Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida Mahallalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida
Qoraqalpogʻiston Respublikasida mahallalar infratuzilmalarini takomillashtirish, aholining turmush sharoitlarini yanada yaxshilash, mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan dasturlar ijrosini hamda mavjud muammolarning samarali va tezkor hal etilishini moliyaviy va moddiy jihatdan taʼminlash maqsadida:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Mahallalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilsin.
Jamgʻarma Kuzatuv kengashi raisi etib Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi (A.Orinbayev) belgilansin.
2. Iqtisodiyot va moliya vazirligi bir hafta muddatda:
2023-yil davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi 452 ta mahalla fuqarolar yigʻinlarining har biriga 500 mln soʻmdan mablagʻ yoʻnaltirish;
mahallada jinoyatchilikning oldini olish hamda obodonlashtirish ishlarini taʼminlashga oʻz hissasini qoʻshgan tashabbuskor fuqarolar, mahallalardagi koʻchaboshi va uyboshilarni ragʻbatlantirish maqsadida respublika hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan Jamgʻarmaga jami 228 mlrd soʻm miqdorida mablagʻ ajratish choralarini koʻrsin.
3. Belgilansinki:
loyihalar mahalla raislari tomonidan hokim yordamchilari bilan birgalikda mahallada yashovchi aholining hududdagi muammolarni bartaraf etish boʻyicha taklif va tavsiyalari umumlashtirilgan holda shakllantiriladi;
Jamgʻarmaning Kuzatuv kengashi (A.Orinbayev) besh kun ichida loyihalarni koʻrib chiqib, Jamgʻarmadan mablagʻlar ajratish boʻyicha qaror qabul qiladi;
mahalla raislari tomonidan shakllantirilgan va boshqariladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun har bir mahalla fuqarolar yigʻinlari uchun alohida hisobvaraqlar ochiladi.
Bunda, loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq barcha jarayonlari, jumladan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sotib olish boʻyicha tanlov (tender) savdolarini oʻtkazish, amalga oshirilgan ishlar uchun toʻlovlarni amalga oshirish, bajarilgan ishlarni qabul qilish mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari tomonidan amalga oshiriladi.
4. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Mahallalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.U. Ermanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 13-iyul,
PQ-228-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2023-y., 07/23/228/0477-son)