Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻsh shahridagi qirgʻiz-oʻzbek oliy kolleji maqomini oʻzgartirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda Tomonlar deb ataluvchilar,
taʼlim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va uni takomillashtirishga intilib,
har ikki davlat xalqlari madaniyatini rivojlantirish borasida birgalikda harakat qilish va unga koʻmaklashish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashdilar:
1-MODDA
Tomonlar Oʻsh shahrida faoliyat koʻrsatayotgan, keyingi oʻrinlarda oliy kollej deb yuritiladi, I. Razzoqov nomidagi qirgʻiz-oʻzbek oliy kollejiga Qirgʻiziston Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi birgalikda boshqaradigan davlat oliy oʻquv yurti maqomini beradilar.
2-MODDA
Quyidagilar oliy kollejning asosiy vazifalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasi fuqarolaridan texnologik, tabiiy-texnik, iqtisodiy va yuridik ixtisosliklar boʻyicha ikki darajadagi mutaxassislar tayyorlash;
ilmiy-texnik va kadrlar salohiyatini kuchaytirish, har ikki davlatda taʼlim sohasida toʻplangan yutuqlar va tajribalardan foydalanishga koʻmaklashish;
Oʻzbekiston va Qirgʻiziston xalqlari madaniyati, tili, tarixiy va milliy anʼanalarini saqlash, rivojlantirish va oʻzaro boyitishga koʻmaklashish;
3-MODDA
Oliy kollejda oʻqitish qirgʻiz, oʻzbek va rus tillarida olib boriladi.
4-MODDA
Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasi oliy kollejga leksiyalar oʻqish uchun malakali oʻqituvchilarni yoʻllaydilar, uni zarur adabiyotlar va texnik vositalar bilan muntazam taʼminlaydilar.
Tomonlar oliy kollejning faoliyat koʻrsatishini taʼminlash chora-tadbirlarini birgalikda ishlab chiqadilar.
5-MODDA
Tomonlarning tegishli vazirliklari va idoralari oliy kollejni Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasida davlat hisobidan moliyaviy taʼminlanib amalga oshiriladigan ilmiy dasturlarni bajarishga jalb etadilar.
6-MODDA
Oliy kollej faoliyati Tomonlar davlatlari qonunchiliklarida koʻzda tutilgan maksimal akademik erkinliklar berilgan holda, uning Ustavi bilan tartibga solinadi.
Oliy kollej Ustavi uni Tomonlarning oliy taʼlimni boshqaruvchi davlat organlari bilan kelishilgach qabul qilinadi.
7-MODDA
Oliy kollej rektorini Qirgʻiziston Tomoni Oʻzbekistonning oliy taʼlimni boshqaruvchi davlat organlari bilan kelishib tayinlaydi.
Rektor oʻz faoliyatida oliy kollej Ustavi va mazkur Bitimga amal qiladi.
8-MODDA
Oʻrta maʼlumotga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasi fuqarolari millati, jinsi, dini va ijtimoiy holatidan qatʼi nazar oliy kollejga tanlov asosida kirish huquqidan foydalanadilar.
9-MODDA
Oliy kollejga talabalarni qabul qilishning nazorat raqamlari Tomonlar oliy taʼlimni boshqaruvchi davlat organlarining birgalikdagi qarori bilan belgilanadi. Oliy kollejni tugatgan shaxslar Qirgʻiziston Respublikasi davlat namunasidagi diplom oladilar.
10-MODDA
Tomonlar Oliy kollejda tegishli attestatsiyadan oʻtgan, malaka ishlari (dissertatsiya)ni himoya qilgan shaxslarga berilgan maʼlumot, kadrlarni qayta tayyorlash toʻgʻrisidagi, ilmiy daraja, ilmiy unvon toʻgʻrisidagi davlat namunasidagi hujjatlarning oʻz hududlarida muddatsiz eʼtirof etilishini kafolatlaydilar.
Oliy kollejini litsenziyalash, attestatsiya qilish, shuningdek kadrlarni tayyorlash sifatini tekshirish masalalarini Tomonlarning oliy taʼlimni boshqaruvchi davlat organlari birgalikda hal etadilar.
11-MODDA
Mazkur Bitim 10 yil muddatga tuziladi va uni imzolangan kundan kuchga kiradi. Uning amal qilish muddati agar tomonlardan biri navbatdagi davr tugashidan kamida olti oy oldin Bitim harakatlarini toʻxtatish toʻgʻrisidagi oʻz niyatini yozma xabar berish yoʻli bilan bayon etmasa keyingi besh yillik davrga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
12-MODDA
Mazkur Bitim harakatlari toʻxtatilgan taqdirda Tomonlar oliy kollej mulkining tugatish balansini tuzuvchi tugatish komissiyasini tayinlaydilar va Tomonlar sarflangan mablagʻlarga mutanosib kompensatsiya (Qirgʻiziston Respublikasining ajralmas mulki hisoblanmish harakatsiz mulk va yer uchastkalari bundan mustasno) oladilar.
1996-yil 4-sentabrda Toshkent shahrida, har biri oʻzbek, qirgʻiz va rus tillarida boʻlgan ikki nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)