Surxondaryo viloyat sudi
iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining
iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining
qarori
Surxondaryo viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati A.T. Maxammadiyevning raisligida, hayʼat aʼzolari T.Sh. Alimardonov va S.A. Allaberdiyevdan iborat tarkibda, sudya yordamchisi Sh.S. Xolmuratovning kotibligida, daʼvogardan — J.N. (ishonchnoma asosida), javobgardan — U.J. (AJ rahbari, pasport asosida), N.X. va A.K. (ishonchnoma asosida)lar ishtirokida, Denov tumanlararo iqtisodiy sudining 4-1905-2303/1125-sonli ish boʻyicha 2023-yil 25-mayda qabul qilingan ajrimiga nisbatan “OF” AJ tomonidan berilgan apellatsiya shikoyatini ish hujjatlari bilan birgalikda, Surxondaryo viloyat sudi binosida, ochiq sud majlisida videokonferensaloqa rejimida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
Arizachi “OF” AJ (bundan buyon matnda “daʼvogar”) “XPT” aksiyadorlik jamiyati (bundan buyon matnda “javobgar”)ga nisbatan Denov tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvo ariza bilan murojaat qilib, “OF” AJga tegishli “XPT” AJdagi aksiyalarning hammasi (18.000 dona)ni 1 dona aksiya bozor narxi 10.152,22 soʻm, jami 182.739.960 soʻmlik aksiyalarni jamiyat tomonidan qaytarib sotib olish majburiyatini yuklashni soʻragan.
Denov tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 25-maydagi ajrimi bilan daʼvo talabi boʻyicha ish yuritishni tugatish, “OF” AJ tomonidan oldindan toʻlangan 1.650.000 soʻm davlat bojini budjetdan qaytarish, oldindan toʻlangan 33.000 soʻm pochta xarajatini “OF” AJ zimmasida qoldirish, shuningdek “OF” AJdan ishni videokonferensaloqa rejimida koʻrish bilan bogʻliq 82.500 soʻm sud xarajatini Oliy sudning depozit hisob raqamiga undirish belgilangan.
Daʼvogar “OF” AJ sudning mazkur ajrimidan norozi boʻlib, uning ustidan apellatsiya shikoyati keltirgan.
Daʼvogar shikoyatda sudning ajrimi noqonuniy ekanligi, “XPT” AJda daʼvogarning 18.000 dona ovoz beruvchi aksiyalari mavjudligini, daʼvogar tomonidan 2021-yil 31-mart kunida jamiyatning oʻziga tegishli boʻlgan 18.000 dona ovoz beruvchi aksiyalarini bozor narxi 10.152,22 soʻmdan, jami 182.739.960 soʻmga Oʻzbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 40-moddasiga asosan sotib olishni talab qilib talabnoma yuborganligi, ushbu talabnoma javobgar tomonidan oqibatsiz qoldirilganligi, birinchi bosqich sudi tomonidan daʼvogarning aksiyadorlar umumiy yigʻilishida qatnashmaganligining sabablari oʻrganilib, huquqiy baho berilmaganligi, shuningdek daʼvogar ushbu yigʻilishni oʻtkazish vaqti va joyi toʻgʻrisida qonunda belgilangan tartibda xabardor qilinmaganligi, “XPT” AJ tomonidan 2020-yil 22-oktabr kunida aksiyadorlarning navbatdagi emas, balki navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi oʻtkazilganligi, aksiyadorlarning umumiy yigʻilishini oʻtkazish haqidagi xabar openinfo.uz sayti yoki jamiyatning rasmiy saytida eʼlon qilinganligining oʻzi yetarli emasligi, yaʼni elektron pochta orqali yuborilishi lozim boʻlganligi, javobgar esa ushbu tartibga amal qilmaganligi, birinchi bosqich sudi amaldagi qonunchilik normalarini notoʻgʻri qoʻllaganligi sababli ajrimni bekor qilishni va ishni yangitdan koʻrish uchun birinchi bosqich sudiga yuborishni soʻragan.
Sud muhokamasida ishtirok etgan daʼvogar vakili daʼvogar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarorlari ijrosi yuzasidan, 2020-yil 22-oktabr kuni jamiyat aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilish bayonnomasi bilan rasmiylashtirilgan qaroriga koʻra, jamiyatga tegishli bino va inshootlar, shuningdek asbob-uskunalarni “SST” MChJga sotish boʻyicha yirik bitimni tasdiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi, Oʻzbekiston Respublikasi “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 40-moddasiga koʻra, oʻzlariga tegishli aksiyalarni hammasini yoki bir qismini jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilishga haqliligi, jamiyatda daʼvogarga tegishli 18.000 dona ovoz beruvchi aksiyalari mavjudligi, 2020-yil 22-oktabr kuni jamiyat aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilish bayonnomasi bilan rasmiylashtirilgan qarori bilan 1 dona aksiya bozor narxi 10.152,22 soʻm qilib belgilanganligi, daʼvogar javobgarga 41/5-20-sonli 18 000 dona ovoz beruvchi aksiyalarni bozor narxi 10.152,22 soʻmdan, jami 182.739.960 soʻmga Qonunning 40-moddasi talabi asosida sotib olishni talab qilib talabnoma yuborganligi, 2020-yil 22-oktabr kuni jamiyat aksiyadorlarining umumiy navbatdan tashqari umumiy yigʻilish bayonnomasi bilan rasmiylashtirilgan qarori toʻgʻrisida aksionerlar u qabul qilingandan keyin ogʻzaki xabardor qilinib, bugungi kunga qadar jamiyat rasmiy veb saytida yoki ochiq maʼlumotlar portalida openinfo.uz saytida eʼlon qilinmagan yoki aksionerlarga yuborilmaganligi bildirilib, daʼvogarga tegishli javobgarning aksiyalarini hammasi (18000 dona) 1 dona aksiya bozor narxi 10.152,22 soʻm jami 182.739.960 soʻmlik aksiyalarni jamiyat tomonidan qaytarib sotib olish majburiyatini yuklashni soʻradi.
Sud majlisida ishtirok etgan javobgar va uning vakillari daʼvo talabi va apellatsiya shikoyati asossiz ekanligi, chunki daʼvogar jamiyat aksiyadorlarining umumiy yigʻilishiga qonunda belgilangan tartibda xabardor qilinganligi, daʼvogar jamiyat aksiyadorlarining navbatdan tashqari yigʻilishi oʻtkazilganligi va tegishli qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻttiz kundan kechiktirmay jamiyatga daʼvogar tomonidan talabnoma taqdim etilishi kerakligi, lekin daʼvogar tomonidan qaytarib sotib olinishi haqidagi 2021-yil 31-mart kuni sanasi koʻrsatilmagan talabnoma taqdim etilganligi qayd etilgan boʻlsada, ushbu talabnomani muddati oʻtkazib yuborilganligi sababli daʼvo talabini rad etishni soʻradi
Sudlov hayʼati, taraflarning bergan koʻrsatmalarini ishdagi mavjud hujjatlar bilan birga oʻrganib, quyidagilarga koʻra Denov tumanlararo iqtisodiy sudining 4-1905-2303/1125-sonli ish boʻyicha 2023-yil 25-mayda qabul qilingan ajrimini oʻzgarishsiz, daʼvogarning apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni, sud xarajatlarini daʼvogar zimmasida qoldirishni lozim deb topadi:
Ish hujjatlariga koʻra, “XPT” AJ aksiyadorlarining 2020-yil 22-oktabrda oʻtkazilgan navbatdan tashqari umumiy yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 19-sentabrdagi “Paxta toʻqimachilik ishlab chiqarishlarini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora tadbirlar toʻgʻrisida”gi 744-sonli qaroriga asosan “XPT” AJ va “Yu” paxta tayyorlash maskanlarining 60.841.591.800 (QQS bilan) soʻm miqdordagi bino-inshootlari va yer maydonlari toʻgʻridan toʻgʻri shartnoma tuzish yoʻli orqali “SST” MChJga sotish haqida oldi-sotdi shartnomasini belgilangan tartibda rasmiylashtirish belgilangan.
Shunga koʻra, umumiy yigʻilish qarorining 6-bandiga muvofiq, umumiy yigʻilishda aksiyadorlarda aksiyalarni qaytarib sotib olinishini talab qilish huquqi mavjudligi hamda qaytarib sotib olish boʻyicha belgilangan narxi va tartibi toʻgʻrisidagi xabarnoma jamiyat tomonidan mazkur yigʻilish qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran yetti kundan kechiktirmay aksiyadorlarga yuborish, 7-bandiga asosan aksiyadorlarning oʻzlariga tegishli aksiyalarning jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishi toʻgʻrisidagi yozma talablari “XPT” AJga mazkur yigʻilish qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻttiz kundan kechiktirmay jamiyatga taqdim etilishi kerakligi, 8-bandida esa mazkur muddat tugaganidan soʻng “XPT” AJ tomonidan qaytarib sotib olish talabini qoʻygan aksiyadorlardan aksiyalarni oʻn kun ichida baholangan bozor qiymatida 1 dona aksiya uchun 10.152,22 soʻmdan amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq qaytarib sotib olinishi belgilangan.
Daʼvogar daʼvo arizasida jamiyat aksiyadorlari jamiyatdan oʻzlariga tegishli boʻlgan aksiyalarni qaytarib sotib olishni talab qilish huquqi sodir boʻlganligi toʻgʻrisidagi xabardan ogʻzaki xabar topganligini bildirgan va yili va sanasi koʻrsatilmagan talabnomani 2021-yil 31-mart kuni “XPT” AJ xodimi D.J.ga topshirgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni 40-moddasiga muvofiq, ovoz beruvchi aksiyalarning egalari boʻlgan aksiyadorlar: jamiyatni qayta tashkil etish toʻgʻrisida; joylashtirilgan aksiyalarni yiriklashtirish haqida; ushbu Qonun 84-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlariga muvofiq jamiyat tomonidan mol-mulkni olish yoki boshqa shaxsga berish bilan bogʻliq yirik bitim (bundan buyon matnda yirik bitim deb yuritiladi) tuzish toʻgʻrisida; jamiyatning ustaviga ovoz beruvchi aksiyalar egalari boʻlgan aksiyadorlarning huquqlarini cheklovchi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yoki yangi tahrirdagi ustavni tasdiqlash toʻgʻrisida aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan qarorlar qabul qilishda, agar ular qarshi ovoz bergan boʻlsa yoxud ovoz berishda uzrli sabablarga koʻra ishtirok etmagan boʻlsa, oʻzlariga tegishli aksiyalarning hammasi yoki bir qismi jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilishga haqlidir.
Mazkur Qonunning 41-moddasi birinchi qismiga koʻra, jamiyat aksiyadorlarni oʻzlariga tegishli aksiyalarning jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilish huquqi mavjudligi, qaytarib sotib olish narxi va qaytarib sotib olishni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida xabardor etishi shart.
Mazkur normaning ikkinchi qismida ovoz berish natijasida ushbu Qonunga muvofiq jamiyat aksiyalarni qaytarib sotib olishini talab qilish huquqi yuzaga kelishi mumkin boʻlgan masalalar kun tartibiga kiritilgan aksiyadorlar umumiy yigʻilishini oʻtkazish toʻgʻrisida aksiyadorlarga yetkaziladigan xabarda ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan maʼlumotlar boʻlishi lozim. Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida ishtirok etish huquqiga ega boʻlmagan aksiyadorlarda aksiyalarning jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilish huquqi mavjudligi va bunday huquqni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi axborot aksiyalarning jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilish huquqi yuzaga kelishiga sabab boʻlgan qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran yetti kundan kechiktirmay aksiyadorlarga yuborilishi belgilangan.
Aksiyadorning oʻziga tegishli aksiyalarni qaytarib sotib olish toʻgʻrisidagi yozma talabi aksiyadorning yashash joyi (joylashgan eri) va uning qaytarib sotib olinishini talab qilayotgan aksiyalar soni koʻrsatilgan holda jamiyatga yuboriladi.
Aksiyadorlarning oʻzlariga tegishli aksiyalarning jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishi toʻgʻrisidagi yozma talablari aksiyadorlar umumiy yigʻilishining tegishli qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻttiz kundan kechiktirmay jamiyatga taqdim etilishi kerak. Mazkur muddat tugaganidan soʻng jamiyat qaytarib sotib olish talabini qoʻygan aksiyadorlardan aksiyalarni oʻn kun ichida qaytarib sotib olishi shart.
Jamiyat tomonidan aksiyalarni qaytarib sotib olish ovoz berish natijasida ushbu Qonunga muvofiq aksiyalarning jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilish huquqi vujudga kelishi mumkin boʻlgan masalalar kun tartibiga kiritilgan aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi xabarda koʻrsatilgan narx boʻyicha amalga oshiriladi. Jamiyat tomonidan aksiyalarni qaytarib sotib olishga yoʻnaltiriladigan mablagʻlarning umumiy summasi aksiyadorlarda oʻzlariga qarashli aksiyalarni qaytarib sotib olishni talab qilish huquqi yuzaga kelishiga sabab boʻlgan qaror qabul qilingan sanadagi jamiyat sof aktivlari qiymatining oʻn foizidan oshib ketishi mumkin emas, bundan jamiyatning oʻzgartirilishi hollari mustasno. Qaytarib sotib olish talabi qoʻyilgan aksiyalarning umumiy soni ushbu qismda belgilangan cheklov inobatga olingan holda jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishi mumkin boʻlgan aksiyalar sonidan oshib ketgan taqdirda aksiyalar aksiyadorlardan qoʻyilgan talablarga mutanosib ravishda qaytarib sotib olinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (keyingi oʻrinlarda “IPK”)ning 68-moddasi birinchi qismiga koʻra, ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talablari va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak.
IPKning 66-moddasiga koʻra, ish boʻyicha dalillar ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan tartibda olingan faktlar haqidagi maʼlumotlar boʻlib, ular asosida sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning talablari va eʼtirozlarini asoslovchi holatlar, shuningdek nizoni toʻgʻri hal qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan boshqa holatlar mavjudligini yoki mavjud emasligini aniqlaydi. Bunday maʼlumotlar yozma va ashyoviy dalillar, ekspertlarning xulosalari, mutaxassislarning maslahatlari (tushuntirishlari), guvohlarning koʻrsatuvlari, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari bilan aniqlanadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, “XPT” AJ aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi 2020-yil 22-oktabr kunida oʻtkazilgan va yigʻilishda jamiyat tomonidan qaytarib sotib olish talabini qoʻygan aksiyadorlardan aksiyalarni oʻn kun ichida baholangan bozor qiymatida 1 dona aksiya 10.152,22 soʻmda amaldagi qonun talablariga muvofiq qaytarib sotib olinishi belgilangan bu haqida ochiq maʼlumotlar portalida openinfo.uz saytida 2020-yil 1-oktabrda eʼlon berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Iqtisodiy sudlar tomonidan korporativ nizolarni hal etishning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi 2014-yil 20-iyundagi 262-sonli qarorining 13.1-bandida, sudlar shuni eʼtiborga olishlari kerakki, aksiyadorning oʻziga qarashli aksiyalarni qaytarib sotib olish toʻgʻrisidagi talabini aksiyadorlar umumiy yigʻilishining tegishli qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran kechi bilan oʻttiz kun ichida jamiyatga taqdim qilishlari kerak. Ushbu talab yozma shaklda berilishi va unda aksiyadorning yashash manzili (joylashgan manzili) hamda u qaytarib sotib olinishini talab qilayotgan aksiyalar soni koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Bunda qayd etilgan oʻttiz kunlik muddat nizoni sudgacha hal etish muddati hisoblanishini nazarda tutish lozim. Sudlar bunday daʼvolarni koʻrish jarayonida aksiyador tomonidan talabnoma jamiyatga qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida yuborilganligini tekshirishlari lozim. Agar talabnoma ushbu muddat ichida yuborilgan boʻlmasa, daʼvo boʻyicha ish yuritish IPK 110-moddasining 8-bandiga asosan tugatilishi lozim.
Sudlov hayʼati daʼvogarning aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi oʻtkazilishidan xabardorligi boʻlmaganligi, aksiyalarni qayta sotib olishni soʻrab javobgarga oʻz vaqtida talabnoma bilan murojaat etganligi toʻgʻrisidagi vajlari bilan kelishib boʻlmaydi deb hisoblaydi.
Chunki, jamiyat aksiyadorlari oʻzlariga qarashli aksiyalarni qaytarib sotib olish toʻgʻrisidagi talabini aksiyadorlar umumiy yigʻilishining tegishli qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran kechi bilan oʻttiz kun ichida jamiyatga taqdim etmagan.
Bu esa javobgar tomonidan taqdim etilgan openinfo.uz saytida jamiyat umumiy yigʻilishining oʻtkazish sanasi va joyi toʻgʻrisidagi eʼlon, yigʻilish qarori natijalarini eʼlon qilish haqidagi skrinshot maʼlumotlari bilan oʻz tasdigʻini topgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 110-moddasi birinchi qismining 8-bandida, daʼvogar javobgar bilan nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etmagan boʻlsa, bunda shu toifadagi nizolar uchun qonunda yoki taraflar shartnomasida nazarda tutilgan va bunday tartibni qoʻllash imkoniyati boy berilgan boʻlsa, sud ish yuritishni tugatishi belgilangan.
Shu sababli sudlov hayʼati birinchi bosqich sudining daʼvo talabi boʻyicha ish yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi xulosasini asosli deb hisoblaydi.
Shunga koʻra, IPKning 281-moddasi uchinchi qismiga koʻra, apellatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining qarori, ajrimi ustidan berilgan shikoyatni (protestni) koʻrib chiqish natijalari boʻyicha quyidagilarga haqli: 1) qarorni, ajrimni oʻzgarishsiz qoldirishga; 2) qarorni, ajrimni oʻzgartirishga yoxud bekor qilishga; 3) daʼvo arizasini qabul qilishni rad etish, daʼvo arizasini qaytarish, daʼvo arizasini koʻrmasdan qoldirish, ish yuritishni tugatish, ish yuritishni toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi ajrimni bekor qilishga va daʼvo arizasini, ishni birinchi instansiya sudida koʻrib chiqish uchun yuborishga; 4) ajrimni bekor qilishga va daʼvo arizasini (arizani), ish materiallarini koʻrib chiqish uchun sudga taalluqliligiga koʻra boshqa sudga yuborishga.
Mazkur holatda sudning ajrimi moddiy va protsessual qonunchilik normalariga toʻliq mos keladi, shu bois uni bekor qilish yoki oʻzgartirish uchun asoslar mavjud emas.
Bayon etilganlarga asosan sudlov hayʼati, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni, Denov tumanlararo iqtisodiy sudining 4-1905-2303/1125-sonli ish boʻyicha 2023-yil 25-mayda qabul qilingan ajrimini oʻzgarishsiz qoldirishni, taraflardan ishni apellatsiyada koʻrish bilan bogʻliq boʻlgan davlat bojini undirmaslikni, ishni videokonferensaloqa rejimida koʻrish bilan bogʻliq boʻlgan 82.500 soʻm sud xarajatini daʼvogar hisobidan Oliy sud depozitiga undirishni lozim deb topadi.
Yuqoridagilarga koʻra va Oʻzbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 66, 68, 110, 281-moddalarini qoʻllab, sudlov hayʼati qaror qiladi:
Denov tumanlararo iqtisodiy sudining 4-1905-2303/1125-sonli ish boʻyicha 2023-yil 25-mayda qabul qilingan ajrimi oʻzgarishsiz, “OF” AJ tomonidan berilgan apellatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirilsin.
Daʼvogar “OF” AJdan ishni videokonferensaloqa rejimida koʻrish bilan bogʻliq boʻlgan 82.500 soʻm sud xarajati Oliy sud depozitiga undirilsin.
Qaror qabul qilingan paytdan boshlab qonuniy kuchga kiradi.
Mazkur qaror ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga kassatsiya shikoyati berilishi mumkin.
Raislik qiluvchi A. MAXAMMADIYEV
hayʼat aʼzolari T. ALIMARDONOV
S. ALLABERDIYEV
Termiz sh.,
2023-yil 6-iyul,
4-1905-2303/1125-son