Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasining
qarori
Birinchi instansiya sudida ishni koʻrgan sudya — F. Yodgorov
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya — R. Sagatov
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya — R. Sagatov
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati R. Sagatovning raisligida, hayʼat aʼzolari I. Tadjiyev va V. Sattorovadan iborat tarkibda, B. Joʻrayevning kotibligida, daʼvogar vakili — D.A. (2022-yil 21-iyundagi ishonchnoma asosida), javobgar vakillari — masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “DB” qoʻshma korxonasi vakili — A.G. (2023-yil 12-maydagi 5-sonli order va 2022-yil 12-dekabrdagi 12/2-sonli ishonchnoma asosida), St GIC kompaniyasi vakili — B.B. (ishonchnoma asosida), Oʻ.M.M. vakili — A.A. (2023-yil 12-maydagi 9-sonli order va 2023-yil 15-fevraldagi ishonchnoma asosida)ning ishtirokida, daʼvogar “CNF LLC” kompaniyasining javobgarlar masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “DB” qoʻshma korxonasi, St GIC, T.Sh.F. va Oʻ.M.M.ga nisbatan “DB” masʼuliyati cheklangan jamiyatining 2020-yil 23-noyabrdagi taʼsischilarning navbatdan tashqari umumiy yigʻilish bayonnomasi asosida qabul qilingan qarorni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi boʻyicha yuritilgan ish yuzasidan qabul qilingan Toshkent shahar sudining 2023-yil 9-iyundagi hal qiluv qarori ustidan javobgar masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “DB” qoʻshma korxonasi tomonidan berilgan apellatsiya shikoyati asosida ishni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi binosida boʻlib oʻtgan ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
“CNF LLC” kompaniyasi (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi) masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “DB” qoʻshma korxonasi (bundan buyon matnda javobgar yoki MChJ deb yuritiladi) taʼsischisi M.Oʻ. 2020-yil 23-noyabrdagi taʼsischilarning navbatdan tashqari yigʻilish qarori bilan MChJ ustav fondini shakllantirish uchun 9 676 800 000 soʻm qiymatdagi qurilish materiallarini haqiqatda MChJ ustav fondiga kiritmasdan, noqonuniy ravishda MChJdagi ulush miqdorini 75 foizga oshirishga erishganligi, oqibatda ustav fondidagi daʼvogarning ulushi kamayganligi, 2020-yil 23-noyabrdagi taʼsischilarning navbatdan tashqari yigʻilishida daʼvogardan unga berilgan ishonchnomada jamiyatning ustav fondini koʻpaytirish uchun ovoz berishga vakolati boʻlmagan shaxs A.N. ishtirok etib ovoz berganligi, “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonuni talabi va jamiyat ustaviga koʻra ustav fondini koʻpaytirish uchun taʼsischilarning bir ovozdan tasdiqlangan qarori talab qilinishi belgilanganligi vaji bilan jamiyat va uning taʼsischilariga nisbatan iqtisodiy sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, ushbu umumiy yigʻilish bayonnomasi asosida qabul qilingan qarorni haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Shuningdek, MChJ tomonidan sudga ariza taqdim qilinib, unda daʼvogarning daʼvo talabi boʻyicha daʼvo muddati oʻtganligi sababli daʼvo muddatini qoʻllab, daʼvo talabini qanoatlantirishni rad etishni soʻragan.
Sudning 2023-yil 15-maydagi ajrimi bilan ishga nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida Toshkent shahar adliya boshqarmasi (Shayxontohur tuman davlat xizmatlari markazi) (bundan buyon matnda uchinchi shaxs deb yuritiladi) jalb qilingan.
Toshkent shahar sudining 2023-yil 9-iyundagi hal qiluv qarori bilan “CNF LLC” kompaniyasining daʼvo arizasi toʻliq qanoatlantirilib, masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “DB” qoʻshma korxonasining 2020-yil 23-noyabrdagi taʼsischilarning navbatdan tashqari umumiy yigʻilish bayonnomasi asosida qabul qilingan qarori haqiqiy emas deb topilgan.
Ish yuzasidan qabul qilingan birinchi instansiya sudining hal qiluv qaroridan norozi boʻlib, javobgar masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “DB” qoʻshma korxonasi Oliy sudga apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan va unda sud hujjatini bekor qilib daʼvogarning daʼvo talabini qanoatlantirishni rad etish haqida yangi qaror qabul qilishni soʻragan. Bunga asos qilib, shikoyatda daʼvo muddatini qoʻllash soʻralganligi, sud tomonidan esa daʼvo muddatini tiklash haqida daʼvogar tomonidan iltimosnoma mavjud boʻlmasa-da, daʼvo talabi qanoatlantirilganligi, 2020-yil 15-iyuldagi ishonchnomada A.N.ga barcha korxona va idoralarda daʼvogar manfaatlarini ifoda etish, yuridik va jismoniy shaxslar bilan daʼvogar faoliyati toʻgʻrisidagi har qanday masalalarda zarur boʻlgan harakatlarni amalga oshirish, muzokaralar va uchrashuvlardagi har qanday masalalarda daʼvogar manfaatini ifoda etish, masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “DB” qoʻshma korxonasi ishtirokchilarining umumiy yigʻilishida qatnashish, ovoz berish va bayonnoma/qarorlarini imzolash huquqi berilganligi, bundan tashqari, ushbu vakolatni 2021-yil 14-iyuldagi takroriy ishonchnoma bilan ikki yil muddatga uzaytirilganligi, daʼvogar tomonidan maxsus daʼvo muddatlari oʻtkazib yuborilishi sabablarini uzrli deb topish uchun asos va dalillar sudga taqdim etilmaganligiga qaramay, birinchi instansiya sudi tomonidan javobgarlarning daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisidagi arizalari asossiz rad etilganligi, daʼvogar nizoli yigʻilish qarorlaridan toʻliq xabardor boʻlgan boʻlsa-da, biroq ikki yil oʻtgandan keyin oʻtkazib yuborilgan ikki oylik muddatni tiklash uchun advokatlik soʻrovi va sudga murojaatlarni oʻylab topganligi, bundan tashqari, ushbu yigʻilish bilan hal etilgan masalalar yuzasidan qaror qabul qilingandan keyin ustav fondi va ishtirokchilarning ulushlari oʻzgarishi munosabati bilan tegishli oʻzgartirishlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boʻlib, doimiy ravishda bugungi kunga qadar ochiq manba hisoblangan www.stat.uz saytida joylashgan boʻlib, ushbu maʼlumotni xohlagan shaxs olishi va foydalanishi mumkinligi, birinchi instansiya sudi tomonidan shagʻal mahsulotlarini topshirish-qabul qilish toʻgʻrisidagi 2020-yil 23-noyabrdagi dalolatnomasi, 2023-yil 10-noyabrdagi yigʻilish qarori, ulush shakllantirilga�ligi toʻgʻrisidagi guvohnoma va boshqa dalillar mavjudligiga qaramay inobatga olinmaganligini, MChJ tomonidan shikoyatga qoʻshimcha kiritilib, unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 4-10-2302/24-sonli ish boʻyicha qabul qilingan 2023-yil 15-iyundagi qarori bilan aniqlangan holatlarga koʻra, 2020-yil 23-noyabrdagi va 1-dekabrdagi navbatdan tashqari umumiy yigʻilish oʻtkazilgan vaqtda A.N.da daʼvogar nomidan ishtirok etish va hujjatlarga imzo qoʻyish vakolati mavjud boʻlganligini koʻrsatgan.
Sud majlisida masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “DB” qoʻshma korxonasi vakili apellatsiya shikoyatini qoʻllab-quvvatlab, uni qanoatlantirishni, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvogarning daʼvo talabini qanoatlantirishni rad etishni soʻradi.
Sud majlisida St GIC kompaniyasi vakili ham apellatsiya shikoyatidagi vajlarni qoʻllab-quvvatlab, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilishni soʻradi.
Sud majlisida Oʻ.M.M. vakili apellatsiya shikoyatini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.
Sud majlisida daʼvogar vakili apellatsiya shikoyatiga eʼtiroz bildirib, uni qanoatlantirishni rad etishni, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni soʻradi.
Sud majlisining vaqti va joyi haqida xabardor qilingan T.Sh.F. sud majlisida ishtirok etmadi. Ish hujjatlarida uning arizasi mavjud boʻlib, unda ishni uning ishtirokisiz koʻrib chiqishni soʻragan.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) 297-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, kassatsiya instansiyasi sudining sud majlisiga sud muhokamasini oʻtkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan, kassatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsning va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning kelmaganligi ishni ularning ishtirokisiz koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi.
Shuning uchun sudlov hayʼati ishni uning ishtirokisiz koʻrib chiqishni lozim topadi.
Sudlov hayʼati ishda ishtirok etuvchi shaxslar vakillarining tushuntirishlarini tinglab, shikoyatda keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra javobgarning apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvo talabini qanoatlantirishni rad etish haqida yangi qaror qabul qilishni lozim topadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Iqtisodiy sudlar tomonidan korporativ nizolarni hal etishning ayrim masalalari toʻgʻrisida” 2014-yil 20-iyundagi 262-sonli qarorining 20.1-bandida jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishi qarori u qonunchilikka zid boʻlgan va (yoki) umumiy yigʻilish qonunchilik va jamiyat ustavida belgilangan tartibga rioya etilmagan holda oʻtkazilgan hollardagina, haqiqiy emas deb topilishi mumkinligi belgilangan.
Mazkur Plenum qarorining 20.2.-bandida “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni (matnda Qonun deb yuritiladi) 41-moddasining birinchi qismiga koʻra jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining ushbu Qonun va boshqa qonunchilik, jamiyatning ustavi talablari buzilgan holda qabul qilingan hamda jamiyat ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan qarori ovoz berishda ishtirok etmagan yoki bahsli qarorga qarshi ovoz bergan jamiyat ishtirokchisining arizasiga koʻra sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkinligi boʻyicha tushuntirish berilgan.
Bunday ariza jamiyat ishtirokchisi qabul qilingan qaror toʻgʻrisida bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan eʼtiboran ikki oy ichida berilishi mumkinligi, bunda ikki oylik muddat yigʻilishda ishtirok etgan ishtirokchi uchun qaror qabul qilingan kundan, yigʻilishda ishtirok etmagan ishtirokchi uchun esa u qaror toʻgʻrisida bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan boshlab hisoblanishi haqida ham tushuntirishlar berilgan. Dyemak, belgilangan ikki oylik muddat maxsus daʼvo muddati hisoblanib, u sud tomonidan faqat nizodagi tarafning sudning hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar bergan arizasiga muvofiq qoʻllaniladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 4-10-2302/24-sonli ish boʻyicha qabul qilingan 2023-yil 15-iyundagi qarorida daʼvogarning ishonchli vakili A.N.ga 2020-yil 15-iyulda berilgan ishonchnomada MChJ umumiy yigʻilishlarida ishtirok etish va daʼvogar nomidan umumiy yigʻilish qarorlari, taʼsis hujjatlari va ustavga imzo qoʻyish vakolatlari berilganligi va A.N.ga berilgan ishonchnoma 2021-yil 9-dekabrga qadar amal qilganligi, dyemak, MChJ taʼsischilarining 2020-yil 23-noyabrdagi va 1-dekabrdagi navbatdan tashqari umumiy yigʻilish oʻtkazilgan vaqtda A.N.da daʼvogar nomidan ishtirok etish va hujjatlarga imzo qoʻyish vakolati mavjud boʻlganligi qayd etilgan.
IPK 73-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq, iqtisodiy sudning ilgari koʻrilgan ish boʻyicha qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori bilan aniqlangan holatlar sud xuddi shu shaxslar ishtirok etayotgan boshqa ishni koʻrayotganida yangidan isbot qilinmasligi koʻrsatilgan.
Mazkur holatda, “DB” masʼuliyati cheklangan jamiyatining 2020-yil 23-noyabrdagi taʼsischilarning navbatdan tashqari umumiy yigʻilishida daʼvogarning ishonchli vakili A.N.ning ishtirok etganligi va unda daʼvogar nomidan ishtirok etish va hujjatlarga imzo qoʻyish vakolati mavjud boʻlganligi MChJdagi ulushni kamayib ketishiga olib kelishi mumkin boʻlgan boshqa taʼsischilarni ulushini oshirish haqidagi qarorlarga ovoz berish huquqi berilmaganligini anglatmaydi. Chunki, daʼvogar tomonidan ishonchli vakiliga 2020-yil 15-iyulda berilgan ishonchnomada MChJ umumiy yigʻilishlarida ishtirok etish va daʼvogar nomidan umumiy yigʻilish qarorlari, taʼsis hujjatlari va ustavga imzo qoʻyish vakolatlari berilgan va A.N.ga berilgan ishonchnoma 2021-yil 9-dekabrga qadar amal qilgan. Mazkur holat Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 4-10-2302/24-sonli ish boʻyicha qabul qilingan 2023-yil 15-iyundagi qarorida ham qayd etilgan.
Birinchi instansiya sudi Oliy sud Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 4-10-2224/459-sonli iqtisodiy ish boʻyicha qabul qilingan 2023-yil 24-martdagi qaroriga asoslangan holda “DB” masʼuliyati cheklangan jamiyatining ustavi va taʼsis shartnomalari nusxalarini (yangi tahrirdagi), 2018, 2019, 2020, 2021-yillar va 2022-yilning 9 oyidagi navbatdagi va navbatdan tashqari taʼsischilar umumiy yigʻilishining bayonnomalari nusxalarini taqdim etish, Davlat soliq inspeksiyasi tomonidan tasdiqlangan yoki elektron soliqdan qabul qilinganligi haqidagi tasdiqnoma ilova qilingan holda 2019, 2020, 2021-yillardagi buxgalteriya balansi va moliyaviy natijalar toʻgʻrisida hisobot, 2020 — 2022-yillardagi xodimlar va ularning ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, 2020-yildan 2022-yilgacha boʻlgan kassa aylanmasi boʻyicha hisobvaraqlardan bank koʻchirmalari, 2022-yil 1-yanvardan 2022-yil 1-oktabrgacha boʻlgan debitorlik va kreditorlik qarzlari reyestri, 2022-yil 1-oktabr holatiga jamiyat balansidagi asosiy vositalar va tovar-moddiy boyliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma bilan tanishtirish majburiyati yuklatilganligiga asoslangan. Biroq, 4-10-2224/459-sonli iqtisodiy ish boʻyicha qabul qilingan 2023-yil 24-martdagi qarorda, jamiyat ishtirokchilari ushbu Qonunda va jamiyatning taʼsis hujjatlarida belgilangan tartibda jamiyatning faoliyati toʻgʻrisida axborot olish hamda uning buxgalteriya daftarlari va boshqa hujjatlari bilan tanishishga haqli ekanligidan kelib chiqqanligiga eʼtibor qaratmagan.
Shuningdek, Qonun 11-moddasining uchinchi qismiga muvofiq, jamiyat ishtirokchisining, auditorning yoki istalgan manfaatdor shaxsning talabiga binoan jamiyat ularga jamiyatning taʼsis hujjatlari bilan, shu jumladan unga kiritilgan oʻzgartishlar bilan tanishish imkoniyatini berishi shartligi, jamiyat ishtirokchisining talabiga binoan jamiyat unga jamiyatning taʼsis shartnomasi va ustavi nusxalarini berishi shartligi belgilangan.
Shuning uchun, 4-10-2224/459-sonli iqtisodiy ish boʻyicha qabul qilingan 2023-yil 24-martdagi qarorda daʼvogar taʼsischi sifatida MChJga taalluqli barcha hujjatlar bilan tanishish huquqiga ega ekanligidan kelib chiqib, daʼvogarning daʼvo talabi qanoatlantirilganligi qayd etilgan. Yaʼni, 4-10-2224/459-sonli iqtisodiy ishda A.N. MChJ nomidan taʼsischilar yigʻilishida ishtirok etishga vakolati boʻlmaganligi haqidagi nizo koʻrib chiqilmagan, balki MChJdan taʼsischi sifatida daʼvogarning taʼsis hujjatlari va boshqa hujjatlar bilan tanishish huquqiga ega ekanligi haqidagi nizo koʻrib hal etilgan.
Bundan tashqari, jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudining 2022-yil 13-sentabrdagi va 2022-yil 28-noyabrdagi qarorlarida daʼvogarning ishonchli vakili A.N.ning vakolatlari muhokama qilinmagan.
Bunday holatda, birinchi instansiya sudi MChJning 2020-yil 23-noyabrdagi taʼsischilarning navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi qarori qabul qilingan vaqtda daʼvogarning ishonchli vakili A.N. ishtirok etganligini inobatga olmasdan hamda umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi daʼvo qilish muddati ikki yildan oshganligi oʻrganilmasdan, daʼvo muddatini tiklash haqidagi iltimosnoma mavjud boʻlmasa-da, javobgarning daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi arizani qanoatlantirishni rad etish haqida barvaqt xulosaga kelgan. Dyemak, daʼvogar tomonidan daʼvo bilan murojaat qilishning ikki oylik muddati asossiz oʻtkazib yuborilgan. Bu esa, javobgarning daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi arizasi asosli boʻlib, u qanoatlantirilishi lozim. Chunki, daʼvogarning ishonchli vakili A.N. mazkur 2020-yil 23-noyabrdagi taʼsischilarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishida ishtirok etishga vakolatli boʻlgan va umumiy yigʻilish qarori qabul qilingan vaqtdan ikki oy ichida, yaʼni 2021-yil 23-yanvarga qadar umumiy yigʻilish qarori ustidan sudga daʼvo kiritish yoʻli bilan nizolashishi mumkin boʻlgan.
Bunday holatda, birinchi instansiya sudi javobgarning daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi vajlariga tegishli tartibda baho bermagan va daʼvo arizasini qanoatlantirish haqida notoʻgʻri xulosaga kelgan. Shu bois, sudlov hayʼati birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilishni, ish boʻyicha yangi qaror qabul qilib daʼvogarning daʼvo arizasini qanoatlantirishni rad etishni lozim topadi.
IPK 279-moddasining birinchi qismida moddiy huquq normalarining buzilganligi yoki notoʻgʻri qoʻllanilganligi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladi.
IPK 278-moddasining birinchi qismi 2-bandiga koʻra, apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha hal qiluv qarorini toʻliq yoki qisman bekor qilishga va yangi qaror qabul qilishga haqli.
Bayon etilganlardan kelib chiqib, sudlov hayʼati javobgarning apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni, javobgarning daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi arizasini qanoatlantirgan holda ish yuzasidan qabul qilingan sud hujjatini bekor qilib daʼvo arizasi qanoatlantirishni rad etishni lozim topadi. IPKning 118-moddasiga asosan sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarning qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda ularning zimmasiga yuklatiladi. Daʼvogarning daʼvo talabini qanoatlantirish rad etilganligi sababli, javobgar tomonidan apellatsiya instansiyasi uchun toʻlangan 1 500 000 soʻm davlat boji va 33 000 soʻm pochta xarajatlari daʼvogardan javobgarga undirilishi lozim.
Yuqoridagilarga asosan va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 118, 278 — 280-moddalarini qoʻllab, sudlov hayʼati qaror qildi:
Masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “DB” qoʻshma korxonasining apellatsiya shikoyati qanoatlantirilsin.
Toshkent shahar sudining 2023-yil 9-iyundagi hal qiluv qarori bekor qilinsin. Yangi qaror qabul qilinsin.
Masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “DB” qoʻshma korxonasining daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi arizasi qanoatlantirilsin.
“CNF LLC” kompaniyasining daʼvo arizasini qanoatlantirish rad etilsin.
“CNF LLC” kompaniyasidan masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “DB” qoʻshma korxonasi foydasiga 1 500 000 soʻm davlat boji va 33 000 soʻm pochta xarajatlari undirilsin.
Ijro varaqasi berilsin.
Mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Raislik qiluvchi R. SAGATOV
hayʼat aʼzolari I. TADJIYEV
V. SATTOROVA
Toshkent sh.,
2023-yil 1-avgust,
4-10-2312/18-son