Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qoraqalpogʻiston Respublikasining mavjud ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasi takomillashtirilishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qoraqalpogʻiston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal surʼatlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 31-avgustdagi PF-213-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasida aholi turmush darajasini oshirish, ishlab chiqarish va investitsiya salohiyatini mustahkamlash, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha chora-tadbirlar tizimli davom ettirilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarining sugʻorish qudugʻini burgʻilash va ishga tushirish bilan bogʻliq xarajatlarini subsidiyalar orqali qoplab berish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi umumiy oʻrta, oʻrta-maxsus va professional taʼlim muassasalarini tamomlagan hamda davlat oliy taʼlim muassasalariga qoʻshimcha qabul qilingan yoshlarga taʼlim kreditlarini ajratish.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.U. Ermanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 14-avgust,
378-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 378-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-iyundagi 433-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomning 17-bandida:
quyidagi tahrirdagi oʻn beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarining yer maydonlarini sugʻorish uchun chuqurligi 5 metrdan ortiq boʻlgan har bir vertikal sugʻorish qudugʻini burgʻilash va ishga tushirish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplashga quduqning har bir metr chuqurligi uchun 100 ming soʻmdan, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan oshmagan miqdorda subsidiyalar ajratiladi;”;
mazkur bandning oʻn beshinchi — yigirma beshinchi xatboshilari tegishincha oʻn oltinchi — yigirma oltinchi xatboshilar deb hisoblansin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 18-avgustdagi 527-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamgʻarmasi hisobidan tijorat banklari orqali oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqish uchun taʼlim kreditlarini ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
nomida va 1-bandning birinchi xatboshisidagi “Moliya vazirligi” soʻzlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
4-band quyidagi tahrirdagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qoraqalpogʻiston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal surʼatlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 31-avgustdagi PF-213-son Farmonining 10-bandi “a” kichik bandida belgilangan qoʻshimcha qabul parametrlari asosida oʻqishga qabul qilingan talabalarga ajratilgan taʼlim kreditlari boʻyicha foiz toʻlovlari Jamgʻarma hisobidan qoplab beriladi.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2023-y., 09/23/378/0609-son)