Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oliy taʼlim muassasalarining iqtidorli talabalari uchun ayrim nomli davlat stipendiyalari joriy etilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Huqumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 3-noyabrdagi PQ-414-son hamda “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida” 2023-yil 25-yanvardagi PQ-20-son qarorlariga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
jismoniy madaniyat va sport yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari oxirgi ikki kursida oʻqiyotgan talabalarga Pahlavon Mahmud nomli davlat stipendiyasini tayinlash;
tarix va geografiya yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari oxirgi ikki kursida oʻqiyotgan talabalarga Bobur nomli davlat stipendiyasini tayinlash;
Pahlavon Mahmud hamda Bobur nomli davlat stipendiyalari miqdorini belgilash.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri I.Y. Abduraxmonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 14-avgust,
384-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 384-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisida” 2008-yil 13-oktabrdagi 226-son qaroriga 3-ilovada:
a) 2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Oliy taʼlim muassasalari bakalavriat bosqichi talabalari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari Oʻzbekiston Respublikasidagi davlat, nodavlat va xorijiy oliy taʼlim muassasalari, shu jumladan, qoʻshma taʼlim dasturlarida butun oʻqishi davomida faqat aʼlo baholarga oʻqiyotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan oxirgi kurs talabalariga tayinlanadi va toʻlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyalari har bir oliy taʼlim muassasasining bakalavriat bosqichidagi bir nafar bitiruvchi kurs talabasiga tayinlanadi va toʻlanadi.
Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulugʻbek, Imom al-Buxoriy va Islom Karimov nomli davlat stipendiyalari (keyingi oʻrinlarda — nomli davlat stipendiyalari) Oʻzbekiston Respublikasidagi davlat, nodavlat va xorijiy oliy taʼlim muassasalari, shu jumladan, qoʻshma taʼlim dasturlarining oxirgi ikki kursida oʻqiyotgan talabalarga tayinlanadi va toʻlanadi.
Bobur nomli davlat stipendiyasi tarix va geografiya yoʻnalishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasidagi davlat, nodavlat va xorijiy oliy taʼlim muassasalari, shu jumladan, qoʻshma taʼlim dasturlarining oxirgi ikki kursida oʻqiyotgan talabalarga tayinlanadi va toʻlanadi. Bunda ushbu nomli davlat stipendiyasi soni tarix va geografiya yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari uchun alohida bittadan belgilanadi.
Pahlavon Mahmud nomli davlat stipendiyasi jismoniy madaniyat va sport yoʻnalishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasidagi davlat, nodavlat va xorijiy oliy taʼlim muassasalari, shu jumladan, qoʻshma taʼlim dasturlarining oxirgi ikki kursida oʻqiyotgan talabalarga tayinlanadi va toʻlanadi. Bunda ushbu nomli davlat stipendiyasi soni jismoniy madaniyat va sport yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari uchun alohida bittadan belgilanadi.
Toʻlepbergen Qaipbergenov va Ibroyim Yusupov nomli davlat stipendiyalari Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi davlat, nodavlat va xorijiy oliy taʼlim muassasalari, shu jumladan, qoʻshma taʼlim dasturlarining oxirgi ikki kursida oʻqiyotgan talabalarga tayinlanadi va toʻlanadi. Bunda ushbu nomli davlat stipendiyalari soni Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi har bir oliy taʼlim muassasasi uchun Toʻlepbergen Qaipbergenov va Ibroyim Yusupov nomli davlat stipendiyalari boʻyicha alohida bittadan belgilanadi”;
b) 13-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari tanlovlarida gʻolib boʻlgan talabalarga Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri tomonidan tasdiqlangan quyidagi guvohnomalardan biri beriladi:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasi sohibi”;
“Beruniy nomli davlat stipendiyasining sohibi”;
“Ibn Sino nomli davlat stipendiyasining sohibi”;
“Navoiy nomli davlat stipendiyasining sohibi”;
“Ulugʻbek nomli davlat stipendiyasining sohibi”;
“Imom al-Buxoriy nomli davlat stipendiyasining sohibi”;
“Islom Karimov nomli davlat stipendiyasining sohibi”;
“Bobur nomli davlat stipendiyasining sohibi”;
“Pahlavon Mahmud nomli davlat stipendiyasining sohibi”;
“Toʻlepbergen Qaipbergenov nomli davlat stipendiyasining sohibi”;
“Ibroyim Yusupov nomli davlat stipendiyasining sohibi”.
Guvohnomalar talabalarning oʻqish joyida tantanali vaziyatda topshiriladi”.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalari talabalariga toʻlanadigan stipendiyalar miqdorlarini belgilash hamda stipendiyalar tayinlash va toʻlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 31-yanvardagi 59-son qarorida:
a) 5-bandning birinchi xatboshisi “Imom al-Buxoriy” soʻzlaridan keyin “Bobur, Pahlavon Mahmud” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
b) 1-ilovaning 10-bandi birinchi xatboshisi “Imom al-Buxoriy” soʻzlaridan keyin “Bobur, Pahlavon Mahmud” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
v) 2-ilovaning “Stipendiya nomi va qoʻshimcha toʻlovlar” ustuni 2-pozitsiyasi “Imom al-Buxoriy” soʻzlaridan keyin “Bobur, Pahlavon Mahmud” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2023-y., 09/23/384/0613-son)