Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati Bilan Sloveniya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Sloveniya Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari va xalqlari oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni eʼtirof etgan holda,
tenglik, oʻzaro manfaatdorlik va oʻzarolik tamoyillari asosida oʻzaro qiziqish uygʻotuvchi sohalarda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishni istab,
savdoni kengaytirish va aloqalarini yanada mustahkamlash istagida, ayniqsa ikki tomonlama savdoni, iqtisodiy aloqalarni va uzviy hamkorlikni ragʻbatlantirish orqali yuzaga keladigan oʻzaro manfaatlarni hisobga olgan holda,
oʻz davlatlarining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni inobatga olgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz davlatlari milliy qonunchiligiga muvofiq va xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarini hisobga olib, oʻzaro qiziqish va manfaat kasb etuvchi barcha sohalarda hamda maksimal darajada keng koʻlamda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash uchun butun kuchini ishga soladilar.
2. Mazkur Bitim doirasida amalga oshiriladigan hamkorlik quyidagilarni nazarda tutadi:
ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida iqtisodiy salohiyatdan foydalanish;
ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish, xususan, savdo aylanmasini oshirish orqali hamda investitsiyalar, innovatsiyalar va iqtisodiy tadbirlarni tashkil etish sohalarida;
transport infrastrukturasini rivojlantirish;
mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish.
2-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar quyidagi yoʻllar orqali iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlash maqsadida qulay shart-sharoitlar yaratishga intiladilar:
Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining xoʻjalik yurituvchi subyektlari oʻrtasida hamkorlikni, jumladan, yengil sanoat, kimyo sanoati, farmetsevtika, energetika, qora va rangli metallurgiya, mashinasozlik, sellyuloza-qogʻoz ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi kabi sanoat sohalarida hamkorlikni rivojlanish;
iqtisodiy hamkorlik masalalari boʻyicha idoralar oʻrtasida ishga aloqador iqtisodiy axborotlar bilan hamda ish yusasidan kontaktlar bilan almashishga koʻmaklashish va qoʻllab-quvvatlash;
oʻzaro manfaatli sohalarda qoʻshma ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish;
sertifikatlashtirish va standartlashtirishda fundamental oʻzaro hamkorlik;
yarmarkalar, koʻrgazmalar, simpoziumlar va shu kabi tadbirlarni tashkil etishda bir-biriga koʻmaklashish;
ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarda kichik va oʻrta biznes subyektlarining ishtirokini ragʻbatlantirish;
tovarlar va xizmatlar bilan savdo qilishda hamda sanoat, infrastruktura, telekommunikatsiya, transport va atrof-muhitni himoya qilish sohalarida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish;
turizm sohasida hamkorlikni rivojlantirish.
3-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbek-Sloven Qoʻshma Komissiyani tashkil etadilar (keyingi oʻrinlarda “Qoʻshma komissiya” deb ataladi).
2. Qoʻshma komissiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
mazkur Bitim doirasida hamkorlikni monitoring qilish;
Axdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida hamkorlik sohalarini aniqlash va mazkur masala yuzasidan takliflar tayyorlash;
tovar aylanmasi hajmlarini oshirish va nomenklaturasini kengaytirish boʻyicha kelishilgan choralar ishlab chiqish va qabul qilish;
ikki mamlakat korxonalari oʻrtasidan iqtisodiy hamkorlik shartlarini yaxshilashga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish;
oʻzaro manfaat kasb etuvchi axborotlar bilan, jumladan, qonunchilik va iqtisodiy dasturlar bilan almashish;
transport va tranzit sohalarida oʻzaro kelishilgan siyosat olib borish, xalqaro transport kommunikatsiyalari va logistika infratuzilmasini rivojlantirish;
Axdlashuvchi Tomonlarning tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
ikki tomonlama savdo-iqtisodii hamkorlikni rivojlantirishga toʻsiq boʻlayotgan muammolarni aniqlash va ularni hal etish boʻyicha choralar koʻrish;
mazkur Bitim qoidalarini amalga oshirilishi va talqin etilishi bilan bogʻliq nizoli masalalarni muhokama qilish.
4-modda
Qoʻshma komissiya Ahdlashuvchi Tomonlarning vakillaridan iborat boʻladi va zarur hollarda uning yigʻilishlariga ishbilarmon doira vakillari taklif qilinishi mumkin.
5-modda
1. Qoʻshma komissiya yigʻilishlari bir yilda bir marta yoki Axdlashuvchi Tomonlardan birining iltimosiga muvofiq navbati bilan Oʻzbekiston Respublikasi va Sloveniya Respublikasida oʻtkaziladi.
2. Axdlashuvchi Tomonlardan birining tashabbusiga muvofiq Qoʻshma komissiyaning navbatdan tashqari yigʻilishi chaqirilishi yoki Qoʻshma komissiya raislarining uchrashuvi tashkil etilishi mumkin.
3. Qoʻshma komissiya yigʻilishlari vaqti va kun tartibi Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida avvaldan kelishiladi.
4. Qabul qiluvchi Axdlashuvchi Tomon Qoʻshma komissiya yigʻilishining bayonnomasini tuzadi va mazkur bayonnoma uchrashuv yakunida ikki delegatsiya rahbarlari tomonidan imzolanadi.
6-modda
1. Mazkur Bitimning qoidalari Ahdlashuvchi Tomonlarning davlatlari ishtirokchi boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga taʼsir etmagan holda qoʻllaniladi.
2. Mazkur Bitimning qoidalari Sloveniya Respublikasining Yevropa Ittifoqidagi aʼzoligidan kelib chiqadigan majburiyatlariga hech qanday taʼsir koʻrsatmaydi.
3. Mazkur Bitim, bir tomondan, Yevropa Ittifoqi va uning aʼzo davlatlari va ikkinchi tomondan, Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida tuzilgan bitimlardan kelib chiqadigan majburiyatlarga taʼsir etmagan holda qoʻllaniladi.
7-modda
Mazkur Bitimning qoidalarini qoʻllanilishi va talqin qilinishi bilan bogʻliq har qanday nizolar Axdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuvlar va muzokaralar orqali hal qilinadi.
8-modda
Har bir Axdlashuvchi Tomon milliy xavfsizlik, jamoat tartibi yoki sogʻliqni saqlash nuqtai nazaridan Bitimning amal qilishini toʻliq yoki qisman toʻxtatib qoʻyishi mumkin. Boshqa Axdlashuvchi Tomon mazkur Bitimning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali bunday chora qoʻllanilishidan kamida 72 soat oldin xabardor qilinadi.
9-modda
1. Mazkur Bitim Axdlashuvchi Tomonlar tarafidan Bitim kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan barcha davlat ichki huquqiy protseduralar bajarilganligi toʻgʻrisidagi soʻnggi yozma xabarnoma olingandan soʻng oʻttizinchi (30) kunda kuchga kiradi.
2. Mazkur Bitim uch (3) yil davomida amal qiladi va Axdlashuvchi Tomonlardan biri uning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida belgilangan muddatdan olti (6) oy avval boshqa Axdlashuvchi Tomonni yozma xabardor qilmasa, oʻz-oʻzidan keyingi bir (1) yillik muddatlarga uzayaveradi.
3. Mazkur Bitimga Axdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra uning ajralmas qismi hisoblanadigan va Bitim qoidalariga muvofiq kuchga kiradigan alohida bayonnomalar orqali oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Toshkent shahrida 2023-yil 8-fevral sanasida ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, sloven va ingliz tillarida imzolandi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor kuchga ega.
(imzolar)