Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida quvvati 500 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Elektr energiyasini ishlab chiqarish manbalarini diversifikatsiyalash, aholini va iqtisodiyot tarmoqlarining energiya resurslariga ortib borayotgan ehtiyojini taʼminlash, elektr energiyasi ishlab chiqarishda tabiiy gazdan foydalanishni kamaytirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish koʻlamini kengaytirishga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish maqsadida:
1. Quyidagilar:
a) “China Gezhouba Group Overseas Investment Co. LTD” (Xitoy Xalq Respublikasi) kompaniyasi tomonidan (keyingi oʻrinlarda — Investor) “Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida quvvati 500 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasi (keyingi oʻrinlarda — Investitsiya loyihasi) doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan 2023-yil 29-aprelda investitsiya bitimi (keyingi oʻrinlarda — Investitsiya bitimi) imzolanganligi hamda unga muvofiq Investor:
Investitsiya loyihasini amalga oshirishning butun davri mobaynida Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida quvvati 500 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasini loyihalashtirishi, moliyalashtirishi, qurishi hamda ekspluatatsiya qilishi;
yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlarni oʻz zimmasiga olgan holda, dastlabki baholash boʻyicha jami 350 mln AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etishi;
b) “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va Investor oʻrtasida 2023-yil 29-aprelda Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisida bitim (keyingi oʻrinlarda — Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim) imzolanganligi hamda unga muvofiq:
Keyingi tahrirga qarang.
Investor ushbu bitim boʻyicha oʻz huquq va majburiyatlaridan Investitsiya loyihasi doirasida oʻzi tomonidan tashkil etiladigan Loyiha kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda — Loyiha kompaniyasi) foydasiga voz kechishi;
Loyiha kompaniyasi ishlab chiqarilgan elektr energiyasini “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga kafolatlangan tarzda sotish majburiyatini olishi;
Keyingi tahrirga qarang.
“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ quyosh fotoelektr stansiyasini yagona elektr tarmoqlariga ulashni taʼminlashga xizmat qiluvchi havo elektr uzatish tarmoqlarini Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimda belgilangan muddatlarda qurishi va ishga tushirishi;
Loyiha kompaniyasi qurilish davridagi oʻz majburiyatlari lozim darajada bajarilishining taʼminoti sifatida 30 mln AQSH dollari miqdorida birinchi darajali xorijiy bank kafolatini taqdim etishi;
“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ 25 yil davomida elektr energiyasini kafolatlangan tarzda xarid qilish majburiyatini olishi va elektr energiyasi uchun toʻlovni milliy valyutada amalga oshirishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Investor oʻrtasida imzolangan Investitsiya bitimi tasdiqlansin;
“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va Investor oʻrtasida tuzilgan Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim maʼqullansin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Investitsiya bitimi va Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq ularning amal qilish muddati davomida elektr energiyasini sotib olish uchun va podstansiya qurishga sarflangan xarajatlar boʻyicha toʻlovlar chet el valyutasida denominatsiyalangan va milliy valyutada toʻlanadigan qatʼiy tarif boʻyicha amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.
4. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Energetika vazirligi hamda “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga Loyiha kompaniyasi tomonidan Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida imzolangan bitimlar boʻyicha majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, Loyiha kompaniyasi va Investor huquqini Investitsiya loyihasini moliyalashtirishda ishtirok etadigan boshqa kreditorlarga toʻgʻridan-toʻgʻri oʻtkazish yuzasidan bitimlar tuzish huquqi berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga:
Loyiha kompaniyasi bilan birgalikda Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimda belgilangan tartib-taomillarga muvofiq Investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun xalqaro mustaqil injiniring kompaniyasini va boshqa maslahatchilarni majburiy ekspertiza oʻtkazmagan holda tanlab olishga hamda ular bilan shartnomalar tuzishga;
Loyiha kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasini uch oy mobaynida sotib olish majburiyati bajarilishining taʼminoti sifatida Loyiha kompaniyasi foydasiga chet el bankining chet el valyutasida tasdiqlangan va tiklanadigan akkreditivini ochishga ruxsat berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida Loyiha kompaniyasiga, barcha soliqlar va yigʻimlar toʻlangan holda, Investitsiya loyihasini moliyalashtirish doirasida quyidagi huquqlar berilsin:
kredit olish, chet el valyutasida mablagʻlar olish va ulardan foydalanish (shu jumladan chet el valyutasida kredit tushumlari) uchun chet ellardagi xorijiy banklarda bank hisobvaraqlari ochish;
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida boʻlgan xorijiy pudrat tashkilotlari, yetkazib beruvchilar yoki xorijiy kreditorlarga toʻlovlarni Oʻzbekiston Respublikasidagi bank hisobvaraqlari orqali oʻtkazmasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri amalga oshirish.
7. Investitsiya loyihasi doirasida fotoelektr panellarini oʻrnatish bilan bogʻliq qurilish va yer ishlarini bajarish, bino va inshootlar poydevorlarini loyihalashtirish normalari va qoidalari Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim qoidalariga muvofiq xalqaro standartlar bilan tartibga solinishi belgilab qoʻyilsin.
8. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qashqadaryo viloyati hokimligining Investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun ajratiladigan Qashqadaryo viloyatining Nishon tumani hududidagi ilovaga muvofiq 1048,29 gektar yer uchastkasini qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan sanoat va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda oʻn kun muddatda mazkur yer uchastkasini hokimlik zaxirasiga qaytarsin.
9. Qashqadaryo viloyati hokimligi bir oy muddatda Investitsiya bitimi va Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimda koʻrsatilgan shartlarga mos keladigan quyosh fotoelektr stansiyasi hamda uning faoliyatini taʼminlashga xizmat qiluvchi podstansiya va havo elektr uzatish tarmoqlari uchun zarur boʻlgan yer uchastkalarini Energetika vazirligiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilishini taʼminlasin.
Bunda:
a) Energetika vazirligi mazkur bandga asosan tegishli yer uchastkasi:
quyosh fotoelektr stansiyasini qurish Investitsiya loyihasini amalga oshirish muddatiga teng davrga Loyiha kompaniyasiga;
xizmat qiluvchi podstansiya va havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish uchun “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga ijaraga berilishini taʼminlasin;
b) Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida:
Energetika vazirligi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan foydalanganlik uchun qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi oʻrnini qoplashdan (kompensatsiya toʻlovlaridan) ozod qilinsin;
Loyiha kompaniyasi tomonidan yer uchastkalari uchun toʻlanadigan ijara toʻlovi miqdori yer soligʻi miqdoriga tenglashtirilsin.
10. Loyiha kompaniyasining buyurtmanomasiga binoan:
Tashqi ishlar vazirligi — Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar uchun kirish vizalari, zarur hollarda, Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini (muddati uzaytirilishini);
Ichki ishlar vazirligi — Loyiha kompaniyasi va Investitsiya loyihasi doirasida jalb qilingan pudrat tashkilotlarining xorijiy mutaxassislari hamda ularning oila aʼzolariga koʻp martalik viza muddatlari uzaytirilishini, shuningdek, vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olinishi va uning muddati uzaytirilishini;
Keyingi tahrirga qarang.
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi — xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) belgilangan tartibda taʼminlasin.
11. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Investitsiya loyihasi amalga oshirilishi, shuningdek, tomonlarning Investitsiya bitimi va Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim doirasidagi majburiyatlarini bajarishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
12. Adliya vazirligi Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida Investitsiya bitimi hamda uning qoidalariga muvofiq imzolangan bitimlar yuzasidan yuridik xulosalar bersin.
13. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi loyiha hujjatlari belgilangan tartibda ekologik ekspertizadan oʻtkazilishini va Investitsiya loyihasini amalga oshirishda tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini taʼminlasin.
14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 14-iyun,
PQ-191-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-iyundagi PQ-191-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida quvvati 500 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan sanoat va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazilayotgan yer uchastkalari koordinatalari
ROʻYXATI
|
Hudud nomi |
Yerdan foydalanuvchi nomi |
Kontur raqami |
Jami yer maydoni (gektar) |
Shundan, yaylov va pichanzorlar (gektar) |
|
Qashqadaryo viloyati Nishon tumani |
Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi |
11662q |
230,76 |
230,76 |
|
11663q |
85,7 |
85,7 | ||
|
11664q |
131,58 |
131,58 | ||
|
11665q |
141,8 |
141,8 | ||
|
11666q |
11,38 |
11,38 | ||
|
11667q |
18,7 |
18,7 | ||
|
11668q |
31,18 |
31,18 | ||
|
11675q |
9 |
9 | ||
|
11676q |
64,7 |
64,7 | ||
|
11677q |
162 |
162 | ||
|
11678 |
19,9 |
19,9 | ||
|
11679q |
27,2 |
27,2 | ||
|
11680q |
114,39 |
114,39 | ||
|
Jami |
1048,29 |
1048,29 | ||
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2023-y., 07/23/191/0371-son; 05.02.2025-y., 07/25/39/0108-son; 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)