Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining
buyrugʻi
Spirt va likyor-aroq ishlab chiqarish xodimlari uchun mehnat muhofazasi qoidalariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 20-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1755-5]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi PF-269-son “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2007-yil 5-noyabrdagi M-45-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 1755, 2007-yil 27-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 52-son, 546-modda) bilan tasdiqlangan Spirt va likyor-aroq ishlab chiqarish xodimlari uchun mehnat muhofazasi qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir B. MUSAYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 22-iyun,
40-2023/B-son
Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 22-iyundagi 40-2023/B-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Spirt va likyor-aroq ishlab chiqarish xodimlari uchun mehnat muhofazasi qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 15-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“15. Korxonalar, muassasalar, tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni oʻrganish va hisobini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.”.
2. 31-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“31. Oʻta xavfli ishlarni ularni bajarishning xavfsiz usullari boʻyicha yoʻl-yoʻriq bermasdan va masʼul shaxs tomonidan tasdiqlangan maxsus rasmiylashtirilgan “naryad-ruxsatnoma”siz amalga oshirish man etiladi (mazkur Qoidalarning 2-ilovasida koʻrsatilgan). Elektr uskunalarda bajariladigan ishlar xavfsizligini taʼminlovchi tashkiliy chora-tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 712-son qarori bilan tasdiqlangan Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga muvofiq bajariladi.”.
3. 217-bandning birinchi hatboshisi chiqarib tashlansin.
4. 271-banddagi “Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasining” degan soʻzlar “Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
5. 418-banddagi “Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi” degan soʻzlar “Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
6. 502-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“502. Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining kommunal-maishiy boʻlimiga qarashli uskunalarga xizmat koʻrsatish uchun inspeksiyalarning qoidalariga muvofiq maxsus kurs oʻqishidan hamda bilimlar sinovidan oʻtgan, shuningdek kirish yoʻriqnomalari va ish joyidagi yoʻriqnomalardan oʻtgan shaxslar qoʻyiladi.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2023-y., 10/23/1755-5/0514-son)