O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida qishloq xo‘jaligida suv hisobini yuritish tizimini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2023-yil 1-apreldagi PQ-107-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orishda foydalanilgan suv resurslarini avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali hisobga olish va suvdan oqilona foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora tadbirlar to‘g‘risida” 2023-yil 1-apreldagi PQ-107-son qarori 5-bandida 2028-yil 1-martga qadar Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanidagi barcha suv kirish nuqtalari boshqaruvini raqamlashtirish va suvni foydalanuvchilarga yetkazib berish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi (keyingi o‘rinlarda — loyiha) amalga oshirilishi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi PQ-5-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.01.2024-y., 07/24/5/0010-son)
2. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Qashqadaryo viloyati hokimligining Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasi tizimida Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida suv kirish nuqtalari boshqaruvini raqamlashtirish va suvni foydalanuvchilarga yetkazib berish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish guruhini (keyingi o‘rinlarda — loyiha guruhi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda — Soliq qo‘mitasi):
a) ikki hafta muddatda Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda loyiha guruhi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, shu jumladan, uni Kasbi tumani soliq inspeksiyasi ma’muriy binosida joylashtirish, malakali mutaxassislarni jalb etish, belgilangan limit doirasida xizmat avtomobili, telefon va internet aloqasi bilan ta’minlash, zaruratga ko‘ra mutaxassislar uchun vaqtincha yashash sharoitlarini yaratish choralarini ko‘rsin;
Oldingi tahrirga qarang.
b) 2026-yil 1-iyulga qadar quyidagilarni nazarda tutadigan Loyiha guruhi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin:
(3-band “b” kichik bandining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi PQ-5-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.01.2024-y., 07/24/5/0010-son)
loyiha guruhining vazifalari va funksiyalari, shuningdek, uning faoliyatini doimiy ravishda muvofiqlashtirib borish;
Kasbi tumanidagi suv kirish va chiqish nuqtalari hamda qishloq xo‘jaligi korxonalarining suv olish joylarini to‘liq raqamlashtirish;
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan xatlov ma’lumotlari asosida suv olish joylarida gidroinshootlar qurilishini, o‘rnatiladigan raqamli qurilmalar va bajariladigan ish hajmlarini aniqlash;
loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish hamda zarur mablag‘larni ajratish yuzasidan Soliq qo‘mitasiga takliflar kiritish;
ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanish yuzasidan doimiy ravishda monitoring olib borish va boshqalar;
Oldingi tahrirga qarang.
v) 2026-yil 1-oktabrga qadar mahalliy hamda xorijiy ishlab chiqaruvchilardan loyihani amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan qurilmalar va ularning ehtiyot qismlarini xarid qilish, o‘rnatish hamda ularga servis xizmatlarini ko‘rsatish uchun bosh loyiha va bosh pudrat tashkiloti O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga muvofiq tanlov (tender) orqali aniqlanishi va shartnomalar tuzilishini ta’minlasin.
(3-bandning “v” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi PQ-5-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.01.2024-y., 07/24/5/0010-son)
4. Belgilansinki:
loyiha guruhi a’zolarining tarkibi soliq organlarining umumiy shtat birliklari doirasida hamda fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma asosida jalb etish orqali shakllantiriladi;
loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq barcha xarajatlar, shu jumladan, loyiha guruhini saqlash xarajatlari Soliq qo‘mitasining budjetdan tashqari jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi;
loyiha guruhini saqlab turish, fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar asosida ishga jalb etiladigan xodimlarga ish haqi va unga qo‘shimcha to‘lovlar, shuningdek, loyiha guruhi xodimlariga qo‘shimcha to‘lovlar miqdorlarini belgilash xarajatlari Soliq qo‘mitasi raisi tomonidan belgilanadi;
loyihani amalga oshirish yakunlariga ko‘ra suv kirish va chiqish nuqtalarida o‘rnatilgan qurilmalar tegishliligi bo‘yicha suv xo‘jaligi tashkilotlariga o‘tkaziladi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Soliq qo‘mitasining loyihaning dastlabki qiymatini 71 mlrd so‘m miqdorida belgilash hamda unga belgilangan tartibda o‘tkaziladigan tanlov (tender) savdolari yakunidan kelib chiqib, aniqlik kiritish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Bunda Kasbi tumani qishloq xo‘jaligida suv hisobini yuritish tizimini raqamlashtirish maqsadida har bir suv kirish va chiqish nuqtalari suv hisobini real vaqt rejimida aniqlab beradigan qurilmalar bilan jihozlanishi inobatga olinsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi:
bir oy muddatda Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda Kasbi tumanidagi barcha suv kirish va chiqish nuqtalari hamda qishloq xo‘jaligi korxonalarining suv olish joylarini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ularning texnik parametrlarini shakllantirgan holda loyiha guruhiga taqdim etilishini;
Oldingi tahrirga qarang.
2028-yil 1-martga qadar suv resurslarini onlayn monitoring qilish imkonini beruvchi “Smartwater.uz” axborot tizimining elektron xaritasida Kasbi tumanidagi barcha sug‘orish tarmoqlari va inshootlari, shuningdek, ulardagi suv olish nuqtalari aks ettirilishini ta’minlasin.
(6-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi PQ-5-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.01.2024-y., 07/24/5/0010-son)
7. Soliq qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda:
Oldingi tahrirga qarang.
a) 2026-yil 1-avgustga qadar suv xo‘jaligi obyektlarida o‘rnatiladigan raqamli qurilmalarga qo‘yiladigan talablar bo‘yicha texnik shartlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
(7-bandning “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi PQ-5-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.01.2024-y., 07/24/5/0010-son)
Oldingi tahrirga qarang.
b) 2028-yil 1-martga qadar raqamlashtirish natijasida shakllangan ma’lumotlarni “Suv hisobi” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga integratsiya qilsin;
(7-bandning “b” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi PQ-5-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.01.2024-y., 07/24/5/0010-son)
Oldingi tahrirga qarang.
v) 2028-yil 1-aprelga qadar Kasbi tumanida amalga oshirilgan tajriba-sinov natijalaridan kelib chiqib, quyidagilarni nazarda tutuvchi Suv resurslari hisobini yuritish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
(7-band “v” kichik bandining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi PQ-5-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.01.2024-y., 07/24/5/0010-son)
foydalanilgan suv resurslarining iste’molchilar kesimida aniq hisobini yuritish tizimini shakllantirish;
qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining suv yetkazib berish bo‘yicha to‘lovlarini maqbullashtirish hamda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarini qayta ko‘rib chiqish;
suv xo‘jaligi maxsus xizmatlarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish;
barcha tumanlar va shaharlar hududiga kiruvchi suv nuqtalarini raqamlashtirgan holda, “Suv hisobi” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga integratsiya qilish;
maxsus qurilmalarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish asosida ularning tannarxini kamaytirish;
tumanlar hududiga yetkazilgan suv hajmi balansini shakllantirish va iste’molchilar o‘rtasida taqsimlash;
suv resurslarini yetkazib berish xarajatlarini bosqichma-bosqich iste’molchilar o‘rtasida taqsimlash va undirish tizimini joriy etish;
suv iste’moli normativlari asosida soliq hisoblash mexanizmini takomillashtirish;
suv resurslaridan foydalanish hajmi, davriy ketma-ketligi hamda ekilgan ekin turlari asosida tasniflagan holda o‘sib boruvchi soliq stavkalarini joriy etish.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri Sh.R. Xamrayev, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasi raisi Sh.D. Kudbiyev hamda Qashqadaryo viloyati hokimi M.B. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 14-avgust,
371-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.08.2023-y., 09/23/371/0598-son; 08.01.2024-y., 07/24/5/0010-son)