QAShQADARYo VILOYAT SUDI IQTISODIY IShLAR BOʻYIChA SUDLOV HAYʼATI APELLATSIYA INSTANSIYASINING
Qarori
4-1802-2302/455-sonli ish
Birinchi instansiya sudida ishni koʻrgan sudya O. Qurbonov
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya H. Tursunov
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya H. Tursunov
Qashqadaryo viloyat sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasida raislik qiluvchi M. Astanov, hayʼat aʼzolari sudyalar M. Bazarov va H. Tursunovdan iborat tarkibda, sudya katta yordamchisi T. Usmonovning kotibligida daʼvogar O.Gʻ.Aning ishonchli vakili D.Kimsanovning Shahrisabz tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 7-apreldagi hal qiluv qaroriga nisbatan keltirgan apellatsiya shikoyati boʻyicha ishni taʼsischi Gʻ.Oning vakillari O.I, D.K (ishonchnoma va advokatlik orderi asosida), javobgar taʼsischi O.Mning vakili D.B (ishonchnoma va advokatlik orderi asosida)lar ishtirokida sud binosida videokonferensaloqa rejimida ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
Daʼvogar O.Gʻ.A sudga daʼvo ariza bilan murojaat qilib, javobgarlar “K B” masʼuliyati cheklangan jamiyati va M.A.Oga nisbatan ustav fondini shakllantirish va hisob raqamini toʻldirish uchun ortiqcha kiritilgan 1 674 847 541 soʻm miqdorida mablagʻni undirish hamda javobgar M.A.Oni “K B” masʼuliyati cheklangan jamiyatidan (ishtirokchilar safidan) chiqarishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2023-yil 7-apreldagi ajrimi bilan javobgar M.A.O vakilining daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi arizasini qanoatlantirish rad etilgan.
Sudning 2023-yil 7-apreldagi hal qiluv qaroriga asosan daʼvo talablari qisman qanoatlantirilib, javobgar “KB” masʼuliyati cheklangan jamiyatidan daʼvogar O.Gʻ.A foydasiga 1 674 847 541 soʻm, 33 496 950 soʻm davlat boji, 30 000 soʻm pochta xarajati undirilgan.
Daʼvo talabining qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan.
Mazkur hal qiluv qaroridan norozi boʻlib daʼvogar O.Gʻ.Aning ishonchli vakili D.K tomonidan keltirilgan apellatsiya shikoyatida birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bekor qilib, daʼvo talabini toʻliq qanoatlantirish toʻgʻrisida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Qashqadaryo viloyat sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasining 2023-yil 15-maydagi hamda 2023-yil 8-iyundagi ajrimi bilan javobgar M.A.O va uning vakili tomonidan keltirilgan apellatsiya shikoyati davlat boji toʻlanmaganligi hamda apellatsiya shikoyati imzolash huquqiga ega boʻlmagan vakil tomonidan imzolanganligi sababli qaytarilgan.
Sud majlisida ishtirok etgan daʼvogar vakillari apellatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni qoʻllab-quvvatlab, birinchi instansiya sudi tomonidan daʼvo talablari qisman qanoatlantirilgan boʻlsada, ammo daʼvo talabining javobgarni ishtirokchilar safidan chiqarishni rad etish toʻgʻrisida asossiz xulosaga kelinganligini, sababi ATB “Qishloq qurilish bank” Toshkent shahar mintaqaviy filialining 2021-yil 10-martdagi 01/06-891-son xatida jamiyat ustav fondini shakllantirish va oshirish maqsadida ishtirokchi daʼvogar tomonidan javobgar hisob raqamiga jami 2 544 583 600 soʻm qiymatdagi mulk va pul mablagʻlari kiritilganligini, mazkur mablagʻdan 1 289 236 059 soʻm daʼvogarning ustav fondidagi 56,80 % ulushini shakllantirish uchun hissa sifatida qabul qilingan va davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligini, ishtirokchi daʼvogar tomonidan javobgar hisob raqamiga ustav fondini shakllantirish uchun ortiqcha kiritilgan 1 255 347 541 soʻm miqdoridagi mablagʻlar ustav fondiga qabul qilinmagan va javobgar tomonidan ishtirokchi daʼvogarga qaytarilmaganligini, bundan tashqari ishtirokchi daʼvogar tomonidan jamiyat hisob raqamini toʻldirish uchun qoʻshimcha kapital sifatida jami 419 500 000 soʻm miqdorida ortiqcha kiritilgan mablagʻni qaytarish yuzasidan ishtirokchi daʼvogarning murojaatiga koʻra ishtirokchilar umumiy yigʻilishi chaqirilgan boʻlsa-da, ikkinchi javobgarning qarshiligi tufayli pul mablagʻlari qaytarilmaganligini, bank maʼlumotiga koʻra ishtirokchi ikkinchi javobgar ustav fondidagi 43,17 % (nominal qiymati 979 347 540 soʻm) ulushni shakllantirish uchun aslida 333 050 000 soʻm mablagʻ kiritganligini, lekin ishtirokchi ikkinchi javobgar oʻz majburiyatlaridan boʻyin tovlab, qolgan 646 297 540 soʻm miqdoridagi hissani kiritmasdan, buni yashirib, jamiyatda bosh hisobchi boʻlib ishlaganligi tufayli barcha davriy hisobotlarda ishtirokchi daʼvogar tomonidan kiritilgan ortiqcha pul mablagʻlari hisobidan 646 297 540 soʻmlik qismini guyoki oʻzi kiritgandek koʻrsatib, rasmiy hujjatlarga oʻzining 979 347 540 soʻm nominal qiymatidagi ulushining toʻliq shakllanganligi haqida maʼlumot kiritganligini, aslida ikkinchi javobgar jamiyatga jami 1 068 230 000 soʻm miqdoridagi mulk va pul mablagʻlari (shundan: 333 050 000 soʻm — ustav fondidagi ulushini shakllantirish maqsadida hissa; 735 180 000 soʻm — hisob raqamini toʻldirish uchun qoʻshimch� kapital) kiritganligini, keyinchalik ishtirokchi ikkinchi javobgar 1 068 230 000 soʻm miqdordagi mablagʻlarini ixtiyoriy qaytarish haqida jamiyatga murojaat qilganligini va jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining qaroriga muvofiq ishtirokchi ikkinchi javobgarga barcha qoʻyilma va hissalari jamiyat balansidagi jami 1 068 230 000 soʻm qiymatdagi gilam mahsulotlari hisobidan qaytarilganligini, hozirda ishtirokchi ikkinchi javobgarning jamiyatdagi ulushi mavjud emasligini, muqaddam kiritilgan qisman toʻlovlar uning talabiga koʻra toʻliq qaytarilganligini, ishtirokchi ikkinchi javobgar jamiyat faoliyatiga toʻsqinlik qilib, bevosita jamiyatga va daʼvogarga mulkiy zarar yetkazib kelganligini bildirib, daʼvo talablarini toʻliq qanoatlantirish toʻgʻrisida yangi qaror qabul qilishni soʻradi.
Sud majlisida ishtirok etgan javobgar M.A.Oning vakili apellatsiya shikoyati qaytarilganligi sababli shikoyat qilish huquqini inobatga olgan holda ishni koʻrishni boshqa kunga qoldirish toʻgʻrisida ogʻzaki iltimosnoma berib, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori va apellatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarga qarshi eʼtirozlar bildirib, daʼvo talabi asossiz ekanligini, birinchi instansiya sudi tomonidan moddiy va protsessual qonun hujjatlari buzilganligini, daʼvo muddatini qoʻllash notoʻgʻri rad qilinganligini, daʼvo talabi korporativ nizo emasligi sababli ish iqtisodiy sudga taalluqli emasligini, taʼsischilar oʻrtasida nizo mavjud emasligini, ish fuqarolik sudiga tegishli ekanligini, ushbu holatda sud ish yuritishni tugatishi lozimligini, javobgar tomonidan ulush toʻliq shakllantirilganligini, 2019-yil 7-maydagi umumiy yigʻilish qarori davlat roʻyxatidan qayta oʻtkazilganligini, daʼvo muddati qoʻllanilishi lozimligini, ortiqcha kiritilgan pul mablagʻini undirish haqidagi talab asossiz ekanligini bayon qilib, ish sudga taalluqli emasligi sababli birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilishni, nizo yuzasidan ish yuritishni tugatishni hamda apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni soʻradi.
Shuningdek, daʼvogar vakillari javobgar vakilining ishni koʻrishni keyinga qoldirish haqidagi ogʻzaki iltimosnomasiga eʼtirozlar bildirib, asossiz ekanligini, dastlabki sud majlisida ham javobgar vakilining iltimosnomasi boʻyicha ishni koʻrish boshqa kunga qoldirilganligini maʼlum qilib, iltimosnomasini qanoatlantirishni rad etib, ishni mazmunan koʻrishni soʻradi.
Sud majlisi tayinlangan kuni va vaqti haqida ajrim nusxasi javobgar “K B” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga yetkazilgan boʻlib, ushbu tashkilotning yagona taʼsischilari daʼvogar O.Gʻ.A va javobgar M.A.O hisoblanishi sababli sudlov hayʼati ishtirokisiz koʻrib chiqishni lozim topdi.
Sudlov hayʼati ishda ishtirok etgan shaxslarning tushuntirishlarini eshitib, ishdagi hujjatlarni apellatsiya shikoyatida keltirilgan vajlar bilan birga oʻrganib chiqib, muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra javobgar vakilining ishni koʻrishni boshqa kunga qoldirish haqidagi ogʻzaki iltimosnomasini qanoatlantirishni rad etib, apellatsiya shikoyatini qisman qanoatlantirishni hamda birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirishni lozim topdi.
Ish hujjatlari va sud muhokamasi davomida aniqlangan holatlarga koʻra, Kitob tuman hokimligi huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish inspeksiyasi tomonidan 2012-yil 28-noyabrdagi Hujjat imzolangan: T.H.M, 12.06.2023 4-1802-2302/455 0003175-sonli reyestr tartib raqami bilan “K B” xususiy korxonasi sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
Shuningdek, “K B” masʼuliyati cheklangan jamiyati Kitob tuman hokimligi huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish inspeksiyasi tomonidan 2015-yil 15-aprelda qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
Jamiyat taʼsis shartnomasi taʼsischilar umumiy yigʻilishining 2015-yil 15-apreldagi 1-sonli qarori bilan tasdiqlangan va jamiyat taʼsis shartnomasi va nizomi 3175-sonli reyestr raqami bilan qayta roʻyxatdan oʻtkazilgan.
Jamiyat nizomining 7.1-bandida jamiyatning tashkil etilishi va faoliyatini amalga oshirishi uchun ustav fondini 857 083 600 soʻm miqdorida shakllantirish belgilangan boʻlib, 7.2-bandida ustav fondidagi jamiyat taʼsischilarining ulushi quyidagicha taqsimlangan:
daʼvogar (fuqaro O. G`. A) 487 083 600 soʻm, yaʼni nizom jamgʻarmasining 56,83 % tashkil etadi. Ushbu kiritilgan ulush pul va mol-mulk koʻrinishida (Kitob tuman Yangi Charmgar massivi hududidagi “Savdo va umumiy ovqatlanish shahobchasi”);
javobgar (fuqaro M.A.O) 370 000 000 soʻm, yaʼni nizom jamgʻarmasining 43,17 % tashkil etadi. Ushbu kiritilgan ulush pul koʻrinishida.
Jamiyat nizomining 7.5-bandida jamiyat taʼsischilar umumiy yigʻilishining qaroriga asosan ustav fondini koʻpaytirishi yoki kamaytirishi, 7.6-bandida ustav fondini koʻpaytirish toʻgʻrisidagi qaror taʼsischilar tomonidan oʻz ulushlari toʻliq kiritilganidan keyingina qabul qilinishi mumkinligi nazarda tutilgan.
Javobgarning 2019-yil 7-maydagi 1-sonli qarori bilan Kitob tuman davlat xizmatlari markazi tomonidan 2019-yil 11-maydagi 3175-sonli reyestr raqami bilan qayta roʻyxatga olingan amaldagi jamiyat nizomining 7-bandi, 7.1-bandi va jamiyat taʼsis shartnomasining 3, 3.1-bandiga kiritilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlarning yangi tahririga koʻra, jamiyatning tashkil etilishi va faoliyatini amalga oshirishi uchun uning taʼsischi ustav fondini 2 268 583 600 soʻm miqdorida shakllantirish belgilangan boʻlib, ustav fondidagi jamiyat taʼsischilarining ulushi quyidagicha taqsimlangan:
daʼvogar (fuqaro O.G`.A) 1 289 236 059 soʻm, yaʼni nizom jamgʻarmasining 56,83 % tashkil etadi. Ushbu kiritilgan ulush pul, mahsulot va mulk koʻrinishida;
javobgar (fuqaro M.A.O) 979 347 540 soʻm, yaʼni nizom jamgʻarmasining 43,17 % tashkil etadi. Ushbu kiritilgan ulush pul, mahsulot va mulk koʻrinishida.
Shuningdek, javobgarning 2021-yil 13-sentabrdagi 4-sonli xatiga asosan ATB “Qishloq qurilish bank” Toshkent shahar mintaqaviy filiali tomonidan 2021-yil 14-sentabrda berilgan 01/04-2543-son xatda qayd etilishicha, jamiyat (STIR:302427842)ning asosiy hisob raqami (20208000905009189001)ga 2015-yil 2-apreldan 2021-yil 14-sentabrga qadar jami 2 760 550 000 soʻm, shundan daʼvogar tomonidan naqd pul shaklida 2 427 500 000 soʻm, ishtirokchi ikkinchi javobgar tomonidan naqd pul shaklida 333 050 000 soʻm mablagʻ ustav fondini shakllantirish uchun, 735 180 000 soʻm esa hisob raqamini toʻldirish uchun qoʻshimcha kapital sifatida kiritilgan.
Jamiyat tomonidan berilgan maʼlumotga asosan ishtirokchi daʼvogar tomonidan 2015-yil 15-aprelda jamiyat ustav fondini shakllantirish uchun 117 083 600 soʻmlik mulk — Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi toʻyxona binosi (topshirish dalolatnomasiga bilan qabul qilingan) topshirilgan.
Bundan tashqari, javobgarning 2021-yil 11-martdagi 11/03-1-sonli xatiga asosan ATB “Qishloq qurilish bank” Toshkent shahar mintaqaviy filiali tomonidan 2021-yil 11-martda berilgan 01/06-953-son xatda qayd etilishicha, jamiyat (STIR:302427842)ning asosiy hisob raqami (20208000905009189001)ga 2015-yil 2-apreldan 2021-yil 10-martga qadar jamiyat ishtirokchilari tomonidan jami 647 800 000 soʻm, shundan ishtirokchi daʼvogar tomonidan naqd pul shaklida 419 500 000 soʻm, ishtirokchi ikkinchi javobgar tomonidan naqd pul shaklida 228 300 000 soʻm mablagʻ qoʻshimcha kapital uchun topshirilgan.
Jamiyat tomonidan berilgan maʼlumotga asosan ishtirokchi ikkinchi javobgar tomonidan 2016-yil 18-martda jamiyat hisob raqamini toʻldirish uchun 506 880 000 soʻmlik mulk — Samarqand viloyati, Urgut shahri, Navbogʻ MFY, Navoiy shoh koʻchasi, 90-uy manzilida joylashgan ikki qavatli savdo doʻkoni qoʻshimcha kapital sifatida kiritilgan.
Mazkur holatda ishtirokchi daʼvogar tomonidan jamiyatga jami 2 964 083 600 soʻmlik mulk va pul mablagʻlari kiritilgan boʻlib, shundan ustav fondidagi ulushni shakllantirish uchun 1 289 236 059 soʻm qabul qilingan, qolgan 1 255 347 541 soʻm miqdoridagi mablagʻlar ustav fondiga qabul qilinmagan va qoʻshimcha kapital sifatida kiritilgan 419 500 000 soʻm miqdoridagi ortiqcha pul mablagʻlari javobgar tomonidan ixtiyoriy qaytarilmagan.
Sudlov hayʼati birinchi instansiya sudi tomonidan daʼvo talabining 1 674 847 541 soʻm pul mablagʻini qaytarish qismini qanoatlantirish toʻgʻrisida asosli xulosaga kelgan deb hisoblaydi.
Chunki, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (keyingi oʻrinda — FK deb yuritiladi)ning 234-moddasiga muvofiq majburiyat — fuqarolik huquqiy munosabat boʻlib, unga asosan bir shaxs (qarzdor) boshqa shaxs (kreditor) foydasiga muayyan harakatni amalga oshirishga, chunonchi mol-mulkni topshirish, ishni bajarish, xizmatlar koʻrsatish, pul toʻlash va hokazo yoki muayyan harakatdan oʻzini saqlashga majbur boʻladi, kreditor esa qarzdordan oʻzining majburiyatlarini bajarishni talab qilish huquqiga ega boʻladi. Majburiyatlar shartnomadan, ziyon yetkazish natijasida hamda ushbu Kodeksda koʻrsatilgan boshqa asoslardan kelib chiqadi.
FKning 236-moddasiga koʻra majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar boʻlmaganida esa ish muomalasi odatlariga yoki odatda qoʻyiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajariligi kerak, 237-moddasiga asosan majburiyatni bajarishdan bir tomonlama bosh tortish va shartnoma shartlarin bir tomonlama oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ushbu kodeksning 242-moddasiga asosan agar majburiyatni bajarish muddati koʻrsatilmagan yoki talab qilib olish payti bilan belgilab qoʻyilgan boʻlsa, kreditor har qachon ijroni talab qilishga, qarzdor esa ijroni har qachon amalga oshirishga haqli boʻladi. Majburiyatni darhol bajarish vazifasi qonun, shartnoma yoki majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa, qarzdor bunday majburiyatni kreditor talab qilgan kundan boshlab yetti kunlik muddat ichida bajarishi shart.
“Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 18-moddasida ushbu moddaning beshinchi va yettinchi qismlarida nazarda tutilgan muddatlarga rioya etilmagan taqdirda yoxud ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qoʻshimcha hissalar barcha ishtirokchilar tomonidan toʻliq qoʻshilmagan yoxud ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan qoʻshimcha hissalar umumiy qiymatining dastlabki belgilangan miqdorini kamaytirish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinmagan taqdirda, jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) koʻpaytirilishi amalga oshmagan deb eʼtirof etilishi, bu holda jamiyat oʻn kunlik muddat ichida jamiyat ishtirokchilariga ular tomonidan kiritilgan qoʻshimcha pul hissalarini qaytarishi shartligi belgilangan.
Biroq, sudlov hayʼati birinchi instansiya sudi ish hujjatlari toʻliq oʻrganib chiqmasdan va dalillarni tekshirmasdan javobgar M.A.Oga nisbatan jamiyat ishtirokchilari safidan chiqarish haqidagi daʼvo talabini isbotlab berilmaganligi sababli qanoatlantirish rad etish toʻgʻrisida asossiz xulosaga kelgan deb baholaydi.
Sababi, javobgar “K B” masʼuliyati cheklangan jamiyatining Kitob tuman hokimligi huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish inspeksiyasi tomonidan 2015-yil 15-aprelda dastlab qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan ustavida javobgar M.A.Oning ulushi 370 000 000 soʻm (43,17%) tashkil qilgan boʻlib, ishdagi dalillarga koʻra javobgar A.M tomonidan jamiyat ustav fondini shakllantirish uchun 2017-yil 31-avgustda 1 300 000 soʻm, 2020-yil 2-dekabrda esa 331 750 000 soʻm miqdorida pul mablagʻi jamiyat ustavi davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan soʻng bir yil oʻtib naqd pul shaklida kiritilgan.
Holbuki, jamiyat ustavining 5.2-bandida jamiyat taʼsischilarining asosiy majburiyatlaridan biri sifatida jamiyatning taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda, miqdorda, usullarda va muddatlarda hissa qoʻshishlari lozimligi belgilangan.
Jamiyat taʼsis shartnomasining 3.3-bandida esa taʼsischilarning ulushlari pul, mol-mulk, asbob-uskuna, koʻchmas mulk, intellektual mulk va boshqalar bilan shakllantirilishi, jamiyat davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin bir yil mobaynida shakllantirilishi va roʻyxatdan oʻtkazuvchi organni xabardor qilinishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, “K B” masʼuliyati cheklangan jamiyatining 2019-yil 7-maydagi umumiy yigʻilish qaroriga asosan taʼsischilarning ustav fondidagi ulushi oʻzgartirilib, unga koʻra taʼsischi O.Gʻ.Aning ulushi 1 289 236 059 soʻm (56 83 %), taʼsischi M.A.Oning ulushi 979 347 540 soʻm (43, 17 %) etib belgilangan hamda Kitob tuman davlat xizmatlari markazi tomonidan 2019-yil 11-mayda roʻyxatdan oʻtkazilgan.
“Qishloqqurilishbank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan 2019-yil 2-mayda taqdim etilgan maʼlumotnomada taʼsischi Gʻ.O tomonidan “K B” masʼuliyati cheklangan jamiyati hisob raqamiga 2019-yil 31-martdan 2019-yil 1-mayga qadar ustav fondini shakllantirish uchun jami 1 411 500 000 soʻm miqdorida pul mablagʻlari kiritilganligi qayd etilgan boʻlsa, javobgar A.Mansurov tomonidan naqd pul shaklida 333 050 000 soʻm mablagʻ ustav fondini shakllantirish uchun, 735 180 000 soʻm esa hisob raqamini toʻldirish uchun qoʻshimcha kapital sifatida kiritilgan.
Bundan tashqari, taʼsischi A.M tomonidan “K B” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga ariza bilan murojaat qilinib, unda oʻz hisobidan savdo hajmini kengaytirish va aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun kiritilgan 1 068 230 000 soʻm miqdorida qaytarish soʻralgan.
Ushbu ariza “K B” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischilarining 2022-yil 2-martdagi umumiy yigʻilishida koʻrib chiqilib, taʼsischi A.Mga 1 068 230 000 soʻm pul mablagʻi gilam mahsulotlari hisobidan qaytarilgan va javobgar tomonidan topshirish-qabul qilish dalolatnomasiga asosan qabul qilib olingan boʻlib, bugungi kun holatida jamiyat ishtirokchisi A.Mning“K B” masʼuliyati cheklangan jamiyatidagi ulushini shakllantirish uchun kiritgan mablagʻlaridan qoldiq mavjud emas.
“Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 8-moddasiga muvofiq jami ulushlari jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) kamida oʻn foizini tashkil etadigan jamiyat ishtirokchilari oʻz majburiyatlarini qoʻpol buzayotgan yoxud oʻz harakatlari (harakatsizligi) bilan jamiyatning faoliyat koʻrsatishiga imkon bermayotgan yoki uni jiddiy tarzda qiyinlashtirayotgan ishtirokchini jamiyatdan sud tartibida chiqarilishini talab qilishga haqlidirlar, 9-moddasiga koʻra jamiyat ishtirokchilari ushbu Qonunda va jamiyatning taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda, miqdorda, usullarda va muddatlarda hissa qoʻshishlari shart.
Mazkur Qonunning 14-moddasiga asosan jamiyatning har bir ishtirokchisi taʼsis hujjatlarida belgilangan va jamiyat davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab bir yildan oshmaydigan muddat mobaynida jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) oʻz hissasini toʻliq kiritishi kerak.
Jamiyatning ishtirokchisi tomonidan hissaning toʻliq kiritilganligi jamiyat ishtirokchisiga beriladigan guvohnoma bilan tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2014-yil 20-iyundagi 262-sonli “Iqtisodiy sudlar tomonidan korporativ nizolarni hal etishning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi Qarorining 19-bandida “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 8-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq ishtirokchini jamiyatdan chiqarish talabi bilan sudga faqat jami ulushlari jamiyat ustav fondi (ustav kapitali)ning kamida oʻn foizini tashkil etadigan jamiyat ishtirokchilari murojaat qilishlari mumkinligi, bunda sudlar eʼtiborga olishlari lozimki, jami ulushlari jamiyat ustav fondi (ustav kapitali)ning kamida oʻn foizini tashkil etadigan bitta ishtirokchi ham, jami ulushlari jamiyat ustav fondi (ustav kapitali)ning kamida oʻn foizini tashkil etadigan bir nechta ishtirokchi ham bunday talab bilan sudga murojaat qilishi mumkinligi haqida tushuntirish berilgan.
Sudlov hayʼati javobgar vakilining ishni koʻrishni keyinga qoldirish haqidagi ogʻzaki iltimosnomasini va apellatsiya shikoyatiga nisbatan keltirgan vajlarini muhokama qilib, asossiz deb hisoblaydi. Chunki, javobgar vakilining dastlab bergan ogʻzaki iltimosnomasi qanoatlantirilib, ishni koʻrish boshqa kunga qoldirilgan. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (keyingi oʻrinda — IPK deb yuritiladi)ning 30-moddasida korporativ nizolar boʻyicha ishlar turkumi koʻrsatilgan boʻlib, unga koʻra xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlarining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarning, ulushlarning, kooperativlar aʼzolari paylarining mansubligi, ularga yuklamalar belgilash va ulardan kelib chiqadigan huquqlarni amalga oshirish bilan bogʻliq nizolar korporativ nizo hisoblanishi belgilangan.
Mazkur holatda nizo jamiyat ustav fondidagi ulushlar boʻyicha ishtirokchilar oʻrtasida kelib chiqqan boʻlib, iqtisodiy sud sudloviga taalluqli ish hisoblanadi.
Bundan tashqari, birinchi instansiya sudining 2023-yil 7-apreldagi ajrimi bilan javobgar vakilining javobgarni ishtirokchilari safidan chiqarish haqidagi daʼvo talabi boʻyicha daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi iltimosnomasini qanoatlantirish rad etilgan.
IPKning 66-moddasiga koʻra ish boʻyicha dalillar ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan tartibda olingan faktlar haqidagi maʼlumotlar boʻlib, ular asosida sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning talablari va eʼtirozlarini asoslovchi holatlar, shuningdek nizoni toʻgʻri hal qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan boshqa holatlar mavjudligini yoki mavjud emasligini aniqlaydi. Bunday maʼlumotlar yozma va ashyoviy dalillar, ekspertlarning xulosalari, mutaxassislarning maslahatlari (tushuntirishlari), guvohlarning koʻrsatuvlari, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari bilan aniqlanadi.
IPKning 68-moddasiga asosan ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi shart.
Ushbu kodeksning 74-moddasiga muvofiq sud dalillarga ishning barcha holatlarini jamlab, ularni sud majlisida qonunga amal qilgan holda har tomonlama, toʻliq va xolis koʻrib chiqishga asoslangan oʻz ichki ishonchi boʻyicha baho beradi. Har bir dalil ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai-nazaridan, dalillarning yigʻindisi esa yetarliligi nuqtai-nazaridan baholanishi lozim. Agar tekshirish natijasida dalilning haqiqatga toʻgʻri kelishi aniqlansa, u ishonchli deb tan olinadi.
IPK 279-moddasining birinchi qismida koʻra hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish asosi koʻrsatilgan boʻlib, ish uchun ahamiyatli holatlarning toʻliq aniqlanmaganligi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladi.
IPKning 118-moddasiga asosan sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarning qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda ularning zimmasiga yuklatiladi.
“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunga koʻra iqtisodiy sudlarga beriladigan mulkiy xususiyatga ega daʼvo arizalaridan daʼvo bahosining 2 foizi miqdorida, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan kam boʻlmagan miqdorda davlat boji toʻlanishi lozim.
Shuningdek, mazkur Qonunga muvofiq iqtisodiy sudlarga apellatsiya va kassatsiya tartibida berilgan shikoyatlardan birinchi instansiya sudida koʻrib chiqish uchun arizalar berilganda toʻlanadigan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji undirilishi lozimligi qayd etilgan.
Yuqoridagilarga koʻra, sudlov hayʼati javobgar vakilining ishni koʻrishni keyinga qoldirish haqidagi ogʻzaki iltimosnomasini qanoatlantirishni rad etib, apellatsiya shikoyatini qisman qanoatlantirishni, hal qiluv qarorini oʻzgartirishni, hal qiluv qarorining daʼvo talablarining qolgan qismini qanoatlantirish rad etilsin qismini bekor qilishni, daʼvo talabining ushbu qismini qanoatlantirishni, javobgar Mansurov Abdusamad Olimovichni “K B” masʼuliyati cheklangan jamiyati ishtirokchilari safidan chiqarishni, hal qiluv qarorining qolgan qismini oʻzgarishsiz qoldirishni hamda sud xarajatlarini javobgardan undirishni lozim topdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 234, 236, 242-moddalarini, “Masʼuliyati cheklangan jamiyati va qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 8, 14, 18-moddalarini hamda Iqtisodiy protsessual kodeksining 66, 68, 74, 118, 279-280-moddalarini qoʻllab, sudlov hayʼati qaror qildi:
Javobgar M.A.O vakilining ishni koʻrishni keyinga qoldirish haqidagi ogʻzaki iltimosnomasini qanoatlantirish rad etilsin.
Daʼvogar O. Gʻ A.ning ishonchli vakili D.Kning apellatsiya shikoyati qisman qanoatlantirilsin.
Shahrisabz tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 7-apreldagi hal qiluv qarori oʻzgartirilsin.
Hal qiluv qarorining daʼvo talablarining qolgan qismini qanoatlantirish rad etilsin qismi bekor qilinsin.
Daʼvo talabining ushbu qismi qanoatlantirilsin.
Javobgar M.A.O “K B” masʼuliyati cheklangan jamiyati ishtirokchilari safidan chiqarilsin.
Javobgar “K B” masʼuliyati cheklangan jamiyatidan daʼvogar O. Gʻ. A foydasiga oldindan toʻlangan birinchi instansiya sudi uchun 3 000 000 soʻm davlat boji, apellatsiya instansiyasi sudi uchun 1 500 000 soʻm davlat boji, 33 000 soʻm pochta xarajati undirilsin.
Hal qiluv qarorining qolgan qismi oʻzgarishsiz qoldirilsin.
Daʼvogar O. Gʻ. Aga apellatsiya shikoyati boʻyicha ortiqcha toʻlangan 150 000 soʻm davlat bojini qaytarish haqida maʼlumotnoma berilsin.
Javobgar “K B” masʼuliyati cheklangan jamiyatidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi depozit hisob raqamiga 82 500 soʻm sud xarajati undirilsin.
Ijro varaqasi berilsin.
Qaror qabul qilingan paytdan boshlab qonuniy kuchga kiradi.
Mazkur qarordan norozi tomon Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga kassatsiya tartibida shikoyat (protest keltirishi) berishi mumkin.
Raislik qiluvchi M. ASTANOV
hayʼat aʼzolari M. BAZAROV
H. TURSUNOV
Qarshi sh.,
2023-yil 8-iyun,
4-1802-2302/455-son