Birinchi instansiya sudida ishni koʻrgan sudya — D. Akramova
Apellatsiya instansiyasida maʼruzachi sudya — M. Umarov
Apellatsiya instansiyasida maʼruzachi sudya — M. Umarov
Fargʻona viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasining
Qarori
4-1501-2302/3769-sonli iqtisodiy ish
Fargʻona viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati sudya B. Mamadaliyevning raisligida, hayʼat aʼzolari sudyalar I. Tursunov va M. Umarovlardan iborat tarkibda, sudya katta yordamchisi M. Abdusattorovning sud majlisi kotibligida, daʼvogar “XXXX” fermer xoʻjaligining javobgar “XXXX” fermer xoʻjaligini “XXXX” agrosanoat firmasi taʼsischilari safidan chiqarib yuborish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi boʻyicha qoʻzgʻatilgan iqtisodiy ish yuzasidan qabul qilingan Fargʻona tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 15-may kungi hal qiluv qaroridan norozi boʻlib, daʼvogar “XXXX” fermer xoʻjaligi tomonidan berilgan apellatsiya shikoyati asosida ishni daʼvogar rahbari D.I., javobgar vakillari advokat A.K. (order va ishonchnoma asosida) va A.V. (ishonchnoma asosida), “XXXX” agrosanoat firmasi rahbari D.Y., “XXXX XXXXI” fermer xoʻjaligi rahbari M.X.larning ishtirokida, Fargʻona viloyat sudi binosida boʻlib oʻtgan ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
“XXXX” fermer xoʻjaligi (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi) “XXXX” fermer xoʻjaligi (bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi)ga nisbatan Fargʻona tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “XXXX” agrosanoat firmasi (bundan buyon matnda agrofirma deb yuritiladi) taʼsis hujjatlarida belgilangan qoidalar va talablarni bir necha marotaba qoʻpol ravishda muntazam buzilishiga yoʻl qoʻygan va qoʻyayotgan, yaʼni oʻz ulushini ustav fondiga kiritish bilan bogʻliq boʻlgan majburiyatini lozim darajada bajarmagan, oʻzining gʻayriqonuniy harakatlari bilan agrofirmaning faoliyat koʻrsatishiga imkon bermagan va uni jiddiy tarzda qiyinlashtirgan javobgarni agrofirma taʼsischilari safidan chiqarib yuborishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan ishga “XXXX” agrosanoat firmasi, taʼsischi “XXXX XXXXI” fermer xoʻjaligi va aksiyadorlik tijorat “XALQ BANKI” (bundan buyon matnda uchinchi shaxslar deb yuritiladi) nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar sifatida jalb qilingan.
Fargʻona tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 15-maydagi hal qiluv qarori bilan daʼvo rad etilib, sud xarajatlari daʼvogarning zimmasiga yuklatilgan.
Birinchi instansiya sudining mazkur hal qiluv qaroridan norozi boʻlgan daʼvogar hal qiluv qarori ustidan apellatsiya shikoyati berib, apellatsiya shikoyatida birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori noqonuniy qabul qilinganligi, aʼvogar tomonidan taqdim etilgan dalolatnomada javobgar rahbari ustav fondini shakllantirish uchun berilgan qoramollarni boqish va saqlash javobgarligi asosida qabul qilib olganligiga sud eʼtibor bermaganligi, qoramollarni javobgarga boqish va saqlash javobgarligida qaytarib topshirish sabablari va shartlari daʼvo arizasida toʻliq bayon qilinganligi, javobgarning agrofirma ustav fondidagi ulushini shakllantirish maqsadida bank orqali kiritgan 22 500 000 soʻm pul mablagʻini oʻzining iltimosiga binoan keyinchalik qaytarib oʻtkazib berish sharti bilan 20 000 000 soʻmini javobgarning bankdagi hisob raqamiga qaytarilganligini tasdiqlovchi bank hujjatlariga sud eʼtibor bermaganligi, birinchi instansiya sudi javobgar amaldagi qonun hujjatlari va taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda, miqdorda, usullarda va muddatlarda agrofirma ustav fondiga oʻz xissasini toʻliq qoʻshmaganligini inobatga olmaganligi haqidagi va boshqa vajlarini bayon qilgan hamda Fargʻona tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 15-maydagi hal qiluv qarorini toʻliq bekor qilib, daʼvoni qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishni soʻragan.
Sud muhokamasini oʻtkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan uchinchi shaxs aksiyadorlik tijorat “XALQ BANKI”dan vakil sud majlisiga kelmadi.
Sudlov hayʼati Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) 128-moddasi va 274-moddasining toʻrtinchi qismida belgilangan qoidalarga asoslanib, ishni ushbu uchinchi shaxs vakili ishtirokisiz koʻrib chiqish mumkin, deb hisoblaydi.
Daʼvogar vakili (rahbari) sud majlisida bergan tushuntirishida apellatsiya shikoyatini quvvatlab, shikoyatda bayon qilingan vajlarni keltirib oʻtdi va sudlov hayʼatidan apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni soʻradi.
Sud majlisida ishtirok etgan javobgar vakillari apellatsiya shikoyatida, shuningdek javobgar va uchinchi shaxslar vakillarining sud majlisida keltirgan vajlariga nisbatan eʼtiroz bildirib, bergan tushuntirishida javobgar taʼsischi sifatida majburiyatini bajarib, agrofirma ustav fondidagi oʻz ulushini toʻliq shakllantirganligini, qoʻshimcha ravishda yana 22 500 000 soʻm pul mablagʻini ham kiritganligini, ulush kiritilganligi dalillar bilan tasdiqlanishini, agrofirmaning soliq organiga topshirgan hisobotida ham uning ustav fondi toʻliq shakllanganligi koʻrsatilganligini, agrofirma pul qoʻrinishida kiritilgan ulushni qaytarmaganligini, pullar javogardan sotib olingan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari uchun boshqa taʼsischilar tomonidan oʻtkazib berilganligini, javobgar agrofirma faoliyatiga toʻsqinlik qilmaganligini, apellatsiya shikoyati asossiz ekanligini, birinchi instansiya sudi ish holatlarini toʻliq oʻrganib chiqib, qonuniy qaror qabul qilganligini bildirdi hamda sudlov hayʼatidan apellatsiya shikoyatini qanoatlantirmaslikni va birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni soʻradi.
Uchinchi shaxs agrofirma vakili (rahbari) sud majlisida bergan tushuntirishida apellatsiya shikoyatini qoʻllab-quvvatlab, javobgar agrofirmadagi ulushini shakllantirmaganligini, agrofirma binosidan foydalanib, yillar davomida ijara haqini toʻlamasdan kelayotganligini, javobgar bankdan olgan kreditini oʻz vaqtida qaytarmaganligi uchun agrofirma binosi taqiqda turganligini, shu sababli xorijiy hamkorlar agrofirmani mol-mulki yoʻq deb shartnoma tuzmaganligini, agrofirma binosiga oʻrnatilgan antennalardan tushgan ijara haqi agrofirma faoliyatini rivojlantirish uchun yetarli emasligini bildirdi hamda sudlov hayʼatidan apellatsiya shikoyatini qanoatlantirib, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilishni va daʼvoni qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishni soʻradi.
Sud majlisida ishtirok etgan uchinchi shaxs “XXXX XXXXI” fermer xoʻjaligi vakili (rahbari) sud majlisida bergan tushuntirishida apellatsiya shikoyatini quvvatlab, javobgar agrofirma ustav fondidagi ulushini shakllantirish majburiyatini bajarmaganligini va uning xatti-harakatlari natijasida agrofirmaga zarar yetayotganligini bildirib, sudlov hayʼatidan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilishni va daʼvoni qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishni soʻradi.
Sudlov hayʼati ishda ishtirok etuvchi shaxslar vakillarining sud majlisida bergan tushuntirishlarini tinglab, ish hujjatlarini oʻrganib, ishdagi toʻplangan dalillarni tekshirib, ularga baho berib, shikoyatda keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra apellatsiya shikoyatini qanoatlantirmaslikni, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topdi.
Ish hujjatlaridan hamda ishda ishtirok etuvchi shaxslarning sud muhokamasi davomida bergan tushuntirishlaridan aniqlanishicha, “XXXX” agrosanoat firmasi 2006-yil 31-martda 222-sonli reyestr raqami bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
“XXXX” agrosanoat firmasining 2010-yil 13-oktabrda qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan ustavining 1.1-bandiga koʻra, agrofirma “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni (bundan buyon matnda Qonun deb yuritiladi) va boshqa qonunchilik hujjatlari asosida tashkil etilgan boʻlib, ustavning 1.2-bandida koʻrsatilishicha agrofirma 2006-yil 31-martdagi 222-sonli reyestr bilan roʻyxatga olingan “XXXX” agrosanoat firmasining toʻliq huquqiy vorisdori hisoblanadi.
Agrofirma taʼsis hujjatlari (2010-yil 13-oktabrda qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan ustavi va taʼsis shartnomasi)ga koʻra, uning ustav fondi 54 300 000 soʻm etib belgilangan va taʼsischilar, yaʼni daʼvogar “XXXX” fermer xoʻjaligining ulushi 11,23 foiz yoki 6 100 000 soʻmni, uchinchi shaxs “XXXX XXXXI” fermer xoʻjaligining ulushi 2,95 foiz yoki 1 600 000 soʻmni, javobgar “XXXX” fermer xoʻjaligining ulushi 85,82 foiz yoki 46 600 000 soʻmni tashkil etgan.
Shundan soʻng agrofirma tasischilari safida va ulushlar miqdorida oʻzgarishlar boʻlmagan hamda jamiyat taʼsis hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritilmagan.
Qonun 8-moddasining ikkinchi qismiga koʻra, jami ulushlari jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) kamida oʻn foizini tashkil etadigan jamiyat ishtirokchilari oʻz majburiyatlarini qoʻpol buzayotgan yoxud oʻz harakatlari (harakatsizligi) bilan jamiyatning faoliyat koʻrsatishiga imkon bermayotgan yoki uni jiddiy tarzda qiyinlashtirayotgan ishtirokchini jamiyatdan sud tartibida chiqarilishini talab qilishga haqlidirlar.
Mazkur holatda daʼvogar agrofirma ustav fondining oʻn foizidan ortiq ulushga ega boʻlgan taʼsischisi hisoblanishi sababli javobgarni agrofirma taʼsischilari safidan chiqarib yuborish haqidagi daʼvo talabi bilan iqtisodiy sudga daʼvo arizasi kiritgan.
Daʼvogar daʼvo arizasida javobgar oʻz ulushini ustav fondiga kiritish bilan bogʻliq boʻlgan majburiyatini lozim darajada bajarmaganligi, gʻayriqonuniy harakatlari bilan agrofirmaning faoliyat koʻrsatishiga imkon bermaganligi va uni jiddiy tarzda qiyinlashtirganligi holatlarini oʻzining daʼvo talabiga asos qilib koʻrsatib, javobgarni agrofirma taʼsischilari safidan chiqarib yuborishni soʻragan.
Biroq, ishdagi toʻplangan dalillardan aniqlanishicha, javobgar agrofirma ustav fondidagi oʻz ulushini toʻliq shakllantirgan. Xususan, javobgar tomonidan agrofirma ustav fondidagi ulushini shakllantirish maqsadida agrofirmaga jami 45 000 000 soʻmga baholangan 22 bosh qoramollar kiritilgan boʻlib, bu haqda agrofirma taʼsischilari ishtirokida 2010-yil 8-oktabr kuni dalolatnoma tuzilgan.
Shuningdek, agrofirmaning avvalgi taʼsischisi “Xasan va Xusan” fermer xoʻjaligi oʻzining agrofirma ustav fondidagi 20 foiz yoki 1 600 000 soʻm miqdoridagi ulushini javobgar foydasiga voz kechgan. Bu holat “Xasan va Xusan” fermer xoʻjaligining oʻz ulushini javobgar foydasiga voz kechganligi haqidagi arizasi va 2010-yil 22-mart kungi topshirish-qabul qilish dalolatnomasi bilan tasdiqlanib, isbotlangan. Ushbu masala esa agrofirma taʼsischilarining 2010-yil 22-martdagi umumiy yigʻilishida muhokama qilinib, “Xasan va Xusan” fermer xoʻjaligining oʻz ulushidan javobgar foydasiga voz kechishi maqullangan.
Qolaversa, javobgar tomonidan qoʻshimcha ravishda yana jami 22 500 000 soʻm pul mablagʻlari uning agrofirma ustav fondidagi ulushini shakllantirish maqsadida 2011-yilda agrofirmaning bank hisob raqamiga oʻtkazilgan.
Agrofirmaning soliq organiga topshirgan hisobotida ham uning ustav fondi toʻliq shakllanganligi koʻrsatilgan.
Garchi, daʼvogar daʼvo arizasida daʼvo talabining asosi sifatida javobgar gʻayriqonuniy harakatlari bilan agrofirmaning faoliyat koʻrsatishiga imkon bermaganligi va uni jiddiy tarzda qiyinlashtirganligi holatlarini ham koʻrsatgan boʻlsa-da, lekin bu holatlarni tasdiqlovchi biror-bir asosli dalil daʼvo arizasiga ilova qilinmagan yoxud ishni birinchi instansiya sudida koʻrish mobaynida taqdim etilmagan, bunday dalillar ish materiallarida ham mavjud emas.
Dyemak, kayd etib oʻtilgan holatlardan koʻrinadiki, javobgar agrofirma ustav fondidagi oʻz ulushini toʻliq shakllantirgan. Javobgarning gʻayriqonuniy harakatlari bilan agrofirmaning faoliyat koʻrsatishiga imkon bermaganligi va uni jiddiy tarzda qiyinlashtirganligi holatlari esa asosli dalillar bilan isbotlanmagan. Bu esa daʼvogarning daʼvo talabi asossiz ekanligini tasdiqlaydi.
Bunday holatda daʼvogarning daʼvo talabini qanoatlantirib boʻlmaydi va mazkur talabni qanoatlantirish rad etilishi lozim.
IPKning 68-moddasiga muvofiq, ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talablari va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak.
Sudlov hayʼati apellatsiya shikoyatida bayon qilingan va daʼvogar vakilining apellatsiya instansiyasi sudi majlisida keltirib oʻtgan javobgar rahbari ustav fondini shakllantirish uchun berilgan qoramollarni boqish va saqlash javobgarligi asosida qabul qilib olganligi, javobgarning oʻz ulushini shakllantirish maqsadida kiritgan pul mablagʻidan 20 000 000 soʻm qismini uning iltimosiga binoan keyinchalik qaytarib oʻtkazib berish sharti bilan javobgarning bankdagi hisob raqamiga qaytarilganligi haqidagi holatlar va bildirilgan vajlarni muhokama qilib, ularni apellatsiya shikoyatini qanoatlantirish va birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilish yoki oʻzgartirish uchun asosli dalil deb hisoblamaydi va daʼvogarning keltirgan bu vajlari bilan kelishmaydi.
Chunki, daʼvogar ustav fondini shakllantirish uchun berilgan qoramollarni boqish va saqlash uchun javobgarga berganligi, shuningdek ulushni shakllantirish maqsadida kiritilgan pul mablagʻidan maʼlum qismini javobgarning iltimosiga binoan keyinchalik qaytarish sharti bilan javobgarning hisob raqamiga oʻtkazib berilganligi holatlari javobgarning agrofirma ustav fondidagi ulushini shakllantirmaganligini anglatmaydi. Sababi qoramollar javobgarning agrofirma ustav fondidagi ulushi sifatida qabul qilib olingan, pul mablagʻlari ham ulushni shakllantirish maqsadida oʻkazib berilgan. Keyinchalik ularni javobgarga turli maqsadlar yoki shartlar bilan berilishi va buning natijasida ushbu holatlar boʻyicha javobgar va agrofirma oʻrtasida kelib chiqqan kelishmovchiliklar alohida daʼvo tartibida hal etilishi lozim boʻlib, ular ushbu ish doirasida hal etiladigan nizo hisoblanmaydi.
Qolaversa, yuqorida taʼkidlab oʻtilganidek, javobgar agrofirma ustav fondidagi oʻz ulushini toʻliq shakllantirgan. Javobgarning gʻayriqonuniy harakatlari bilan agrofirmaning faoliyat koʻrsatishiga imkon bermaganligi va uni jiddiy tarzda qiyinlashtirganligi holatlarini tasdiqlovchi dalillar daʼvo arizasiga ilova qilinmagan yoki ishni birinchi instansiya sudida koʻrish mobaynida taqdim etilmagan, ish materiallarida esa bunday dalillar mavjud emas.
Apellatsiya shikoyati asosida ishni qayta koʻrish boʻyicha oʻtkazilgan sud majlisi muhokamalarida ham daʼvogar yoki uning tarafida ishtirok etgan uchinchi shaxs vakillari javobgarga nisbatan bildirilgan daʼvo talabiga asos qilib keltirgan holatlarni asosli dalillar bilan isbotlab bera olmadi.
Vaholanki, qayd etib oʻtilgan protsessual huquq normasi talabiga koʻra, ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talablari va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak.
Yuqoridagilarga koʻra, birinchi instansiya sudi moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllagan holda ish holatlariga muvofiq, daʼvoni rad etish haqida toʻgʻri xulosaga kelib, qonuniy va asoslantirilgan hal qiluv qarori qabul qilgan. Shu sababli birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asoslar mavjud emas.
Sudlov hayʼati daʼvogarning apellatsiya shikoyatida bayon qilingan boshqa vajlari ham birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilish yoki oʻzgartirish uchun asos boʻla olmaydi deb hisoblaydi.
IPK 278-moddasining 1-bandiga koʻra, apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishga haqli.
Apellatsiya shikoyatini koʻrib chiqish mobaynida aniqlangan holatlar hamda koʻrsatib oʻtilgan huquq normalariga asoslanib, sudlov hayʼati daʼvogarning apellatsiya shikoyatini qanoatlantirmaslik, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirish haqidagi toʻxtamga keldi.
IPK 118-moddasining birinchi qismiga muvofiq, sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarning qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda ularning zimmasiga yuklatiladi.
Sudlov hayʼati apellatsiya shikoyatini qanoatlantirilmaslik haqidagi toʻxtamga kelganligi sababli qayd etib oʻtilgan huquq normasiga asoslanib, ishni apellatsiya instansiyasida qayta koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini daʼvogarning zimmasiga yuklagan holda apellatsiya shikoyati berishda toʻlangan 750 000 soʻm davlat boji va 33 000 soʻm pochta xarajatini uning zimmasida qoldirishni lozim topdi.
Yuqoridagilarga asosan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 68, 118, 260, 274, 276 — 278, 280-moddalarini qoʻllab, apellatsiya instansiyasi sudlov hayʼati qaror qildi:
“XXXX” fermer xoʻjaligining apellatsiya shikoyati qanoatlantirilmasin.
Fargʻona tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 15-may kungi hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilsin.
Apellatsiya shikoyati berishda toʻlangan 750 000 soʻm davlat boji va 33 000 soʻm pochta xarajati “XXXX” fermer xoʻjaligi zimmasida qoldirilsin.
Mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Mazkur qaror ustidan u qabul qilingan kundan eʼtiboran bir yil ichida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga kassatsiya tartibida shikoyat berish (protest keltirish) mumkin.
Raislik qiluvchi B. MAMADALIYEV
Hayʼat aʼzolari I. TURSUNOV
M. UMAROV
Fargʻona sh.,
2023-yil 10-iyul,
4-1501-2302/3769-son