Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2023-yil birinchi yarim yilligi yakuni boʻyicha bajarilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti toʻgʻrisida
2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining (bundan buyon matnda davlat dasturi deb yuritiladi) 2023-yil birinchi yarim yilligi yakuni boʻyicha bajarilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, oʻtgan davrda iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash, aholi farovonligini yanada yuksaltirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilgan.
Davlat dasturining ustuvor yoʻnalishlari va maqsadlari tizimli ravishda va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash, bu borada doimiy monitoring olib borish yuzasidan yaxlit tizim yaratilgan. Davlat dasturining ijrosi har oyda tahlil qilinib, tanqidiy muhokama etib borilgan, masʼullarning axborotini eshitish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.
Hisobot davrida davlat dasturida belgilangan vazifalarning ijrosini huquqiy jihatdan taʼminlash maqsadida jami 86 ta hujjat, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2 ta farmoni, 10 ta qarori, hukumatning 4 ta qarori va 70 ta boshqa hujjatlar qabul qilingan.
Davlat dasturining ustuvor yoʻnalishlari doirasida amalga oshirilgan ishlar tahlili mamlakatimizda islohotlarning izchilligini taʼminlash, hududlarning kompleks rivojlanish darajasini yanada yaxshilash borasida muayyan natijalarga erishilganligini koʻrsatmoqda.
Xususan, inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish borasida belgilab berilgan ustuvor yoʻnalishlar doirasida fuqarolar va davlat idoralari oʻrtasidagi munosabatlarda ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish borasidagi ishlar izchil davom ettirilgan. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-maydagi “Sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-140-sonli qaroriga muvofiq Yagona portal orqali vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari maʼlumotnomalarini olish imkoniyati yaratilgan.
Elektron davlat xizmatlarining ulushini oshirish maqsadida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida joriy etiladigan va maqbullashtiriladigan 40 ta davlat xizmatlari va servislari roʻyxati tasdiqlangan.
Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy hamda zarur shartiga aylantirish borasidagi maqsadlarga erishish boʻyicha qator chora-tadbirlar koʻrilgan.
Jumladan, sohaga yosh kadrlarni jalb etishning samarali tizimini yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan “Advokatura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 31-moddasiga oʻzgartirish kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan. Bu bilan advokaturaga ishga qabul qilish tartibi yanada soddalashtirilib, advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyani olish uchun yuridik mutaxassislik boʻyicha kamida ikki yillik ish stajiga ega boʻlish talabi bekor qilinmoqda.
Milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlashning ustuvor yoʻnalishlari doirasida koʻrilgan choralar tufayli yalpi ichki mahsulot oʻsishi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5,6 foizni tashkil etgan. Xorijiy davlatlarga tovarlar va xizmatlar eksporti 7,7 mlrd. AQSh dollarini tashkil etib, oʻsish 112,5 foizga yetgan. Jami qiymati 7,4 mlrd. AQSh dollari boʻlgan xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilib, prognoz koʻrsatkichlar 179 foizga bajarilgan.
Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, yogʻ-moy sanoati tarmogʻida mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida umumiy qiymati 339,9 mlrd. soʻmlik 8 ta yogʻ-moy sanoati korxonasi foydalanishga topshirilgan.
Iqtisodiyotga xorijiy va mahalliy investitsiyalarni koʻpaytirish borasidagi sharoitlarni yaxshilash maqsadida 27-28-aprel kunlari Toshkent shahrida II xalqaro investitsiya forumi oʻtkazilgan.
Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish borasida ham muayyan ishlar bajarilgan. Xususan, ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan 78 ming nafarga yaqin ishsiz xotin-qizlarning aniq roʻyxati shakllantirilib, ulardan 49 611 nafari ichki mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasb-hunarga oʻqitilgan.
Aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, shu jumladan 46 ta tumanlararo perinatal markazni tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash boʻyicha Saudiya taraqqiyot jamgʻarmasi kredit mablagʻlari hisobidan umumiy qiymati 3,6 mln. AQSh dollar boʻlgan shartnomalar imzolanib, oʻtgan davrda 2,1 mln. AQSh dollarga teng tibbiy asbob-uskunalar yetkazib berilgan.
Umumtaʼlim maktablarida sogʻlom ovqatlanish tizimini amalga oshirish doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida 1 263 ta umumtaʼlim maktabining 285 ming nafar boshlangʻich sinf oʻquvchisi uchun bepul ovqatlanish tizimi yoʻlga qoʻyilgan.
Milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish sohasidagi ustuvor yoʻnalishlar doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida jami 195 ming gektar maydonda saksovul va boshqa choʻl oʻsimliklaridan “yashil qoplamalar” yaratilgan.
Xorijda ishlash istagi boʻlgan 22,3 ming nafar fuqaro kasb-hunar va xorijiy tillarga oʻqitilgan, xorijda vaqtinchalik ishlayotgan 73,9 ming nafar fuqaroga huquqiy, ijtimoiy va moddiy yordam koʻrsatilgan, xorijdan qaytgan fuqarolardan 64,9 ming nafarining bandligi taʼminlangan.
Mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish sohasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlar doirasida Oʻzbekistonning xalqaro munosabatlardagi teng huquqli subyekt sifatidagi rolini oshirish choralari koʻrilgan.
Jumladan, oʻtgan davrda 600 dan ortiq turli darajadagi muloqotlar, tashriflar, ikki va koʻp tomonlama uchrashuvlar, siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda maslahatlashuvlar tashkil etilgan.
Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasida zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini izchil bajarish, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy, qonunchilikka oid chora-tadbirlar tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-maydagi “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi PF-70-sonli Farmoni qabul qilingan.
Hisobot davrida davlat dasturida belgilangan maqsad va vazifalarning bajarilishini taʼminlash, tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha parlament va hukumat oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik yilning bosh hujjatida koʻzda tutilgan topshiriqlarning oʻz vaqtida va samarali ijro etilishida muhim rol oʻynagan.
Shu bilan birga hisobot davrida davlat dasturidagi bajarilishi belgilangan jami 158 ta yaxlit va kichik banddan 119 tasining ijrosi toʻliq taʼminlangan, 3 tasining ijro muddati uzaytirilgan va 36 tasining ijrosini taʼminlashga doir ishlar yakunlanmagan.
Jumladan, joylarda ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishda mahallalar rolini oshirishga (2-band), mahallalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga (3-band) qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish ishlari oxiriga yetkazilmagan.
Barcha umumtaʼlim maktablarida sogʻlom ovqatlanish tizimini amalga oshirish (165-band), reabilitatsiya markazlarida nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya choralari bilan qamrab olish koʻlamini 5 baravarga oshirishga (177-band) qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar hanuzgacha qabul qilinmagan.
Shuningdek davlat dasturidagi yil davomida ijro etilishi belgilangan ayrim bandlarga doir maʼlumotlar hisobotda yetarlicha aks ettirilmagan. Xususan, aholiga birlamchi tibbiy xizmatlarni yaqinlashtirish maqsadida hududlardagi mavjud ehtiyoj va aholining takliflarini inobatga olgan holda 30 ta oilaviy poliklinika, 110 ta oilaviy shifokor punkti, 520 tagacha ixcham mahalla tibbiyot punktlarini tashkil etish borasida amalga oshirilgan ishlar boʻyicha yetarlicha maʼlumot taqdim etilmagan (202-band).
Bulardan tashqari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini kuchaytirish, kommunal xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, aholi xonadonlarini, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini elektr energiyasi, gaz bilan uzluksiz taʼminlash choralarini koʻrish muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek tadbirkorlikni rivojlantirish, eksportni kuchaytirish, xorijlik sayyohlar oqimini kengaytirish, xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, talabalarni turar-joy bilan taʼminlash, qurilishda xavfsizlik masalasiga alohida eʼtibor qaratish, maktabgacha taʼlim tizimiga axborot texnologiyalarini faol qoʻllash, tibbiyot sohasidagi elektron navbat tizimini yanada takomillashtirish zarur.
Davlat dasturida mahalliy hokimliklar zimmasiga yuklatilgan bandlarning, shu jumladan mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida bajarilishiga eʼtiborni yanada kuchaytirish kerak.
Davlat dasturida belgilangan vazifalar va tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirilgan Davlat budjeti mablagʻlarining oʻz vaqtida oʻzlashtirilishi hamda maqsadli sarflanishini taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratish lozim.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 81-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2023-yil birinchi yarim yilligi yakuni boʻyicha bajarilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
davlat dasturida ijro muddati uzaytirilgan 3 ta bandda va bajarilishi yakunlanmagan 36 ta bandda nazarda tutilgan vazifalarning ijrosini taʼminlash choralarini koʻrish;
davlat dasturida belgilangan qonun loyihalarini ishlab chiqishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari va qoʻmitalar bilan hamkorlik qilish;
davlat dasturida belgilangan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralarning masʼuliyatini oshirish;
davlat dasturida mahalliy hokimliklar zimmasiga yuklatilgan bandlarning, shuningdek mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan vazifalarning bajarilishini nazoratga olish;
davlat dasturida III chorakda ijro etilishi belgilangan tadbirlarning bajarilishi yuzasidan tizimli monitoring olib borish;
kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish, kommunal xizmat koʻrsatish sifatini yanada yaxshilash, aholi xonadonlarini, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini elektr energiyasi hamda gaz bilan uzluksiz taʼminlash;
davlat dasturining bajarilishi yuzasidan hisobotni muhokama qilish jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining aʼzolari tomonidan koʻtarilgan masalalarni hal qilish yuzasidan qoʻshimcha choralarni koʻrish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga:
davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish;
deputatlarning saylov okruglaridagi faoliyati davomida davlat dasturida koʻzda tutilgan tadbirlarning joylardagi ijro etilishi holatini oʻrganib borilishini tashkil etish;
davlat dasturida ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, shu jumladan aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan tadbirlarning samarali tashkil qilinishi hamda ularga ajratilayotgan budjet mablagʻlarining maqsadli oʻzlashtirilishi ustidan taʼsirchan parlament va deputat nazoratini oʻrnatish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari davlat dasturida ijrosi toʻliq taʼminlanmagan bandlarning bajarilishi ustidan oʻz faoliyat yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda parlament nazoratini oʻrnatsin.
5. Ushbu Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilsin.
6. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Xaitov zimmasiga yuklatilsin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari U. INOYATOV
Toshkent sh.,
2023-yil 4-avgust,
3419-IV-son