Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati kaasatsiya instansiyasining
ajrimi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi I. Tadjiyev, daʼvogar Gʻ.A.O.ning javobgarlar “KB” masʼuliyati cheklangan jamiyati va uning ishtirokchisi A.O.M.ga nisbatan 1 674 847 541 soʻm undirish va ishtirokchilar safidan chiqarish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi boʻyicha yuritilgan ish yuzasidan chiqarilgan Qashqadaryo viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 15-maydagi ajrimi ustidan A. M. tomonidan berilgan kassatsiya shikoyati va unga ilova qilingan hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
Gʻ.A.O. (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi) javobgarlar “KB” masʼuliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda jamiyat yoki MChJ deb yuritiladi) va uning ishtirokchisi A.O.M. (bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi)ga nisbatan sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, daʼvogar tomonidan MChJ hisob raqamiga ustav fondini oshirish va hisob raqamini toʻldirish uchun ortiqcha kiritilgan jami 1 674 847 541 soʻm miqdoridagi mablagʻni MChJ hisobidan undirish va javobgarni ishtirokchilar safidan chiqarishni soʻragan.
Shahrisabz tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 7-apreldagi hal qiluv qarori bilan daʼvogarning daʼvosi qisman qanoatlantirilib, MChJ hisobidan daʼvogar foydasiga 1 674 847 541 soʻm, 33 496 950,82 soʻm davlat boji va 30 000 soʻm pochta xarajatlari undirilgan. Daʼvoning qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan.
Hal qiluv qaroridan norozi boʻlib, javobgar apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan.
Qashqadaryo viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 15-maydagi qarori bilan apellatsiya shikoyati qaytarilgan.
Ish yuzasidan chiqarilgan apellatsiya instansiyasi sudining ajrimi ustidan javobgar kassatsiya (xususiy) shikoyati bilan murojaat qilgan va unda ajrimni bekor qilishni soʻragan.
Sud, javobgarning kassatsiya shikoyati va unga ilova qilingan hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga asosan kassatsiya shikoyatini qaytarishni lozim topadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) 282-moddasining birinchi qismiga koʻra, ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida sud hal qiluv qarori qabul qilgan shaxslar birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirgan, apellatsiya tartibida koʻrilgan hal qiluv qarori va apellatsiya instansiyasi sudining qarori ustidan kassatsiya shikoyati berishga haqli.
IPK 305-moddasining birinchi qismiga binoan sudning ajrimi ustidan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda kassatsiya tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Biroq, javobgar sudning ajrimi ustidan kassatsiya shikoyati emas, balki xususiy ajrim bilan murojaat qilgan.
IPK 288-moddasi birinchi qismining 2-bandiga muvofiq, kassatsiya shikoyatiga ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga kassatsiya shikoyatining va unga ilova qilingan, ushbu shaxslarda mavjud boʻlmagan hujjatlarning koʻchirma nusxalari yuborilganligini yoki topshirilganligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi.
Javobgar ushbu talabga rioya qilmagan. Xususan, kassatsiya shikoyatiga MChJga kassatsiya shikoyatining koʻchirma nusxasi yuborilganligini yoki topshirilganligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinmagan. Shikoyatga 2023-yil 30-may kuni kassatsiya shikoyatining koʻchirma nusxasi daʼvogarga yuborilganligi haqida 1 ta pochta kvitansiyasi ilova qilingan.
Shuningdek, IPK 288-moddasining uchinchi qismiga koʻra, apellatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish va apellatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan berilgan kassatsiya shikoyatiga (protestiga) qaytarilgan shikoyat (protest) va uni sudga taqdim etishda unga ilova qilingan hujjatlar ham ilova qilinishi kerak.
Ammo, kassatsiya shikoyatiga qaytarilgan apellatsiya shikoyati va uni sudga taqdim etishda unga ilova qilingan hujjatlar ham ilova qilinmagan.
Bundan tashqari, 288-moddasi birinchi qismining 3-bandiga binoan, kassatsiya shikoyatiga kassatsiya shikoyati vakil tomonidan imzolangan taqdirda, uning imzolash vakolatini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi.
Mazkur holatda shikoyat javobgar vakili D.B. tomonidan imzolangan va shikoyatga 2023-yil 3-martdagi ishonchnoma ilova qilingan.
IPKning 63-moddasiga koʻra, sudda ish yuritish vakolatlari vakilga uni vakil qilgan shaxs nomidan barcha protsessual harakatlarni amalga oshirish huquqini beradi, bundan daʼvo arizasini imzolash, ishni hakamlik sudiga topshirish, daʼvo talablaridan qisman yoki butunlay voz kechish va daʼvoni tan olish, daʼvo predmetini yoki asosini oʻzgartirish, kelishuv bitimi, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish toʻgʻrisidagi kelishuv yoki mediativ kelishuvni tuzish, vakolatlarni boshqa shaxsga topshirish (ishonib topshirish), sud hujjati ustidan shikoyat qilish, qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi arizani imzolash, sud hujjatining majburiy ijro etilishini talab qilish, undirilgan mol-mulkni yoki pulni olish mustasno.
Vakilning ushbu moddada koʻrsatilgan harakatlarning har birini amalga oshirishga boʻlgan vakolatlari u qaysi shaxs tomonidan vakil qilinayotgan boʻlsa, oʻsha shaxs bergan ishonchnomada maxsus nazarda tutilgan boʻlishi kerak.
Biroq, D.B.ga berilgan ishonchnomada sud hujjati ustidan shikoyat qilish vakolat nazarda tutilmagan.
IPK 292-moddasi birinchi qismining 1, 2 va 3-bandlariga asosan kassatsiya shikoyati (protesti) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi tomonidan qaytariladi, agar:
kassatsiya shikoyati (protesti) imzolanmagan boʻlsa yoxud uni imzolash huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan yoki mansab mavqeyi yoki familiyasi, ismi va otasining ismi koʻrsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan boʻlsa;
kassatsiya shikoyatining (protestining) shakliga va mazmuniga nisbatan ushbu Kodeksning 286-moddasida belgilangan talablarga rioya etilmagan yoki kassatsiya shikoyatiga (protestiga) ushbu Kodeks 288-moddasining uchinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlar yoxud prokuror ishtirokisiz koʻrilgan ish boʻyicha protestga taraflarning murojaati koʻchirma nusxasi ilova qilinmagan boʻlsa;
kassatsiya shikoyatiga (protestiga) uning koʻchirma nusxalari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuborilganligiga doir dalillar ilova qilinmagan boʻlsa.
Bunday holatda, kassatsiya shikoyati qaytariladi.
IPK 292-moddasining beshinchi qismiga koʻra, ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan holatlar bartaraf etilgach, shikoyatni (protestni) bergan shaxs kassatsiya shikoyati (protesti) bilan sudga umumiy tartibda yangidan murojaat qilishga haqli.
Yuqoridagilarga asoslanib hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 286, 289 va 292-moddalarini qoʻllab, sud ajrim qiladi:
Fuqaro A.M.ning kassatsiya shikoyati va unga ilova qilingan hujjatlar (jami 4 varaqda, shu jumladan 1 ta pochta kvitansiyasi va 1 ta pochta xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar) qaytarilsin.
Mazkur ajrim ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi yoki uning oʻrinbosari nomiga ajrimni bekor qilish haqida ariza (iltimosnoma) berishi mumkin.
Sudya I. TADJIYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 5-iyun,
4-1802-2302/455-son