Navoiy viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasining
qarori
Birinchi instansiyasida ishni koʻrgan sudya — B. Djumayev
Apellatsiya instansiyasida maʼruzachi sudya — T. Qahhorov
Apellatsiya instansiyasida maʼruzachi sudya — T. Qahhorov
Navoiy viloyat sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati T. Abdramanovning raisligida, hayʼat aʼzolari X. Tursunov va T. Qahhorovlardan iborat tarkibda, sudya katta yordamchisi G. Togʻayevaning sud majlisi kotibligida, Navoiy viloyat prokurorining katta yordamchisi T. Kenjayev, daʼvogar vakili A. Kenjayev (advokatlik orderi va ishonchnomaga asosan), javobgar “XPX” xususiy korxonasi rahbari U.M. ishtirokida, Karmana tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 13-mart kunidagi hal qiluv qarori ustidan Navoiy shahar prokurori tomonidan keltirilgan apellatsiya protestini, Navoiy viloyat sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati binosida, videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilgan ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
Ustavi 2018-yilning 15-sentabr kunida qayta roʻyxatdan oʻtkazilgan “NIQU” masʼuliyati cheklangan jamiyatning (keyingi oʻrinlarda jamiyat deb nomlanadi) ustav jamgʻarmasi 5.842.195.338 soʻmni tashkil etib, jamiyat taʼsischilari oʻrtasida quyidagicha taqsimlangan:
1. “QR” MChMMTP — 1.420.800 soʻm — 1,46 %, 2. D.A. 73.13.800 soʻm — 1,25 %, 3. A.A. 555.200 soʻm — 0,57%, 4. B.A. 299.200 — 0,31 %, 5. Sh.B. 32.000 soʻm — 0,03%, 6. D.B. 28.000 soʻm — 0,03 %, 7. D.D. 104.000 soʻm — 0,11%, 8. M.D. 696.000 soʻm — 0,71%, 9. X.K. 8.000 soʻm — 0,01%, 10. S.O. 20.600.000 soʻm — 21,10%, 11. Z.N. 208.000 soʻm — 0,21 %, 12. Sh.N. 75.200 soʻm — 0,08 %, 13. J.T. 14.400 soʻm — 0,01%, 14. A.T. 174.400 soʻm — 0,18 %, 15. S.X. 12.800 soʻm — 0,01%, 16. M.Sh. 256.000 soʻm — 0,26 %, 17. “BBSC” MChJ 5.744.578.738 soʻm — 98,33 %.
Jamiyat taʼsischilarining 2018-yil 25-iyunda hamda 2018-yil 30-avgust kunlari oʻtkazilgan umumiy yigʻilishda jamiyat ustav fondini koʻpaytirish, jamiyatning taʼsis hujjatlariga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan boʻlsa, 2018-yil 18-sentabrdagi 5-sonli yigʻilish bayonida esa “Xatirchi pilla xazinasi” xususiy korxonasi bilan jamiyat oʻrtasida “korxonani sotish shartnomasi” tuzishga rozilik berilgan.
Jamiyat va “Xatirchi pilla xazinasi” xususiy korxonasi oʻrtasida butun bir korxonani mulkiy majmua sifatida sotish toʻgʻrisida 2018-yil 24-sentabrda tuzilgan 105-sonli shartnomaga koʻra jamiyatga tegishli boʻlgan Karmana tumani Xoʻja Xisrav mahalla fuqarolar yigʻini, Pillakor koʻchasi 1-uyda joylashgan umumiy yer maydoni 21.057,6 m², umumiy foydali maydoni 6.303,92 m², ishchi maydoni 628,83 m² boʻlgan bino va inshoatlar asosiy vositalar hamda Karmana tumani Toshkent berk koʻchasi hududida joylashgan umumiy maydoni 10.205,69 m², ishchi maydoni 1.481,27 m², foydali maydoni 1.481,27 m² boʻlgan laboratoriya binosini “XPX” xususiy korxonasiga jami 10.000.000.000 soʻmga sotilgan.
Jamiyatning mazkur umumiy yigʻilish qarorlari va u tomonidan tuzilgan oldi sotdi shartnomasidan norozi boʻlgan daʼvogarlar A.D.D. va O.S.A.lar javobgar jamiyat, “XPX” xususiy korxonasi va “BBSC” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga nisbatan sudga daʼvo ariza bilan murojaat etib “NIQU” masʼuliyati cheklangan jamiyatining 2018-yil 25-iyundagi 4-sonli, 2018-yil 30-avgustdagi 4-sonli va 2018-yil 18-sentabrdagi 5-sonli umumiy yigʻilish qarorlarini haqiqiy emas deb topish va jamiyat va “XPX” xususiy korxonasi oʻrtasida tuzilgan butun bir korxonani mulkiy majmua sifatida sotish toʻgʻrisida 2018-yil 24-sentabrda tuzilgan 105-sonli shartnomasini haqiqiy emas deb topish va bitimning haqiqiy emaslik oqibatlarini qoʻllashni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan ishga nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida “QR” MMTP, A.A.J., A.B., B.Sh., B.D., D.D., D.M., Q.X., N.Z., N.Sh., T.J., T.A., X.S.X., Sh.Sh.M., A.I.A., J.Z.A., K.Z.A., R.S.S., A.O.. M.A.A., S.Sh., A.X.H., J.A.S., R.G.H., A.J., E.K.H., S.M.M., K.M.M., “MA” MChJ MTP, “YaQSh” MMTP, “NSh” MMTP, “JF” MChJ MTP, “ZBIE CO LTD”, “DB” MChJ va “AKMSR” MChJ, “AKMSR” MChJ Buxoro filiali, mutaxassis sifatida Karmana tuman adliya boʻlimi va Navoiy viloyat kadastrlar palatasi Navoiy viloyat boshqarmasi jalb etilgan.
Karmana tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 13-mart kunidagi hal qiluv qaroriga asosan daʼvo talabi qisman qanoatlantirilib, jamiyatining 2018-yil 25-iyundagi 4-sonli, 2018-yil 30-avgustdagi 4-sonli va 2018-yil 18-sentabrdagi 5-sonli navbatdan tashqari umumiy yigʻilish qarorlari haqiqiy emas deb topilgan.
Daʼvo talabining qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan.
Navoiy shahar prokurori tomonidan keltirilgan protestda sudning hal qiluv qarorini daʼvoni rad etish qismini bekor qilib, daʼvo talabini qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishni soʻragan.
Sud muhokamasida prokuror protestni qoʻllab quvvatlab, uni qanoatlantirishni soʻradi.
Sud muhokamasida daʼvogar vakili prokurorning protestida koʻrsatilgan holatlarni qoʻllab quvvatlab, protestni qanoatlantirishni, shuningdek, taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnoma notarial tasdiqlanishi shart boʻlsada mazkur talabga rioya etilmaganligi sababli mazkur bitim oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim ekanligi sababli, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvo talablarini toʻliq qanoatlantirish toʻgʻrisida yangi qaror qabul qilishni soʻradi.
Sud muhokamasida javobgar “XPX” xususiy korxonasi vakili nizolashilayotgan, oldi sotdi qilingan korxona Karmana tumani hududida joylashganligidan kelib chiqib Navoiy shahar prokurori mazkur bitim yuzasidan qabul qilingan hal qiluv qaroriga protest kiritish vakolatiga ega emasligi, qolaversa “XPX” xususiy korxonasi tomonidan oldi sotdi qilingan koʻchmas mulk kadastr hujjatlari tayyorlanib, korxona nomiga davlat roʻyxatidan oʻtkazilgach, koʻchmas mulkni garovga qoʻyib kredit olinganligi, hozirda korxonani ishlatib kelayotganligi va kredit mablagʻlarini bir qismini ham toʻlab qoʻyganligini bayon etdi.
Sudlov hayʼati, prokurorning hamda taraflar vakillarini fikrlari va tushuntirishlarini eshitib, ish hujjatlarini oʻrganib va prokuror protestini muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra apellatsiya protestini qisman qanoatlantirib, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni birinchi instansiya sudida yangidan koʻrib chiqish uchun yuborishni lozim topadi.
Aniqlanishicha, jamiyat taʼsischilarining 2018-yil 18-sentabrdagi 5-sonli yigʻilish bayoniga asosan, jamiyat bilan “XPX” xususiy korxonasi oʻrtasida butun bir korxonani mulkiy majmua sifatida sotish toʻgʻrisida 2018-yil 24-sentabrda tuzilgan 105-sonli shartnomaga koʻra “XPX” xususiy korxonasi tomonidan jamiyatdan sotib olingan Karmana tumani Xoʻja Xisrav mahalla fuqarolar yigʻini Pillakor koʻchasi 1-uyda joylashgan bino va inshoatlar asosiy vositalar hamda Karmana tumani Toshkent berk koʻchasi hududida joylashgan Laboratoriya binosi “Xatirchi pilla xazinasi” xususiy korxonasi nomiga davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
TIF “Oʻzmilliy bank” Navoiy boʻlimi va “XPX” xususiy korxonasi oʻrtasida 2018-yilning 18-dekabr kunida tuzilgan 18/115-sonli kredit shartnomasiga koʻra “Ipak qurti ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida ipak qurti zavodi va laboratoriyani (bino inshoat uskunalari bilan) xarid qilish” maqsadida ajratiladigan 7.000.000.000 soʻm kredit mablagʻlarini qaytarish taʼminoti sifatida taraflar oʻrtasida 2018-yilning 18-dekabr kunida tuzilib, notarial tasdiqlangan ipoteka shartnomasiga asosan “XPX” xususiy korxonasi nomiga davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan yuqorida qayd etilgan koʻchmas mulklar garovga qoʻyilgan.
Daʼvo talabi esa “XPX” xususiy korxonasi tomonidan sotib olinib, keyinchalik kredit taʼminoti sifatida garovga qoʻyilgan koʻchmas mulkni sotish toʻgʻrisidagi jamiyat taʼsischilarini umumiy yigʻilish qarori va taraflar oʻrtasida tuzilgan oldi sotdi shartnomasini haqiqiy emas deb topishga va bitimni haqiqiy emaslik oqibatlarini qoʻllashga qaratilgan. Bu esa bevosita koʻchmas mulkni garovga qoʻyish bilan bogʻliq ipoteka shartnomasi boʻyicha garovga oluvchining huquq va majburiyatlariga taʼsir koʻrsatadi. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) 48-moddasi birinchi qismiga koʻra nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorini qabul qilguniga qadar, agar ish ushbu shaxslarning taraflardan biriga nisbatan huquq yoki majburiyatlariga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlsa, daʼvogar yoxud javobgar tarafida ishga kirishishi mumkin. Ular tarafning iltimosnomasiga yoki sudning tashabbusiga koʻra ham ishda ishtirok etishga jalb qilinishi mumkin.
Sud tomonidan mazkur nizo yuzasidan qabul qilinadigan qaror ipoteka shartnomasi boʻyicha garovga oluvchi taraf boʻlgan TIF “Oʻzmilliy bank”ning huquq va majburiyatlariga daxl qilsada, birinchi instansiya sudi tomonidan TIF “Oʻzmilliy bank”ni ishga jalb etmasdan, protsessual huquq normalarini buzgan. Bu esa asossiz qaror qabul qilinishiga sabab boʻlgan.
Vaholanki, “XPX” xususiy korxonasining 2023-yilning 9-mart kunida sudga bergan arizasida, korxona tomonidan TIF “Oʻzmilliy bank” bilan tuzilgan kredit shartnomasi asosida jamiyatga tegishli boʻlgan koʻchmas mulklarni sotib olish maqsadida kredit olganligini maʼlum qilgan.
IPK 276-moddasiga muvofiq, sud ishni apellatsiya instansiyasida koʻrish chogʻida birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorining qonuniyligini va asosliligini tekshiradi. Sud yangi dalillarni tekshirishi va yangi faktlarni aniqlashi mumkin. Apellatsiya instansiyasining sudi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini toʻliq hajmda tekshirishi shart.
IPK 279-moddasi uchinchi qismi 4-bandida ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinganligi, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini har qanday holda bekor qilishning asosi sifatida belgilangan. IPK 278-moddasida apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha, ushbu Kodeks 279-moddasi toʻrtinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan asos mavjud boʻlgan taqdirda hal qiluv qarorini bekor qilishga va ishni yangidan koʻrish uchun yuborishga haqli ekanligi belgilangan.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati birinchi instansiya sudi tomonidan ish uchun ahamiyatli barcha holatlar aniqlanmasdan, protsessual huquq normalariga rioya etilmagan holda qaror qabul qilingan deb hisoblab, apellatsiya protestini qisman qanoatlantirib, hal qiluv qarorini bekor qilishga va ishni birinchi instansiya sudida yangidan koʻrib chiqish uchun Karmana tumanlararo iqtisodiy sudiga yuborishni lozim topadi.
IPK 280-moddasi qoidalariga koʻra, apellatsiya instansiyasi sudining qarorida agar ish yangidan koʻrish uchun yuborilayotgan boʻlsa, birinchi instansiya sudi tomonidan bajarilishi kerak boʻlgan harakatlar koʻrsatilishi, sudning hal qiluv qarori bekor qilinib, ish yangidan koʻrish uchun yuborilgan taqdirda, sud xarajatlarini taqsimlash toʻgʻrisidagi masala ishni yangidan koʻrayotgan sud tomonidan hal etilishi belgilangan.
Shunga koʻra, birinchi instansiya sudi ishni koʻrishda qabul qilinadigan sud hujjati huquq va majburiyatlariga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan shaxslarni ishga jalb etishi, nizoni toʻgʻri hal etish bilan bogʻliq dalillarni toʻplab, nizoga nisbatan moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllagan holda sud hujjatini qabul qilishi, ishni birinchi instansiya va apellatsiya instansiyasida koʻrish bilan bogʻliq holdagi sud xarajatlarini ishni koʻrish natijalariga koʻra ishda ishtirok etuvchi shaxslarning qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda taqsimlashi lozim boʻladi.
Yuqoridagilarga koʻra hamda IPKning 276, 278 — 280-moddalarini qoʻllab, sudlov hayʼati qaror qiladi:
Karmana tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 13-martdagi hal qiluv qarori bekor qilinsin va ishni birinchi instansiya sudida yangidan koʻrish uchun Karmana tumanlararo iqtisodiy sudiga yuborilsin.
Navoiy shahar prokurorining apellatsiya protesti qisman qanoatlantirilsin.
Qaror qabul qilingan vaqtdan boshlab qonuniy kuchga kiradi.
Qaror ustidan belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga kassatsiya tartibida shikoyat (protest) berilishi mumkin.
Raislik qiluvchi T. ABDRAMANOV
hayʼat aʼzolari X. TURSUNOV
T. QAHHOROV
Navoiy sh.,
2023-yil 12-iyun,
4-2101-2302/1876-son