Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining
buyrugʻi
Budjet tizimi budjetlari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan qurilish qiymati 10 mlrd soʻmgacha boʻlgan obyektlarda nazorat oʻlchovini oʻtkazish uchun jalb qilinadigan tijorat tashkilotlarini tanlash, ularning xizmat haqini aniqlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 12-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3446]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-fevraldagi PQ-128-son “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlarining samaradorligini yanada oshirish va davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Budjet tizimi budjetlari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan qurilish qiymati 10 mlrd soʻmgacha boʻlgan obyektlarda nazorat oʻlchovini oʻtkazish uchun jalb qilinadigan tijorat tashkilotlarini tanlash, ularning xizmat haqini aniqlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir Sh. KUDBIYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 20-iyun,
36-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Raisi D. VAXABOV
2023-yil 1-iyun
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil D. KASIMOV
2023-yil 5-iyun
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri B. ZAKIROV
2023-yil 16-iyun
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2023-yil 20-iyundagi 36-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Budjet tizimi budjetlari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan qurilish qiymati 10 mlrd soʻmgacha boʻlgan obyektlarda nazorat oʻlchovini oʻtkazish uchun jalb qilinadigan tijorat tashkilotlarini tanlash, ularning xizmat haqini aniqlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining budjet tizimi budjetlari (bundan buyon matnda budjet tizimi budjetlari deb yuritiladi) mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan qurilish qiymati 10 mlrd soʻmgacha boʻlgan obyektlarda (bundan buyon matnda qurilish qiymati 10 mlrd soʻmgacha boʻlgan obyektlar deb yuritiladi) nazorat oʻlchovini oʻtkazish uchun jalb qilinadigan tijorat tashkilotlarini tanlash, ularning xizmat haqini aniqlash va toʻlash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchadan foydalaniladi:
buyurtmachi tashkilot — qurilish qiymati 10 mlrd soʻmgacha boʻlgan obyektlarda loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash ishlarini tashkil etish vazifasi yuklatilgan yuridik shaxs;
nazorat oʻlchovi — qurilish qiymati 10 mlrd soʻmgacha boʻlgan obyektlarda haqiqatda bajarilgan ishlar hajmini aniqlash maqsadida obyekt foydalanishga topshirilgandan va/yoki qurilish-montaj ishlari yakunlangandan soʻng oʻtkaziladigan jarayon;
nazorat oʻlchovini oʻtkazish uchun jalb qilinadigan tijorat tashkilotlari — nazorat oʻlchovini oʻtkazish uchun shaharsozlik sohasida sertifikatlangan mutaxassislarni jalb qilgan, arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha litsenziyaga ega boʻlgan va qurilish loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish uchun akkreditatsiya qilingan, shaharsozlik sohasida kamida uch yillik tajribaga ega boʻlgan yuridik shaxslar, tijorat banklari hamda boshqa vakolatli organlar;
eʼlon — davlat xaridlarini amalga oshirish usuli, talablari va shartlari, takliflarni taqdim etish muddatlari hamda tartibi koʻrsatilgan, maxsus axborot portali orqali davlat xaridlarining elektron tizimiga davlat buyurtmachisi tomonidan joylashtiriladigan boʻlajak davlat xaridlari toʻgʻrisidagi axborot.
2. Qurilish qiymati 10 mlrd soʻmgacha boʻlgan obyektlarda nazorat oʻlchovini oʻtkazish uchun jalb qilinadigan tijorat tashkilotlarini tanlash, ularning xizmat haqini aniqlash va toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi (bundan buyon matnda Inspeksiya deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qurilish qiymati 10 mlrd soʻmgacha boʻlgan obyektlarda nazorat oʻlchovini oʻtkazish uchun Inspeksiyaga murojaat qilinishi mumkin.
2-bob. Nazorat oʻlchovini oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarni rejalashtirish
4. Qurilish qiymati 10 mlrd soʻmgacha boʻlgan obyektlarda nazorat oʻlchovini oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga asosan Inspeksiyaning kelgusi yil uchun xarajatlar smetasida nazarda tutiladi.
5. Inspeksiya kelgusi yil uchun xarajatlar smetasini tuzishda nazorat oʻlchovini oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar yuzasidan tegishli hisob-kitoblarni joriy moliya yilining 1-mayiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etadi.
6. Kelgusi yil uchun nazorat oʻlchovini oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar har yili tasdiqlanadigan Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturida nazarda tutilgan qurilish qiymati 10 mlrd soʻmgacha boʻlgan obyektlar umumiy qiymatining (markazlashgan kapital qoʻyilmalar limiti) 0,3 foizidan oshmagan miqdorida belgilangan mablagʻlar hajmidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
7. Qurilish qiymati 10 mlrd soʻmgacha boʻlgan obyektlarda nazorat oʻlchovi oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan Inspeksiyaning budjet tizimi budjetlari xarajatlarining iqtisodiy tasnifining tegishli xarajatlar moddasi orqali bir satrda, yilning choraklari va oylari kesimida rejalashtiriladi.
8. Qurilish qiymati 10 mlrd soʻmgacha boʻlgan obyektlarda nazorat oʻlchovi oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Inspeksiya uchun Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ochiladigan alohida shaxsiy gʻazna hisobvaraqda aks ettiriladi.
9. Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga oʻzgartirish kiritilgan taqdirda joriy moliya yilida qurilish qiymati 10 mlrd soʻmgacha boʻlgan obyektlarda nazorat oʻlchovini oʻtkazish uchun rejalashtirilgan mablagʻlar doirasida xarajatlar smetasiga oʻzgartirishlar kiritiladi.
10. Moliya yili yakuni boʻyicha foydalanilmay qolgan budjet mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga qaytariladi.
3-bob. Nazorat oʻlchovini oʻtkazish uchun jalb qilinadigan tijorat tashkilotlarini tanlash, ularning xizmat haqini aniqlash va toʻlash
11. Buyurtmachi tashkilot obyekt foydalanishga topshirilgandan va/yoki qurilish-montaj ishlari yakunlangandan soʻng nazorat oʻlchovi oʻtkaziladigan qurilish obyektlari roʻyxatini har oyda hisobot oyidan keyingi oyning oʻninchi sanasidan kechiktirmasdan Inspeksiyaning hududiy boshqarmalariga taqdim etadi.
12. Inspeksiya buyurtmachi tashkilot tomonidan taqdim qilingan foydalanishga topshirilgandan va/yoki qurilish-montaj ishlari yakunlangan qurilish qiymati 10 mlrd soʻmgacha boʻlgan obyektlar roʻyxatiga asosan ushbu obyektlarda nazorat oʻlchovini oʻtkazish uchun tijorat tashkilotlarini jalb qilish boʻyicha eʼlon har oyning yigirmanchi sanasiga qadar beriladi.
13. Qurilish qiymati 10 mlrd soʻmgacha boʻlgan obyektlarda nazorat oʻlchovini oʻtkazish uchun eʼlon berish va tijorat tashkilotlarini tanlash Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonuni talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
14. Inspeksiya tomonidan qurilish qiymati 10 mlrd soʻmgacha boʻlgan obyektlarda nazorat oʻlchovini oʻtkazishi uchun tijorat tashkilotlariga ushbu qurilish obyekti umumiy qiymatining 0,3 foizidan oshmagan miqdordagi xizmat haqi xarid qilish tartib-taomillariga muvofiq tuzilgan shartnoma asosida toʻlab beriladi.
15. Qurilish qiymati 10 mlrd soʻmgacha boʻlgan obyektlarda nazorat oʻlchovini oʻtkazish uchun tijorat tashkilotlarini aniqlash natijalari boʻyicha tanlangan tijorat tashkiloti bilan Inspeksiya oʻrtasida shartnoma tuziladi.
16. Nazorat oʻlchovini oʻtkazish shartnoma asosida 15 foiz avans mablagʻlari oʻtkazilgandan soʻng boshlanadi.
Qolgan 85 foiz mablagʻlar nazorat oʻlchovi natijasi boʻyicha rasmiylashtirilgan dalolatnomaning bir nusxasi Inspeksiyaga taqdim etilgandan soʻng toʻlab beriladi.
4-bob. Yakuniy qoida
17. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.07.2023-y., 10/23/3446/0464-son; 07.05.2026-y., 10/26/3831/0463-son)