Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Budjet siyosatining 2023-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Mamlakatimizda budjet tizimi budjetlari mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish, shuningdek, budjet mablagʻlari hisobidan aholi hamda tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari natijadorligini yanada oshirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining “2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-471-son qarori qabul qilinganligi munosabati bilan budjet jarayoni ishtirokchilarining faoliyatini tartibga soluvchi tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining “2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-471-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bola taʼminoti uchun ota-onalar toʻlovi miqdorlariga nisbatan tumanlar toifasidan kelib chiqib, kamaytiruvchi koeffitsiyentlarni qoʻllash;
baliqchilik xoʻjaliklariga intensiv usulda yetishtirilgan baliqlarning har bir kilogrammi uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorlarda subsidiya ajratish;
malaka sertifikatiga ega boʻlmagan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi va ichki audit xizmatining xodimi lavozimiga ishga qabul qilishga hamda ularning ushbu tizimlarda faoliyat yuritishiga yoʻl qoʻyilmasligi boʻyicha joriy etilgan malaka talabi amal qilishining boshlanish muddatini 2023-yil 1-sentabrdan 2024-yil 1-yanvarga oʻzgartirish.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri Sh.D. Kudbiyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 29-aprel,
174-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-apreldagi 174-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “2021-yildan amalga kiritiladigan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalar taʼminoti uchun ota-onalar toʻlovi miqdorlarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2021-yil 29-apreldagi 256-son qarorida:
a) 11-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
b) ilovaning izoh qismi chiqarib tashlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-iyuldagi 434-son qarori bilan tasdiqlangan Chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xoʻjaliklariga ular tomonidan yetishtirilgan va sotilgan mahsulotlar uchun subsidiya ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 4-bandining toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2024-yil 1-yanvarga qadar baliqchilik hoʻjaliklariga — intensiv usulda sovuq suvda yetishtirilgan baliqlarning (losos, forel va osyotr) har bir kilogrammi uchun 1 500 soʻm, qolgan turdagi baliqlar uchun 500 soʻm miqdorida”.
3. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-avgustdagi 416-son qarori bilan tasdiqlangan Vazirlik va idoralarning ichki audit xizmati toʻgʻrisidagi namunaviy nizomning 20-bandidagi “2023-yil 1-sentabrdan” soʻzlari “2024-yil 1-yanvardan” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.05.2023-y., 09/23/174/0237-son; 30.04.2024-y., 09/24/246/0313-son)