OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY SUDI IQTISODIY IShLAR BOʻYIChA SUDLOV HAYʼATI KASSATSIYA INSTANSIYASINING
Qarori
Birinchi instansiya sudida ishni koʻrgan sudya O. QURBONOV
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya H. TURSUNOV
Kassatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya I. TADJIYEV
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati B. Sayfullayevning raisligida va hayʼat aʼzolari V. Sattorova va I. Tadjiyevdan iborat tarkibda, B. Joʻrayevning kotibligida, daʼvogar vakili — advokat D. Kimsanov (2023-yil 2-martdagi ishonchnoma asosida), javobgar (A.O.M) vakili — advokat J. Nasritdinov (2023-yil 23-iyundagi 20-sonli order asosida)ning ishtirokida, daʼvogar Gʻ.A.O.ning javobgarlar “KB” masʼuliyati cheklangan jamiyati va A.O.M.ga nisbatan 1 674 847 541 soʻm undirish hamda A.O.M.ni jamiyatdan chiqarish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi boʻyicha yuritilgan ish yuzasidan qabul qilingan sud hujjatlari ustidan A.O.M. tomonidan berilgan kassatsiya shikoyati asosida ishni Oliy sudning binosida boʻlib oʻtgan ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
“KB” masʼuliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda MChJ yoki jamiyat deb yuritiladi)ning taʼsis shartnomasi taʼsischilar (ishtirokchilar) umumiy yigʻilishining 2015-yil 15-apreldagi 1-sonli qarori bilan tasdiqlangan va jamiyatning taʼsis shartnomasi hamda ustavi Kitob tuman hokimligi huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish inspeksiyasi tomonidan 2015-yil 15-aprelda 3175-sonli reyestr raqami bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Jamiyat ustavining 7.1 va 7.2-bandlariga koʻra, jamiyat ustav fondi 857 083 600 soʻmni tashkil qilgan va ishtirokchilar oʻrtasida quyidagicha taqsimlangan:
Gʻ.A.O. — 487 083 600 soʻm (56,83 %);
A.O.M. — 370 000 000 soʻm (43,17 %).
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining 2019-yil 7-maydagi 1-sonli qarori bilan tasdiqlangan yangi tahrirdagi jamiyatning taʼsis hujjatlari Kitob tuman Davlat xizmatlari markazi tomonidan 2019-yil 11-maydagi 3175-sonli reyestr raqami bilan qayta roʻyxatga olingan.
Jamiyat ustavining 7 va 7.1-bandlari hamda jamiyat taʼsis shartnomasining 3 va 3.1-bandlariga koʻra, jamiyatning ustav fondi 2 268 583 600 soʻmni tashkil qilgan va ishtirokchilar oʻrtasida quyidagicha taqsimlangan:
Gʻ.A.O. — 1 289 236 059 soʻm (56,83 %);
A.O.M. — 979 347 540 soʻm (43,17 %).
Jamiyat ishtirokchisi Gʻ.A.O. (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi) jamiyat va A.O.M. (bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi)ga nisbatan sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, ustav fondini shakllantirish va hisob raqamini toʻldirish uchun ortiqcha kiritilgan 1 674 847 541 soʻm miqdoridagi mablagʻni undirish hamda javobgarni MChJdan (ishtirokchilar safidan) chiqarishni soʻragan.
Bunga asos qilib, daʼvo arizasida ATB “Qishloq qurilish bank” Toshkent shahar mintaqaviy filialining 2021-yil 10-martdagi 01/06-891-sonli xatiga asosan jamiyat ustav fondini shakllantirish va oshirish maqsadida daʼvogar 2 544 583 600 soʻm qiymatidagi mulk va pul mablagʻlari kiritilganligi, mazkur mablagʻdan 1 289 236 059 soʻmi daʼvogarning ulushini shakllantirish uchun yoʻllantirganligi, daʼvogar tomonidan 1 255 347 541 (2 544 583 600 — 1 289 236 059) soʻm ortiqcha kiritilganligi va ushbu pul mablagʻlari daʼvogarga qaytarilishi lozimligi, shuningdek, daʼvogar tomonidan jamiyat hisobraqamini toʻldirish uchun qoʻshimcha kapital sifatida jami 419 500 000 soʻm miqdorida ortiqcha mablagʻ qiritilganligi, ushbu mablagʻni qaytarish yuzasidan ishtirokchilarning umumiy yigʻilishi qaror qabul qilgan boʻlsa-da, javobgarning qarshiligi tufayli pul mablagʻlari qaytarilmaganligi, shuning uchun ushbu pul mablagʻlari daʼvogarga qaytarilishi lozimligi, bank maʼlumotiga koʻra javobgar oʻz ulushini shakllantirish uchun jamiyatga 333 050 000 soʻm kiritganligi, qolgan 646 297 540 soʻm miqdoridagi hissasini kiritmasdan, jamiyatda bosh hisobchi boʻlib ishlaganligi tufayli barcha davriy hisobotlarda daʼvogar tomonidan ortiqcha kiritgan pul mablagʻlari hisobiga 646 297 540 soʻmlik qismini goʻyoki oʻzi kiritgandek koʻrsatib, rasmiy hujjatlarga oʻzining 979 347 540 soʻm nominal qiymatidagi ulushning toʻliq shakllantirilganligi haqida maʼlumot kiritganligi, aslida javobgar 333 050 000 soʻm ustav fondidagi ulushni shakllantirish va 735 180 000 soʻm jamiyat hisobraqamini toʻldirish uchun pul mablagʻlari va mulk kiritganligi, keyinchalik javobgarning murojaatiga asosan 2022-yil 2-mart kuni ishtirokchilarning umumiy yigʻilishi boʻlib oʻtganligi va unda javobgarga barcha qoʻyilma va hissalari 1 068 230 000 soʻm qiymatidagi gilam mahsulotlari hisobidan qaytarilganligi, shunga koʻra hozirda javobgarning jamiyat ustav fondidagi ulushi shakllantirilmaganligi, muqaddam kiritilgan qisman toʻlovlar uning talabiga koʻra toʻliq qaytarilganligi, yuqoridagi noqonuniy harakatlaridan tashqari javobgar jamiyat faoliyatiga toʻsqinlik qilib, bevosita jamiyat va daʼvogarga mulkiy zarar yetkazib kelishi, 2022-yil 12-dekabr kuni boʻlib oʻtgan ishtirokchilarning umumiy yigʻilishida javobgar daʼvogar oldidagi qarzni jamiyat mulki hisobidan qaytarishga qarshilik bildirganligi va yigʻilish bayonnomasini imzolashni rad etganligi, muqaddam jamiyatning javobgarlar “ES” MChJ, Sh.V. va uning vakili (eri) A.M.ga nisbatan qarz undirish va majburiyat yuklash haqidagi daʼvosi boʻyicha qoʻzgʻatilgan fuqarolik ishini koʻrish jarayonida A.M. (javobgar) oʻzining sudga bergan koʻrsatmalarida jamiyat mulkidan “ES” MChJ manfaatida noqonuniy tarzda foydalanishi natijasida jamiyatga moddiy zarar yetkazilishiga, keyinchalik binodan ijara asosida foydalangan “UP” MChJ faoliyatiga norasmiy rahbarlik qilishi natijasida ijara haqini toʻlamaslikda ifodalangan moddiy zarar yetkazilishiga sabab boʻlganligini tan olganligini koʻrsatgan.
Sudning 2023-yil 7-apreldagi ajrimi bilan javobgar vakilining daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi arizasini qanoatlantirish rad etilgan.
Shahrisabz tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 7-apreldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo talablari qisman qanoatlantirilib, MChJdan daʼvogar foydasiga 1 674 847 541 soʻm, 33 496 950 soʻm davlat boji va 30 000 soʻm pochta xarajati undirilgan. Daʼvo talabining qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan.
Qashqadaryo viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 8-iyundagi qarori bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori oʻzgartirilgan. Hal qiluv qarorining daʼvo talablarini qolgan qismini qanoatlantirishni rad etish qismi bekor qilingan va daʼvo talabining ushbu qismini qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilinib, javobgar jamiyat ishtirokchilari safidan chiqarilgan. MChJdan daʼvogar foydasiga oldindan toʻlangan birinchi instansiya sudi uchun 3 000 000 soʻm davlat boji, apellatsiya instansiyasi sudi uchun 1 500 000 soʻm davlat boji va 33 000 soʻm pochta xarajati undirilgan. Hal qiluv qarorining qolgan qismi oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Ish yuzasidan qabul qilingan sud hujjatlari ustidan javobgar kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan va unda sud hujjatlarini bekor qilib, daʼvoni qanoatlantirishni rad qilish haqida yangi qaror qabul qilishni soʻragan. Bunga asos qilib, shikoyatda “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni (bundan buyon matnda Qonun deb yuritiladi) 16-moddasining birinchi qismida jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirishga u toʻliq toʻlanganidan keyingina yoʻl qoʻyiladi deb belgilanganligi, dastlab jamiyat ustav fondi 857 083 600 soʻmni tashkil qilganligi, jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining 2019-yil 7-maydagi 1-sonli qarori bilan tasdiqlangan yangi tahrirdagi jamiyat ustavining 7 va 7.1-bandlari hamda jamiyat taʼsis shartnomasining 3 va 3.1-bandlariga koʻra, jamiyatning ustav fondi 2 268 583 600 soʻmni tashkil qilganligi, ushbu holatda quyi instansiya sudlari jamiyat tomonidan 2019-yilda jamiyat ustav fondini oshirishda Qonun talabi boʻyicha har ikki taʼsischi ham 2015-yildagi ulushi toʻliq shakllantirilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalar Kitob tuman Davlat xizmatlari markaziga taqdim qilinganligiga, Qonun talablari boʻyicha 2019-yilda jamiyat ustav fondi roʻyxatga oluvchi tashkilot tomonidan har ikkala taʼsischining ulushi toʻliq shakllantirilganidan keyingina taʼsis hujjatlari roʻyxatga olish oshirilganiga huquqiy baho bermasdan, faqatgina bank maʼlumotnomasiga tayanib barvaqt xulosaga kelganligi, bundan tashqari, javobgarning 2021-yil 11-martdagi 11/03-1-sonli xatiga asosan ATB “Qishloq qurilish bank” Toshkent shahar mintaqaviy filiali tomonidan 2021-yil 11-martda berilgan 01/06-953-son xatda qayd etilishicha, jamiyat (STIR:302427842)ning asosiy hisob raqami (20208000905009189001)ga 2015-yil 2-apreldan 2021-yil 10-martga qadar jamiyat ishtirokchilari tomonidan jami 647 800 000 soʻm, shundan daʼvogar tomonidan naqd pul shaklida 419 500 000 soʻm, javobgar tomonidan naqd pul shaklida 228 300 000 soʻm mablagʻ qoʻshimcha kapital uchun topshirilganligi, jamiyat tomonidan berilgan maʼlumotga asosan javobgar tomonidan 2016-yil 18-martda jamiyat hisobraqamini toʻldirish uchun 506 880 000 soʻmlik mulk — Samarqand viloyati, Urgut shahri, “Navbogʻ” MFY, Navoiy shoh koʻchasi, 90-uy manzilida joylashgan ikki qavatli savdo doʻkoni qoʻshimcha kapital sifatida kiritilganligi, Qonunning 14-moddasida nazarda tutilgan jamiyatning har bir ishtirokchisi taʼsis hujjatlarida belgilangan va jamiyat davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab bir yildan oshmaydigan muddat mobaynida jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) oʻz hissasini toʻliq kiritishi kerakligi toʻgʻrisidagi talab, jamiyatning ilk marta tashkil etilgan paytdagi, yaʼni jamiyat davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytga nisbatan qoʻllanilib, ushbu norma jamiyat qayta roʻyxatdan oʻtkazilgan holatlarga tatbiq etilmasligi, Qonunning 19-moddasida jamiyat davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran bir yil ichida uning ustav fondi (ustav kapitali) toʻliq toʻlanmagan taqdirda, jamiyat oʻzining ustav fondini (ustav kapitalini) amalda toʻlangan miqdorgacha kamaytirishini eʼlon qilishi va uning kamaytirilganligini belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazishi yoki jamiyatni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi kerakligi belgilanganligi, ushbu holatda apellatsiya instansiyasi sudining javobgarni jamiyat taʼsischilari safidan chiqarish haqidagi xulosasi asossiz hisoblanishi, sudlar daʼvo talabining 1 674 847 541 soʻm pul mablagʻlarini qaytarish qismini qanoatlantirish toʻgʻrisida asossiz va barvaqt xulosaga kelganligi, chunki, Qonunning 18-moddasida ushbu moddaning beshinchi va yettinchi qismlarida nazarda tutilgan muddatlarga rioya etilmagan taqdirda yoxud ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qoʻshimcha hissalar barcha ishtirokchilar tomonidan toʻliq qoʻshilmagan yoxud ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan qoʻshimcha hissalar umumiy qiymatining dastlabki belgilangan miqdorini kamaytirish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinmagan taqdirda, jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) koʻpaytirilishi amalga oshmagan deb eʼtirof etilishi, bu holda jamiyat oʻn kunlik muddat ichida jamiyat ishtirokchilariga ular tomonidan kiritilgan qoʻshimcha pul hissalarini qaytarilishi shartligi belgilanganligi, ammo, daʼvogar tomonidan 1 674 847 541 soʻm pul mablagʻini aynan qaysi maqsadda hisobraqamga qoʻyilganligiga aniqlik kiritilmaganligi, bank maʼlumotnomasida ushbu pul mablagʻlari hisobraqamini toʻldirish uchun qoʻyilganligi koʻrsatilganligi, daʼvogar ushbu pul mablagʻlarini qaytarish haqida ishtirokchilarning umumiy yigʻilishiga murojaat qilmaganligi va bu haqda ishtirokchilarning umumiy yigʻilishi qarori qabul qilmaganligini koʻrsatgan.
Sud majlisida javobgar vakili kassatsiya shikoyatda keltirilgan vajlarni takrorlab, A.M. MChJ ustav fondiga oʻz ulushini 2016-yil 18-martdagi dalolatnoma bilan qiymati 506 880 000 soʻmlik doʻkon binosini, 2017-yil 31-avgust kuni 1 300 000 soʻm va 2020-yil 2-dekabr kuni 331 750 000 soʻm pul koʻrinishida kiritganligi, Gʻ.O. MChJ rahbari sifatida 2 ta taʼsischining 1 411 500 000 soʻm pul mablagʻlarini MChJning ustav fondiga naqd pul koʻrinishida kiritganligi, ushbu summaning 609 347 540 soʻmi A.M.ga tegishli boʻlganligi, jami A.M. tomonidan kiritilgan ulushning miqdori 1 449 277 540 soʻmni tashkil qilishi, A.M. qaytarishni soʻragan 1 068 230 000 soʻm dividend summasi ekanligi, yaʼni, MChJ faoliyati boʻyicha olingan sof daromad summasi taʼsischilar oʻrtasida taqsimlanganligini bayon qilib, sud hujjatlarini bekor qilishni va shikoyatni qanoatlantirishni soʻradi.
Daʼvogar vakili javobgarning kassatsiya shikoyatiga nisbatan eʼtiroz bildirib, A.M. tomonidan doʻkon binosi MChJning ustav fondidagi ulushni shakllantirish uchun emas, balki aylanma mablagʻni toʻldirish uchun MChJga topshirilganligi, 2016-yil 18-martdagi dalolatnomada doʻkon binosi aynan nima maqsadda kiritilishi koʻrsatilganligi, javobgar vakilining 1 068 230 000 soʻm pul mablagʻlari dividend summasi ekanligi haqidagi vaji bilan kelishib boʻlmasligi, chunki, dividendni taqsimlash tartibi qonunchilikda belgilanganligi, MChJ taʼsischilarining yigʻilish bayonnomasida va A.M.ning arizasida 1 068 230 000 soʻm pul mablagʻlari nimaligi aniq koʻrsatilganligi, A.M. tomonidan qaytarishi soʻralgan 1 068 230 000 soʻm — bu A.M. tomonidan MChJning ustav fondiga 2017-yil 31-avgust kuni kiritilgan 1 300 000 soʻm, 2020-yil 2-dekabr kuni kiritilgan 331 750 000 soʻm, hisob raqamini toʻldirish uchun 2017-yil 29-avgust kuni kiritilgan 99 300 000 soʻm, 2017-yil 31-oktabr kuni kiritilgan 74 000 000 soʻm va 5 000 000 soʻm, 2017-yil 30-noyabr kuni kiritilgan 50 000 000 soʻm pul mablagʻlari hamda 2016-yil 18-martdagi dalolatnoma bilan kiritilgan doʻkon binosining qiymati (506 880 000 soʻm)dan iborat summa ekanligi, ushbu summaga A.M.ga gilam mahsulotlari berilganligi, Gʻ.O. kiritilgan barcha toʻlovlar va mulk summasi 2 964 083 600 soʻmni tashkil qilishi, shundan MChJ ustav fondidagi ulush qiymati, yaʼni 1 289 236 059 soʻmni ayriganda 1 674 847 541 soʻm qolishi va daʼvogar ushbu summani qaytarishni soʻraganligini bayon qilib, shikoyatni qanoatlantirishni rad etishni soʻradi.
MChJ sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilingan boʻlsa-da, undan vakil sud majlisiga kelmadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) 297-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, kassatsiya instansiyasi sudining sud majlisiga sud muhokamasini oʻtkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan, kassatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsning va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning kelmaganligi ishni ularning ishtirokisiz koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi.
Shu sababli sudlov hayʼati ishni MChJning ishtirokisiz koʻrib chiqishni lozim topadi.
Sudlov hayʼati ishda ishtirok etuvchi shaxslar vakillarining tushuntirishlari tinglab, shikoyatda keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra kassatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni lozim topadi.
IPK 13-moddasining birinchi qismiga binoan sud ishlarni Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, boshqa qonunchilik hujjatlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida hal qiladi.
Qonun 8-moddasining ikkinchi qismiga asosan jami ulushlari jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) kamida oʻn foizini tashkil etadigan jamiyat ishtirokchilari oʻz majburiyatlarini qoʻpol buzayotgan yoxud oʻz harakatlari (harakatsizligi) bilan jamiyatning faoliyat koʻrsatishiga imkon bermayotgan yoki uni jiddiy tarzda qiyinlashtirayotgan ishtirokchini jamiyatdan sud tartibida chiqarilishini talab qilishga haqlidirlar.
Qonun 9-moddasining birinchi qismiga muvofiq jamiyat ishtirokchilari:
ushbu Qonunda va jamiyatning taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda, miqdorda, usullarda va muddatlarda hissa qoʻshishlari;
jamiyat faoliyati toʻgʻrisidagi sir tutilgan axborotni oshkor qilmasliklari shart.
Qonun 14-moddasining yettinchi qismida jamiyatning har bir ishtirokchisi taʼsis hujjatlarida belgilangan va jamiyat davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab bir yildan oshmaydigan muddat mobaynida jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) oʻz hissasini toʻliq kiritishi kerakligi belgilangan.
Jamiyat ustavi 5.2-bandining uchinchi xatboshisida jamiyat taʼsischilari jamiyatning taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda, miqdorda, usullarda va muddatlarda hissa qoʻshishi belgilangan.
Kitob tuman hokimligi huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish inspeksiyasi tomonidan 2015-yil 15-aprelda 3175-sonli reyestr raqami bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan MChJ ustavining 7.1 va 7.2-bandlariga koʻra, jamiyatning ustav fondi 857 083 600 soʻmni tashkil qilgan va ishtirokchilar oʻrtasida quyidagicha taqsimlangan:
Gʻ.A.O. — 487 083 600 soʻm (56,83 %);
A.O.M. — 370 000 000 soʻm (43,17 %).
Shuningdek, Kitob tuman Davlat xizmatlari markazi tomonidan 2019-yil 11-maydagi 3175-sonli reyestr raqami bilan qayta roʻyxatga olingan jamiyat ustavining 7 va 7.1-bandlari hamda jamiyat taʼsis shartnomasining 3 va 3.1-bandlariga koʻra, jamiyatning ustav fondi 2 268 583 600 soʻmni tashkil qilgan va ishtirokchilar oʻrtasida quyidagicha taqsimlangan:
Gʻ.A.O. — 1 289 236 059 soʻm (56,83 %);
A.O.M. — 979 347 540 soʻm (43,17 %).
ATB “Qishloq qurilish bank” Toshkent shahar mintaqaviy filialining 2021-yil 11-martdagi 01/06-953-sonli maʼlumotiga koʻra, jamiyat (STIR: 302427842)ning asosiy hisobraqami (20208000905009189001)ga 2015-yil 2-apreldan 2021-yil 10-martga qadar jamiyat ishtirokchilari tomonidan jami 713 340 000 soʻm, shundan Gʻ.O. tomonidan naqd pul shaklida 419 500 000 soʻm, A.M. tomonidan naqd pul shaklida 228 300 000 soʻm mablagʻ hisobraqamni toʻldirish uchun (qoʻshimcha kapital) topshirilgan.
Shuningdek, ATB “Qishloq qurilish bank” Toshkent shahar mintaqaviy filialining 2021-yil 14-sentabrdagi 01/04-2543-sonli maʼlumotiga koʻra, jamiyat (STIR: 302427842)ning asosiy hisobraqami (20208000905009189001)ga 2015-yil 2-apreldan 2021-yil 14-sentabrga qadar jami 2 760 550 000 soʻm, shundan Gʻ.O. tomonidan naqd pul shaklida 2 427 500 000 soʻm, A.M tomonidan naqd pul shaklida 333 050 000 soʻm mablagʻ ustav fondini shakllantirish uchun kiritilgan.
Bundan tashqari, Gʻ.O. tomonidan 2015-yil 15-aprelda jamiyat ustav fondini shakllantirish uchun 117 083 600 soʻmlik mulk — Qashqadaryo viloyati, Kitob tumanidagi toʻyxona binosini, A.M. tomonidan 2016-yil 18-martda jamiyat hisobraqamini toʻldirish uchun 506 880 000 soʻmlik mulk — Samarqand viloyati, Urgut shahri, “Navbogʻ” MFY, Navoiy shoh koʻchasi, 90-uy manzilida joylashgan ikki qavatli savdo doʻkonini qoʻshimcha kapital sifatida MChJga topshirilgan.
Jami, daʼvogar tomonidan jamiyatga 2 964 083 600 soʻmlik mulk va pul mablagʻlari kiritilgan boʻlib, shundan MChJ tomonidan 1 289 236 059 soʻm ustav fondidagi ulushni shakllantirish uchun yoʻnaltirgan, qolgan 1 674 847 541 soʻm miqdoridagi pul mablagʻlaridan MChJ tomonidan aylanma kapital sifatida foydalangan.
A.M. tomonidan jami 1 068 230 000 soʻmlik mulk va pul mablagʻlari kiritilgan boʻlib, shundan MChJ tomonidan 333 050 000 soʻm ustav fondidagi ulushni shakllantirish uchun yoʻnaltirgan, qolgan 735 180 000 soʻm miqdoridagi pul mablagʻlaridan MChJ tomonidan aylanma kapital sifatida foydalangan.
A.M. (javobgar) MChJga ariza bilan murojaat qilib, unda oʻz hisobidan savdo hajmini kengaytirish va aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun kiritilgan jami 1 068 230 000 soʻm miqdoridagi qoʻshilgan kapitalni korxona (MChJ) hisobida turgan gilam mahsulotlari hisobidan qaytarib berishni soʻragan.
Ushbu ariza 2022-yil 2-martda boʻlib oʻtgan MChJ taʼsischilarining umumiy yigʻilishida koʻrib chiqilgan va qabul qilingan yigʻilish qarori bilan ariza qanoatlantirilib, MChJ direktori zimmasiga taʼsischi A.M.ga 1 068 230 000 soʻm gilam mahsulotlari hisobidan qaytarib berish hamda buxgalteriya hisobotlarida aks ettirish vazifasi topshirilgan.
MChJ taʼsischilari umumiy yigʻilishining ushbu qaroriga asosan MChJ A.M.ga 1 068 230 000 soʻmlik gilam mahsulotlarini topshirgan va bu haqda 2022-yil 2-martda topshirish-qabul qilish dalolatnomasi tuzilgan.
Shuning uchun birinchi instansiya sudi daʼvogarning 1 674 847 541 soʻm miqdoridagi pul mablagʻlarini qaytarish haqidagi talabini qanoatlantirish haqida asosli toʻxtamga kelgan.
Biroq, birinchi instansiya sudi daʼvoning javobgarni jamiyatdan chiqarish qismini qanoatlantirishni rad etish uchun javobgar jamiyatga kiritilgan 1 068 230 000 soʻmlik mulk va pul mablagʻlarini gilam mahsulotlari koʻrinishda qabul qilib olingan boʻlsa-da, MChJ taʼsis hujjatlariga oʻzgartirish kiritilmaganligi va bank maʼlumoti asosida audit buxgalterlik tekshiruvi oʻtkazib, maʼlumotda koʻrsatilgan holatga aniqlik kiritilmaganligini koʻrsatib, xatolikka yoʻl qoʻygan.
Shuning uchun apellatsiya instansiyasi sudi hal qiluv qarorini oʻzgartirib, daʼvoning javobgarni jamiyatdan chiqarish qismini qanoatlantirish haqida toʻgʻri toʻxtamga kelgan. Chunki, jamiyat ishtirokchisi A.M. tomonidan MChJ ustav fondidagi oʻz ulushini shakllantirish uchun kiritilgan pul mablagʻlari qaytarib olingan.
Javobgar vakilining A.M. MChJ ustav fondiga 2016-yil 18-martdagi dalolatnoma bilan qiymati 506 880 000 soʻmlik doʻkon binosini, 2017-yil 31-avgust kuni 1 300 000 soʻm va 2020-yil 2-dekabr kuni 331 750 000 soʻm pul koʻrinishida kiritganligi haqidagi vaji bilan sudlov hayʼati kelishmaydi. Chunki, 2016-yil 18-martdagi dalolatnomada A.M. tomonidan Samarqand viloyati, Urgut shahri, “Navbogʻ” MFY, Navoiy shoh koʻchasi, 90-uy manzilida joylashgan ikki qavatli savdo doʻkoni jamiyat hisobraqamini toʻldirish uchun (qoʻshimcha kapital) topshirgan. Yaʼni, javobgar MChJ ustav fondidagi ulushni shakllantirish uchun faqat 333 050 000 soʻm kiritgan va ushbu pul mablagʻlarini jamiyat A.M.ning arizasiga asosan gilam mahsulotlari koʻrinishda qaytarib bergan.
Shuningdek, javobgar vakilining ATB “Qishloq qurilish bank” Toshkent shahar mintaqaviy filialining 2019-yil 2-maydagi 04/02-1764-sonli maʼlumotida Gʻ.O. MChJ rahbari sifatida 1 411 500 000 soʻm pul mablagʻlarini MChJning ustav fondiga naqd pul koʻrinishida kiritganligi qayd qilinganligi, ushbu pul mablagʻlari 2 ta taʼsischi tomonidan kiritilgan pul mablagʻlari ekanligi, shundan 609 347 540 soʻmi AOMga tegishli boʻlganligi haqidagi vaji bilan ham kelishib boʻlmaydi. Chunki, bankning ushbu maʼlumotida 2019-yilning 31-martda 31 500 000 soʻm va 800 000 000 soʻm, 29-aprelda 260 000 000 soʻm, 1-mayda 42 000 000 va 278 000 000 soʻm kiritilganligi koʻrsatilgan boʻlib, bankning 2021-yil 14-sentabrdagi 01/04-2543-sonli maʼlumotida esa aynan ushbu pul mablagʻlari shu sanalarda Gʻ.O. tomonidan ustav fondini shakllantirish uchun topshirilganligi qayd qilingan.
Javobgar vakilining A.M. qaytarilishni soʻragan 1 068 230 000 soʻm dividend summasi ekanligi, yaʼni, MChJning faoliyati boʻyicha olingan sof daromad summasi taʼsischilar oʻrtasida taqsimlanganligi haqidagi vaji biror-bir dalil bilan isbotlanmagan. Qolaversa, A.M.ning MChJga yoʻllangan arizasida oʻz hisobidan savdo hajmini kengaytirish va aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun kiritilgan jami 1 068 230 000 soʻm miqdoridagi qoʻshilgan kapitalni korxona (MChJ) hisobida turgan gilam mahsulotlari hisobidan qaytarib berish soʻralgan. Ushbu 1 068 230 000 soʻm A.M. tomonidan MChJning ustav fondiga 2017-yil 31-avgust kuni kiritilgan 1 300 000 soʻm, 2020-yil 2-dekabr kuni kiritilgan 331 750 000 soʻm, hisob raqamini toʻldirish uchun 2017-yil 29-avgust kuni kiritilgan 99 300 000 soʻm, 2017-yil 31-oktabr kuni kiritilgan 74 000 000 soʻm va 5 000 000 soʻm, 2017-yil 30-noyabr kuni kiritilgan 50 000 000 soʻm pul mablagʻlari hamda 2016-yil 18-martdagi dalolatnoma bilan kiritilgan doʻkon binosining qiymati (506 880 000 soʻm)ning summasidir.
Bundan koʻrinadiki, apellatsiya instansiya sudi ish uchun ahamiyatli holatlarni toʻliq aniqlangan va moddiy huquq normalarini toʻgʻri qoʻllagan holda hal qiluv qarorini oʻzgartirish haqidagi asosli xulosaga kelgan.
IPK 302-moddasining birinchi qismida birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asoslar keltirilgan boʻlib, mazkur holatda bunday asoslar mavjud emas.
IPK 301-moddasining 1-bandiga koʻra, kassatsiya instansiyasi sudi kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha hal qiluv qarorini, qarorni oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini (protestini) esa qanoatlantirmasdan qoldirishga haqli.
Bayon etilganlarga asosan sudlov hayʼati javobgarning kassatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi. IPK 118-moddasining birinchi qismiga asosan sud xarajatlari javobgarning zimmasiga yuklatiladi va kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilishda toʻlangan davlat boji hamda pochta xarajatlari javobgarning zimmasida qoldiriladi.
Yuqoridagilarga asosan va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 118, 301 va 303-moddalarini qoʻllab, sudlov hayʼati qaror qildi:
A.O.M.ning kassatsiya shikoyatini qanoatlantirish rad etilsin.
Qashqadaryo viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 8-iyundagi qarori oʻzgarishsiz qoldirilsin.
Sud xarajatlari A.O.M.ning zimmasida qoldirilsin.
Mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Raislik qiluvchi: B. SAYFULLAYEV
hayʼat aʼzolari: V. SATTOROVA
I. TADJIYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 10-avgust,
4-1802-2302/455-son