Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish tizimi soddalashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy taʼsirini oshirish hamda mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlarni yanada kengaytirish yoʻlida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Olib borilgan islohotlar natijasida tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish tizimi bosqichma-bosqich soddalashtirib borilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 9-noyabrdagi PF-244-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishning aniq maqsad va chegaralarini belgilash, tadbirkorlik subyektlari tomonidan yangi mahsulot va xizmat turlarini joriy etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish orqali ular uchun tartibga solish yukini kamaytirish yoʻnalishida koʻrilayotgan choralar samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
yangi import avtomobillar faqat yuridik shaxslar — ishlab chiqaruvchi korxonalarning rasmiy dilerlari tomonidan sotilishini bekor qilish;
elektr energiyasini elektr taʼminoti shartnomasida belgilangan hajmlardan (oylik shartnomaviy miqdordan) ortiqcha isteʼmol qilgan yuridik shaxslarga elektr energiyasi yetkazib berishni toʻxtatib qoʻyish amaliyotini tugatish;
tadbirkorlik subyektining ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda, kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish va ommaviy axborot vositalarida bu haqda eʼlon berish talabini bekor qilish;
soliq toʻlovchilarga soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari boʻyicha qabul qilgan qarorlari ustidan toʻgʻridan-toʻgʻri sudga shikoyat qilish huquqini berish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Kuchkarov hamda Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A.J. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 14-avgust,
382-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 382-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalarining 119-bandida:
ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
uchinchi xatboshi ikkinchi xatboshi deb hisoblansin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasidan foydalanganlik uchun hisob-kitob qilish mexanizmini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2004-yil 1-noyabrdagi 511-son qarori 3-bandida:
toʻrtinchi xatboshi “qarzi boʻlgan” soʻzlaridan keyin “yuridik shaxslarga elektr energiyasi yetkazib berish toʻxtatib qoʻyilsin” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
beshinchi xatboshi chiqarib tashlansin.
3. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 40-bandida:
oʻn birinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
oʻn ikkinchi va oʻn uchinchi xatboshilar tegishlicha oʻn birinchi va oʻn ikkinchi xatboshilar deb hisoblansin.
4. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 7-yanvardagi 1-son qarori bilan tasdiqlangan Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) quyidagi mazmundagi 1211 va 1212-bandlar bilan toʻldirilsin:
“1211. Soliq organining sayyor soliq tekshiruvi natijalari boʻyicha qabul qilgan qarori ustidan yuqori turuvchi soliq organiga yoki sudga shikoyat qilish mumkin.
1212. Yuqori turuvchi soliq organiga tushgan shikoyatlar Soliq kodeksining 30-bobida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi”;
b) quyidagi mazmundagi 2411 va 2412-bandlar bilan toʻldirilsin:
“2411. Soliq organining soliq auditi natijalari boʻyicha qabul qilgan qarori ustidan yuqori turuvchi soliq organiga yoki sudga shikoyat qilish mumkin.
2412. Yuqori turuvchi soliq organiga tushgan shikoyatlar Soliq kodeksining 30-bobida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2023-y., 09/23/382/0612-son)