Navoiy viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasi
Qarori
Birinchi instansiyasida ishni koʻrgan sudya — A. Xamidov
Apellatsiya instansiyasida maʼruzachi sudya — T. Qahhorov
Navoiy viloyat sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati T. Abdramanovning raisligida, hayʼat aʼzolari S. Jakeyev va T. Qahhorovlardan iborat tarkibda, sudya katta yordamchisi N. Ismailovning sud majlisi kotibligida, daʼvogar vakili R.B (orderga asosan), javobgar “D” MChJ vakili A.A (orderga asosan), javobgar N.Nning vakili U.N (ishonchnomaga asosan), uchinchi shaxslar vakillari Kadastr agentligining davlat kadastrlari palatasi Navoiy viloyat boshqarmasi Karmana filiali xodimi B.A, Karmana tumani adliya boʻlimi davlat xizmatlari markazi xodimi A.Ular ishtirokida Karmana tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 9-fevral kunidagi hal qiluv qarori ustidan daʼvogar T.G.S tomonidan keltirilgan apellatsiya shikoyatini, Navoiy viloyat sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati binosida, videokonferensaloqa rejimida ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
“D” MChJ (matnda keyingi oʻrinlarda jamiyat deb nomlanadi) Karmana tumani hokimligi huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish inspeksiyasi tomonidan 2015-yil 14-avgustda 017124 son reyestr raqami bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan va jamiyatning ustav jamgʻarmasi 5.000.000 soʻm belgilanilib, uning yagona taʼsischisi N.U.N boʻlgan.
Jamiyat taʼsischisining 2015-yil 24-avgustdagi 1-sonli umumiy yigʻilish qaroriga asosan jamiyat taʼsischisi U.N.N oʻzining barcha mol-mulklarini olgan holda taʼsischilar safidan chiqarilib, jamiyatga yangi taʼsischi sifatida N.N kiritilgan va u oʻziga tegishli boʻlgan Karmana tumani, “Yangi ariq” QFI, “Argun” mahallasida joylashgan savdo doʻkoni bilan jamiyat ustav jamgʻarmasini 20.362.820 soʻmga shakllantirgan.
Jamiyat taʼsischisining 2018-yil 20-apreldagi 1-sonli qaroriga asosan jamiyatning taʼsischilari safiga D.F.M oʻzining 100.000 soʻm pul mablagʻi bilan kiritilgan. Jamiyatning yangi tahrirdagi ustavi 2018-yil 23-aprel kuni Navoiy viloyati, Karmana tumani, Yagona darcha markazidan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan va unga koʻra jamiyat taʼsischilari N.N va D.F.Mlar hisoblanib, jamiyatning ustav fondi 20.462.820 soʻm, shundan N.Nning ulushi 20.362.820 soʻm yoki 99,511 foiz, D.F.Mning ulushi 100.000 soʻm yoki 0,489 foiz etib belgilangan.
Jamiyat ishtirokchilaridan biri, yaʼni D.F.M 2021-yil 10-avgust kuni vafot etib, undan qolgan mol-mulklarga nisbatan notarial idorada meros ishi ochilgan, Toshkent shahar, Olmazor tumanida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius F.X.N tomonidan 2022-yil 6-may kuni rasmiylashtirilgan “Qonun boʻyicha merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisida”gi guvohnomaga koʻra, marhum D.F.Mning jamiyat ustav fondidagi 100.000 soʻm miqdoridagi ulushiga uning xotini T.G.S (matnda keyingi oʻrinlarda daʼvogar deb nomlanadi) merosxoʻr ekanligi tasdiqlangan.
Jamiyatda qolgan bir ishtirokchi yaʼni N.N raisligida 2022-yil 30-aprel kunida oʻtkazilgan 2-sonli umumiy yigʻilish bayonida qoʻyidagi masalalar boʻyicha qaror qabul qilingan:
jamiyatning marhum taʼsischisi D.F.Mga tegishli 100.000 (bir yuz ming) soʻm miqdoridagi 0,5 % ulushi jamiyat ixtiyoriga oʻtkazilsin. Qonunning 20-moddasi 14-15-16-qismlarida koʻrsatib oʻtilganligi boʻyicha yaqinlari tomonidan meros ishlari ochilganida oldingi oxirgi hisobot davri uchun jamiyatning buxgalteriya hisobotlari maʼlumotlari asosida aniqlanadigan ulushining haqiqiy qiymatining toʻlashi yoxud ularning roziligi bilan ularga xuddi shunday qiymatdagi mol-mulkni asli holida berishi sharti majburiyati yuklatish.
jamiyat taʼsischisi tomonidan belgilangan 20.662.820 (yigirma million toʻrt yuz oltmish ikki ming sakkiz yuz yigirma) soʻm etib belgilangan ustav fondini 20.362.820 (yigirma million uch yuz oltmish ikki ming sakkiz yuz yigirma) soʻmdan 300.000 (uch yuz ming) soʻmga kamaytirish. Jamiyat taʼsischilarining 20.04.2018-yildagi 1-son umumiy yigʻilish bayoni bilan tuzilgan va Karmana tuman davlat xizmatlari markazida roʻyxatdan oʻtgan taʼsis shartnomasini bekor qilish.
jamiyatning ustav fondi jami 300.000 (uch yuz ming) soʻm etib belgilash.
“D” MChJ rahbari N.N ulushi 200.000 (ikki yuz ming) soʻm, yaʼni 66,7 % ulush ATB “Qishloq qurilish bank” Navoiy filialining 29.04.2022-yildagi № 01-250/11-sonli “pul mablagʻi”. Marhum D.F.Mning ulushi 100.000 (bir yuz ming) soʻm 33,3% etib belgilash.
jamiyatning yangi tahrirdagi ustavi Karmana tuman davlat xizmatlari markazi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazish.
Daʼvogar javobgarlar “D” MChJ hamda jamiyat ishtirokchi (taʼsischi)si N.Nga nisbatan sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, jamiyat taʼsischilarining 2022-yil 30-apreldagi 2-sonli umumiy yigʻilish bayonini haqiqiy emas deb topishni va uning haqiqiy emaslik oqibatlarini qoʻllashni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan ishga nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida Navoiy viloyat Adliya boshqarmasi va Kadastr agentligining davlat kadastrlari palatasi Navoiy viloyat boshqarmasi jalb qilingan.
Sudning 2023-yil 9-fevral kunidagi hal qiluv qaroriga asosan daʼvogarning daʼvosi qisman qanoatlantirilib, “D” masʼuliyati cheklangan jamiyatining 2022-yil 30-apreldagi umumiy yigʻilishi qarorining 3-bandidagi “Jamiyat taʼsischilarining 20.04.2018-yildagi 1-son umumiy yigʻilish bayoni bilan tuzilgan va Karmana tuman davlat xizmatlari markazida roʻyxatdan oʻtgan taʼsis shartnomasini bekor qilinsin” qismi va 4-bandidagi “D” MChJ rahbari N.N ulushi 200.000 (ikki yuz ming) soʻm, yaʼni 66,7 % ulush, ATB “Qishloq qurilish bank” Navoiy filialining 29.04.2022-yildagi № 01-250/11-sonli “pul mablagʻi”. Marhum D.F.Mning ulushi 100.000 (bir yuz ming) soʻm 33,3% etib belgilansin” qismi haqiqiy emas deb topilgan. Daʼvo talabining qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan.
Bundan norozi boʻlgan daʼvogar apellatsiya shikoyati berib, sudning hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvo talabini toʻliq qanoatlantirish toʻgʻrisida yangi qaror qabul qilishni soʻragan.
Sud muhokamasida daʼvogar vakili apellatsiya shikoyatini qoʻllab quvvatlab, jamiyatga tegishli boʻlgan koʻchmas mulk F.Dga oldi-sotdi qilinganligini buni tasdiqlovchi guvohlar hamda ovozli yozuv stenogrammasi borligi, ish boʻyicha guvohlarni sud muhokamasida soʻroq qilish lozimligini bayon etdi.
Sud muhokamasida javobgarlar vakillari apellatsiya shikoyatiga eʼtiroz bildirib uni qanoatlantirishni rad etib, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻz kuchida qoldirishni soʻradi.
Sudlov hayʼati ish boʻyicha taraflar va ishda ishtirok etuvchi shaxslar vakillarini koʻrsatmalari va fikrlarini eshitib, ish hujjatlarini oʻrganib va shikoyat vajlarini muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad qilishni lozim topdi:
“Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni (keyingi 5finlarda Qonun deb yuritiladi) 20-moddasining oʻn toʻrtinchi qismiga koʻra, jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlar jismoniy shaxslarning merosxoʻrlariga va jamiyatning ishtirokchilari boʻlgan yuridik shaxslarning huquqiy vorislariga oʻtadi.
Mazkur qoida jamiyat ustavining 7.4-bandi toʻqqizinchi xatboshisida ham oʻz aksini topgan.
Notarial tartibda berilgan guvohnomaga koʻra marhum D.F.Mning jamiyat ustav fondidagi 100.000 soʻm miqdoridagi ulushiga uning xotini T.G.S merosxoʻr ekanligini tasdiqlanganligi faktini oʻzi marhum D.F.Mning jamiyat ustav fondidagi 100.000 soʻm miqdoridagi ulushini uning merosxoʻriga yaʼni daʼvogarga oʻtganligini anglatmaydi.
Qonunning 20-moddasi oʻn oltinchi qismiga koʻra, jamiyatning ustavida ushbu moddaning oʻn toʻrtinchi va oʻn beshinchi qismlarida belgilangan ulushning (ulushning bir qismining) oʻtishi va taqsimlanishiga faqat jamiyatning qolgan ishtirokchilari roziligi bilan yoʻl qoʻyilishi nazarda tutilishi mumkin.
Mazkur moddaning oʻn sakkizinchi qismiga koʻra, jamiyatning ustavida jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushdan (ulushning bir qismidan) jamiyatning ishtirokchilari yoki uchinchi shaxslar foydasiga voz kechish, ulushning (ulushning bir qismining) merosxoʻrlarga yoki huquqiy vorislarga oʻtishi yoxud tugatilayotgan yuridik shaxsning ishtirokchilari oʻrtasida ulushning (ulushning bir qismining) taqsimlanishi uchun jamiyat ishtirokchilarining roziligini olish zarurligi nazarda tutilgan taqdirda, agar jamiyat ishtirokchilariga murojaat etilgan paytdan eʼtiboran oʻttiz kun ichida yoki jamiyatning ustavida belgilangan boshqa muddat ichida jamiyatning barcha ishtirokchilarining yozma roziligi olingan boʻlsa yoxud jamiyat ishtirokchilarining birortasidan ham rozilik berishga yozma raddiya olinmagan boʻlsa, bunday rozilik olingan deb hisoblanadi.
Jamiyat ustavining 7.4-bandi oʻn ikkinchi xatboshisida ham ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushdan (ulushning bir qismidan) jamiyatning ishtirokchilari yoki uchinchi shaxslar foydasiga voz kechish, ulushning (ulushning bir qismining) merosxoʻrlarga yoki huquqiy vorislarga oʻtishi yoxud tugatilayotgan yuridik shaxsning ishtirokchilari oʻrtasida ulushning (ulushning bir qismining) taqsimlanishi uchun jamiyat ishtirokchilarining roziligini jamiyat ishtirokchilariga murojaat etilgan paytdan boshlab uch oy muddat davomida jamiyatning barcha ishtirokchilaridan birortasidan rozilik olingan boʻlsa yoki jamiyat ishtirokchilarining birortasidan rozilik berishga yozma raddiya olingan boʻlmasa, bunday rozilik olingan deb hisoblanishi bilan bogʻliq qoida belgilangan.
Yuqoridagi qonun talabi va jamiyat ustavi qoidasiga koʻra marhum D.F.Mning jamiyat ustav fondidagi 100.000 soʻm miqdoridagi ulushini uning merosxoʻriga oʻtishi hamda merosxoʻrni jamiyatga ishtirokchi boʻlib kirishi uchun jamiyatning ikkinchi taʼsischisi N.Nning roziligi talab etiladi.
Mazkur masala jamiyatning 30.04.2022-yilda oʻtkazilgan umumiy yigʻilishda koʻrib chiqilib, unda jamiyat ishtirokchisi tomonidan marhum D.F.Mning jamiyat ustav fondidagi 100.000 soʻm miqdoridagi ulushini uning merosxoʻrlariga oʻtishiga rozilik berilmasdan, jamiyat ixtiyoriga oʻtkazilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.
Bunday holda marhum ishtirokchini merosxoʻrlariga meros guvohnomasi rasmiylashtirilganligi yoki yoʻqligini ahamiyatga ega emas.Chunki, bu davrda merosxoʻrlar jamiyat ishtirokchisi maqomiga ega boʻlmaydi, shu sababdan ular jamiyat umumiy yigʻilishiga ham chaqirilishi talab etilmaydi va uning ovozi hisobga olinmaydi.
Zero, Qonunning 33-moddasi birinchi qismida jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishini chaqiruvchi organ yoki shaxslar uni oʻtkazishdan kamida oʻttiz kun oldin bu haqda jamiyatning har bir ishtirokchisini jamiyat ishtirokchilarining roʻyxatida koʻrsatilgan manzil boʻyicha buyurtma xat bilan yoki jamiyatning ustavida nazarda tutilgan boshqa usulda xabardor qilishi shartligi, 34-moddasi uchinchi qismida esa jamiyatning ishtirokchilari yoki ularning vakillari kun tartibidagi masalalarni muhokama qilishda ishtirok etish va qarorlarni qabul qilishda ovoz berish huquqiga ega ekanligi belgilangan.
Vaholanki, jamiyatning marhum ishtirokchisi F.M.Dning merosxoʻrlari ishtirokchi emasligi hamda ularning jamiyatda ovoz berish huquqi mavjud boʻlmaganligi sababli ularni jamiyat taʼsischilarining umumiy yigʻilish toʻgʻrisida xabardor qilish shart boʻlmasada, jamiyat ishtirokchisi N.N tomonidan ular jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi 2022-yil 30-aprelda oʻtkazilishi, yigʻilish kun tartibiga MChJning ustavi va taʼsis shartnomasini hamda ustav fondiga oʻzgartirish kiritish, shuningdek yangi tahrirdagi ustavini tasdiqlash masalalari koʻrilishi toʻgʻrisida xabardor etgan boʻlib, lekin merosxoʻrlar tomonidan mazkur holatlarga munosabat bildirmagan.
Qonunning 16-moddasi ikkinchi qismiga koʻra jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirish jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining jamiyat ishtirokchilari umumiy ovozlari sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat koʻpchilik ovozi bilan (agar jamiyatning ustavida bunday qarorni qabul qilish uchun ovozlarning bundan koʻproq soni zarurligi nazarda tutilgan boʻlmasa) qabul qilingan qaroriga binoan amalga oshirilishi belgilangan.
Jamiyatning marhum taʼsischisi F.M.D tomonidan jamiyatning hisob raqamiga 443.465.200. soʻm pul mablagʻlari jamiyat ustav fondini shakllantirish uchun toʻlangan boʻlsada, lekin mazkur mablagʻlar hisobidan F.M.Dning jamiyat ustav fondidagi ulushi rasman koʻpaytirilmagan. Shunday ekan, bu mablagʻlar marhum F.M.Dning butun mol-mulkiga ochilgan meros ishi boʻyicha ham meros massasiga kiritilmagan. Bunday holda F.M.D tomonidan jamiyatning hisob raqamiga toʻlangan 443.465.200 soʻm pul mablagʻlari, jamiyatning marhum taʼsischisi F.M.Dning merosxoʻrlari oldidagi kreditorlik qarzi hisoblanadi.
Qonunning 20-moddasi birinchi qismiga koʻra jamiyat ishtirokchisi jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) oʻz ulushini yoki uning bir qismini jamiyatning bir yoxud bir necha ishtirokchisiga sotishga yoki boshqacha tarzda ularning foydasiga voz kechishga haqli. Bunday bitimni tuzish uchun, agar jamiyat ustavida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, jamiyatning yoki jamiyat boshqa ishtirokchilarining roziligi talab qilinmaydi.
Karmana tumani 1-son davlat notarial idorasida 23.04.2018-yilda tasdiqlangan rozilik arizasiga koʻra N.N jamiyatdagi 100 % ulushini F.Dga qoldirib, jamiyat taʼsischiligidan chiqishga rozilik bildirgan boʻlsa-da, ulushdan voz kechilganlik va ulushning ikkinchi taʼsischiga oʻtishi masalasi jamiyat umumiy yigʻilishida koʻrib chiqilib, jamiyatning taʼsis hujjatlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilmagan va u belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan.
Qonunning 11-moddasi toʻrtinchi qismiga koʻra jamiyatning taʼsis hujjatlariga oʻzgartishlar jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi qaroriga binoan kiritiladi. Jamiyatning taʼsis hujjatlariga kiritilgan oʻzgartishlar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak.
Bundan tashqari daʼvogar apellatsiya shikoyatida jamiyatga tegishli boʻlgan koʻchmas mulk jamiyatning 30.04.2022-yildagi 2-sonli bayonnomasi asosida 30.04.2022-yildagi 1-sonli topshirish qabul qilish dalolatnomasiga asosan qonun talablariga zid ravishda, merosxoʻrlarning roziligisiz jamiyatning boshqa ishtirokchisi N.Nga berib yuborilganligi, topshirish qabul qilish dalolatnomasi egalikni belgilovchi huquqiy bitim boʻlganligi sababli, birinchi instansiya sudi mazkur dalolatnomani oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim ekanligiga huquqiy baho bermaganligini bayon etgan.
Ishdagi mavjud hujjatlarga koʻra jamiyatga tegishli boʻlgan Karmana tumani, Argun MFY, I. Karimov koʻchasi 270-uyda joylashgan bino inshoat jamiyatning 30.04.2022-yildagi 2-sonli bayonnomasi asosida tuzilgan 30.04.2022-yildagi 1-sonli topshirish qabul qilish dalolatnomasiga asosan N.N nomiga davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
Mazkur holda topshirish qabul qilish dalolatnomasi jamiyatning umumiy yigʻilish qarori asosida rasmiylashtirilgan hujjat boʻlib, dalolatnomaning oʻzi mulk huquqini tasdiqlovchi mustaqil hujjat yoki bitim hisoblanmaydi. Shu sababdan ham koʻchmas mulkni topshirish qabul qilish dalolatnomasiga bitimga oid normalar, shu jumladan bitimning haqiqiy emasligi bilan bogʻliq qoidalar qoʻllanilmaydi.
Qolaversa, jamiyatga tegishli boʻlgan koʻchmas mulkni oldi sotdisi bilan bogʻliq nizo korporativ nizo hisoblanmasligi va u manfaatdor tarafning daʼvosi boʻyicha alohida nizo sifatida sudda koʻrilishi mumkinligi sababli, sudlov hayʼati daʼvogar vakilini koʻchmas mulkni haqiqatda kimning egaligida boʻlganligini tasdiqlovchi guvohlarning sud muhokamasida soʻroq qilish toʻgʻrisida iltimosnomasini rad etishni lozim topdi.
Daʼvogar jamiyat taʼsischisi N.N va uning oʻgʻli U.Nlarga nisbatan turmush oʻrtogʻining vafotidan foydalanib, jamiyatning yangi tahrirdagi ustavini Karmana tumani davlat xizmatlari markazidan davlat roʻyxatidan oʻtkazib olganligi, hujjatlarni qalbakilashtirib, turmush oʻrtogʻini 100 % lik ulushni 66,7 % ni qoʻlga kiritib, jamiyat direktori S.Sni oʻrniga oʻzi direktor boʻlib olganligi, bu bilan jamiyatning bankdagi hisob raqamidagi pul mablagʻlari hamda jamiyat balansidagi koʻchmas mulklarni qoʻlga kiritganligi yuzasidan qonuniy chora koʻrishni soʻrab ichki ishlar idoralariga qilgan murojaati yuzasidan Karmana tumani IIB tergov boʻlimi tomonidan olib borilgan surishtiruv harakatlari natijasida daʼvogarning murojaatida qayd etilgan vajlar oʻz tasdigʻini topmaganligi sababli Karmana tumani IIB huzuridagi tergov boʻlimining 2022-yilning 25-iyun kunidagi qaroriga koʻra jamiyat taʼsischisi N.N, U.N va boshqalarning harakatlarida Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168, 228-moddasida koʻrsatilgan jinoyat tarkibi yoki maʼmuriy huquqbuzarlik alomatlari boʻlmaganligi sababli Oʻzbekiston Respublikasi JPKning 86-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qoʻzgʻatish rad etilgan.
Bundan tashqari, Navoiy viloyat adliya boshqarmasi tomonidan “D” MChJni jamiyat taʼsischisining 30.04.2022-yildagi umumiy yigʻilish qaroriga asosan qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi qonuniyligi yuzasidan oʻtkazilgan xizmat tekshiruvida ham jamiyat taʼsischisining umumiy yigʻilish qarorini qabul qilishi va u asosda jamiyatni qayta roʻyxatdan oʻtkazish jarayonlarini qonuniyligi oʻrganib chiqilib, boshqarmaning 21.06.2022-yildagi xulosasiga koʻra mazkur jarayonlar qonuniy deb hisoblangan.
Yuqoridagilarga koʻra sudlov hayʼati birinchi instansiya sudi tomonidan ish uchun ahamiyatli holatlar toʻliq aniqlanganligi, ushbu holatlar isbotlanganligi, hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalar ish holatlariga muvofiq kelishi hamda moddiy va protsessual huquq normalari buzilmaganligini inobatga olib, sudning hal qiluv qarorini bekor qilish yoki oʻzgartirishga asoslar mavjud emas deb hisoblaydi.
Bayon etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirish, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida xulosaga keldi.
IPK 118-moddasiga muvofiq, sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarning qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda ularning zimmasiga yuklatiladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning apellatsiya va kassatsiya shikoyati berish bilan bogʻliq holda qilgan sud xarajatlari ushbu moddada bayon etilgan qoidalarga muvofiq taqsimlanadi.
Shu bois sudlov hayʼati, daʼvogar tomonidan apellatsiya shikoyati uchun toʻlangan davlat boji va pochta xarajatlarini oʻzining zimmasida qoldirib, undan videokonferensaloqa xarajatini undirishni lozim topadi.
Yuqoridagilarga koʻra hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 118, 276, 278, 280-moddalarini qoʻllab, sudlov hayʼati qaror qiladi:
Karmana tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 9-fevral kunidagi hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilsin, daʼvogar T.G.Sning apellatsiya shikoyatini qanoatlantirish rad etilsin.
Daʼvogar T.G.Sdan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining depozit hisob raqamiga 75.000 soʻm miqdorda videokonferensaloqa xarajati undirilsin.
Qaror qabul qilingan vaqtdan boshlab qonuniy kuchga kiradi.
Qarordan norozi taraf belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga kassatsiya tartibida shikoyat (protest) keltirishi mumkin.
Raislik qiluvchi T. ABDRAMANOV
hayʼat aʼzolari S. JAKEEV
T. QAHHOROV
Navoiy sh.,
2023-yil 17-aprel,
4-2101-2201/5964-son