Birinchi instansiya sudida ishni koʻrgan sudya O. Qurbonov
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya D. Raximov
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya D. Raximov
QAShQADARYo VILOYAT SUDI IQTISODIY IShLAR BOʻYIChA SUDLOV HAYʼATI APELLATSIYA INSTANSIYASINING
QarorI
4-1802-2202/1692-sonli ish
Qashqadaryo viloyat sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha apellatsiya instansiyasi sudlov hayʼati M. Bozorovning raisligida, hayʼat aʼzolari sudyalar H. Tursunov va D. Raximovdan iborat tarkibda, sudya katta yordamchisi B. Xolmurodovning kotibligida, Shahrisabz tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 11-yanvardagi ajrimi ustidan G.A.Vning apellatsiya shikoyatini daʼvogar vakili M.J (order va ishonchnoma asosida), javobgar vakili A.A (2023-yil 10-yanvardagi 3/23-E-sonli orderga asosan)larning ishtirokida, Qashqadaryo viloyat sudi binosida videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilgan ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
Daʼvogar G.A.V 2010-yil 27-oktabrda tugʻilgan voyaga yetmagan shaxs K.A.B manfaatida javobgarlar “K” xususiy korxonasi va taʼsischisi K.S.Bga nisbatan daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qilib, “K” ishlab chiqarish va savdo firmasining 2019-yil 9-dekabr kunidagi 1-sonli umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudning ajrimi bilan ish boʻyicha nizo predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida Qashqadaryo viloyat adliya boshqarmasi va Shahrisabz tuman Davlat xizmatlari markazi jalb qilingan.
Sudning 2023-yil 11-yanvardagi ajrimi bilan daʼvogarning daʼvo arizasi boʻyicha ish yuritish tugatilgan.
Daʼvogarning apellatsiya shikoyatida birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilib, daʼvoni qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sud majlisida ishtirok etgan daʼvogar vakili apellatsiya shikoyatini qoʻllab-quvvatlab, birinchi instansiya sudi daʼvo arizasi boʻyicha ish yuritishni tugatish haqida asossiz xulosaga kelganligini, IPKda koʻrsatilgan korporativ nizolarning roʻyxati tugal hisoblanmasligini, ushbu umumiy yigʻilish qarori voyaga yetmagan shaxs K.A.Bning huquqlariga taʼsir qiluvchi qaror hisoblanishini, mazkur umumiy yigʻilish qarori qonun hujjatlariga zid ravishda oʻtkazilganligini bildirib, apellatsiya shikoyatni qanoatlantirib, birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilib, daʼvoni qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishni soʻradi.
Sud majlisida ishtirok etgan javobgar vakili apellatsiya shikoyati asossiz ekanligini, mazkur nizo korporativ nizo boʻyicha ishlar jumlasiga kirmasligini, daʼvogar taʼsischi hisoblanmasligini, javobgar xoʻjalik shirkati, aksiyadorlik jamiyati yoki masʼuliyati cheklangan jamiyat emasligini, balki yagona jismoniy shaxs tomonidan tuzilgan va boshqariladigan tijoratchi tashkilot, yaʼni xususiy korxona hisoblanishini, bundan tashqari daʼvogar tomonidan haqiqiy emas deb topilishi soʻralayotgan 2019-yil 9-dekabrdagi 1-sonli qaror sobiq marhum rahbar oila-aʼzolarining oʻzaro yigʻilish qarori boʻlib, jamiyat taʼsischilarining umumiy yigʻilish qarori emasligini, mazkur nizo meros mol-mulkni boʻlish bilan bogʻliqligini, meros bilan bogʻliq nizolar fuqarolik sudlarida koʻrilishi kerakligini bildirib, birinchi instansiya sudining ajrimini oʻzgarishsiz qoldirishni, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni soʻradi.
Bugungi sud majlisining oʻtkazilish vaqti va joyi toʻgʻrisida uchinchi shaxslar qonunda belgilangan tartibda xabardor qilingan boʻlsa-da, ularning vakillari ishtirok etmadi, apellatsiya shikoyati yuzasidan fikr bildirmadi.
Bunday holda sud ishni Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi (keyingi matnda IPK deb yuritiladi) 274-moddasiga asosan sud majlisini uchinchi shaxs vakillarining ishtirokisiz koʻrib chiqishni lozim deb hisoblaydi.
Sudlov hayʼati ishda ishtirok etgan shaxslarning tushuntirishlarini eshitib, apellatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari asosida muhokama qilib, quyidagilarga asosan birinchi instansiya sudining daʼvo arizasi boʻyicha ish yuritishni tugatish haqidagi ajrimini bekor qilib, daʼvo arizasini qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishni va apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, daʼvogar voyaga yetmagan shaxs K.A.Bning otasi K.B.N “K” ishlab chiqarish va savdo firmasini 100 foiz taʼsischisi 2019-yil 22-noyabr kuni vafot etgan.
2019-yil 9-dekabrdagi “K” ishlab chiqarish va savdo firmasi sobiq mulkdori K.B.Nning oila aʼzolarining 1-sonli umumiy yigʻilishi oʻtkazilgan. Unga koʻra firmaning taʼsischiligini hamda firma nomidan belgilangan barcha huquq va majburiyatlar boʻyicha boshqarishni sobiq mulkdorning oʻgʻli K.S.Bga oʻtkazilgan.
K.S.Bning 2019-yil 10-dekabrdagi 1-sonli qarori bilan 2019-yil 9-dekabrdagi 1-sonli umumiy yigʻilish qaroriga asosan “K” ishlab chiqarish va savdo firmasining barcha mol mulki, debitorlik va kreditorlik qarzdorliklari hamda boshqa majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi sifatida tashkiliy huquqiy shaklini “K” xususiy korxonasi shakliga oʻzgartirgan.
Shahrisabz tuman davlat xizmatlari markazi tomonidan 2019-yil 20-dekabrdagi № 8501-sonli reyestr raqami bilan “K” ishlab chiqarish va savdo firmasining huquqiy maqomi oʻzgartirilib, “K” xususiy korxonasi sifatida roʻyxatga olingan.
Shundan keyin, daʼvogar G.A.V 2010-yil 27-oktabrda tugʻilgan voyaga yetmagan shaxs K.A.B manfaatida “K” ishlab chiqarish va savdo firmasining 2019-yil 9-dekabr kunidagi 1-sonli umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
IPKning 30-moddasiga asosan, korporativ nizolar boʻyicha ishlar jumlasiga quyidagilar kiradi: 1) yuridik shaxsni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish bilan bogʻliq nizolar; 2) xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlarining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarning, ulushlarning, kooperativlar aʼzolari paylarining mansubligi, ularga yuklamalar belgilash va ulardan kelib chiqadigan huquqlarni amalga oshirish bilan bogʻliq nizolar, bundan xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlarining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni, ulushlarni, kooperativlar aʼzolarining paylarini oʻz ichiga oluvchi meros mol-mulkni yoki er-xotinning umumiy mol-mulkini boʻlish bilan bogʻliq holda yuzaga keladigan nizolar mustasno; 3) yuridik shaxs ishtirokchilarining (muassislarining, aʼzolarining) yuridik shaxs tomonidan tuzilgan bitimlarni haqiqiy emas deb topish va (yoki) bunday bitimlarning haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllash haqidagi daʼvolari boʻyicha nizolar; 4) qimmatli qogʻozlar emissiyasi bilan, shu jumladan emitentning boshqaruv organlari qarorlari yuzasidan nizolashish bilan, emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni joylashtirish jarayonida tuzilgan bitimlar, emissiyaviy qimmatli qogʻozlar chiqarish (qoʻshimcha ravishda chiqarish) natijalari boʻyicha hisobotlar (xabarnomalar) yuzasidan nizolashish bilan bogʻliq nizolar; 5) qimmatli qogʻozlarni nominal saqlovchilarning aksiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqlarni hisobga olish, qonunda nazarda tutilgan boshqa huquq va majburiyatlarni qimmatli qogʻozlarni joylashtirish va (yoki) ularning muomalasi munosabati bilan qimmatli qogʻozlarning nominal saqlovchilari tomonidan amalga oshirish bilan bogʻliq faoliyatidan kelib chiqadigan nizolar; 6) yuridik shaxs ishtirokchilarining umumiy yigʻilishini chaqirish toʻgʻrisidagi nizolar; 7) yuridik shaxs boshqaruv organlarining qarorlari ustidan shikoyat qilish toʻgʻrisidagi nizolar.
Mazkur moddaning ikkinchi qismida qonunga muvofiq korporativ nizolar boʻyicha ishlar jumlasiga boshqa nizolar ham kiritilishi mukinligi belgilangan.
Birinchi instansiya sudi, daʼvogar tomonidan haqiqiy emas deb topish soʻralayotgan 2019-yil 9-dekabrdagi 1-sonli qaror “K” ishlab chiqarish va savdo firmasi sobiq rahbar marhum K.B.Nning oila-aʼzolarining oʻzaro yigʻilish qaroriligi, uni jamiyat taʼsischilarining umumiy yigʻilish qarori deb boʻlmasligi, mazkur nizo meros mol-mulkni boʻlish bilan bogʻliqligi, meros bilan bogʻliq nizolar fuqarolik sudlarida koʻrilishi lozimligi haqidagi asoslar bilan daʼvogarning daʼvo arizasi boʻyicha IPKning 110-moddasining 1-bandiga koʻra ish yuritishni tugatish haqida barvaqt xulosaga kelgan.
Vaholangki, K.S.Bning 2019-yil 10-dekabrdagi 1-sonli qarori bilan 2019-yil 9-dekabrdagi 1-sonli umumiy yigʻilish qaroriga asosan “K” ishlab chiqarish va savdo firmasining barcha mol mulki, debitorlik va kreditorlik qarzdorliklari hamda boshqa majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi sifatida tashkiliy huquqiy shaklini “K” xususiy korxonasi shakliga oʻzgartirlib, qayta tashkil etilganligi sababli mazkur nizo paydo boʻlgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qashqadaryo viloyat adliya boshqarmasi Shahrisabz tuman adliya boʻlimi Davlat xizmatlari markazi tomonidan berilgan 11.01.2023-yidagi 41-sonli maʼlumotnomada “K” xususiy korxonasining qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazilishiga asos xususiy korxona rahbari K.B.Nning vafot etganligi sababli korxona aʼzolarining 2019-yil 9-dekabrdagi № 1-sonli umumiy yigʻilish qaroriga asosan marxum korxona taʼsischisining oʻgʻli Q.S.B nomiga rasmiylashtirilganligi haqida bayon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Xususiy korxona toʻgʻrisida”gi Qonunning 3-moddasida koʻra, mulkdor yagona jismoniy shaxs tomonidan tuzilgan va boshqariladigan tijoratchi tashkilot xususiy korxona deb eʼtirof etiladi. Xususiy korxona tadbirkorlik subyektlarining tashkiliy-huquqiy shaklidir. Xususiy korxona oʻz mulkida alohida mol-mulkka ega boʻladi, oʻz nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega boʻlishi hamda ularni amalga oshirishi, majburiyatlarni bajarishi, sudda daʼvogar va javobgar boʻlishi mumkin.
Qonunning 27-moddasida xususiy korxona mulkdori xususiy korxonani mol-mulk majmuasi sifatida sotishga, hadya qilishga, vasiyat qilib qoldirishga yoki uni oʻzgacha usulda boshqa shaxsga oʻtkazishga haqli ekanligi. Xususiy korxona boshqa shaxsga berilgan taqdirda oʻzining firma nomidan, tovar belgilaridan, xizmat koʻrsatish belgilaridan hamda mazkur xususiy korxona va uning mahsulotini, u bajarayotgan ishlarni yoki koʻrsatayotgan xizmatlarni individuallashtiruvchi oʻzga vositalardan foydalanish huquqlari, agar qonunchilikda yoxud shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, yangi mulkdorga oʻtadi deb belgilangan.
“K” ishlab chiqarish va savdo firmasining 2015-yil 3-oktabrdagi 8501-sonli reyestr raqami bilan ruyxatdan oʻtkazilgan nizomining 4.2-bandida taʼsis etuvchilar tarkibi firmaning taʼsis etuvchisining qarori bilan oʻzgartirilishi mumkinligi, firmaga yangi taʼsis etuvchini qabul qilish va uning ulushini belgilash amaldagi qonunchilikka asosan taʼsis etuvchining qarori bilan belgilanadi deb aks ettirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (Bundan buyon matnda — FK deb yuritiladi)ning haqiqiy boʻlmagan bitim uning haqiqiy emasligi bilan bogʻliq boʻlgan oqibatlardan tashqari boshqa yuridik oqibatlarga olib kelmaydi va u tuzilgan paytidan boshlab haqiqiy emasdir deb belgilangan.
FKning 116-moddasiga koʻra, qonunchilikning talablariga muvofiq kelmaydigan mazmundagi bitim, shuningdek huquq-tartibot yoki axloq asoslariga atayin qarshi maqsadda tuzilgan bitim oʻz-oʻzidan haqiqiy emasdir.
Mazkur holatda 2019-yil 9-dekabrdagi “K” ishlab chiqarish va savdo firmasi sobiq mulkdori K.B.Nning oila aʼzolarining 1-sonli umumiy yigʻilishi oʻtkazib, firmaning taʼsischiligini hamda firma nomidan belgilangan barcha huquq va majburiyatlar boʻyicha boshqarishni sobiq mulkdorning oʻgʻli K.S.Bga oʻtkazilganligi yuqoridagi qonun normalariga zid ravishda amalga oshirilgan.
Shunga koʻra, sudlov hayʼati birinchi instansiya sudi tomonidan qabul qilingan ajrimni bekor qilib, daʼvoni qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishni lozim deb hisoblaydi.
IPKning 278-moddasi 2-bandiga koʻra, apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha hal qiluv qarorini toʻliq yoki qisman bekor qilishga va yangi qaror qabul qilishga haqli.
IPKning 279-moddasi 1-qismiga koʻra, ish uchun ahamiyatli holatlarning toʻliq aniqlanmaganligi, sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatli boʻlgan holatlarning isbotlanmaganligi, hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalarning ish holatlariga muvofiq emasligi, moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilganligi, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladi.
IPKning 118-moddasining birinchi qismiga koʻra, sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarning qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda ularning zimmasiga yuklanadi.
Yuqorida qayd etilganlarga asosan, sudlov hayʼati birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilib, daʼvogarning daʼvo arizasini qanoatlantirib, javobgardan daʼvogar foydasiga daʼvo arizasi uchun oldindan toʻlangan 3.000.000 soʻm davlat boji, 24.600 soʻm pochta harajatlari, Respublika budjetiga 1.500.000 soʻm davlat boji undirishni, javobgar hisobidan daʼvogar foydasiga daʼvogar tomonidan apellatsiya shikoyati uchun oldindan toʻlangan 30.000 soʻm pochta xarajatlari, Oliy sud depozit hisobraqamiga 82.500 soʻm sud xarajatlari undirishni lozim topadi.
Binobarin, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 118, 278 — 280-moddalariga asoslanib, sudlov hayʼati qaror qiladi:
Shahrisabz tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 11-yanvardagi ajrimi bekor qilinsin.
Yangi qaror qabul qilinsin. Daʼvogarning daʼvo arizasi qanoatlantirilsin.
Apellatsiya shikoyati qanoatlantirilsin.
“K” ishlab chiqarish va savdo firmasining sobiq mulkdori K.B.Nning oila aʼzolarining 2019-yil 9-dekabrdagi 1-sonli umumiy yigʻilish qarori haqiqiy emas deb topilsin.
Javobgar hisobidan daʼvogar foydasiga 3.000.000 soʻm davlat boji, birinchi instansiya va apellatsiya instansiyalari uchun toʻlangan jami 54.600 soʻm pochta xarajatlari:
Respublika budjetiga ishni apellatsiya instansiya sudida koʻrish bilan bogʻliq 1.500.000 soʻm davlat boji:
Oliy sud depozit hisobraqamiga 82.500 soʻm sud xarajatlari undirilsin.
Qaror yuzasidan ijro varaqalari berilsin.
Qaror qabul qilingan paytdan boshlab qonuniy kuchga kiradi. Uni ustidan Oliy sudga kassatsiya shikoyat (protest) berish mumkin.
Raislik etuvchi M. BOZOROV
Sudyalar H. TURSUNOV
D. RAXIMOV
Sudyalar H. TURSUNOV
D. RAXIMOV
Qarshi sh.,
2023-yil 2-mart,
4-1802-2202/1692-son