Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Savdo-sanoat palatasi faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-yanvardagi “Savdo-sanoat palatasi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-15-son qaroriga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
Savdo-sanoat palatasining (keyingi oʻrinlarda — Palata) tashkiliy tuzilmasi, uning ijroiya qoʻmitasi va hududiy tuzilmalari Palata tomonidan uning Rayosati bilan kelishilgan holda tasdiqlanishi;
tadbirkorlikka oid begʻaraz koʻmak loyihalarini amalga oshirishda Palata loyiha hamkori sifatida jalb etilishi;
Palata va uning hududiy boʻlinmalariga davlat subsidiyasini ajratish tizimi joriy qilinishi.
2. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 17-may,
PF-73-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 17-maydagi PF-73-son Farmoniga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-iyundagi “Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5087-son Farmonida:
a) 1-bandning “g” kichik bandi toʻrtinchi xatboshisidagi “viloyatlar markazlari, tumanlar va shaharlarda Tadbirkorlikka koʻmaklashish markazlari” soʻzlari “Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmalari, tuman (shahar) boʻlimlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 6-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
v) 7-bandning birinchi xatboshisidagi “Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash markazlari” soʻzlari “Savdo-sanoat palatasi tuman (shahar) boʻlimlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5242-son Farmonining 2-bandi toʻrtinchi xatboshisidagi “Savdo-sanoat palatasi huzuridagi tuman va shahar Tadbirkorlarga koʻmaklashish markazlari” soʻzlari “Savdo-sanoat palatasining tuman (shahar) boʻlimlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-oktabrdagi “Tashqi begʻaraz koʻmak mablagʻlarini jalb etish mexanizmlarini va donorlar bilan ishlashni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5848-son Farmonining 3-bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“davlat organlari va idoralar tomonidan tadbirkorlikka oid barcha tashqi begʻaraz koʻmak loyihalarini amalga oshirishda Savdo-sanoat palatasi loyiha hamkori sifatida jalb qilinadi”.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-3068-son qarorida:
a) 1-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
b) 2-bandda:
quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“qonunchilikda belgilangan tartibda davlat tomonidan ajratiladigan subsidiyalar”;
oltinchi — sakkizinchi xatboshilar tegishincha yettinchi — toʻqqizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
v) 3-bandning birinchi xatboshisidagi “Tadbirkorlikka koʻmaklashish markazlarida” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining tuman (shahar) boʻlimlarida” soʻzlari bilan almashtirilsin;
g) 5-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi oʻz manfaatlari va tadbirkorlik subyektlarining manfaatlari himoyasida Oʻzbekiston Respublikasi sudlariga taqdim etadigan ariza, murojaat, shikoyat va daʼvolari uchun davlat boji toʻlovlaridan ozod etilsin”;
d) 1 — 4-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-oktabrdagi “Kafolat sugʻurta kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3317-son qarorining 5-bandi ikkinchi xatboshisidagi “Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Tadbirkorlikka koʻmaklashish markazlari” soʻzlari “Savdo-sanoat palatasining tuman (shahar) boʻlimlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2023-y., 06/23/73/0284-son)