Oʻzbekiston Respublikasi togʻ-kon sanoati va geologiya vazirining
buyrugʻi
“Xavfli ishlab chiqarish obyektlaridagi avariyalarni texnik jihatdan tekshirish tartibi toʻgʻrisida”gi buyruqqa oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 14-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2558-2]
Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 14-martdagi OʻRQ-759-son “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi PF-269-son “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2014-yil 9-yanvardagi 5-son “Xavfli ishlab chiqarish obyektlaridagi avariyalarni texnik jihatdan tekshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2558, 2014-yil 3-fevral) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 6-son, 69-modda) ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir B. ISLAMOV
Toshkent sh.,
2023-yil 30-may,
3-son
Oʻzbekiston Respublikasi togʻ-kon sanoati va geologiya vazirining 2023-yil 30-maydagi 3-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
“Xavfli ishlab chiqarish obyektlaridagi avariyalarni texnik jihatdan tekshirish tartibi toʻgʻrisida”gi buyruqqa kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Buyruq muqaddimasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq buyuraman:”.
2. Nizomda:
a) muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Nizom xavfli ishlab chiqarish obyektlarida avariyalarni texnik jihatdan tekshirish tartibini belgilaydi.”;
b) 3-bandning beshinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
v) 6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. Xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariya sabablarini texnik jihatdan tekshirish Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻining buyrugʻi bilan tashkil etiladigan va inspeksiya vakili boshchilik qiladigan Xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariya sabablarini texnik jihatdan tekshiruvchi komissiya (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.”;
g) 10-banddagi “Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi raisi” degan soʻzlar “Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
d) 16-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi “pasporti seriyasi va raqami” degan soʻzlar “pasporti yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasining seriyasi va raqami” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.06.2023-y., 10/23/2558-2/0368-son)