Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasi
Qarori
Birinchi instansiya sudida ishni koʻrgan sudya — A.Mamirova
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya — M.Ergashev
2023-yil may oyining 1 kuni Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati:
raislik qiluvchi — sudya I. Alimov, hayʼat aʼzolari — sudyalar R. Rashidov va M. Ergashevdan iborat tarkibda, sudya katta yordamchisi Sh. Boymurodovning kotibligida, daʼvogarlar “L.C.H.” MChJ taʼsischilari A.B.T. va N.F.A.ning javobgar “G.W.” MChJ shaklidagi qoʻshma korxonasini “L.C.H.” MChJ ishtirokchilari tarkibidan chiqarish hamda unga tegishli 6 % ulushni “L.C.H.” MChJga oʻtganligini tasdiqlash toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi boʻyicha Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 2-martdagi hal qiluv qarori ustidan “G.W.” MChJ shaklidagi qoʻshma korxonasi tomonidan berilgan apellatsiya shikoyati boʻyicha ishni daʼvogarlar va “L.C.H.” MChJ vakillari K.P., M.U., javobgar vakillari A.O., Dj.B. ishtirokida Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati binosida oʻtkazilgan ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
“L.C.H.” MChJ (MChJ) 2020-yil 9-iyulda 870321-sonli reyestr raqami bilan Bektemir tuman Davlat xizmatlari markazida roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, uning taʼsis shartnomasi va ustaviga koʻra ishtirokchilarining ustav fondidagi ulushlari quyidagicha taqsimlangan:
A.B.T. 470.000.000 soʻm bilan 47,00 % ulushga ega;
N.F.A. 470.000.000 soʻm bilan 47,00 % ulushga ega;
“G.W.” MChJ shaklidagi qoʻshma korxonasi 60.000.000 soʻm bilan 6,00 % ulushga ega.
Biroq, “G.W.” MChJ shaklidagi qoʻshma korxonasi (javobgar) MChJning ustav fondiga 2022-yil 20-dekabrga qadar oʻz hissasini kiritmagan.
MChJ ishtirokchilarining 2022-yil 25-avgustdagi navbatdan tashqari umumiy yigʻilish qaroriga asosan javobgar tomonidan MChJning ustav fondiga oʻz hissasini kiritmaganligi sababli uning 6 % ulushini MChJga oʻtkazish hamda MChJning yangi tahrirdagi taʼsis shartnomasi va ustavini tasdiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.
Shu sababli MChJ taʼsischilari A. B. T. va N.F.A. (daʼvogarlar) sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgarni MChJ ishtirokchilari tarkibidan chiqarish hamda unga tegishli 6 % ulushni MChJga oʻtganligini tasdiqlashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2023-yil 2-martdagi hal qiluv qarori bilan javobgar MChJ davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab bir yildan oshmaydigan muddat mobaynida MChJning ustav fondiga oʻz hissasini kiritmaganligi, bu bilan oʻz majburiyatlarini qoʻpol buzganligi sababli daʼvo talablari qisman qanoatlantirilib, javobgar MChJ taʼsischilari ishtirokchiligidan chiqarilgan.
Mazkur hal qiluv qaroridan norozi boʻlib javobgar tomonidan berilgan apellatsiya shikoyatida MChJ ishtirokchilarining 2022-yil 25-avgustdagi navbatdan tashqari umumiy yigʻilish qaroriga asosan javobgar tomonidan MChJning ustav fondiga oʻz hissasini kiritmaganligi sababli uning 6 % ulushini MChJga oʻtkazish belgilanganligi, biroq ushbu umumiy yigʻilish qonun talablari buzilgan holda oʻtkazilganligi, uni oʻtkazishdan kamida oʻttiz kun oldin javobgarni xabardor qilish talabiga rioya qilinmaganligi, Toshkent tumanlararo maʼmuriy sudining 5-1001-2206/2392-sonli ishi boʻyicha hal qiluv qarori va apellatsiya instansiyasining qarorida ham MChJ ishtirokchilarining 2022-yil 25-avgustdagi umumiy yigʻilishi qonun talablari buzilgan holda oʻtkazilganligi aniqlanganligi, javobgar ikki marotaba ustav fondidagi oʻz ulushini shakllantirish maqsadida mablagʻni MChJ hisob raqamiga yoʻnaltirganligi, lekin MChJ tomonidan nomaʼlum sabablarga koʻra ushbu yoʻnaltirilgan mablagʻlar javobgarga qaytarilganligi, ushbu holatni tushuntirib berish yuzasidan MChJga yuborilgan 2022-yil 22-dekabrdagi 56-sonli xat javobsiz qolganligi, MChJ nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida ishda ishtirok etish uchun jalb qilinmaganligi, javobgar harakatlari yoki harakatsizligi bilan MChJning faoliyat koʻrsatishiga imkon bermayotganligi yoki uni jiddiy tarzda qiyinlashtirayotganligi holatlari tasdiqlanmaganligi maʼlum qilinib, hal qiluv qarorini bekor qilish va daʼvo talablarini qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sud majlisida javobgar vakili apellatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarini oʻqib eshittirib, birinchi instansiya sudi tomonidan barcha daʼvo talablari boʻyicha hal qiluv qarori qabul qilinmaganligi, MChJ va javobgar oʻrtasida 2020-yil 4-sentabrda oldi-sotdi shartnomasi tuzilganligi, ushbu shartnomaga asosan javobgar oʻziga tegishli koʻchmas mulkni MChJga topshirishi, MChJ esa javobgarga 60.000.000 soʻm toʻlash majburiyatini olganligi, MChJ 60.000.000 soʻmni javobgarning MChJ ustav fondidagi ulushini shakllantirish uchun yoʻnaltirish oʻrniga javobgar hisob raqamiga yoʻnaltirganligini maʼlum qilib, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni soʻradi.
Daʼvogar vakili apellatsiya shikoyatiga nisbatan eʼtiroz bildirib, “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni (Qonun)ning 9 va 14-moddalarini oʻqib eshittirib, daʼvogarlar MChJ ustav fondidagi ulushlarini shakllantirgan boʻlishsa-da, javobgar oʻz zimmasiga olgan MChJ ustav fondiga oʻz hissasini kiritish majburiyatini Qonunda belgilangan bir yillik muddat oʻtib ketgandan keyin ham bajarmaganligi, oʻtgan ikki yarim yil davomida MChJ faoliyatini yuritishda, uni boshqarishda va rivojlantirishda umuman ishtirok etmaganligi, buning natijasida MChJ oʻz faoliyatini yuritish, qurilish ishlarini oʻz vaqtida olib borish va yakunlash uchun boshqa shaxslardan qarz mablagʻlarini olishga majbur boʻlganligi, MChJ tomonidan koʻp qavatli turarjoy binosi qurilib, foydalanishga qabul qilingandan keyin, MChJ iqtisodiy foydaga kirishi jarayonida javobgarning oʻz hissasini toʻldirishi va ishtirokchilik huquqlarini talab kilishi adolatsiz ekanligi, ishda MChJning vakillari sifatida M.U. va K.P. qatnashganligi, hal qiluv qaroriga nisbatan MChJning hech qanday eʼtirozi mavjud emasligini bayon qilib, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni va apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad qilishni soʻradi.
Sudlov hayʼati maʼruzachi sudyani, taraflar vakillarining tushuntirishini tinglab, apellatsiya shikoyatini ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagilarga asosan apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etib, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlariga koʻra, MChJ 2020-yil 9-iyulda davlat roʻyxatidan oʻtgan boʻlsa-da, javobgar MChJning ustav fondiga 2022-yil 20-dekabrga qadar oʻz hissasini kiritmagan.
Shu sababli MChJ ishtirokchilarining 2022-yil 25-avgustdagi navbatdan tashqari umumiy yigʻilish qaroriga asosan javobgar tomonidan MChJning ustav fondiga oʻz hissasini kiritmaganligi sababli uning 6 % ulushini MChJga oʻtkazish hamda MChJning yangi tahrirdagi taʼsis shartnomasi va ustavini tasdiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.
Shundan soʻng, daʼvogarlar Bektemir tuman Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilishib, MChJning yangi taʼsis hujjatlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazib berishni soʻrashgan.
Bektemir tuman Davlat xizmatlari markazining 2022-yil 16-sentabrdagi 3/2-12/3-sonli xati bilan MChJning yangi taʼsis xujjatlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish rad etilgan.
Daʼvogarlar maʼmuriy sudga ariza bilan murojaat qilishib, Bektemir tuman Davlat xizmatlari markazining 2022-yil 16-sentabrdagi rad etishda ifodalangan xatti-harakatlarini qonunga hilof deb topishni soʻragan.
Toshkent tumanlararo maʼmuriy sudining 5-1001-2206/2392-sonli ishi boʻyicha 2022-yil 24-sentabrdagi hal qiluv qarori bilan Qonun 8-moddasining ikkinchi qismida oʻz majburiyatini qoʻpol ravishda buzayotgan ishtirokchi sud tartibida jamiyatda chiqarilishi belgilanganligi sababli arizani qanoatlantirish rad etilgan. Toshkent shahar maʼmuriy sudi apellatsiya instansiyasining 2023-yil 6-yanvardagi qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Qonun 8-moddasining ikkinchi qismiga asosan, jami ulushlari jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) kamida oʻn foizini tashkil etadigan jamiyat ishtirokchilari oʻz majburiyatlarini qoʻpol buzayotgan yoxud oʻz harakatlari (harakatsizligi) bilan jamiyatning faoliyat koʻrsatishiga imkon bermayotgan yoki uni jiddiy tarzda qiyinlashtirayotgan ishtirokchini jamiyatdan sud tartibida chiqarilishini talab qilishga haqlidirlar.
Qonunning 9-moddasiga asosan, jamiyat ishtirokchilari:
ushbu Qonunda va jamiyatning taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda, miqdorda, usullarda va muddatlarda hissa qoʻshishlari;
jamiyat faoliyati toʻgʻrisidagi sir tutilgan axborotni oshkor qilmasliklari shart.
Jamiyat ishtirokchilarining qonun hujjatlarida va jamiyatning taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlari ham boʻlishi mumkin.
Shuningdek, Qonun 14-moddasining yettinchi qismiga asosan, jamiyatning har bir ishtirokchisi taʼsis hujjatlarida belgilangan va jamiyat davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab bir yildan oshmaydigan muddat mobaynida jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) oʻz hissasini toʻliq kiritishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Iqtisodiy sudlar tomonidan korporativ nizolarni hal etishning ayrim masalalari toʻgʻrisida” 2014-yil 20-iyundagi 262-sonli qarorining 19-bandiga asosan, “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 8-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq, ishtirokchini jamiyatdan chiqarish talabi bilan sudga faqat jami ulushlari jamiyat (ustav fondi ustav kapitali)ning kamida oʻn foizini tashkil etadigan jamiyat ishtirokchilari murojaat qilishlari mumkin. Bunda sudlar eʼtiborga olishlari lozimki, jami ulushlari jamiyat ustav fondi (ustav kapitali)ning kamida oʻn foizini tashkil etadigan bitta ishtirokchi ham, jami ulushlari jamiyat ustav fondi (ustav kapitali)ning kamida oʻn foizini tashkil etadigan bir nechta ishtirokchi ham bunday talab bilan sudga murojaat qilishi mumkin. Bir nechta ishtirokchi sudga murojaat qilganda daʼvo arizasi ushbu ishtirokchilarning barchasi yoki ularning vakili (vakillari) tomonidan imzolangan boʻlishi kerak. Bunda daʼvogar (daʼvogarlar) ulushining miqdori belgilangan tartibda tasdiqlangan taʼsis hujjatlari asosida aniqlanadi.
Agar daʼvogar ishtirokchining ulushi yoki bir nechta ishtirokchilarning jami ulushlari jamiyat ustav fondi (ustav kapitali)ning oʻn foizidan kam boʻlsa yoxud daʼvo arizasi jamiyatning oʻzi tomonidan berilgan boʻlsa, daʼvo arizasini qanoatlantirish rad etilishi lozim. Sudlar ushbu toifadagi ishlarni koʻrishda javobgar oʻz majburiyatlarini qoʻpol buzayotganligi, harakatlari (harakatsizligi) bilan jamiyatning faoliyat koʻrsatishiga imkon bermayotganligi yoki uni jiddiy tarzda qiyinlashtirayotganligi holatlari mavjudligini aniqlashlari lozim.
Javobgar MChJ davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab bir yildan oshmaydigan muddat mobaynida MChJning ustav fondiga oʻz hissasini kiritmaganligi, bu bilan oʻz majburiyatlarini qoʻpol buzganligi isbotlanganligi sababli birinchi instansiya sudi tomonidan daʼvogarlarning javobgarni MChJ ishtirokchilari tarkibidan chiqarish toʻgʻrisidagi daʼvo talabini qanoatlantirish haqida qonuniy xulosaga kelingan.
Bundan tashqari, daʼvo arizasida javobgarga tegishli 6 % ulushni MChJga oʻtganligini tasdiqlash soʻralgan.
Qonun 22-moddasining uchinchi qismiga asosan, jamiyatni taʼsis etish chogʻida jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) oʻz hissasini oʻz muddatida toʻliq miqdorda qoʻshmagan jamiyat ishtirokchisining ulushi, shuningdek ushbu Qonun 15-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan pul tovonini muddatida taqdim etmagan jamiyat ishtirokchisining ulushi jamiyatga oʻtadi. Bunda jamiyat ishtirokchisiga ulushning (mol-mulk jamiyat foydalanishida boʻlgan muddatga) u qoʻshgan hissaning qismiga mutanosib ravishdagi qismining haqiqiy qiymatini jamiyat toʻlashi yoki jamiyat ishtirokchisining roziligi bilan unga xuddi shunday qiymatdagi mol-mulkni asli holida berishga majbur. Ulush bir qismining haqiqiy qiymati hissani qoʻshish yoki tovonni taqdim etishning muddati oʻtadigan kundan oldingi oxirgi hisobot davri uchun jamiyatning buxgalteriya hisobotlari maʼlumotlari asosida aniqlanadi.
Shuningdek, MChJ ustavi 12-moddasining 12.3-bandida jamiyat taʼsis etilishida oʻz hissasini muddatida toʻliq kiritmagan ishtirokchining ulushi jamiyatga oʻtkazilishi belgilangan.
Mazkur holatda javobgarni MChJ ishtirokchilari tarkibidan chiqarish toʻgʻrisidagi daʼvo talabi qanoatlantirilganligi uchun Qonun 22-moddasining uchinchi qismi va MChJ ustavi 12-moddasining 12.3-bandiga asosan javobgarning MChJ ustav fondidagi ulushi MChJga toʻgʻridan toʻgʻri oʻtishi sababli birinchi instansiya sudi tomonidan daʼvogarlarning javobgarga tegishli 6 % ulushni MChJga oʻtganligini tasdiqlash toʻgʻrisidagi daʼvo talabini qanoatlantirishni rad etish haqida asosli toʻxtamga kelgan.
Javobgarning apellatsiya shikoyatida MChJ ishtirokchilarining 2022-yil 25-avgustdagi navbatdan tashqari umumiy yigʻilish qaroriga asosan javobgar tomonidan MChJning ustav fondiga oʻz hissasini kiritmaganligi sababli uning 6 % ulushini MChJga oʻtkazish belgilanganligi, biroq ushbu umumiy yigʻilish qonun talablari buzilgan holda oʻtkazilganligi, uni oʻtkazishdan kamida oʻttiz kun oldin javobgarni xabardor qilish talabiga rioya qilinmaganligi, Toshkent tumanlararo maʼmuriy sudining 5-1001-2206/2392-sonli ishi boʻyicha hal qiluv qarori va apellatsiya instansiyasining qarorida ham MChJ ishtirokchilarining 2022-yil 25-avgustdagi umumiy yigʻilishi qonun talablari buzilgan holda oʻtkazilganligi aniqlanganligi haqida vaj keltirilgan.
Biroq, mazkur nizo doirasida MChJ ishtirokchilarining 2022-yil 25-avgustdagi umumiy yigʻilishini oʻtkazish tartibi buzilganligi sababli umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topish emas, balki javobgarni MChJ ishtirokchilari tarkibidan chiqarilishining qonuniyligi koʻrib chiqilayotganligi sababli javobgarning yuqoridagi vajlari muhokama qilinmaydi.
Shuningdek, apellatsiya shikoyatida javobgar tomonidan ikki marotaba ustav fondidagi oʻz ulushini shakllantirish maqsadida mablagʻni MChJ hisob raqamiga yoʻnaltirganligi, lekin MChJ tomonidan nomaʼlum sabablarga koʻra ushbu yoʻnaltirilgan mablagʻlar javobgarga qaytarilganligi, ushbu holatni tushuntirib berish yuzasidan MChJga yuborilgan 2022-yil 22-dekabrdagi 56-sonli xat javobsiz qolganligi haqida vajlar mavjud.
Haqiqatdan ham javobgar tomonidan 2022-yil 20-dekabrdagi toʻlov topshiriqnomasi bilan 60.000.000 soʻm MChJ ustav fondidagi ulushini shakllantirish uchun MChJga toʻlangan. Biroq, shu kunning oʻzida MChJ ustav fondini shakllantirish muddatlari oʻtkazib yuborilganligi sababli MChJ ishtirokchilarining 2022-yil 25-avgustdagi navbatdan tashqari umumiy yigʻilish qaroriga asosan MChJ tomonidan 60.000.000 soʻm pul mablagʻlari javobgarga qaytarilgan. Xuddi shunday asoslar bilan javobgar tomonidan 2022-yil 21 va 26-dekabrda toʻlangan 60.000.000 soʻm pul mablagʻlari MChJ tomonidan javobgarga qaytarilgan.
Mazkur holatda Qonun 14-moddasining yettinchi qismiga asosan, jamiyatning har bir ishtirokchisi taʼsis hujjatlarida belgilangan va jamiyat davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab bir yildan oshmaydigan muddat mobaynida jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) oʻz hissasini toʻliq kiritishi kerakligi belgilanganligi, MChJ 2020-yil 9-iyulda davlat roʻyxatidan oʻtgan boʻlsa-da, javobgar 2 yil 5 oydan soʻng, yaʼni 2022-yil dekabr oyida MChJ ustav fondidagi ulushini shakllantirish uchun MChJga pul mablagʻlarini toʻlaganligi sababli MChJ ustav fondini shakllantirish muddatlari oʻtkazib yuborilganligi uchun MChJ asosli ravishda mazkur mablagʻlarni javobgarga qaytargan.
Ushbu holatda MChJ javobgar tomonidan toʻlangan mablagʻlarni nafaqat MChJ ishtirokchilarining 2022-yil 25-avgustdagi navbatdan tashqari umumiy yigʻilish qaroriga asosan, balki javobgar MChJ ustav fondini shakllantirish muddatlarini oʻtkazib yuborganligi uchun javobgarga qaytargan.
Bundan tashqari, apellatsiya shikoyatida MChJ nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida ishda ishtirok etish uchun jalb qilinmaganligi haqida vaj keltirilgan.
IPK 279-moddasi toʻrtinchi qismining 4-bandiga koʻra, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinganligi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini har qanday holda bekor qilish uchun asos boʻladi.
Biroq, birinchi instansiya sudi tomonidan MChJning huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qilinmagan, sudning hal qiluv qarori MChJning huquq va majburiyatlariga taʼsir koʻrsatmaydi, qolaversa birinchi va apellatsiya instansiyasi sudining sud muhokamalarida MChJ tomonidan berilgan ishonchnoma va advokatlik orderi asosida vakillar K.P. va M.U. qatnashib, hal qiluv qaroriga nisbatan MChJning hech qanday eʼtirozi mavjud emasligini bayon etishgan.
Shu sababli sudlov hayʼati birinchi instansiya sudi tomonidan MChJ ishda ishtirok etish uchun jalb qilinmaganligi hal qiluv qarorini bekor qilish uchun asos boʻla olmaydi, deb hisoblaydi.
Shuningdek, apellatsiya shikoyatida javobgar harakatlari yoki harakatsizligi bilan MChJning faoliyat koʻrsatishiga imkon bermayotganligi yoki uni jiddiy tarzda qiyinlashtirayotganligi holatlari tasdiqlanmaganligi haqida vaj keltirilgan.
Biroq, mazkur holatda javobgar faqatgina MChJning faoliyat koʻrsatishiga imkon bermayotganligi yoki uni jiddiy tarzda qiyinlashtirayotganligi uchun emas, balki Qonunning 9-moddasi, 14-moddasining yettinchi qismiga koʻra, jamiyat davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab bir yildan oshmaydigan muddat mobaynida jamiyatning ustav fondiga oʻz hissasini kiritmaganligi uchun Qonun 8-moddasining ikkinchi qismiga asosan, oʻz majburiyatlarini qoʻpol buzganligi sababli MChJ ishtirokchilari tarkibidan chiqarilgan.
Bundan tashqari, javobgar vakili tomonidan taqdim etilgan eʼtiroznomada MChJ va javobgar oʻrtasida 2020-yil 4-sentabrda oldi- sotdi shartnomasi tuzilganligi, ushbu shartnomaga asosan javobgar oʻziga tegishli koʻchmas mulkni MChJga topshirishi, MChJ esa javobgarga 60.000.000 soʻm toʻlash majburiyatini olganligi, MChJ 60.000.000 soʻmni javobgarning MChJ ustav fondidagi ulushini shakllantirish uchun yoʻnaltirish oʻrniga javobgar hisob raqamiga yoʻnaltirganligi haqida vaj ilgari surilgan boʻlib, mazkur summani javobgarning MChJ ustav fondidagi ulushini shakllantirish uchun yoʻnaltirish shartnomada kelishilmaganligi, bu haqida MChJ ishtirokchilarining umumiy yigʻilish qarori mavjud emasligi sababli sudlov hayʼati ushbu vajlar bilan kelishmaydi.
IPK 279-moddasining birinchi qismiga koʻra, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun ish uchun ahamiyatli holatlarning toʻliq aniqlanmaganligi, sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatli boʻlgan holatlarning isbotlanmagan- ligi, hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalarning ish holatlariga muvofiq emasligi, moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilganligi asos boʻladi.
Mazkur holatda birinchi instansiya sudi tomonidan ishni koʻrishda moddiy va protsessual huquq normalari buzilmagan, hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalar ish holatlariga muvofiq boʻlib, sud hujjatini bekor qilish yoki oʻzgartirish uchun asoslar mavjud emas.
Shu bilan birga, javobgar birinchi instansiya sudi tomonidan barcha daʼvo talablari boʻyicha hal qiluv qarori qabul qilinmaganligi haqida vaj keltirilgan.
Biroq, birinchi instansiya sudi tomonidan daʼvo arizasidagi javobgarni MChJ ishtirokchilari tarkibidan chiqarish hamda unga tegishli 6 % ulushni MChJga oʻtganligini tasdiqlash toʻgʻrisidagi talablar hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida batafsil muhokama qilingan boʻlib, javobgarni MChJ ishtirokchilari tarkibidan chiqarish talabini qanoatlantirish, javobgarga tegishli 6 % ulushni MChJga oʻtganligini tasdiqlash toʻgʻrisidagi talabni qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida xulosa qilingan.
Birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorining xulosa qismida daʼvo talablari qisman qanoatlantirilganligi, javobgar MChJ taʼsischilari ishtirokchiligidan chiqarilganligi koʻrsatilgan boʻlsa- da, daʼvo talablarining qolgan qismini qanoatlantirish rad etilganligi koʻrsatilmagan.
Mazkur holatda birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida javobgarga tegishli 6 % ulushni MChJga oʻtganligini tasdiqlash toʻgʻrisidagi talab muhokama qilinib, ushbu talabni qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida xulosa qilinganligi, biroq hal qiluv qarorining xulosa qismida daʼvo talablarining qolgan qismini qanoatlantirish rad etilganligi koʻrsatilmay qolganligi hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻla olmaydi.
Shu sababli sudlov hayʼati hal qiluv qarorining xulosa qismini “Daʼvo talablarining qolgan qismini qanoatlantirish rad etilsin” jumlasi bilan toʻldirgan holda hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topdi.
Ushbu holatda apellatsiya shikoyati uchun 3.000.000 soʻm davlat boji toʻlanishi lozim boʻlgan holda javobgar tomonidan oldindan 1.500.000 soʻm toʻlanganligi sababli qoʻshimcha ravishda 1.500.000 soʻm davlat boji summasi javobgardan respublika budjetiga undirilishi, oldindan toʻlangan 30.000 soʻm pochta xarajatlari javobgar zimmasida qoldirilishi lozim.
Bayon etilganlarga asosan, sudlov hayʼati apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topdi.
Binobarin, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi 278-moddasining 1-bandi va 280-moddasiga asoslanib, sudlov hayʼati qaror qildi:
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 2-martdagi hal qiluv qarori daʼvo talablarining qolgan qismini qanoatlantirish rad etilsin, degan jumla bilan toʻldirgan holda oʻzgarishsiz, “G.W.” MChJ shaklidagi qoʻshma korxonasining apellatsiya shikoyati qanoatlantirmasdan qoldirilsin.
“G.W.” MChJ shaklidagi qoʻshma korxonasi hisobidan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga 1.500.000 soʻm davlat boji undirilsin.
Ijro varaqasi berilsin.
Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi va mazkur qaror ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bir yil ichida kassatsiya shikoyati berilishi (protest keltirilishi) mumkin.
Raislik qiluvchi I. ALIMOV
Hayʼat aʼzolari R. RAShIDOV
M. ERGAShEV
Toshkent sh.,
2023-yil 1-may,
4-1001-2310/2476-son