OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY SUDI IQTISODIY IShLAR BOʻYIChA SUDLOV HAYʼATI APELLATSIYA INSTANSIYASINING
Qarori
4-10-2302/24-sonli iqtisodiy ish
Birinchi instansiya sudida ishni koʻrgan sudya — A. Usmanov
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya — R. Sagatov
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya — R. Sagatov
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati R. Xaydarovning raisligida, hayʼat aʼzolari I. Tadjiyev va R. Sagatovdan iborat tarkibda, Z. Qodirovning kotibligida, daʼvogar vakili — advokat D. Axmatov (2022-yil 21-iyundagi ishonchnoma va order asosida), javobgarlar Sh. Tning ishonchli vakili — advokat J. Xoʻjamkulov (2023-yil 24-fevraldagi 1035-sonli order asosida), “ST G i c” kompaniyasi vakillari — B.B (2023-yil 23-martdagi № 5-sonli ishonchnomaga asosan) va advokat J. Xoʻjamkulov (2023-yil 24-fevraldagi 1036-sonli order asosida), “D b” masʼuliyati cheklangan jamiyati vakili A.G (2022-yil 12-dekabrdagi 12/2-sonli ishonchnoma va 2023-yil 31-martdagi 1048-sonli order asosida), “T e n oʻ” MChJ injener-mutaxassisi S.Sning ishtirokida, Toshkent shahar Adliya boshqarmasi Davlat xizmatlari markazi ishga nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan holda, daʼvogar “C h f LLC” kompaniyasining javobgarlar “D b” masʼuliyati cheklangan jamiyati, “ST G i c” kompaniyasi, M.Oʻ va Sh.Tga nisbatan bitimlarni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo arizalari hamda “ST G i c” kompaniyasi va Sh.Tning bitimlarni haqiqiy deb topish toʻgʻrisidagi qarshi daʼvo arizalari boʻyicha yuritilgan ish yuzasidan qabul qilingan Toshkent shahar sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 7-apreldagi hal qiluv qarori ustidan Sh.T va “ST G i c” kompaniyasi tomonidan berilgan apellatsiya shikoyatlari asosida ishni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi binosida boʻlib oʻtgan ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
“C h f LLC” kompaniyasi (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi) javobgarlar “D b” masʼuliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda MChJ deb yuritiladi), “ST G i c” kompaniyasi (bundan buyon matnda Kompaniya deb yuritiladi) va M.M.Oʻga nisbatan iqtisodiy sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, M.Oʻ va Kompaniya oʻrtasida 2020-yil 1-dekabrda tuzilgan MChJ ustav fondining 60 foiz miqdoridagi 9 773 598 030,61 soʻm qiymatiga teng ulushni oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy emas deb topishni soʻragan (4-10-2302/24-sonli ish).
Sudning 2023-yil 24-fevraldagi ajrimi bilan ishga qoʻshimcha javobgar sifatida T.Sh.F oʻ jalb qilingan.
Oʻz navbatida Kompaniya sudga qarshi daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, 2020-yil 1-dekabrdagi MChJ ustav fondining 60 foiz miqdoridagi 9 773 598 030,61 soʻm qiymatiga teng ulushni oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy deb topishni soʻragan.
Sudning 2023-yil 30-martdagi ajrimi bilan Kompaniyaning qarshi daʼvo arizasi ish yuritishga qabul qilingan.
Sudning 2023-yil 31-martdagi ajrimi bilan Toshkent shahar Adliya boshqarmasi Davlat xizmatlari markazi ishga nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan.
Shuningdek, daʼvogar javobgarlar M.Oʻ va Sh.Tga nisbatan iqtisodiy sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, M.Oʻ va Sh.T oʻrtasida 2020-yil 1-dekabrda tuzilgan MChJ ustav fondining 5 foiz miqdoridagi 814 454 479,93 soʻm qiymatiga teng ulushni oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy emas deb topishni soʻragan (4-10-2302/25-sonli ish).
Sudning 2023-yil 24-fevraldagi ajrimi bilan ishga qoʻshimcha javobgar sifatida Kompaniya jalb qilingan.
Oʻz navbatida Sh.T sudga qarshi daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, 2020-yil 1-dekabrdagi MChJ ustav fondining 5 foiz miqdoridagi 814 454 479,93 soʻm qiymatiga teng ulushni oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy deb topishni soʻragan.
Sudning 2023-yil 24-fevraldagi ajrimi bilan Sh.Tning qarshi daʼvo arizasi ish yurituviga qabul qilingan.
Sudning 2023-yil 3-apreldagi ajrimi bilan 4-10-2302/25-sonli iqtisodiy ish 4-10-2302/24-sonli ish bilan birlashtirilib, ishga 4-10-2302/24-sonli raqam berilgan.
Toshkent shahar sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 7-apreldagi hal qiluv qarori bilan daʼvogarning daʼvo talablari toʻliq qanoatlantirilgan, Sh.T va Kompaniyaning qarshi daʼvo arizalarini qanoatlantirish rad etilgan.
Mazkur sudning hal qiluv qaroridan norozi boʻlib javobgarlar Sh.T va Kompaniya Oliy sudga apellatsiya shikoyatlari bilan murojaat qilgan va unda sud hujjatini bekor qilib, daʼvogarning daʼvosini qanoatlantirishni rad etish hamda Sh.T va Kompaniyaning qarshi daʼvolarini qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishni soʻragan. Bunga asos qilib, shikoyatlarda birinchi instansiya sudi oldi-sotdi shartnomasi jamiyat ustavining 6.7.9-bandiga muvofiq notarial tartibda tasdiqlanmaganligi, M.U oʻzining 65 foizlik ulushini shakllantirmaganligini asos qilib olganligi, ushbu sudning xulosasi asossiz ekanligi, daʼvogarning imtiyozli sotib olish huquqiga rioya qilinganligi, daʼvogarning ushbu ulushni sotilishi bilan hech qanday huquqlari buzilmaganligi, daʼvogar bitim boʻyicha taraf hisoblanmasligi va bunday daʼvo bilan murojaat etishga haqli emasligi, “Masʼuliyati cheklangan va qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni (bundan buyon matnda Qonun deb yuritiladi) 20-moddasining birinchi qismida hamda ustavning 3.1-bandida nazarda tutilgan oʻzining jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) oʻz ulushini yoki uning bir qismini jamiyatning bir yoxud bir necha ishtirokchisiga sotishga yoki boshqacha tarzda ularning foydasiga voz kechish huquqidan foydalangan holda oʻzining jamiyatdagi nominal qiymatdagi 65 foiz ulushini dastlab jamiyatning ikkinchi ishtirokchisi, yaʼni daʼvogarga 2020-yil 24-noyabrda sotib olishni taklif qilganligi, biroq daʼvogar oʻzining ishonchnoma asosida harakat qilib turgan qonuniy vakili A.N orqali ushbu ulushdan bosh tortganligi sababli ushbu ulushni sotib olish boʻyicha MChJga taklif berilganligi, 2020-yil 28-noyabrda MChJ ham ushbu taklifni rad qilganligi, shundan soʻng M.U oʻzining ulushini Sh.T va Kompaniyaga sotib olish uchun taklif qilganligi va ular rozi boʻlganligi uchun taraflar oʻrtasida 2020-yil 1-dekabrda 1 va 2-sonli shartnoma tuzilganligi, 2020-yil 1-dekabrdagi jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi 100 foiz ovozi bilan M.U ning nominal qiymatdagi 65 foiz ulushi Sh.T va Kompaniyaga sotilganligi hamda Sh.T va Kompaniya shu asosda ishtirokchilar safiga 5 foiz ulush bilan kirganligi, shu munosabat bilan taʼsis hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritilishi maqullanganligi, ushbu yigʻilish bayonnomas� qonuniy kuchda ekanligi va Davlat xizmatlari agentligi tomonidan 2020-yil 1-dekabrda davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi, daʼvogarning ishonchli vakili A.Nga berilgan ishonchnomalar 2021-yil 9-dekabrga qadar amalda boʻlganligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom talablariga koʻra, ishtirokchi oʻzining ulushini boshqa shaxsga oʻtkazishga oid bitimlar notarial tartibda rasmiylashtirilishi nazarda tutilmaganligi, shunga qaramasdan 2023-yil 2-martda shartnoma notarial tartibda rasmiylashtirilganligi, daʼvogar ushbu bitim amalga oshirilganligi toʻgʻrisida 2020-yil 1-dekabrdan bugungi kunga qadar bilganligi, keyinchalik ham barcha yigʻilish qarorlarida qatnashib kelib, hech qanday eʼtiroz bildirmaganligi, bundan tashqari, Sh.T va Kompaniyaning ulushi borligi va unga qoʻshimcha hissa evaziga koʻpaytirishga maqullash ovozini berib kelgan boʻlsa-da, bunday daʼvolar bilan jamiyat rivojlanishiga toʻsiq yaratib kelinayotganligi, daʼvogarning ishonchli vakili barcha masalalarda daʼvogarning oʻzi bilan maslahatlashib yigʻilish qarorlarida ovoz berib kelganligi, taraflar tomonidan uning barcha asosiy shartlari boʻyicha kelishuvga erishilganligi, uni tuzishga qonun hujjatlarida cheklov (taqiq) belgilanmaganligi, shunga asosan taraflar oʻrtasida tuzilgan 1 va 2-sonli shartnoma haqiqiy hisoblanishini koʻrsatgan.
Sud majlisida javobgarlar Sh.Tning, Kompaniyaning va MChJning vakillari apellatsiya shikoyatini qoʻllab-quvvatlab, uni qanoatlantirib berishni, sud hujjatini bekor qilib, javobgarlarning qarshi daʼvo talablarini qanoatlantirishni soʻrashdi.
Sud majlisida daʼvogar vakili apellatsiya shikoyatiga eʼtiroz bildirib, uni qanoatlantirishni rad etishni, sud hujjatini oʻzgarishsiz qoldirishni soʻradi.
Sud majlisining vaqti va joyi haqida xabardor qilingan Toshkent shahar Adliya boshqarmasi Davlat xizmatlari markazi va M.Oʻ vakili sud majlisiga kelmadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) 297-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, kassatsiya instansiyasi sudining sud majlisiga sud muhokamasini oʻtkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan, kassatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsning va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning kelmaganligi ishni ularning ishtirokisiz koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi.
Shuning uchun sudlov hayʼati ishni ularning ishtirokisiz koʻrib chiqishni lozim topadi.
Sudlov hayʼati ishda ishtirok etuvchi shaxslar vakillarining tushuntirishlarini tinglab, shikoyatda keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra javobgarlarning apellatsiya shikoyatlarini qisman qanoatlantirishni va birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirishni lozim topadi.
Ish hujjatlariga koʻra, 2020-yil 28-avgustda daʼvogar taʼsischi sifatida 4 072 753 342,76 soʻm yoki 34,18 foiz ulush bilan MChJning taʼsischilar safiga kiritilgan. 2020-yil 27-avgustda esa daʼvogarning MChJdagi ulushi 61,59 foizga oʻzgartirilib, ustav fondidagi ulushi oshirilgan. Oʻz navbatida, M.Oʻning MChJdagi ulushi esa 2 540 177 500 soʻm yoki 38,41 foizga teng boʻlgan.
Keyinchalik, MChJ taʼsischilarining 2020-yil 23-noyabrdagi navbatdan tashqari yigʻilish bayonnomasiga asosan qurilish materiallari kiritilishi yoʻli bilan M.Oʻning MChJning ustav fondidagi ulushi 12 216 977 500 soʻmga yoki 75 foizga oshirilgan va MChJ taʼsis hujjatlariga kiritilgan oʻzgartishlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Natijada, M.Oʻning MChJdagi ulushi 12 216 977 500 soʻm yoki 75 foizga, daʼvogarning ulushi esa 4 072 753 342 soʻm yoki 25 foizga teng boʻlgan.
Shundan soʻng, MChJ taʼsischilarining 2020-yil 1-dekabrdagi navbatdan tashqari yigʻilish bayonnomasiga asosan M.Oʻ oʻzining MChJ ustav fondining 5 foiz miqdoridagi, yaʼni 814 454 479,93 soʻm qiymatga teng ulushini 2020-yil 1-dekabrdagi 1-sonli oldi-sotdi shartnomasiga asosan T.Sh.F oʻ ga, MChJ ustav fondining 60 foiz miqdordagi, yaʼni 9 773 598 030,61 soʻm qiymatga teng ulushini 2020-yil 1-dekabrdagi 2-sonli oldi-sotdi shartnomasiga asosan Kompaniyaga sotgan. Natijada, M.Oʻning MChJdagi ulushi 10 foizga, daʼvogarning ulushi 25 foizga, Kompaniyaning ulushi 60 foizga va Sh.Tning ulushi esa 5 foizga teng miqdorda belgilangan hamda MChJ taʼsischilarining taʼsis hujjatlariga kiritilgan oʻzgartishlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
Qonunning 20-moddasida jamiyat ishtirokchisining jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushining (ulushi bir qismining) jamiyatning boshqa ishtirokchilariga va uchinchi shaxslarga oʻtishi tartibi belgilangan boʻlib, unga koʻra, jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushdan (ulushning bir qismidan) boshqa shaxsning foydasiga voz kechish, agar uni notarial shaklda amalga oshirish toʻgʻrisidagi talab jamiyatning ustavida nazarda tutilmagan boʻlsa, oddiy yozma shaklda amalga oshirilishi kerak. Jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushdan (ulushning bir qismidan) oʻzganing foydasiga voz kechishga doir bitimning ushbu moddada yoki jamiyatning ustavida belgilangan shakliga rioya etmaslik uning haqiqiy emas deb topilishiga olib kelishi belgilangan.
Daʼvogarning M.Oʻning oʻz ulushining bir qismini Sh.Tga va Kompaniyaga sotish haqidagi 1 va 2-sonli oldi-sotdi shartnomalari notarial tartibda rasmiylashtirilmaganligi haqidagi vaji bilan kelishib boʻlmaydi. Chunki, MChJ taʼsischisi M.Oʻ oʻzining ulushidan voz kechmagan, balki oldi-sotdi shartnomasi asosida imtiyozli huquqqa rioya qilgan holda uchinchi shaxslarga sotgan. Bu esa, Qonunda yoki MChJ ustavida taʼsischining oʻz ulushini sotganda notarial rasmiylashtirilishi lozimligi haqidagi qoida mavjud emas.
Shu bilan birga, daʼvogar mazkur bitimlar boʻyicha bitim tarafi hisoblanmaydi.
Bundan tashqari, daʼvogarning bitimlar boʻyicha notarial tartibda rasmiylashtirilmaganligi asosi bilan sudga murojaat qilish huquqiga ega emas. Chunki, taraflar oʻrtasida tuzilgan oldi-sotdi shartnomalari notarial tartibda rasmiylashtirish ularning erki hisoblanadi va ularga shartnomani notarial tartibda rasmiylashtirishning majburiyligi Qonunda yoki MChJ ustavida belgilanmagan.
Qolaversa, taraflar oʻrtasida tuzilgan 2020-yil 1-dekabrdagi 1 va 2-sonli ulushning oldi-sotdisi haqidagi shartnomalar birinchi instansiya sudi tomonidan hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar, yaʼni 2023-yil 2-martda notarial tartibda rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, daʼvogarning ishonchli vakil A.Nning MChJ taʼsischilarining 2020-yil 23-noyabrdagi va 2020-yil 1-dekabrdagi navbatdan tashqari yigʻilishida daʼvogar nomidan M.Oʻni ulushini koʻpaytirish va uning ulushini sotish haqidagi navbatdan tashqari yigʻilishda ishtirok etishga vakolati boʻlmaganligi haqidagi vaji bilan ham kelishib boʻlmaydi. Chunki, daʼvogar tomonidan ishonchli vakiliga 2020-yil 15-iyulda berilgan ishonchnomada MChJ umumiy yigʻilishlarida ishtirok etish va daʼvogar nomidan umumiy yigʻilish qarorlari, taʼsis hujjatlari va ustavga imzo qoʻyish vakolatlari berilgan va A.Nga berilgan ishonchnoma 2021-yil 9-dekabrga qadar amal qilgan.
Dyemak, MChJ taʼsischilarining 2020-yil 23-noyabrdagi va 1-dekabrdagi navbatdan tashqari umumiy yigʻilish oʻtkazilgan vaqtda A.Nda daʼvogar nomidan ishtirok etish va hujjatlarga imzo qoʻyish vakolati mavjud boʻlgan.
Daʼvogarning M.Oʻning ustav fondidagi 60 foiz ulushi shakllantirilmaganligiga qaramasdan uchinchi shaxslarga shakllanmagan 60 ulushni asossiz sotganligi haqidagi vaji bilan ham kelishib boʻlmaydi. Chunki, M.Oʻning 60 foiz ulush kiritilganligi haqidagi taʼsis hujjatlari davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Yaʼni, MChJning taʼsis hujjatlarini bekor qilish uchun asos boʻlgan hujjatlar mavjud emas.
Mazkur holatda, daʼvogar M.Oʻning 60 foiz ulushi shakllantirilmaganligi haqida biror-bir hujjat taqdim etmagan, balki M.Oʻ tomonidan MChJga belgilangan miqdorda shagʻal qurilish mahsuloti olib kirilmaganligi haqida ogʻzaki hisob-kitoblarga tayangan. Bu esa, ulush shakllantirilmaganligi haqida xulosaga kelish uchun asos boʻla olmaydi.
Bundan tashqari, M.Oʻning ulushini koʻpaytirish haqidagi MChJ taʼsischilarining 2020-yil 23-noyabrdagi navbatdan tashqari yigʻilishida daʼvogarning ishonchli vakili A.N ishtirok etgan va bir ovozdan M.Oʻning ulushini 75 foizga koʻpaytirish haqida taʼsischilarning 100 foiz ovozi bilan qaror qabul qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi) 43-moddasining oltinchi qismiga muvofiq, taʼsis hujjatlaridagi oʻzgartishlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab, qonunda belgilangan hollarda esa — davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organ ana shunday oʻzgartishlar haqida xabardor qilingan paytdan boshlab uchinchi shaxslar uchun kuchga ega boʻladi.
Dyemak, M.Oʻning ulushini koʻpaytirish toʻgʻrisidagi MChJning qarori va taʼsis hujjatlariga kiritilgan oʻzgartishlar belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Yaʼni taʼsischilar yigʻilishida qabul qilingan qarorlar boʻyicha taʼsischilar yoki ularning ishonchli vakillari tomonidan eʼtirozlar bildirilmagan.
Bunday holatda, birinchi instansiya sudi javobgarlarning vajlariga tegishli tartibda baho bermagan va daʼvogarning daʼvo arizalarini qanoatlantirish haqida barvaqt xulosaga kelgan.
Oʻz navbatida, javobgarlar Kompaniya va Sh.T iqtisodiy sudga qarshi daʼvo arizalari bilan murojaat qilib, taraflar oʻrtasida tuzilgan 1 va 2-sonli bitimlarni haqiqiy deb topishni soʻragan. Bunga asos qilib, qarshi daʼvo arizada FK 112-moddasining ikkinchi qismiga koʻra, agar taraflardan biri notarial tasdiqlash talab qilinadigan bitimni toʻla yoki qisman bajargan boʻlsa, ikkinchi taraf esa — bitimni notarial rasmiylashtirishdan bosh tortsa, sud bitimni bajargan tarafning talabi boʻyicha uni haqiqiy deb hisoblashga haqliligini keltirib oʻtgan.
Birinchi instansiya sudi dastlabki daʼvo talabining qanoatlantirilishi qarshi daʼvo arizalarida keltirilgan vajlarni asossiz ekanligini anglatishi haqidagi xulosaga kelib, javobgarlarning qarshi daʼvo arizalarini qanoatlantirishni rad etishni lozim topgan.
Vaholanki, birinchi instansiya sudi tomonidan hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar taraflar oʻrtasida tuzilgan 1 va 2-sonli ulushni oldi-sotdi shartnomalari notarial tartibda rasmiylashtirilgan.
Bunday holatda, taraflar oʻrtasidagi 1 va 2-sonli shartnomalarni haqiqiyligi haqidagi nizo qarshi daʼvo arizasi bilan murojaat qilingandan soʻng tinch yoʻl bilan bartaraf qilingan.
Dyemak, javobgarlarning qarshi daʼvo arizalarida koʻrsatilgan vajlar javobgarlar tomonidan bartaraf etilganligi, yaʼni shartnomalar notarial tartibda rasmiylashtirilganligi sababli birinchi instansiya sudi tomonidan ularni qanoatlantirishni rad etish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan deb hisoblaydi.
IPK 279-moddasining birinchi qismida moddiy huquq normalarining buzilganligi yoki notoʻgʻri qoʻllanilganligi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladi.
IPK 278-moddasining birinchi qismi 3-bandiga koʻra, apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha hal qiluv qarorini oʻzgartirishga haqli.
Bayon etilganlardan kelib chiqib, sudlov hayʼati javobgarlarning apellatsiya shikoyatlarini qisman qanoatlantirishni, ish yuzasidan qabul qilingan sud hujjatini oʻzgartirishni lozim topadi. IPKning 118-moddasiga asosan sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarning qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda ularning zimmasiga yuklatiladi. Daʼvogar va javobgarlarning daʼvo va qarshi talablarini qanoatlantirish rad etilganligi sababli, birinchi va apellatsiya instansiyasi uchun toʻlangan sud xarajatlari ularning zimmasida qoldiriladi.
Yuqoridagilarga asosan va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 118, 278 — 280-moddalarini qoʻllab, sudlov hayʼati qaror qildi:
Sh.T va “ST G i c” kompaniyasining apellatsiya shikoyatlari qisman qanoatlantirilsin.
Toshkent shahar sudining 2023-yil 7-apreldagi hal qiluv qarori oʻzgartirilsin.
Hal qiluv qarorining Oʻ.M.M bilan T.Sh.F oʻ oʻrtasida 2020-yil 1-dekabrda tuzilgan “D b” MChJ ustav fondining 5 foiz miqdoridagi ulushning oldi-sotdi qilish toʻgʻrisidagi 1-sonli shartnoma haqiqiy emas deb topish hamda Oʻ.M.M bilan “ST G i c” kompaniyasi (Kanada) oʻrtasida 2020-yil 1-dekabrda tuzilgan “D b” MChJ ustav fondining 60 foizi miqdoridagi ulushning oldi-sotdi qilish toʻgʻrisidagi 2-sonli shartnomani haqiqiy emas deb topish qismlari bekor qilinsin.
Daʼvogarning Oʻ.M.M bilan T.Sh.F oʻ oʻrtasida 2020-yil 1-dekabrda tuzilgan “D b” MChJ ustav fondining 5 foiz miqdoridagi ulushning oldi-sotdi qilish toʻgʻrisidagi 1-sonli shartnomani haqiqiy emas deb topish hamda Oʻ.M.M bilan “ST G i c” kompaniyasi (Kanada) oʻrtasida 2020-yil 1-dekabrda tuzilgan “D b” MChJ ustav fondining 60 foizi miqdoridagi ulushning oldi-sotdi qilish toʻgʻrisidagi 2-sonli shartnomani haqiqiy emas deb topish haqidagi daʼvo talablarini qanoatlantirish rad etilsin.
Toshkent shahar sudining 2023-yil 7-apreldagi hal qiluv qarorining sud xarajatlarini taqsimlash qismi bekor qilinsin.
Hal qiluv qarorining qolgan qismi oʻzgarishsiz qoldirilsin.
Mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Raislik qiluvchi: R. XAYDAROV
hayʼat aʼzolari: I. TADJIYEV
R. SAGATOV
Toshkent sh.,
2023-yil 15-iyun,
4-10-2302/24-son