekor qilinganligi sababli, unga asosan berilgan ijro varaqasi bilan undirib olingan 3.000.000 soʻm davlat boji IPKning 343-moddasiga asosan Respublika budjetdan qaytarma ijro qilish lozim boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 118, 278 — 280, 343-moddalariga asoslanib, sudlov hayʼati qaror qiladi:
Javobgar “SS” masʼuliyati cheklangan jamiyatining ishga uchinchi shaxslarni jalb qilish haqida arizasini qanoatlantirish rad qilinsin.
Shovot tumanlararo iqtisodiy sudining 4-2202-2301/402-sonli iqtisodiy ishi doirasida 2023-yil 5-iyundagi hal qiluv qarori bekor qilinsin.
Yangi qaror qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Xorazm viloyat hududiy boshqarmasi “XKS” aksiyadorlik jamiyati manfaatida berilgan “SS” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischilarining 2020-yil 15-avgustdagi 16-sonli yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi qanoatlantirilsin.
“SS” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischilarining 2020-yil 15-avgustdagi 16-sonli yigʻilish qarori haqiqiy emas deb topilsin.
“SS” masʼuliyati cheklangan jamiyatidan Respublika budjetiga 4.500.000 soʻm davlat boji undirilsin.
“SS” masʼuliyati cheklangan jamiyatidan “XKS” aksiyadorlik jamiyati foydasiga 63.000 soʻm pochta xarajati undirilsin.
Ijro varaqalari berilsin.
Shovot tumanlararo iqtisodiy sudining 4-2202-2301/402-sonli iqtisodiy ishi doirasida 2023-yil 18-iyulda berilgan ijro varaqasi boʻyicha undiruv bekor qilinsin.
Oʻzbekiston Respublika budjetidan “XKS” aksiyadorlik jamiyatiga davlat boji uchun undirilgan 3.000.000 soʻm pul mablagʻlari qaytarilsin va bu haqda ijro varaqasi berilsin.
Apellatsiya shikoyati qanoatlantirilsin.
Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Qarorga nisbatan, u qabul qilingan kundan eʼtiboran bir yil ichida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga kassatsiya shikoyati (protest) berilishi mumkin.
Raislik etuvchi M. KURBANOV
hayʼat aʼzolari M. BOBONAZAROV
V. QAZAQOV
Urganch sh.,
2023-yil 6-sentabr,
4-2202-2301/402-son