Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2023-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2023-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqib shuni qayd etadiki, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining (bundan buyon matnda Davlat budjeti deb yuritiladi) va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi “2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan budjet parametrlari doirasida amalga oshirilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlari, Hukumat qarorlari ijrosini taʼminlashga yoʻnaltirilgan.
2023-yilning birinchi yarim yilligida mamlakat yalpi ichki mahsulotining hajmi 469,6 trln. soʻmni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 5,6 foizga oʻsgan. Tashqi savdo aylanmasi 29,2 mlrd. AQSh dollarini tashkil etib, 2022-yilning mos davriga nisbatan 19,4 foizga oʻsgan. Aholining real daromadlari 6,5 foizga oshib, umumiy daromadlar aholi jon boshiga 9,3 mln. soʻmni tashkil etgan.
Dunyoda kechayotgan keskin siyosiy va iqtisodiy vaziyat, ayrim rivojlangan mamlakatlarning iqtisodiyotida kuzatilayotgan salbiy tebranishlar taʼsiriga qaramasdan mamlakatimizda Davlat budjeti barqarorligini taʼminlash choralari koʻrilgan. Hisobot davrida Davlat budjeti daromadlari 102,3 trln. soʻmni tashkil etib, belgilangan parametrlarga nisbatan 106,3 foizni, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan esa 111,1 foizni tashkil qilgan.
Davlat budjeti xarajatlarining ijrosi (davlat maqsadli jamgʻarmalarisiz) 129,1 trln. soʻmga bajarilgan va rejaga nisbatan 92,5 foizni tashkil etgan. Shu bilan birga mahalliy budjetlar ixtiyorida 2,3 trln. soʻm mablagʻlar qoldirilgan.
Davlat budjetining ijtimoiy yoʻnaltirilganlik tamoyili saqlab qolingan holda, umumiy xarajatlarning 64,4 trln. soʻmi yoki 50 foizi ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun sarflangan. Bunda ijtimoiy xarajatlarning 90,1 foizi ijtimoiy sohani rivojlantirish va aholini ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash xarajatlariga yoʻnaltirilgan. Shuningdek, aholi farovonligini taʼminlashga qaratilgan “Tashabbusli budjet” va “Mening yoʻlim” dasturlarining loyihalari jamoatchilik fikri asosida shakllantirilib, ularga 1,9 trln. soʻm budjet mablagʻlari yoʻnaltirilgan.
Erishilgan ijobiy natijalar bilan birga Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish borasida ayrim kamchiliklarga ham yoʻl qoʻyilgan.
Davlat budjetining xarajatlar qismi sohalar kesimida belgilangan rejaga asosan toʻliq ijro etilmagan. Jumladan, ijtimoiy sohada fanni moliyalashtirish uchun ajratilgan mablagʻlarning 90,5 foizi, aholi bandligi darajasini oshirish uchun ajratilgan mablagʻlarning 82,7 foizi, iqtisodiyot sohasida sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash uchun ajratilgan mablagʻlarning 40,1 foizi, aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish uchun ajratilgan mablagʻlarning 78,7 foizi, tabiatni muhofaza qilish uchun ajratilgan mablagʻlarning 81,4 foizi hamda investitsiya xarajatlarini moliyalashtirish uchun ajratilgan mablagʻlarning 71 foizi oʻzlashtirilgan.
Respublika budjetidan rivojlantirish dasturlariga ajratilgan mablagʻlar rejasi 96 foizga ijro etilganligiga qaramay, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligida bu koʻrsatkich 41 foizni, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida 52 foizni, Transport vazirligida 46 foizni, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligida 50 foizni, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligida 36 foizni, Madaniy meros agentligida esa 19 foizni tashkil qilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan onalar va bolalar, reproduktiv yoshdagi ayollar salomatligini saqlash uchun zarur dori vositalari va tibbiy buyumlar (“K” vitamini, surfaktant va boshqalar) bilan taʼminlash uchun ajratilgan mablagʻlarning atigi 4,3 foizi oʻzlashtirilgan, neyrosensor karlik yoki zaif eshitadigan bolalarda koxlear implantatlardan foydalangan holda operatsiyalar oʻtkazish uchun xarajatlar amalga oshirilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan nogironligi boʻlgan shaxslarga koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash uchun ajratilgan mablagʻlarning 13,9 foizi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan rivojlantirish dasturlari uchun ajratilgan mablagʻlarning 40,7 foizi, maktablarda maʼnan eskirgan kompyuter sinflarini yangilash uchun ajratilgan mablagʻlarning 14,4 foizi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan qishloq xoʻjaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun subsidiyalarga ajratilgan mablagʻlarning 56,8 foizi oʻzlashtirilgan, xolos.
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi tomonidan tizimdagi muhofaza etiladigan hududlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun xarajatlar amalga oshirilmagan.
Hisobot davrida budjet tashkilotlarida (Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash, Yoshlar siyosati va sport, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi, Transport vazirliklari va boshqalar) budjet intizomiga rioya etilishi yuzasidan amalga oshirilgan davlat moliyaviy nazorati tadbirlarida oʻtgan yillar boʻyicha jami 377,4 mlrd. soʻmlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan. Jumladan naqd pul mablagʻlari, oziq-ovqat va dori-darmon vositalari, tovar moddiy boyliklar kamomadi va pul mablagʻlarini plastik kartalarga oʻtkazish orqali 55,9 mlrd. soʻmlik, ish haqi hamda mukofot va moddiy yordam pullari ortiqcha toʻlanganligi tufayli 58,6 mlrd. soʻmlik, qurilish sohasida 122,3 mlrd. soʻmlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan.
Shuningdek davlat xaridlarini amalga oshirishda 107 mlrd. soʻmlik hamda budjet subsidiyalari berishda 95,6 mlrd. soʻmlik ortiqcha xarajatlarga yoʻl qoʻyilgan.
Mamlakatimizda kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik koʻrish maqsadida elektr energiya ishlab chiqarish hajmini oshirish, koʻmir va boshqa yoqilgʻi-energiya resurslarini gʻamlash borasida barcha imkoniyatlar ishga solinayotgan bir paytda Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan Davlat budjetidan issiqlik taʼminoti obyektlarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish xarajatlariga ajratilgan mablagʻning atiga 41 foizi oʻzlashtirilgan, xolos.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2023-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2023-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
iqtisodiyotning yuqori oʻsish surʼatlarini, shuningdek inflatsiya darajasini belgilangan meʼyorlarda saqlab turish, Davlat budjeti daromadlarining prognoz koʻrsatkichlarini taʼminlash hamda aholini ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan tizimli choralarni davom ettirish;
Davlat budjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishi koʻzda tutilgan rivojlantirish hamda investitsiya dasturlarining oʻz vaqtida ijro etilishi ustidan nazoratni taʼminlash;
“Tashabbusli budjet”, “Mening yoʻlim”, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish uchun ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va oqilona foydalanish mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek ushbu maqsadlar uchun ajratilgan mablagʻlardan samarali foydalanish ustidan taʼsirchan nazorat tizimini oʻrnatish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda Davlat budjeti barqarorligini taʼminlash, budjetga qoʻshimcha daromadlar manbalarini aniqlash;
Davlat budjetida koʻzda tutilgan xarajatlarni oʻz vaqtida moliyalashtirish, ortiqcha toʻlovlarga yoʻl qoʻymaslik;
budjet tashkilotlari va budjetdan mablagʻ oluvchilar tomonidan budjet intizomini buzish, kamomadga va maqsadsiz xarajatlarga yoʻl qoʻyish holatlarini oldini olish choralarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining tegishli hisobot davridagi ijrosi masalalari koʻrib chiqilayotganda Davlat budjetidan ajratilayotgan mablagʻlar hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarning natijadorligini faoliyat yoʻnalishlaridan kelib chiqib oʻrganish va bu borada deputat nazoratini kuchaytirish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari davlat organlari rahbarlarining davlat budjetida nazarda tutilgan rivojlanish dasturlari hamda budjet mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladigan loyihalar ijrosini taʼminlash borasidagi axborotini oʻz yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda, muntazam ravishda eshitib borsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlariga oʻz saylov okruglarida budjet mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan dasturlar va investitsiya loyihalarini moliyalashtirish hamda amalga oshirilayotgan loyihalar sifatini nazorat qilishga bagʻishlab xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan oʻtkaziladigan sessiyalarda ishtirok etish tavsiya qilinsin.
7. Ushbu Qaror eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2023-yil 22-avgust,
3459-IV-son