Qashqadaryo viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasining
Qarori
Birinchi instansiya sudida ishni koʻrgan sudya O. Qurbonov
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya D. Raximov
Qashqadaryo viloyat sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha apellatsiya instansiyasi sudlov hayʼati raislik etuvchi M. Astanov, hayʼat aʼzolari sudyalar H. Tursunov va D. Raximovdan iborat tarkibda, sudya katta yordamchisi B. Xolmurodovning kotibligida, Shahrisabz tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 10-fevraldagi hal qiluv qaroriga nisbatan “A” masʼuliyati cheklangan jamiyatining apellatsiya shikoyatini daʼvogar vakillari Sh.N. va M.U. (ishonchnoma asosida), javobgar “A” masʼuliyati cheklangan jamiyatining boshqaruv raisi B.R.lar ishtirokida Qashqadaryo viloyat sudi binosi sud majlislari zalida, videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilgan ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
Sh.D.N. (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi), “A” masʼuliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi) va uchinchi taraflar Kitob tuman Davlat xizmatlari Markazi hamda “K.” xususiy korxonasiga nisbatan daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qilib, “K” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischilarining 2020-yil 7-iyuldagi 4-sonli umumiy yigʻilish bayonnomasi(qarori)ni haqiqiy emas deb topishni va haqiqiy emaslik oqibatini qoʻllashni hamda “K” masʼuliyati cheklangan jamiyati va “A” masʼuliyati cheklangan jamiyati ishtirokchilarining 2020-yil 17-iyuldagi 1-sonli qoʻshma yigʻilish bayonnomasi(qarori)ni haqiqiy emas deb topishni va haqiqiy emaslik oqibatini qoʻllashni soʻragan.
Birinchi instnatsiya sudining ajrimlari bilan “A” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischilari ishga jalb qilingan va daʼvogarning qoʻshimcha daʼvo arizasi ish yuritishga qabul qilingan.
Birinchi instansiya sudining 2023-yil 10-fevraldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo arizasi toʻliq qanoatlantirilib, sobiq “K” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischilarining 2020-yil 7-iyuldagi 4-sonli umumiy yigʻilish qarori haqiqiy emas deb topilgan va haqiqiy emaslik oqibati qoʻllanilgan, shuningdek sobiq “K” masʼuliyati cheklangan jamiyati va “A” masʼuliyati cheklangan jamiyati ishtirokchilarining 2020-yil 17-iyuldagi 1-sonli qoʻshma yigʻilish qarori haqiqiy emas deb topilib va haqiqiy emaslik oqibati qoʻllanilgan va javobgar “A” masʼuliyati cheklangan jamiyatidan Respublika budjetiga 600 000 soʻm davlat boji va daʼvogar Sh.D.N. foydasiga oldindan toʻlangan 6 000 000 soʻm davlat boji va 54 000 soʻm pochta xarajatlari undirish belgilangan.
Javobgarning apellatsiya shikoyatida birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvo arizasini rad qilish haqida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sud majlisida ishtirok etgan javobgar boshqaruv raisi apellatsiya shikoyatini qoʻllab-quvvatlab, birinchi instansiya sudi moddiy va protsessual huquq normalarini notoʻgʻri qoʻllaganligini, daʼvogarning daʼvo qilish muddati oʻtib ketganligini, birinchi bosqich sudi buni inobatga olmaganligini, daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisida ariza berilganligini biroq ariza muhokama qilinmaganligini bildirib, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvo arizasini rad qilish haqida yangi qaror qabul qilish soʻradi.
Sud majlisida ishtirok etgan daʼvogar vakillari apellatsiya shikoyatiga eʼtiroz bildirib, birinchi instansiya sudi hal qiluv qarori asosli qabul qilinganligini, javobgar daʼvo muddatini qoʻllash haqida arizani birinchi instansiya sudiga taqdim etmaganligini, daʼvogarning daʼvo qilish muddati oʻtmaganligini, sababi daʼvogar dastlab 2020-yil 14-fevralda oʻtkazilgan 1-sonli umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topmasdan turib, mazkur umumiy yigʻilish qarorlariga nisbatan daʼvo qilish huquqi mavjud boʻlmaganligini bildirib, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni soʻradi.
Bugungi sud majlisining oʻtkazilish vaqti va joyi toʻgʻrisida uchinchi shaxslar qonunda belgilangan tartibda xabardor qilingan boʻlsa-da, uning vakili ishtirok etmadi, apellatsiya shikoyati yuzasidan fikr bildirmadi.
Bunday holda sud ishni Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi (keyingi matnda IPK deb yuritiladi) 274-moddasiga asosan sud majlisini uchinchi shaxs vakillarining ishtirokisiz koʻrib chiqishni lozim deb hisoblaydi.
Sudlov hayʼati, ishda ishtirok etgan shaxslarning tushuntirishlarini tinglab, ishdagi mavjud hujjatlar bilan tanishib, quyidagi asoslarga koʻra hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishga, apellatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmaslikka qaror qildi.
Ish hujjatlariga koʻra, “K” masʼuliyati cheklangan jamiyatining nizomi va taʼsis shartnomasi 2004-yil 27-yanvarda 44-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
Ushbu jamiyat ustav fondida daʼvogar Sh.D.N. 35 foiz ulushga ega boʻlgan.
Keyinchalik, daʼvogar Sh.D.N. oʻz ulushini toʻligʻincha 2009-yil 7-may kunidagi notarial oldi-sotdi shartnomasiga koʻra turmush oʻrtogʻi A.E.A.ga sotgan.
Shuningdek, jamiyat taʼsischilari A.T.J. jamiyatdagi 34 foiz ulushini, Sh.X.Gʻ. oʻzining jamiyatdagi 9 foiz ulushini toʻligʻincha 2009-yil 7-may kunidagi notarial oldi-sotdi shartnomalari orqali A.E.A.ga sotgan boʻlib, Sh.D.ning turmush oʻrtogʻi A.E.A.ning “K” masʼuliyati cheklangan jamiyatining ustav fondidagi jami ulushi miqdori 78 foizni tashkil qilgan boʻlsada, ammo jamiyat taʼsis hujjatlarida davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan. A.E.A. 2012-yil 7-oktabrda vafot etgan boʻlib, uning ulushi merosxoʻrlariga qonun boʻyicha vorislik asosida oʻtishi lozim boʻlgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Masʼuliyati cheklangan va qoʻshimcha masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida”gi qonunining 20-moddasida, jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlar jismoniy shaxslarning merosxoʻrlariga huquqiy vorislariga oʻtadi. Jamiyatning vafot etgan ishtirokchisining merosxoʻri tomonidan meros qabul qilinguniga qadar jamiyatning vafot etgan ishtirokchisining huquqlari vasiyatnomada koʻrsatilgan shaxs tomonidan amalga oshiriladi, uning majburiyatlari esa shu shaxs tomonidan bajariladi, bunday shaxs boʻlmagan taqdirda esa notarius tayinlagan boshqaruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonuni 34-moddasida, jamiyatning ishtirokchilari yoki ularning vakillari kun tartibidagi masalalarni muhokama qilishda ishtirok etish va qarorlarni qabul qilishda ovoz berish huquqiga egadirlar. Jamiyatning jamiyat ishtirokchilarining koʻrsatib oʻtilgan huquqlarini cheklovchi taʼsis hujjatlarining qoidalari yoki jamiyat organlarining qarorlari haqiqiy emas deb belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi “Iqtisodiy sudlar tomonidan korporativ nizolarni hal etishning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi 2014-yil 20-iyundagi 262-sonli Plenumi qarorining 20.1-bandida, jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishi qarori u qonun hujjatlariga zid boʻlgan va (yoki) umumiy yigʻilish qonun hujjatlari va jamiyat ustavida belgilangan tartibga rioya etilmagan holda oʻtkazilgan hollardagina, haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Ushbu Plenum qarorining 20.3-bandida, sudlar masʼuliyati cheklangan yoki qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda ishning barcha holatlarini toʻliq oʻrganishlari, daʼvogarning ovozi ovoz berish natijalariga qay darajada taʼsir koʻrsata olishi mumkinligini aniqlashlari lozim.
Sobiq “K” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischilarining 2020-yil 14-fevraldagi noqonuniy umumiy yigʻilish qarori bilan 3 (uch)ta ishtirokchilar Sh.D.N., A.T.J. va Sh.X.Gʻ. oʻz ulushlarini A.E.A.ga sotganligi sababli jamiyat taʼsischilari safidan chiqarilishi belgilangan, shuningdek ushbu qaror bilan A.E.A. vafot etganligi munosabati bilan uning jamiyatdagi 78 foiz ulushining qiymati 22 035 700 soʻmga baholanib, ushbu ulush qiymati jamiyatning bankdagi depozit hisob raqamiga oʻtkazib qoʻyilishi haqida qaror qabul qilingan, shu bois sobiq “K” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsis hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritilib, jamiyatning 78 foiz ulush ishtirokchilari yangi oʻzgartirilgan taʼsis hujjatlarida qayd etilmagan, “K” masʼuliyati cheklangan jamiyatining qolgan 22 foiz taʼsischilari 2020-yil 7-iyuldagi 4-sonli umumiy yigʻilish bayonnomasini rasmiylashtirib, qaror qabul qilishgan boʻlib, unga koʻra “K” masʼuliyati cheklangan jamiyatini yangi tashkil qilingan “A” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga birlashtirish;
“K” masʼuliyati cheklangan jamiyatining balansida turgan barcha mol-mulklarni “A” masʼuliyati cheklangan jamiyatining balansiga oʻtkazish;
“K” masʼuliyati cheklangan jamiyatining barcha mol-mulki, debitor va kreditor qarzdorliklarini topshirish –– qabul qilish dalolatnomasi asosida “A” masʼuliyati cheklangan jamiyatining hisobiga oʻtkazishga qaror qilingan.
Ushbu qarorga asosan “K” masʼuliyati cheklangan jamiyati va “A” masʼuliyati cheklangan jamiyati ishtirokchilarining 2020-yil 17-iyuldagi 1-sonli qoʻshma yigʻilish bayonnomasi qabul qilingan, ushbu qoʻshma yigʻilish bayonnomasida ham qoʻyidagi bir xil masalalar boʻyicha qaror qabul qilingan, yaʼni “K” masʼuliyati cheklangan jamiyatini yangi tashkil qilingan “A” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga birlashtirish;
“K” masʼuliyati cheklangan jamiyatining barcha mol-mulki, shu jumladan koʻchmas mol-mulklari, bino va inshootlari, debitor va kreditor qarzdorliklarini topshirish –– qabul qilish dalolatnomasi asosida “A” masʼuliyati cheklangan jamiyatining hisobiga oʻtkazish;
“K” masʼuliyati cheklangan jamiyatining barcha huquqlari va majburiyatlari boʻyicha “A” masʼuliyati cheklangan jamiyati toʻla huquqiy voris ekanligi haqida qaror qilingan.
“A” masʼuliyati cheklangan jamiyati va “K” masʼuliyati cheklangan jamiyatlarini 2020-yil 17-iyuldagi 1-sonli qoʻshma yigʻilish bayonnomasi va qarori asosida “K” masʼuliyati cheklangan jamiyati “A” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga birlashtirilib, “K” masʼuliyati cheklangan jamiyatining huquqiy vorisi sifatida Kitob tuman Davlat xizmatlari markazining 2020-yil 27-iyuldagi 863609-sonli reyestr raqami bilan uning nizomi qayta roʻyxatga olingan.
Vaholanki, “K” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischilarining 2009-yil 24-maydagi 1-sonli umumiy yigʻilish bayonnomasi bilan “K” masʼuliyati cheklangan jamiyatining barcha mol-mulklari, debitor va kreditorlik qarzdorliklari bilan birga 2009-yil 22-mayda Sh.D.N.ning taʼsischiligida tashkil etilgan “K” xususiy korxonasiga birlashish haqida qaror qabul qilingan.
Kitob tuman hokimligi maxsus tugatish komissiyasining 2009-yil 27-may kunidagi 14-sonli yigʻilish bayoni bilan “K” masʼuliyati cheklangan jamiyati barcha debitor va kreditorlik qarzdorliklarini, aktivlarini va mol-mulklarini “K” xususiy korxonasining balansiga oʻtkazilishi tasdiqlangan.
“K” masʼuliyati cheklangan jamiyatining huquqiy merosxoʻri sifatida “K” xususiy korxonasi belgilangan.
Kitob tuman hokimining 2009-yil 5-iyun kunidagi X-2836/6-sonli qaroriga asosan “K” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischilarining 2009-yil 24-maydagi 1-sonli yigʻilish qarori va tugatish komissiyasining 2009-yil 27-may kunidagi 14-sonli yigʻilish bayoni ijroga qaratilgan holda “K” masʼuliyati cheklangan jamiyati 2009-yil 5-iyunda davlat reyestridan chiqarilgan va uning barcha mol-mulklari, aktivlari, debitor va kreditorlik qarzdorliklari amalda “K” xususiy korxonasiga oʻtkazilgan.
Biroq, “K” masʼuliyati cheklangan jamiyatining taʼsischilari boʻlgan B.R., R.A. va R.E.ning daʼvo arizasiga koʻra Fuqarolik ishlari boʻyicha Shahrisabz tumanlararo sudining 2018-yil 27-fevral kunidagi hal qiluv qarori bilan “K” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischilarining 2009-yil 24-maydagi 1-sonli umumiy yigʻilish bayonnomasi va Kitob tuman hokimining 2009-yil 5-iyun kunidagi X-2836/6-sonli qarori haqiqiy emas deb topilgan.
Shunga asosan “Kitob non” masʼuliyati cheklangan jamiyatining 2018-yil 26-mart kuni umumiy yigʻilish qaroriga asosan davlat reyestriga tiklangan, jamiyatning yangi tahrirdagi ustavi va taʼsis shartnomasi tasdiqlangan va qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
Fuqarolik ishlari boʻyicha Qashqadaryo viloyat sudi kassatsiya instansiyasining 2018-yil 21-iyundagi ajrimi bilan “K” masʼuliyati cheklangan jamiyatini tiklashga asos boʻlgan Fuqarolik ishlari boʻyicha Shahrisabz tumanlararo sudining 2018-yil 27-fevral kunidagi hal qiluv qarori bekor qilinib, ish yuritish tugatilgan.
“K” masʼuliyati cheklangan jamiyati qayta tiklangandan keyin 2018-yil mart oyidan boshlab rasmiylashtirilgan “K” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischilarining barcha umumiy yigʻilish qarorlarining oʻz-oʻzidan haqiqiy emasligini va hech qanday yuridik oqibat tugʻdirmasligini qayd etgan holda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining ayni bir shaxslar ishtirokidagi 4-1802-2102/1150-sonli 2022-yil 20-oktabr kungi qarori bilan sobiq “K” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischilarining 2020-yil 14-fevral kungi noqonuniy umumiy yigʻilish qarori va jamiyat taʼsis hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirishlar oʻz-oʻzidan haqiqiy emas deb topilgan.
IPKning 73-moddasi birinchi qismiga asosan, ishning iqtisodiy sud tomonidan hammaga maʼlum deb topilgan holatlari isbotlashga muhtoj emas. Ushbu moddaning ikkinchi qismida, iqtisodiy sudning ilgari koʻrilgan ish boʻyicha qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori bilan aniqlangan holatlar sud xuddi shu shaxslar ishtirok etayotgan boshqa ishni koʻrayotganida yangidan isbot qilinmaydi deb koʻrsatilgan.
IPKning 66-moddasiga koʻra, ish boʻyicha dalillar ushbu kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan tartibda olingan faktlar haqidagi maʼlumotlar boʻlib, ular asosida sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning talablari va eʼtirozlarini asoslovchi holatlar, shuningdek nizoni toʻgʻri hal qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan boshqa holatlar mavjudligini yoki mavjud emasligini aniqlaydi. Bunday maʼlumotlar yozma va ashyoviy dalillar, ekspertlarning xulosalari, mutaxassislarning maslahatlari (tushuntirishlari), guvohlarning koʻrsatuvlari, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari bilan aniqlanadi.
IPKning 74-moddasi birinchi qismiga koʻra, sud dalillarga ishning barcha holatlarini jamlab, ularni sud majlisida qonunga amal qilgan holda har tomonlama, toʻliq va xolis koʻrib chiqishga asoslangan oʻz ichki ishonchi boʻyicha baho beradi.
Shunga koʻra, sobiq “K” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischilarining 2020-yil 7-iyuldagi 4-sonli umumiy yigʻilish bayonnomasi(qarori) hamda “K” masʼuliyati cheklangan jamiyati va “A” masʼuliyati cheklangan jamiyati ishtirokchilarining 2020-yil 17-iyuldagi 1-sonli qoʻshma yigʻilish bayonnomasi(qarori) oʻz oʻzidan haqiqiy emas deb hisoblanadi va u qabul qilingan vaqtdan boshlab haqiqiy emas deb baholanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2014-yil 28-noyabrdagi 269-sonli “Iqtisodiy sudlar tomonidan bitimlarni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlari normalarini qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi Qarorining 29-bandida, manfaatdor shaxs tomonidan bitimni haqiqiy emas deb topish va bitimning haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllash toʻgʻrisidagi kiritilgan daʼvo sudlar tomonidan ikkita mustaqil talabdan iborat boʻlgan daʼvo sifatida koʻrilishi kerak. Bunday daʼvolar boʻyicha davlat boji har bir talab uchun alohida toʻlanishi lozim. Agar daʼvogar tomonidan bitimning haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllash toʻgʻrisida talab qoʻyilsa, davlat boji ushbu talab mulkiy xaraktyerga egaligidan kelib chiqqan holda toʻlanadi.
Shuningdek, javobgar tomonidan birinchi instansiya sudiga daʼvo muddatini qoʻllash haqida ariza berilganligi, biroq mazkur ariza birinchi instansiya sudi tomonidan koʻrib chiqilmaganligi haqidagi vajlar keltirilgan.
Biroq, ish hujjatlarida javobgar tomonidan daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi ogʻzaki yoki yozma tarzda ariza bilan murojaat qilinganligi haqidagi dalillar mavjud emas.
Shunga koʻra, javobgarning hal qiluv qarorini bekor qilish va daʼvo arizasini qanoatlantirishni rad etish haqidagi vajlari bilan sudlov hayʼati kelisha olmaydi.
Yuqoridagilarga koʻra, birinchi instansiya sudi daʼvoni toʻliq qanoatlantirish haqida asosli xulosaga kelgan.
IPKning 68-moddasiga koʻra ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talab va eʼtirozlariga asos boʻlgan holatlarni isbotlashi shart.
IPKning 278-moddasi birinchi qismi birinchi bandiga koʻra, apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishga haqli.
IPK 279-moddasining birinchi qismiga koʻra hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish asosi koʻrsatilgan.
“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunga koʻra mulkiy xususiyatga ega daʼvo arizalaridan daʼvo bahosining 2 foizi miqdorida, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan kam boʻlmagan miqdorda, nomulkiy tusdagi daʼvo arizalari boʻyicha bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida davlat boji toʻlanishi lozimligi koʻrsatilgan.
IPKning 118-moddasiga asosan sud harajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda yuklatilishi belgilangan.
Qayd etilganlarga koʻra sudlov hayʼati birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, javobgarning apellatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni, javobgar tomonidan apellatsiya instansiyasi uchun oldindan toʻlangan 3.300.000 soʻm davlat boji va 30.000 soʻm pochta xarajatini inobatga olinib, oʻzining zimmasida qoldirishni, shuningdek, javobgardan Oliy sud depozit hisobraqamiga ishni videokonferensaloqa rejimida koʻrish bilan bogʻliq 82.500 soʻm sud xarajatlari undirishni lozim topadi.
Yuqoridagilarga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 118, 260, 274, 276 — 280-moddalariga asoslanib, sudlov hayʼati qaror qildi:
Shahrisabz tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 10-fevraldagi hal qiluv qarori oʻzgarishsiz, apellatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirilsin.
Javobgar tomonidan apellatsiya instansiya uchun oldindan toʻlangan 3.300.000 soʻm davlat boji va 30.000 soʻm pochta xarajati inobatga olinib, oʻzining zimmasida qoldirilsin.
Javobgar “A” masʼuliyati cheklangan jamiyati hisobidan Oliy sud depozit hisobraqamiga 82.500 soʻm sud xarajatlari undirilsin.
Qaror yuzasidan ijro varaqasi berilsin.
Qaror qabul qilingan paytdan boshlab qonuniy kuchga kiradi, uni ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga kassatsiya tartibida shikoyat (protest keltirish) berish mumkin.
Raislik qiluvchi M. ASTANOV
Sudyalar H. TURSUNOV
D. RAXIMOV
Qashqadaryo v.,
2023-yil 16-may,
4-1802-2202/2581-son