Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Oʻzagrolizing” AJ faoliyatini yanada takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi korxonalarini zamonaviy va energiya tejamkor texnika bilan taʼminlash, qayta ishlash va saqlash majmualarini barpo etish hamda tayyor holda foydalanuvchilarga berishda lizing xizmatlari imkoniyatlaridan keng foydalanish maqsadida:
1. “Oʻzagrolizing” AJning (keyingi oʻrinlarda — Jamiyat) 4 yillik moliyaviy hisobotlari xalqaro auditdan oʻtkazilib, “B+” barqaror xalqaro reytingi olinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarini keng turdagi zamonaviy yuqori unumdor va energiya tejamkor texnika bilan tizimli taʼminlash bilan bir qatorda Jamiyat faoliyatini diversifikatsiyalash, xususan xorijiy injiniring kompaniyalarini jalb qilgan holda:
fermer va tomorqa xoʻjaliklariga mexanizatsiya va xizmat koʻrsatish servislari;
muqobil energiya manbalaridan (quyosh, shamol, va yer qaʼri energiyasi) foydalaniladigan zamonaviy issiqxona komplekslari va shaharchalari;
mayda shoxli mollarni boʻrdoqi qilishga moʻljallangan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan chorva komplekslari;
respublikada yetishtiriladigan meva-sabzavotlarni yuqori texnologiyalar asosida qayta ishlovchi korxonalar va logistika markazlarini tayyor holda lizingga berish amaliyotini yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Voitov), Agentlik (Ortikov) va Jamiyat (Otajonov) ikki oy muddatda yetakchi xorijiy konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda Jamiyatni rivojlantirishning 5 yillik strategiyasini ishlab chiqib, aksiyadorlar umumiy yigʻilishi tomonidan tasdiqlanishini taʼminlasin.
3. Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Voitov) va Jamiyat (Otajonov) Jamiyat faoliyatini diversifikatsiyalash uchun xalqaro moliya institutlarining yiliga 100 mln AQSH dollaridan kam boʻlmagan miqdorda past foizli va uzoq muddatli mablagʻlari toʻgʻridan-toʻgʻri jalb etilishini yoʻlga qoʻysin.
4. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Agentlik hamda Jamiyatning xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini jalb etishda ustav kapitalining yetarliligiga qoʻyilgan talablarni inobatga olgan holda:
Oldingi tahrirga qarang.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) Jamiyatga avvalgi yillarda ajratilgan lizing portfelidagi qarz mablagʻlari hisobidan 285,9 mlrd soʻm mablagʻlarni Iqtisodiyot va moliya vazirligidan olingan budjet ssudalari boʻyicha Jamgʻarmaning qarzdorliklarini ushbu summaga mos ravishda kamaytirish orqali Jamiyat ustav kapitalini oshirishga yoʻnaltirish;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)
Jamiyatning Jamgʻarma oldidagi qolgan qarzdorligini 2028-yilga qadar grafik asosida toʻliq qaytarish;
Jamgʻarma tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 2-noyabrdagi 424-son qarori bilan qishloq xoʻjaligi texnikalari lizingi uchun Jamiyatga mablagʻlar ajratilishini toʻxtatish;
Jamiyatning 2023 — 2028-yillarda olinadigan sof foydasining 50 foizini dividend sifatida yoʻnaltirish;
2026-yilda Jamiyatning ustav kapitalidagi davlat ulushini savdoga chiqarish haqidagi takliflariga rozilik berilsin.
5. Agentlik davlat ulushini oshirish uchun Jamiyatning qoʻshimcha chiqariladigan aksiyalarini nominal qiymatda joylashtirishni taʼminlasin.
6. Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib qishloq xoʻjaligi vaziri A.B. Voitov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 20-iyun,
PQ-198-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.06.2023-y., 07/23/198/0411-son; 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)