Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi boʻyicha 2023-yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2022-yil 28-dekabrdagi SQ-682-IV-sonli Qarori bilan tasdiqlangan 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2023-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosini taʼminlash borasida joriy yilning birinchi yarim yilligida muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hududiy boʻlimlariga murojaat qilgan shaxslarning 1313 nafariga psixologik, 757 nafariga huquqiy, 149 nafariga tibbiy, 359 nafariga boshqa turdagi yordamlar koʻrsatilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan davlat organlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlashga oid maslahat-kengash organlari faoliyatini tashkil etish boʻyicha namunaviy Nizom hamda uslubiy qoʻllanma ishlab chiqilgan.
Xotin-qizlarning siyosiy malakasini oshirish, ularni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash, ilm-fanni rivojlantirish, ayollar malakasini oshirish maqsadida 60 nafar olima xotin-qiz ishtirokida “PhD sari qadam” mavzusida oʻquv kursi, 420 nafardan ziyod xotin-qizlar ishtirokida “Kelajak: ilmli qizlar hamjamiyati” taʼlim-almashinuv dasturi yoʻlga qoʻyilgan.
Inson huquqlari va gender tenglik masalalari boʻyicha rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakaviy salohiyatini kuchaytirish boʻyicha oʻquv kurslari (soatlari) joriy qilingan.
Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari tomonidan mehnat jamoalarida zoʻravonlik va ularning oldini olish boʻyicha 56 ta qisqa muddatli seminar-trening tashkil etilib, 2016 nafar ishtirokchi qamrab olindi.
Siyosiy partiyalar tomonidan siyosiy faol ayollar toʻgʻrisida 100 dan ortiq media mahsulotlar tayyorlanib, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan. Partiyalarning ijtimoiy-siyosiy nashrlarida gender tenglik mavzusiga doir 350 dan ziyod materiallar chop etilgan.
Xotin-qizlar huquqlari cheklanishining, ularga nisbatan tazyiq va zoʻravonliklarning oldini olishga, ayollarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan 10 mingga yaqin tarqatma materiallar, 3 mingdan ziyod banner, qariyb 400 ta videorolik tayyorlangan, shuningdek, mahallalarda, taʼlim muassasalarida, korxona va tashkilotlarda 17 mingdan ortiq uchrashuv va davra suhbatlari oʻtkazilgan.
Shu bilan birga, 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2023-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan ayrim vazifalar oʻz muddatlarida ijro etilmagan.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan davlat ishtirokidagi korxonalarning kuzatuv kengashiga nomzodlar yuzasidan eʼlon qilingan tanlovlarga Milliy kadrlar zaxirasidagi xotin-qizlarning nomzodlarini jalb qilish choralari koʻrilmagan. Davlat ulushiga ega 61 ta korxonadagi 306 ta aʼzolik oʻrni uchun talabgorlardan atigi 11 nafarini (1,5 foizi) ayol nomzodlar tashkil etgan.
Davlat organlari va tashkilotlarida, shuningdek, hududlardagi korxona, tashkilot va muassasalarda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash boʻyicha maslahat-kengash organlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha ishlar yetarli darajada olib borilmagan.
Xalqaro reytinglarda, shu jumladan, Jahon iqtisodiy forumi (Global Gender Gap (GGG) Index World Economic Forum), Ayollar tadbirkorligi Global indeksi (Global Women Entrepreneurship Development Index), Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Ijtimoiy institutlar va gender indeksida (OECD SIGI Index) Oʻzbekiston oʻrnini yaxshilash boʻyicha Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan shu kunga qadar biror-bir amaliy ish qilinmagan.
Shuningdek, tazyiq va zoʻravonlik sodir etgan shaxslarda tajovuzkorlikni kamaytirish va gʻazabni boshqarish orqali ularning xulq-atvorini oʻzgartirish boʻyicha psixokorreksiya, reabilitatsiya tadbirlari samarali olib borilmaganligi sababli 2023-yil 7 oyi davomida himoya orderlari zoʻravonlik oʻtkazgan shaxslarga nisbatan 439 ta holatda uzaytirilgan boʻlsa, 356 ta holatda takroran tazyiq va (yoki) zoʻravonlik sodir etgan shaxslardan jabr koʻrganlarga himoya orderlari rasmiylashtirib berilgan.
Xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil boʻlgan shaxslarni tuzatish dasturini qayta koʻrib chiqish va takomillashtirish zarurati tugʻilmoqda.
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 16-moddasiga, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi M. Kadirxanovaning 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2023-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosi toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2023-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan ayrim vazifalar ijrosi taʼminlanmaganligi koʻrsatib oʻtilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil boʻlgan shaxslarning ts dasturidan oʻtish mexanizmlarini mustahkamlash boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqib, Hukumatga kiritsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi, Oʻzbekiston Milliy media birlashmasi qisqa muddatda:
media mahsulotlarni gender tenglikni taʼminlash yuzasidan monitoring qilish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ommaviy axborot vositalari orqali xotin-qizlarning huquqlarini poymol qilishga qaratilgan media mahsulotlar tarqalishining oldini olish boʻyicha taʼsirchan choralarni kuchaytirish yuzasidan aniq takliflarni shakllantirsin va bir oy muddatda Oliy Majlis Senatiga kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bir oy muddatda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda davlat boshqaruvida xotin-qizlarning ulushini oshirish boʻyicha 2023-2024-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasi oʻz tizimlaridagi xodimlar orasida xotin-qizlarning ulushini oshirish boʻyicha qabul qilgan chora-tadbirlarining natijadorligini tanqidiy tahlil qilgan holda ularni kamida 30 foizga yetkazish boʻyicha qoʻshimcha choralarni belgilasin va amalga oshirsin.
Bunda oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini tanlov asosida vazirlik (idora) hamda uning quyi tuzilmalarida stajirovka oʻtashini yoʻlga qoʻyish, ish rejimlarini xotin-qizlar uchun moslashuvchan etib belgilash masalalarini inobatga olsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda erkaklar va ayollar mehnatiga haq toʻlash boʻyicha saqlanib qolayotgan tafovutning asosiy omillari va sabablarini har tomonlama puxta oʻrganib, tahlil qilsin va natijalari boʻyicha aniqlangan har bir muammoli holatlarni bartaraf etish boʻyicha Hukumatga tegishli takliflarni kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi:
ikki oy muddatda ijtimoiy va siyosiy faol, salohiyatli xotin-qizlar roʻyxatini shakllantirsin hamda ular malakasi va kasbiy mahorati oshirilishini, turli lavozimlarga tavsiya etilishini taʼminlasin;
bir oy muddatda iqtisodiyot tarmoqlari kesimida har bir tarmoqdan 1 tadan korxona, tashkilot va muassasada xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash boʻyicha maslahat-kengash organlari faoliyatini namunali yoʻlga qoʻyish hamda ushbu amaliyotni 2024-yilning 1-apreliga qadar tarmoqdagi boshqa korxona va tashkilotlarda ham ommalashtirish choralarini koʻrsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda davlat ishtirokidagi korxonalarning kuzatuv kengashiga nomzodlar yuzasidan eʼlon qilingan tanlovlarga Milliy kadrlar zaxirasidagi xotin-qizlarning nomzodlarini jalb qilish choralarini koʻrsin hamda ommaviy axborot vositalari, Internet ijtimoiy tarmoqlarida tanlovni keng targʻib qilish ishlarini kuchaytirsin.
Bunda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Milliy kadrlar zaxirasidagi xotin-qizlarni Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining korporativ boshqaruv boʻyicha oʻquv kurslariga keng jalb etish choralarini koʻrsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda gender tenglikni taʼminlashga oid Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro reytinglardagi oʻrnini yaxshilashga toʻsqinlik qilayotgan mavjud muammolarni tahlil qilib, ularni hal etish boʻyicha takliflar ishlab chiqsin.
11. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi, Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, Oʻzbekiston ekologik partiyasi davlat tashkilotlarini demokratik tamoyillar asosida shakllantirishning huquqiy asoslarini yaratish (siyosiy partiyalarga davlat boshqaruvi organlari rahbarligiga nomzod koʻrsatish va boshqalar) boʻyicha ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasini oʻrganish, shuningdek, takliflar ishlab chiqib, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasiga kiritish tavsiya etilsin.
12. Vazirlik, idoralar va tashkilotlar mazkur Qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida 2023-yilning 1-dekabriga qadar Senatga axborot kiritsin.
13. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi M. Kadirxanova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2023-yil 12-sentabr,
KQ-570-IV-son