O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2022-yil 22-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2023-yil 2-iyunda ma’qullangan
Senat tomonidan 2023-yil 2-iyunda ma’qullangan
Mamlakatimizda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasida tuzilmaviy o‘zgartirishlarni yanada chuqurlashtirish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish, standartlarni keng qo‘llash uchun muhit yaratish, shuningdek muvofiqlikni baholash jarayonlariga zamonaviy usullarni joriy etish yuzasidan tizimli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Shu munosabat bilan texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish, shuningdek muvofiqlikni baholash qoidalari buzilishlarining oldini olish sohasida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun qo‘llaniladigan ta’sir choralarini yanada tartibga solish zarurati ham yuzaga kelmoqda.
Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga muvofiqlikni baholash organlari tomonidan muvofiqlikni baholash qoidalarini texnik reglamentlar talablariga muvofiq bo‘lmagan mahsulot chiqarilishiga yoki muvofiqlikni baholashni amalga oshirish uchun mahsulotni taqdim etgan jismoniy yoki yuridik shaxsga zarar yetkazilishiga sabab bo‘ladigan tarzda buzganlik uchun javobgarlikni belgilovchi o‘zgartishlar kiritilmoqda. Shu bilan birga texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish organlarining mazkur sohadagi ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq vakolatlari aniqlashtirilmoqda.
Mazkur Qonun muvofiqlikni baholash qoidalari buzilishlarining oldini olishga, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish organlarining mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan 2015-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, № 3, 6-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 9, 193-modda, № 12, 269-modda; 1996-yil, № 5-6, 69-modda, № 9, 144-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 4-5, 126-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 3, 38-modda, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda, № 7-8, 217-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 165, 182-moddalar; 2002-yil, № 1, 20-modda, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda, № 9, 171-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 312-modda, № 12, 413, 417, 418-moddalar; 2006-yil, № 6, 261-modda, № 9, 498-modda, № 10, 536-modda, № 12, 656, 659-moddalar; 2007-yil, № 4, 158, 159, 164, 165-moddalar, № 9, 416, 421-moddalar, № 12, 596, 604, 607-moddalar; 2008-yil, № 4, 181, 189, 192-moddalar, № 9, 486, 488-moddalar, № 12, 640, 641-moddalar; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 9, 334, 335, 337-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 462, 468, 470, 472, 474-moddalar; 2010-yil, № 5, 175, 179-moddalar, № 6, 231-modda, № 9, 335, 339, 341-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 468, 473, 474-moddalar; 2011-yil, № 1, 1-modda, № 4, 104, 105-moddalar, № 9, 247, 252-moddalar, № 12/2, 365-modda; 2012-yil, № 4, 108-modda, № 9/1, 242-modda, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda, № 5, 130-modda, № 9, 244-modda, № 12, 341, 343-moddalar; 2015-yil, № 6, 228-modda, № 8, 310, 312-moddalar, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 1, 2-modda, № 4, 125-modda, № 9, 276-modda, № 12, 383, 385-moddalar; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda, № 10, 605-modda; 2018-yil, № 1, 1, 4, 5-moddalar, № 4, 224-modda, № 7, 430, 431, 432-moddalar, № 10, 671, 673, 679-moddalar; 2019-yil, № 1, 1, 3, 5-moddalar, № 2, 47-modda, № 3, 161, 165, 166-moddalar, № 5, 259, 261, 267, 268-moddalar, № 7, 386-modda, № 8, 469, 471-moddalar, № 9, 591, 592-moddalar, № 10, 674, 676-moddalar, № 11, 787, 791-moddalar, № 12, 880, 891-moddalar; 2020-yil, № 1, 4-modda, № 3, 203, 204-moddalar, № 7, 449-modda, № 9, 539, 540-moddalar, № 10, 593, 596-moddalar, № 11, 651-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 5, 7, 12, 13, 14-moddalar, № 2, 142-modda, № 3, 217-modda, № 4, 290, 293-moddalar, 4-songa ilova, № 8, 800, 802, 803-moddalar, № 9, 903-modda, № 10, 966, 967, 968, 973-moddalar, № 11, 1066-modda; 2022-yil, № 1, 1, 2-moddalar, № 2, 80, 81-moddalar, № 3, 215, 216-moddalar, № 4, 337-modda, № 5, 464, 465, 466, 467-moddalar, № 8, 787-modda, № 10, 981, 984-moddalar) quyidagi o‘zgartishlar kiritilsin:
1) 214-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“214-modda. Sertifikatlashtirish va muvofiqlikni baholash qoidalarini buzish
Sertifikatlashtirish va muvofiqlikni baholash qoidalarini buzish, —
bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Muvofiqlikni baholash qoidalarini muvofiqlikni baholash organlari tomonidan buzish, agar bu texnik reglamentlar talablariga javob bermaydigan mahsulot chiqarilishiga yoki muvofiqlikni baholashni amalga oshirish uchun mahsulotni taqdim etgan jismoniy yoki yuridik shaxsga zarar yetkazilishiga, shu jumladan muvofiqlik sertifikatini berishni asossiz ravishda rad etganlik, muvofiqlik sertifikatining yoxud muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiyaning amal qilishini asossiz ravishda to‘xtatib turganlik yoki tugatganlik natijasida foydaning boy berilishiga olib kelsa, —
mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —
mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining qirq baravaridan sakson baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”;
2) 265-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“265-modda. Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish organlari
Texnik reglamentlarning yoki standartlarning majburiy talablariga, metrologiya va sertifikatlashtirish qoidalariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlarga ushbu Kodeksning 212, 213-moddalarida, 214-moddasida (bundan tabiatni muhofaza qilishga taalluqli qismi mustasno) nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar taalluqlidir.
Texnik reglamentlarning yoki standartlarning majburiy talablariga, metrologiya va sertifikatlashtirish qoidalariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlar nomidan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga hamda jarima solish tarzidagi ma’muriy jazo choralarini qo‘llashga quyidagilar haqli:
texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, muvofiqlikni baholash va metrologiya sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat inspektori va uning o‘rinbosarlari — bazaviy hisoblash miqdorining sakson baravarigacha miqdorda;
texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, muvofiqlikni baholash va metrologiya sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha davlat inspektorlari — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravarigacha miqdorda jarima solishga”.
2-modda. O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
3-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 7-iyul,
O‘RQ-852-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.07.2023-y., 03/23/852/0461-son)