OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY SUDI IQTISODIY IShLAR BOʻYIChA SUDLOV HAYʼATI KASSATSIYA INSTANSIYASINING
Qarori
Birinchi instansiya sudida ishni koʻrgan sudya — Z.A. Rustamov
Apellatsiya instansiyasida maʼruzachi sudya — T.Sh. Alimardonov
Kassatsiya instansiyasida maʼruzachi sudya — B.N. Sayfullayev
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati sudya B. Sayfullayevning raisligida, hayʼat aʼzolari sudyalar V. Sattorova va R. Sagatovdan iborat tarkibda, Z. Qodirovning kotibligida, sud majlisini videokonferetsaloqa rejimida koʻrishda koʻmaklashayotgan Denov tumanlararo iqtisodiy sudi xodimi M. Pirimqulov, daʼvogarlar “S.K.M.B” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischisi T. R. S, taʼsischi Ch. M. Sning vakili A. R (2022-yil 30-noyabrdagi ishonchnoma asosida), javobgar I. S. Shning vakili K.T (2022-yil 24-maydagi ishonchnoma asosida), “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki vakili boʻlim boshligʻi X. I (2023-yil 9-yanvardagi 02-06/165-sonli ishonchnoma asosida)ning ishtirokida, daʼvogar “S.K.M.B” masʼuliyati cheklangan jamiyatining taʼsischilari Ch. M. S, T. R. S. va “G.B.D” fermer xoʻjaligining javobgar “S.K.M.B” masʼuliyati cheklangan jamiyati, taʼsischi Sh. I. Sga nisbatan “S.K.M.B” masʼuliyati cheklangan jamiyatining 2019-yil 11-noyabrdagi 14-sonli yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi boʻyicha qabul qilingan Denov tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 17-iyundagi hal qiluv qarori va Surxondaryo viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2022-yil 30-avgustdagi qarori ustidan “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan berilgan kassatsiya shikoyati asosida ishni Oliy sudning binosida videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilgan ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
“S.K.M.B” masʼuliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda MChJ yoki jamiyat deb yuritiladi) ishtirokchilarining 2019-yil 11-noyabrdagi umumiy yigʻilishida “A.G.F” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan ATB “Mikrokreditbank” (bundan buyon matnda bank deb yuritiladi)dan baliqchilikni tashkil etish uchun 11.997.000 AQSh dollari miqdorida olinayotgan kreditni qaytarilishining taʼminoti sifatida MChJga tegishli Denov shahri, Guliston mahallasi, 59 a-uyda joylashgan “Avtomobillarni siqilgan gaz bilan toʻldirish kompressor stansiyasi” binosini garovga qoʻyish uchun rozilik berish haqida qaror qabul qilingan va 14-sonli yigʻilish bayonnomasi rasmiylashtirilgan.
Ushbu yigʻilish qarori qonun talablariga zid ravishda chiqarilganligi, yigʻilish haqida MChJ taʼsischilari xabardor qilinmaganligi va yigʻilishda ularning ishtiroki taʼminlanmaganligi toʻgʻrisidagi asoslar bilan daʼvogarlar MChJ taʼsischilari Ch. M. S (bundan buyon matnda M.Ch deb yuritiladi), T. R. S. (bundan buyon matnda R.T deb yuritiladi) va “G.B.D” fermer xoʻjaligi (bundan buyon matnda fermer xoʻjaligi deb yuritiladi) javobgarlar MChJ hamda uning taʼsischisi Sh. I. S (bundan buyon matnda I.Sh deb yuritiladi)ga nisbatan Denov tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, MChJ ishtirokchilarining 2019-yil 11-noyabrdagi 14-sonli yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Sudning 2022-yil 13-iyundagi ajrimi bilan ishga nizoni predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida “A.G.F” masʼuliyati cheklangan jamiyati va ATB “Mikrokreditbank” jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining 2022-yil 17-iyundagi hal qiluv qarori bilan daʼvo talabi qanoatlantirilib, MChJ ishtirokchilarining 2019-yil 11-noyabrdagi 14-sonli yigʻilish qarori haqiqiy emas deb topilgan. Shuningdek, jamiyat rahbari A. Shning yigʻilish qarorini rasmiylashtirish borasidagi harakatlariga qonuniy chora koʻrish uchun xususiy ajrim chiqarilib, Denov tuman prokuraturasiga yuborilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2022-yil 30-avgustdagi qarori bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan. Xususiy ajrim chiqarilib, Surxondaryo viloyat prokuraturasiga yuborilgan.
Ish yuzasidan qabul qilingan sud hujjatlari ustidan bank tomonidan kassatsiya shikoyati berilgan va unda sud hujjatlarini bekor qilib, daʼvo talabini qanoatlantirishni rad qilish haqida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sud majlisida ishtirok etgan bank vakili kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni takrorlab, 2019-yil 11-noyabrdagi 14-sonli yigʻilish qarori aslida 2019-yil 20-noyabrdagi 14-sonli yigʻilish qarori ekanligini, ushbu yigʻilish qarori raislik qiluvchi va kotib tomonidan imzolanganligi, ushbu yigʻilish qarori asosida ipoteka shartnomasi imzolanganligi va “A.G.F” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga kredit ajratilganligini, yigʻilish qarori haqida MChJ ishtirokchilari xabardor boʻlganligini bildirib, shikoyatni qanoatlantirishni soʻradi.
Sud majlisida ishtirok etgan daʼvogarlar vakillari 2019-yil 11-noyabrda oʻtkazilgan yigʻilishdan umuman xabardor emasliklari, yigʻilish umuman oʻtkazilmaganligini bildirib, shikoyatni qanoatlantirishni rad etishni, birinchi va apellatsiya sudining qarorlarini oʻz kuchida qoldirishni soʻrashdi.
Sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tartibda xabardor qilingan fermer xoʻjaligi, MChJ, I. Sh hamda “A” masʼuliyati cheklangan jamiyati sud majlisida oʻz vakili ishtirokini taʼminlamadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) 297-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, kassatsiya instansiyasi sudining sud majlisiga sud muhokamasini oʻtkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan, kassatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsning va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning kelmaganligi ishni ularning ishtirokisiz koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi.
Sudlov hayʼati joyida maslahatlashib, ishni ular vakilining ishtirokisiz koʻrib chiqish mumkinligi haqida xulosaga keldi.
Sudlov hayʼati ishda ishtirok etuvchi shaxslar va ularning vakillarini tushuntirishlarini tinglab, shikoyatda keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
Aniqlanishicha, MChJning ustav fondi ishtirokchilar oʻrtasida quyidagicha taqsimlangan:
Sh. I. S 67,8 %;
Ch. M. S 28,3 %;
T. R. S. 1,7 %;
“G.B.D” fermer xoʻjaligi 2,2 %.
“Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni (bundan buyon matnda Qonun deb yuritiladi) 33-moddasining birinchi qismiga koʻra, jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishini chaqiruvchi organ yoki shaxslar uni oʻtkazishdan kamida oʻttiz kun oldin bu haqda jamiyatning har bir ishtirokchisini jamiyat ishtirokchilarining roʻyxatida koʻrsatilgan manzil boʻyicha buyurtma xat bilan yoki jamiyatning ustavida nazarda tutilgan boshqa usulda xabardor qilishi shart. Xabarnomada jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi oʻtkaziladigan vaqt va joy, shuningdek taklif qilinayotgan kun tartibi koʻrsatilishi kerak.
Qonun 35-moddasiga koʻra, ishtirokchilar umumiy yigʻilishining bayonnomasida quyidagilar koʻrsatiladi:
ishtirokchilar umumiy yigʻilishi oʻtkaziladigan vaqt va joy;
yigʻilishda qatnashayotgan ishtirok etuvchilar ega boʻlgan ovozlarning umumiy soni;
yigʻilishning raisi (rayosati) va kotibi, yigʻilishning kun tartibi.
Ishtirokchilar umumiy yigʻilishining bayonnomasida maʼruzalarning asosiy qoidalari, ovozga qoʻyilgan masalalar va ular boʻyicha ovoz berish yakunlari, yigʻilishda qabul qilingan qarorlar aks ettirilgan boʻlishi shart.
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining bayonnomasi yigʻilish oʻtkazilganidan soʻng uch kundan kechiktirilmay umumiy yigʻilish raisi va kotibi tomonidan imzolanadi.
MChJ ijroiya organi tomonidan 2019-yil 11-noyabrdagi umumiy yigʻilish haqida jamiyat ishtirokchilarini qonunda belgilangan muddatda va tartibda xabardor qilinmagan. MChJ 2019-yil 11-noyabrdagi umumiy yigʻilish haqida jamiyat ishtirokchilarini qonunda belgilangan muddatda va tartibda xabardor qilinganligini tasdiqlovchi dalillarni sudga taqdim qilmagan.
Birinchi instansiya sudi majlisida ishtirok etgan I. Sh umumiy yigʻilish haqida 2019-yil 11-noyabrdagi yigʻilish haqida MChJ ishtirokchilari telefon orqali xabardor qilinganligini, biroq ular yigʻilishda ishtirok etmaganligi haqida koʻrsatma bergan.
Shuningdek, I. Shning vakili yigʻilish bayonnomasi MChJ rahbari tomonidan rasmiylashtirilganligi haqida koʻrsatma bergan.
Bundan tashqari, yigʻilish bayonnomasida umumiy yigʻilishda qatnashayotgan ishtirok etuvchilar ega boʻlgan ovozlarning umumiy soni qayd etilmagan.
Qonun 41-moddasining birinchi qismiga koʻra, jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari, jamiyatning ustavi talablari buzilgan holda qabul qilingan hamda jamiyat ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan qarori ovoz berishda ishtirok etmagan yoki bahsli qarorga qarshi ovoz bergan jamiyat ishtirokchisining arizasiga koʻra sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Mazkur holatda birinchi instansiya sudi MChJ ishtirokchilarining 2019-yil 11-noyabrdagi yigʻilishi qonun talablariga zid ravishda oʻtkazilganligi va yigʻilish bayonnomasi qonun talablariga zid ravishda rasmiylashtirilganligi sababli ushbu daʼvoni qanoatlantirish, apellatsiya instansiyasi sudi esa birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻz kuchida qoldirish haqida asosli toʻxtamga kelgan.
IPK 302-moddasining birinchi qismiga koʻra, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun ish uchun ahamiyatli holatlarning toʻliq aniqlanmaganligi, sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatli boʻlgan holatlarning isbotlanmaganligi, hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalarning ish holatlariga muvofiq emasligi, moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilganligi asos boʻladi. Mazkur holatda bunday asoslar mavjud emas.
Bankning shikoyatda keltirgan va sud muhokamasida aytib oʻtgan vajlari sud hujjatlarini bekor boʻlishiga asos boʻlmaydi. Chunki, Qonunda toʻgʻridan toʻgʻri ovoz berishda ishtirok etmagan yoki bahsli qarorga qarshi ovoz bergan jamiyat ishtirokchisining arizasiga koʻra umumiy yigʻilish tomonidan qabul qilingan qaror haqiqiy emas deb topilishi koʻrsatib oʻtilgan. Mazkur bayonnoma umuman yigʻilish oʻtkazilmasdan rasmiylashtirilganligi ish hujjatlari bilan toʻliq tasdiqlangan.
IPK 302-moddasining birinchi qismiga koʻra, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun ish uchun ahamiyatli holatlarning toʻliq aniqlanmaganligi, sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatli boʻlgan holatlarning isbotlanmaganligi, hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalarning ish holatlariga muvofiq emasligi, moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilganligi asos boʻladi. Mazkur holatda bunday asoslar mavjud emas.
Bayon qilinganlarga asosan sudlov hayʼati, apellatsiya instansiyasi sudi qarorini oʻzgarishsiz, daʼvogarning kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq oldindan toʻlangan sud xarajatlarini bankning zimmasida qoldirishni va bankdan ishni videokonferensaloqa rejimida koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini undirishni lozim topadi.
Yuqoridagilarga asosan va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 118, 301 — 303-moddalarini qoʻllab, sudlov hayʼati qaror qildi:
Denov tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 17-iyundagi hal qiluv qarori va Surxondaryo viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2022-yil 30-avgustdagi qarori oʻzgarishsiz, “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat bankining kassatsiya shikoyati qanoatlantirmasdan qoldirilsin.
“Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat bankidan Oliy sudning depozit hisob raqamiga ishni videokonferensaloqa rejimida koʻrish bilan bogʻliq 75 000 soʻm sud xarajatlari undirilsin.
Ijro varaqasi berilsin.
Mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Raislik qiluvchi: B. SAYFULLAYEV
hayʼat aʼzolari: V. SATTOROVA
R. SAGATOV
Toshkent sh.,
2023-yil 18-aprel,
4-1905-2201/455-son