Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasining 2023-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasining (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) 2023-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) taʼkidlaydiki, hisobot davrida Komissiya tomonidan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquqiy ongi va savodxonligini oshirish, ularni jamiyatning siyosiy jihatdan faol qatlamiga aylantirish borasida qator ishlar amalga oshirilgan.
Komissiya tomonidan yoshlarga oid qonunchilikni yanada takomillashtirish, yoshlarning siyosiy-huquqiy bilim va koʻnikmalarini boyitish, qonun ijodkorligi jarayoniga yoshlarni jalb qilish hamda qabul qilinayotgan qonunlarni yoshlar orasida keng targʻib qilish orqali ularning parlament hayotiga daxldorligini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.
Jumladan, Komissiya tomonidan hisobot davrida Qonunchilik palatasiga kiritilgan 14 ta qonun loyihasi yuzasidan yoshlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini yanada mustahkamlashga doir 40 dan ziyod takliflar tayyorlangan va taqdim etilgan.
Xususan, “Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi va “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari loyihalariga berilgan takliflar Qonunchilik palatasining masʼul qoʻmitalari tomonidan qonun loyihalarini takomillashtirishda inobatga olingan.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev rahbarligida 2023-yil 11-aprel kuni yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib Qonunchilik palatasi tomonidan “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqish jarayonida Komissiya aʼzolari oʻz takliflari bilan ishtirok etdilar.
Shuningdek Komissiya aʼzolari konstitutsiyaviy islohotlarda ham faol ishtirok etib, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyatini yoshlarga yetkazish maqsadida joylarga chiqqan holda 200 dan ortiq turkum davra suhbatlari va uchrashuvlarda ishtirok etdilar.
Hisobot davrida Komissiya tomonidan xalqaro aloqalarni mustahkamlashga, xususan, xorijiy mamlakatlar yoshlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilgan.
Jumladan, Komissiya aʼzolari MDH Yoshlar Parlamentlararo Assambleyasining navbatdagi yigʻilishida, Pusan shahrida Osiyo siyosiy partiyalari xalqaro konferensiyasi doirasida oʻtkazilgan Ishbilarmonlar kengashining “Iqlim inqirozi davrida Osiyo biznesi imkoniyatlari va muammolari” mavzusidagi birinchi yigʻilishida, Sankt-Peterburg shahrida oʻtkazilgan “Yoshlar parlamentarizmi — Yoshlar huquqiy va siyosiy madaniyatini shakllantirish maktabi” mavzusidagi xalqaro forumda maʼruzalar bilan qatnashganlar.
Komissiya aʼzolari tomonidan yoshlarga oid qonunchilikning mohiyati va ahamiyatini targʻib qilish, shuningdek Komissiyaning faoliyatiga doir masalalar yuzasidan ommaviy axborot vositalarida 400 dan ziyod chiqishlar qilingan.
Shu bilan birgalikda, Komissiyaning oʻtgan davr mobaynidagi faoliyatida ayrim masalalarga yetarlicha eʼtibor qaratilmagan.
Xususan, Komissiyaning yoshlarga oid qonunlarning ijrosi holatini oʻrganish yuzasidan Qonunchilik palatasi qoʻmitalariga, yoshlarga oid dolzarb masalalarni koʻrib chiqish boʻyicha Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga takliflar kiritish borasidagi ishlari yetarli tashkil etilmagan.
Bundan tashqari, Komissiya tomonidan oʻz faoliyatida yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan yoshlarga oid kafolatlarni taʼminlashga, amaliyotga joriy qilishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratishi maqsadga muvofiq.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasi raisi M. Valiyevning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasining 2023-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasi (M. Valiyev):
yoshlarga oid qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish;
yoshlarga oid qonunlarning ijrosi holatini oʻrganish yuzasidan Qonunchilik palatasi qoʻmitalariga, yoshlarga oid dolzarb masalalarni koʻrib chiqish boʻyicha Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga takliflar kiritib borish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti faoliyatini muvofiqlashtirish va oʻzaro hamkorlikda yoshlar muammolarini hal etishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish;
yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda siyosiy partiyalarning “Yoshlar qanoti” bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash choralarini koʻrsin.
3. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari O. Tojiyev zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2023-yil 25-iyul,
3377-IV-son