Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasining 2023-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasining (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) 2023-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi taʼkidlaydiki, hisobot davrida Qoʻmita tomonidan qonun ijodkorligi faoliyati samaradorligini oshirishga, qonun loyihalarini tayyorlashda xalqaro tajribadan unumli foydalanishga, shuningdek mamlakatimizda iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, samarali budjet va soliq siyosatini yuritishning muhim masalalari yuzasidan qonunchilikni takomillashtirishga eʼtibor qaratilgan.
Oʻtgan davrda Qoʻmita 14 ta qonun loyihasiga masʼul boʻlib, ularning 12 tasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) tomonidan qabul qilingan hamda maʼqullash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilgan.
Qoʻmita aʼzolari tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi qonunchilik tashabbusi huquqi asosida Qonunchilik palatasiga koʻrib chiqish uchun kiritilgan. Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish, jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish toʻgʻrisidagi axborotni tumanlar va shaharlar hokimliklarining rasmiy veb-saytlariga va “Ochiq budjet” axborot portaliga joylashtirish, shuningdek tadbirlarning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish orqali budjet jarayonining ochiqligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Hisobot davrida qoʻmita masʼulligida boʻlgan qonun loyihalarini koʻrib chiqish hamda maromiga yetkazish maqsadida 65 ta ishchi guruh yigʻilishlari oʻtkazilgan.
Qonunlarning va qonunosti hujjatlarining ijro etilishi holatini oʻrganish, davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining axborotini eshitish, Qonunchilik palatasi va Qoʻmita qarorlari ijrosini oʻrganish boʻyicha qoʻmita tomonidan 10 ta nazorat-tahlil tadbiri oʻtkazilgan.
2023-yilning birinchi yarim yilligida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 257 ta murojaat qoʻmita aʼzolari tomonidan belgilangan tartibda koʻrib chiqilgan. Qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan kelib tushgan takliflar alohida oʻrganilgan.
Qoʻmita faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, sohaga oid qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini jamoatchilikka yetkazishda ommaviy axborot vositalari bilan samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Qoʻmitaning faoliyati ommaviy axborot vositalarida jami 808 marotaba yoritilgan.
Jumladan, televideniye orqali 60 marotaba, radio orqali 83 marotaba intervyu va eshittirishlar yoritilgan, 72 marotaba gazeta va jurnallarda, 243 marotaba internet nashrlarida maqola hamda 350 marotaba ijtimoiy tarmoqlarda fikr-mulohazalar bilan chiqishlar qilingan.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasining 2023-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborot maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasiga:
nazorat-tahlil tadbirlari doirasida qabul qilingan qarorlarning ijrosini monitoring qilish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish;
Qoʻmita aʼzolarining qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalanish samaradorligini yanada oshirish;
Qoʻmita masʼul boʻlgan qonun loyihalari yuzasidan qoʻmita huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolarini jalb qilgan holda muhokamalarni tashkil etib borish;
2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining Qoʻmita faoliyatiga taalluqli boʻlgan bandlarining ijro etilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
3. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Xaitov zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2023-yil 24-iyul,
3371-IV-son