Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
“Qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini toʻxtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash boʻyicha hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻroviga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A. Ramatovning javobi haqida
“Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. “Qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini toʻxtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash boʻyicha hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻroviga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. Ramatov tomonidan yuborilgan yozma javob maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositasini toʻxtash joyiga joylashtirish yuzasidan tuziladigan dalolatnomaning hamda transport vositasini olib chiqish uchun ruxsatnomaning toʻxtash joyiga real vaqt rejimida elektron axborot almashinuvi asosida taqdim etilishini qonunchilikda belgilash;
qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarining toʻxtash joylari belgilangan talablarga javob beradigan darajada boʻlishini taʼminlash ustidan nazoratni kuchaytirish;
transport vositalarini olib kelish (tashish) va saqlash boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlovlarning cheklangan miqdorlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanishi yuzasidan choralar koʻrish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi yozma javob maʼlumotida qayd etilgan, parlament soʻrovini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha belgilangan chora-tadbirlarning ijro etilishini taʼminlash yuzasidan parlament nazoratini amalga oshirsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu Qarorning ijrosi yuzasidan joriy yilning 1-oktabriga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga axborot taqdim etsin.
5. Mazkur Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilsin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2023-yil 4-may,
3149-IV-son