Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
“Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2023-yil 16-mayda qabul qilingan
Senat tomonidan 2023-yil 5-avgustda maʼqullangan
Senat tomonidan 2023-yil 5-avgustda maʼqullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda volontyorlik faoliyatini rivojlantirishga, fuqarolarning ijtimoiy tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga, ularning ijtimoiy vazifalarni hal etishdagi masʼuliyatini, birdamligini va oʻzaro yordam berish koʻnikmalarini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratildi.
Shu bilan birga volontyorlik faoliyatini yanada rivojlantirish ushbu faoliyatning qoʻllab-quvvatlanishini, volontyorlik faoliyatini amalga oshiruvchi subyektlar bilan davlat organlarining hamkorligi kuchaytirilishini, ijtimoiy vazifalarni hal qilishda volontyorlarga koʻmaklashilishini, ularning xizmatlari eʼtirof etilishini hamda ularning faoliyatini ragʻbatlantirish mexanizmlari takomillashtirilishini talab qilmoqda.
Ushbu Qonun bilan “Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga volontyorlik faoliyati sohasidagi davlat maqsadli dasturlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va ularning bajarilishini taʼminlash, shuningdek mazkur sohadagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish boʻyicha vakolatlar berilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari ushbu Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligini volontyorlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilash, uning mazkur sohadagi vakolatlarini aniqlashtirish, shuningdek respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining volontyorlikni qoʻllab-quvvatlash va unga koʻmaklashish boʻyicha vakolatlarini aniqlashtirish nazarda tutilmoqda.
Ushbu Qonun volontyorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga, volontyorlik faoliyatini rivojlantirish sohasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining vakolatlarini belgilashga, shuningdek volontyorlik faoliyatini yanada ragʻbatlantirishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 2-dekabrda qabul qilingan “Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi OʻRQ-585-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 12, 879-modda; 2021-yil, 4-songa ilova) quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 3-moddaning toʻqqizinchi xatboshisidagi “davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari” degan soʻzlar “davlat hokimiyati organlari, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
2) 9-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
volontyorlik faoliyati sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
volontyorlik faoliyati sohasidagi davlat maqsadli dasturlarini tasdiqlaydi va ularning bajarilishini taʼminlaydi;
volontyorlik faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz vakolatlari doirasida qabul qiladi;
volontyorlik faoliyati sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiruvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining ishini yoʻnaltiradi va muvofiqlashtiradi;
volontyorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish mexanizmlarini ishlab chiqadi;
volontyorlik faoliyati sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga va tajriba almashishga koʻmaklashadi”;
3) quyidagi mazmundagi 91 va 92-moddalar bilan toʻldirilsin:
“91-modda. Maxsus vakolatli davlat organining volontyorlik faoliyati sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi volontyorlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Maxsus vakolatli davlat organi:
volontyorlik faoliyati sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
volontyorlik faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini oʻz vakolatlari doirasida ishlab chiqadi;
volontyorlik faoliyati sohasidagi davlat maqsadli dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
volontyorlik faoliyati sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritadi;
volontyorlik faoliyatini axborot va maslahat jihatidan, shuningdek oʻquv-uslubiy jihatdan oʻz vakolatlari doirasida qoʻllab-quvvatlaydi;
jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek davlat organlari bilan volontyorlik faoliyati sohasida hamkorlik qiladi;
volontyorlik faoliyati sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Maxsus vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
92-modda. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining volontyorlik faoliyati sohasidagi vakolatlari
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari:
volontyorlik faoliyati sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
volontyorlik faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda oʻz vakolatlari doirasida ishtirok etadi;
volontyorlik faoliyati sohasidagi davlat maqsadli dasturlarini oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiradi;
jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek davlat organlari bilan volontyorlik faoliyati sohasida hamkorlik qiladi.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari volontyorlik faoliyati sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun davlat ijtimoiy buyurtmalarini berishi mumkin”;
4) 10-moddaning birinchi qismi:
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“volontyorlik faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda oʻz vakolatlari doirasida ishtirok etadi;
volontyorlik faoliyati sohasidagi davlat maqsadli dasturlarini oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiradi”;
toʻrtinchi va beshinchi xatboshilari tegishincha oltinchi va yettinchi xatboshilar deb hisoblansin;
5) 14-moddaning toʻrtinchi qismi “shuningdek eng koʻp oʻzini koʻrsatgan volontyorlarni ragʻbatlantirish va (yoki) mukofotlash uchun nomzodlarni” degan soʻzlardan keyin “maxsus vakolatli davlat organiga” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
6) 19-modda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Maxsus vakolatli davlat organi volontyorlarning volontyorlik faoliyati sohasidagi xizmatlarini eʼtirof etishga doir tadbirlarni oʻtkazadi”;
ikkinchi qismi uchinchi qism deb hisoblansin;
7) 24-moddaning uchinchi xatboshisidagi “davlat boshqaruvi organlari” degan soʻzlar “respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 18-avgust,
OʻRQ-863-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.08.2023-y., 03/23/863/0627-son)