Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bayonnoma
2011-yil 26-oktabrdagi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida Hamkorlik boʻyicha oʻzbek-xitoy hukumatlararo qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisidagi Bitimga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Tashki ishlar vazirligi tomonidan davlat reyestrida 4501-CN-2023 (2)-H tartib raqami bilan roʻyxatga olindi.]
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
2011-yil 26-oktabrdagi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida Hamkorlik boʻyicha oʻzbek-xitoy hukumatlararo qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisidagi Bitimning 4-moddasi 2-bandi va 7-moddasiga asoslanib (keyingi oʻrinlarda — “Bitim”),
kambagʻallikni qisqartirish sohasida hamkorlikni rivojlantirish va faollashtirishdagi ikki tomonlama manfaatdorlikni tasdiqlab,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Bitimga quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) muqaddimaning uchinchi xatboshisi va 2-moddaning toʻrtinchi xatboshisidagi “transport” soʻzidan soʻng “qishloq xoʻjaligi, kambagʻallikni qisqartirish” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
2) 4-moddaning 1-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Tomonlar Qoʻmita doirasida quyidagi kichik qoʻmitalarni tashkil etadi:
a) Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha kichik qoʻmita
Oʻzbek tomoni vakolatli organi: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi;
Xitoy tomoni vakolatli organi: Tijorat vazirligi;
b) Energetika sohasidagi hamkorlik boʻyicha kichik qoʻmita
Oʻzbek tomoni vakolatli organi: Energetika vazirligi;
Xitoy tomoni vakolatli organi: Energetika ishlari boʻyicha davlat boshqarmasi;
v) Transport sohasidagi hamkorlik boʻyicha kichik qoʻmita
Oʻzbek tomoni vakolatli organi: Transport vazirligi;
Xitoy tomoni vakolatli organi: Transport va kommunikatsiyalar vazirligi;
g) Ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha kichik qoʻmita
Oʻzbek tomoni vakolatli organi: Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi;
Xitoy tomoni vakolatli organi: Fan va texnika vazirligi;
d) Madaniy-gumanitar hamkorlik boʻyicha kichik qoʻmita
Oʻzbek tomoni vakolatli organi: Madaniyat va turizm vazirligi;
Xitoy tomoni vakolatli organi: Madaniyat va turizm vazirligi;
e) Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik boʻyicha kichik qoʻmita
Oʻzbek tomoni vakolatli organi: Tashqi ishlar vazirligi;
Xitoy tomoni vakolatli organi: Tashqi ishlar vazirligi;
j) Qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlik boʻyicha kichik qoʻmita
Oʻzbek tomoni vakolatli organi: Qishloq xoʻjaligi vazirligi;
Xitoy tomoni vakolatli organi: Qishloq xoʻjaligi va qishloq ishlari vazirligi;
z) Kambagʻallikni qisqartirish sohasidagi hamkorlik boʻyicha kichik qoʻmita
Oʻzbek tomoni vakolatli organi: Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi;
Xitoy tomoni vakolatli organi: Qishloq xoʻjaligi va qishloq ishlari vazirligi.”.
2-modda
Mazkur Bayonnoma kuchga kirgan sanadan boshlab 2013-yil 31-yanvardagi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida Hamkorlik boʻyicha oʻzbek-xitoy hukumatlararo qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisidagi 2011-yil 26-oktabrdagi Bitimga qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisidagi Protokol oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3-modda
Mazkur Bayonnoma qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllash boʻyicha nizolar kelib chiqqan hollarda, Tomonlar ularni doʻstona maslahatlashuvlar orqali hal etadilar.
4-modda
Mazkur Bayonnoma Bitimning 10-moddasida nazarda tutilgan tartibda kuchga kiradi va Bitimning ajralmas qismi hisoblanadi.
Mazkur Bayonnoma Bitimning amal qilish muddati davomida amal qiladi hamda Bitimning amal qilish muddati tugallanishi bilan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Sian shahrida 2023-yil 18-mayda, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, xitoy va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
(imzolar)