Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
“Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan 2023-yil 17-yanvarda qabul qilingan, 2023-yil 3-mayda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan maʼqullangan va 2023-yil 18-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qaytarilgan “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini qayta koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Reglamentining 168-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ustidagi ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qonunni yanada maromiga yetkazishni taqozo etadigan takliflari va mulohazalari inobatga olingan holda, ikkinchi oʻqish tartib-taomilidan boshlab davom ettirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini bir oy ichida maromiga yetkazsin va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritsin.
3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2023-yil 15-avgust,
3438-IV-son