Norasmiy tarjima
Izmir shartnomasi
Afgʻoniston Islom Davlati, Ozarbayjon Respublikasi, Eron Islom Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasi, Qirgʻiziston Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkiya Respublikasi, Turkmaniston va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatlari:
1977-yil 12-martda Turkiyaning Izmir shahrida Eron, Pokiston va Turkiya tomonidan imzolangan va 1990 va 1992-yillarda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) asosiy Ustavi sifatida oʻzgartirishlar kiritilgan Izmir Shartnomasini inobatga olib;
oʻz mamlakatlari xalqlari oʻrtasidagi chuqur tarixiy va madaniy aloqalarni hisobga olib;
tinchlik va barqarorlik iqtisodiy hamkorlikning asosiy shartlaridan birini tashkil etishini tan olib;
maqsadlari va prinsiplari barcha xalqlar oʻrtasida samarali hamkorlik uchun asos boʻlgan BMT Ustaviga sodiqligini yana bir bor taʼkidlab;
IHTga aʼzo-davlatlarning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotini taʼminlashga qaror qilib;
Iqtisodiy hamkorlik tashkilotini uning kuchaytirilgan roliga muvofiqlashtirishga qatʼiy qaror qilib;
oʻz mamlakatlarining umumiy ehtiyojlari asosida va global iqtisodiy sahnada roʻy berayotgan va IHTga aʼzo-davlatlarga daxldor boʻlgan oʻzgarishlarni hisobga olgan holda mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni davom ettirishga boʻlgan sodiqliklarini yana bir bor tasdiqlab;
Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining Ustavi sifatida Izmir Shartnomasi qoidalarini qayta koʻrib chiqishga qaror qildilar va shu maqsadda vakolatli shaxslar oʻzaro vakolat almashgan holda, quyidagi moddalar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
I modda
Atamalar
Atamalar
Ushbu Shartnomada, agar boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa:
(a) “Tashkilot” — Iqtisodiy hamkorlik tashkilotini anglatadi, “IHT” deb ham nomlanishi mumkin;
(b) “Aʼzo-davlatlar” Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga aʼzo-davlatlarni anglatadi;
(s) “Kuzatuvchilar” Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti tomonidan kuzatuvchi maqomi berilgan davlatlar/tashkilotlarni anglatadi;
(d) “Muloqot boʻyicha sheriklar” IHT umumiy manfaatlarining kelishilgan sohalarida maslahatlashuv munosabatlariga ega boʻlgan davlatlar/tashkilotlarni anglatadi;
(e) “IHT hududi” aʼzo-davlatlarning hududlarini anglatadi;
(f) “Shartnoma” Izmir shartnomasini anglatadi;
(g) “Sammit” IHTga aʼzo-davlatlar davlat/hukumat rahbarlari yigʻilishini anglatadi;
(h) “Vazirlar kengashi” Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Vazirlar kengashini anglatadi;
(i) “Doimiy vakillar kengashi” Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Doimiy vakillari kengashini anglatadi;
(j) “Mintaqaviy rejalashtirish kengashi” Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy rejalashtirish kengashini anglatadi;
(k) “Ixtisoslashgan tashkilotlar” aʼzo-davlatlarning qarori bilan tashkil etilgan IHT Kotibiyati bilan kelishilgan holda ijtimoiy, madaniy, texnik va ilmiy sohalarda oʻzaro yaqin hamkorlikni rivojlantirish uchun mustaqil boshqaruvga va yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan IHT organlarini anglatadi;
(l) “Mintaqaviy institutlar” oʻz budjetiga, yuridik shaxs va mustaqil boshqaruvga ega boʻlib, mintaqada moliyaviy va tijorat vositalarini taqdim etish va mablagʻlarni investitsiya qilish orqali IHT mintaqasining iqtisodiy oʻsishiga koʻmaklashish maqsadida tashkil etilgan IHTning iqtisodiy, tijorat va moliyaviy organlari;
(m) “Kotibiyat” Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining Tehron shahrida joylashgan Kotibiyatini bildiradi, “Shtab-kvartira” deb ham ataladi.
(n) “Bosh kotib” Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Bosh kotibini anglatadi;
(o) “Qabul qiluvchi davlat/hukumat” Eron Islom Respublikasi Davlati/Hukumatini bildiradi.
II modda
Maqsadlar
Maqsadlar
Tashkilotning maqsadlari quyidagilardan iborat:
(a) barqaror iqtisodiy rivojlanish uchun shart-sharoitlarni taʼminlash va shu asosda mintaqaning iqtisodiy va ijtimoiy salohiyatidan foydalangan holda aʼzo-davlatlarda turmush darajasi va sifatini oshirish;
(b) boshqa mintaqalar tajribasini va jahon iqtisodiy tendensiyalarini hisobga olgan holda, IHT mintaqasidagi savdo toʻsiqlarini bosqichma-bosqich bartaraf etish hamda ichki va mintaqalararo savdoni rivojlantirish choralarini koʻrish;
(s) aʼzo-davlatlarning asosiy intilishlaridan kelib chiqib, IHT mintaqasining jahon savdosini rivojlantirishdagi roli va qoʻshgan hissasini hamda savdo shartlari rivojlanayotgan davlatlarga, ayniqsa aʼzo-davlatlarga salbiy taʼsir koʻrsatadigan noqonuniy savdo siyosatini bartaraf qilish uchun iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishni davom ettirish;
(d) aʼzo-davlatlar iqtisodiyotining globallashuv jarayonida toʻlaqonli ishtirok etishini taʼminlash uchun jahon iqtisodiyoti bilan bosqichma-bosqich va qulay integratsiyalashuvini taʼminlash;
(e) iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, texnik va ilmiy sohalarda faol mintaqaviy hamkorlik va oʻzaro yordamga koʻmaklashish;
(f) aʼzo-davlatlarni oʻzaro va tashqi dunyo bilan bogʻlaydigan transport va kommunikatsiya infratuzilmalarini jadal rivojlantirish;
(g) qoʻshma korxonalar va investitsiyalar orqali mintaqaviy iqtisodiy rivojlanishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish maqsadida iqtisodiyotni liberallashtirish va xususiylashtirishga urgʻu bergan holda davlat va xususiy sektor faoliyatini integratsiyalashuviga koʻmaklashish;
(h) IHT mintaqasida kadr resurslarini rivojlantirish boʻyicha qoʻshma dasturlarni ishlab chiqish;
(i) IHT mintaqasining tabiiy resurslarini, xususan, energiya resurslarini jalb qilish va ulardan foydalanishni jadallashtirish.
(j) IHT mintaqasining qishloq xoʻjaligi va sanoat salohiyatidan samarali foydalanish boʻyicha saʼy-harakatlarni kuchaytirish;
(k) giyohvandlikka barham berish uchun mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish;
(l) mintaqa doirasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida hamkorlikka koʻmaklashish;
(m) IHT va boshqa mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar, shuningdek, moliya institutlari oʻrtasida oʻzaro manfaatli faoliyat va hamkorlikni rivojlantirish;
(n) IHT mintaqasi xalqlari oʻrtasidagi tarixiy va madaniy aloqalarni, shuningdek, turizm sohasidagi almashinuvlarni yanada mustahkamlash.
III modda
Faoliyat prinsiplari
Faoliyat prinsiplari
Ushbu Shartnoma doirasidagi mintaqaviy hamkorlik quyidagi prinsip va siyosatga asoslanadi:
(a) aʼzo-davlatlarning suveren tengligi, ushbu Shartnoma boʻyicha oʻz zimmalariga olgan majburiyatlarini oʻzaro manfaatga asoslangan holda, ikki tomonlama va xalqaro majburiyatlariga zarar yetkazmasdan vijdonan bajaradilar;
(b) milliy iqtisodiyotni rivojlantirish rejalarini IHTning yaqin va uzoq muddatli maqsadlari bilan imkon darajasida bogʻlaydilar;
(s) aʼzo-davlatlarning xomashyo va tayyor mahsulotlari uchun IHT hududidan tashqaridagi bozorlarga erkinroq kirish uchun birgalikdagi saʼy-harakatlar;
(d) boshqa mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar, shu jumladan koʻp tomonlama moliya institutlari bilan IHT institutlari, bitimlari va hamkorlikdagi kelishuvlaridan samarali foydalanish;
(e) aʼzo-davlatlarning mintaqaviy va global kelishuvlarda ishtirokini kuchaytirish uchun uygʻunlashtirilgan yondashuvni ishlab chiqish boʻyicha umumiy saʼy-harakatlari;
(f) IHT doirasidagi mavjud salohiyat va resurslarni, shuningdek, boshqa mintaqaviy va xalqaro institutlar bilan tuzilgan bitimlar va kelishuvlar tufayli aʼzo-davlatlarning iqtisodiy rivojlanishi darajasidagi farqlarni hisobga olgan holda real va bosqichma-bosqich yondashuvlarga asoslangan strategiyalarni amalga oshirishda aʼzo-davlatlar oʻrtasidagi hamkorlik;
(g) taʼlim, fan, texnika va madaniyat sohalaridagi almashinuvlar.
IV modda
Davlat/Hukumat rahbarlari yigʻilishi
Davlat/Hukumat rahbarlari yigʻilishi
Aʼzo-davlatlarning Davlat/Hukumat rahbarlari ikki yilda bir marta yoki agar aʼzo-davlatlar zarur deb hisoblasa, undan koʻproq uchrashadilar. Sammit yigʻilishlari davomida IHT dastur va loyihalarini amalga oshirishning obyektiv shartlari va borishini koʻrib chiqadi, shuningdek, IHT mintaqasi uchun umumiy manfaatga ega boʻlgan mintaqaviy va global masalalar boʻyicha fikr almashish uchun oliy darajadagi forum boʻlib xizmat qiladi.
V modda
IHTning tashkiliy tuzilmasi
IHTning tashkiliy tuzilmasi
IHTning asosiy organlari Vazirlar kengashi, Doimiy vakillar kengashi, Mintaqaviy rejalashtirish kengashi, Kotibiyat va hamkorlikning muayyan sohalari boʻyicha Ixtisoslashgan tashkilotlar. Vazirlar Kengashi qarori bilan hududiy muassasalar va ad-hoc qoʻmitalar tuzilishi ham mumkin.
VI modda
Vazirlar kengashi
Vazirlar kengashi
Vazirlar kengashi IHTning qaror qabul qiluvchi oliy organi hisoblanadi. Uning tarkibiga aʼzo-davlatlar tashqi ishlar vazirlari yoki hukumatlar tomonidan taqdim etiladigan vazir darajasidagi boshqa vakillar kiradi va yilda kamida bir marta rotatsiya orqali aʼzo-davlatlar hududlarida yigʻiladi. Kengashning navbatdan tashqari yigʻilishlari aʼzo-davlatlar hududida yoki aʼzo-davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro kelishuv asosida har qanday joyda oʻtkazilishi mumkin. Vazirlar kengashi, zarur hollarda, sohaviy yoki qoʻshma vazirlar yigʻilishlari orqali oʻz sohalari boʻyicha rejalar va loyihalarni shakllantirish uchun boshqa vazirlar yigʻilishlarini oʻtkazishni taklif qilishi mumkin.
VII modda
Doimiy vakillar kengashi
Doimiy vakillar kengashi
Doimiy vakillar kengashi doimiy organ boʻlib, Vazirlar kengashi yigʻilishi bundan mustasno, Vazirlar kengashi nomidan va uning topshirigʻi siyosatni amalga oshirish, aʼzo-davlatlar tomonidan qarorlar qabul qilishini talab qiluvchi masalalarni shakllantirish va Vazirlar kengashi qarorlarini amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha tegishli choralarni koʻrish uchun masʼul hisoblanadi. Uning tarkibiga IHTda akkreditatsiya qilingan doimiy vakillar/elchilar kiradi. Vazirlar kengashida raislik qiluvchi aʼzo-davlat vakili raisligida zarur hollarda oʻtkaziladi.
VIII modda
Mintaqaviy rejalashtirish kengashi
Mintaqaviy rejalashtirish kengashi
Mintaqaviy rejalashtirish kengashi aʼzo-davlatlarning rejalashtirish tashkilotlari rahbarlaridan va/yoki ularning hukumatlari tomonidan taqdim etiladigan tegishli tashkilotning boshqa vakillaridan iborat boʻlib, yiliga kamida bir marta Vazirlar kengashining yillik yigʻilishidan oldin Tashkilot shtab-kvartirasida Vazirlar kengashiga raislik qiluvchi aʼzo-davlat vakili raisligida yigʻiladi. Mintaqaviy rejalashtirish kengashi avvalgi dasturlarni koʻrib chiqadi va erishilgan natijalarni baholash bilan birga Vazirlar kengashiga taqdim etish uchun Tashkilot maqsadlarini amalga oshirish boʻyicha harakatlar dasturlarini ishlab chiqadi, bu vazifada Kotibiyat tomonidan koʻmak beriladi. Vazirlar kengashiga hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha hududiy muassasalar va ad-hoc qoʻmitalar tashkil etishni taklif qilishi mumkin.
IX modda
Kotibiyat
Kotibiyat
1. Kotibiyat Bosh kotibdan va Tashkilot uchun zarur boʻlgan xodimlardan iborat. Tehrondagi shtab-kvartirada Eron Islom Respublikasi Hukumati bilan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) oʻrtasida IHT Kotibiyatining huquqlari, imtiyozlari va immunitetlari toʻgʻrisidagi Vazirlar kengashi tomonidan tasdiqlangan hamda Qabul qiluvchi davlat tashqi ishlar vaziri va Bosh kotib oʻrtasida imzolangan Bitim qoidalariga muvofiq faoliyat yuritadi.
2. Bosh kotib IHT Kotibiyatining xodimlari Nizomida belgilangan tartibda Vazirlar kengashi tomonidan aʼzo-davlatlar tomonidan taqdim etilgan nomzodlar orasidan malakasi, tajribasi va kasbiy munosibligi asosida qayta uzaytirish huquqisiz uch (3) yil muddatga saylanadi va tayinlanadi. Tashkilotning Yuqori mansabdor shaxsi sifatida Vazirlar kengashi oldida Tashkilotning barcha faoliyati uchun masʼul hisoblanadi va Elchi darajasi va maqomiga ega. U barcha kengashlarning yigʻilishlarida ishtirok etadi va ushbu organlar tomonidan oʻziga yuklangan boshqa funksiyalarni bajaradi. U Vazirlar kengashiga Tashkilot faoliyati toʻgʻrisida yillik hisobot beradi.
3. Kotibiyat xodimlari Vazirlar kengashi tomonidan qabul qilingan xodimlar toʻgʻrisidagi Nizomda belgilangan shartlar va tartibga muvofiq tayinlanadi va boshqariladi. Barcha xodimlar Vazirlar kengashi tomonidan tasdiqlangan ish haqi va ustama haqiga muvofiq Kotibiyat budjeti mablagʻlari hisobidan toʻliq stavkadagi xalqaro davlat xizmatchilari hisoblanadi.
4. Kotibiyatning roli IHT faoliyatini olib borish, muvofiqlashtirish va nazorat qilish hamda Tashkilot yigʻilishlari oʻtkazilishiga qoʻmaklashishdan iborat. Kotibiyatning vazifalari va tuzilmasi Vazirlar kengashi tomonidan tasdiqlanadigan IHT Kotibiyati xodimlari toʻgʻrisidagi Nizom bilan tartibga solinadi.
5. Bosh kotib va xodimlar oʻz vazifalarini bajarish chogʻida hech qaysi hukumat yoki Tashkilotga taalluqli boʻlmagan boshqa vakolatli organlardan koʻrsatmalar olmaydilar. Ular faqat Tashkilot oldida masʼul boʻlgan xalqaro davlat xizmatchilari sifatidagi mavqeyini aks ettiruvchi har qanday harakatlardan tiyilishlari lozim.
X modda
Ixtisoslashgan tashkilotlar va mintaqaviy institutlar
Ixtisoslashgan tashkilotlar va mintaqaviy institutlar
Hamkorlikning muayyan sohalari boʻyicha ixtisoslashgan tashkilotlar va mintaqaviy institutlar mavjud. Ushbu tashkilot va institutlarning soni, xarakteri va maqsadlari Vazirlar kengashi tomonidan belgilanishi va zarurat hollarda qayta koʻrib chiqilishi mumkin. Barcha ixtisoslashtirilgan tashkilotlar va mintaqaviy institutlar Vazirlar Kengashiga oʻz Tartib qoidalariga muvofiq oʻz faoliyati toʻgʻrisida yillik hisobot taqdim etadi hamda Tashkilot Bosh kotibini xabardor qiladi.
XI modda
Moliyaviy qoidalar
Moliyaviy qoidalar
Kotibiyat markazlashtirilgan budjetga ega. Budjetga aʼzo-davlatlar tomonidan AQSh dollarida toʻlanadigan badallar ularning toʻlov qobiliyati va Birlashgan Millatlar Tashkiloti badallarini baholashning ustuvor shkalasini hisobga olgan holda Vazirlar kengashi tomonidan hal qilinadi.
XII modda
Qaror qabul qilish
Qaror qabul qilish
1. Yangi aʼzolar yoki kuzatuvchilar yoxud muloqot boʻyicha sheriklarni qabul qilish, budjetni tartibga solish, moliyaviy ahamiyatga ega boʻlgan masalalar, Bosh kotibni tayinlash, iqtisodiy strategiyalar va harakatlar rejalarini qabul qilish, Shartnomaga oʻzgartirishlar kiritish va IHT tashqi aloqalari bilan bogʻliq muhim masalalar yoki Vazirlar kengashi Tashkilot uchun muhim ahamiyatga ega deb hisoblashi mumkin boʻlgan boshqa masalalar boʻyicha barcha qarorlar yakdillik asosida qabul qilinadi.
2. Agar qolgan aʼzolar betaraf boʻlsa va/yoki qarorga qarshi boʻlmasa, boshqa masalalar boʻyicha qarorlar IHT aʼzolari umumiy sonining oddiy koʻpchilik ovozi asosida qabul qilinadi.
XIII modda
Aʼzolik
Aʼzolik
1. IHT mintaqasi bilan geografik jihatdan yaqin boʻlgan va/yoki IHT maqsadlari va prinsiplarini yoqlovchi har qanday davlat Tashkilotga aʼzo boʻlish uchun murojaat qilishi mumkin. Bunday davlat oʻz murojaatini Bosh kotib orqali yangi aʼzoni qabul qilish toʻgʻrisida yakdil ovoz berish orqali qaror chiqaruvchi Vazirlar kengashiga yuboradi.
2. Murojaat qiluvchi davlat ushbu Shartnoma qoidalarini toʻlaqonli hurmat qilishi va ularga rioya qilish hamda undan kelib chiqadigan barcha majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladi. Aʼzolik toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingandan soʻng, Murojaat qiluvchi davlat oʻz konstitutsiyaviy qoidalari va amaliyotiga muvofiq Shartnomaga qoʻshiladi.
3. Ratifikatsiya yorligʻi imkon qadar qisqa muddatlarda Qabul qiluvchi hukumatga, Eron Islom Respublikasi Hukumatiga topshiriladi, u tasdiqlangan koʻchirma nusxasini boshqa aʼzo-davlatlarga va Kotibiyatga yuboradi.
4. Ratifikatsiya qilishni kutayotgan yangi aʼzo-davlat Vazirlar kengashining roziligi bilan IHT barcha organlarining faoliyatida toʻlaqonli aʼzo sifatida ishtirok etishi va IHT budjetiga belgilangan badalini qoʻshishi mumkin.
5. Har qanday aʼzo-davlat istalgan vaqtda Tashkilotdan chiqish niyati toʻgʻrisida rasmiy xabarnomani barcha aʼzolarga yuboradigan Bosh kotibga yuborish orqali chiqishi mumkin. Tashkilotdan chiqish Bosh kotib tomonidan bunday xabarnoma olinganidan va Tashkilot oldidagi barcha moliyaviy majburiyatlar hal qilinganidan olti oy oʻtgach amalga oshadi.
XIV modda
Umumiy qoidalar
Umumiy qoidalar
Huquqiy maqomi
1. Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti ushbu Shartnomaga ilova qilinadigan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT), milliy vakillar va xalqaro xodimlarning huquqiy maqomi toʻgʻrisida Shartnomada belgilangan tartibda har bir aʼzo-davlat hududida oʻz vazifa va maqsadlarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan huquqiy layoqat hamda imtiyoz va immunitetlarga ega.
Rasmiy tili
2. Tashkilotning rasmiy tili ingliz tili hisoblanadi. Rus tiliga norasmiy tarjima va talqin qilish choralari koʻriladi.
Tartib-qoidalari
3. Tashkilotning barcha darajadagi yigʻilishlari Vazirlar kengashi tomonidan tasdiqlanadigan Tartib-qoidalarga muvofiq oʻtkaziladi.
Tashqi aloqalar
4. Tashkilot boshqa mintaqaviy yoki xalqaro tashkilotlar, davlatlar va institutlar bilan hamkorlik munosabatlarini oʻrnatishi mumkin. Bunday hamkorlikning mohiyati va darajasi Vazirlar kengashi tomonidan yakdil ovoz berish orqali belgilanadi.
5. Tashkilot boshqa mintaqaviy yoki xalqaro tashkilotlar, davlatlar va institutlarga kuzatuvchi yoki muloqot boʻyicha sheriklik maqomini berishi mumkin. Bunday maqomning mohiyati va darajasi Vazirlar kengashi tomonidan yakdil ovoz berish orqali belgilanadi.
XV modda
Oʻzgartirishlar kiritish
Oʻzgartirishlar kiritish
1. Har qanday aʼzo-davlat hukumati Kotibiyat orqali Vazirlar kengashiga ushbu Shartnomani qayta koʻrib chiqish yoki oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha takliflar kiritishi mumkin.
2. Vazirlar kengashi tomonidan maʼqullangandan soʻng, keyingi qayta koʻrib chiqish va oʻzgartirishlar aʼzo-davlatlarning uchdan ikki qismi tegishli konstitutsiyaviy qoidalari va amaliyotga muvofiq ratifikatsiya yorligʻini saqlash uchun topshirgandan soʻng kuchga kiradi.
XVI modda
Yakuniy qoidalar
Yakuniy qoidalar
1. Ushbu Shartnoma aʼzo-davlatlarning tegishli konstitutsiyaviy qoidalari va amaliyotiga muvofiq ratifikatsiya qilinadi va ratifikatsiya yorliqlari Eron Islom Respublikasi Hukumatiga saqlash uchun topshiriladi, u tasdiqlangan koʻchirma nusxasini boshqa aʼzo-davlatlar va Kotibiyatga yuboradi.
2. Ushbu Shartnoma aʼzo-davlatlarning uchdan ikki qismi ratifikatsiya yorligʻini Eron Islom Respublikasiga saqlash uchun topshirganidan soʻng kuchga kiradi.
3. Ushbu Shartnoma kuchga kirganidan keyin 1977-yil martdagi dastlabki Izmir Shartnomasi hamda 1990 va 1992-yillardagi Bayonnomalar tugatiladi.
4. Ushbu Shartnoma bir asl nusxada ingliz tilida tuzildi.
Buning tasdigʻi sifatida quyida Vakolatlangan shaxslar ushbu Shartnomani imzoladilar;
Izmir shahrida 1996-yil 14-sentabrda tuzildi.
(imzolar)