NavoIy viloyat SUDINING IQTISODIY IShLAR BOʻYIChA SUDLOV HAYʼATI APELLATSIYA INSTANSIYASINING
Qarori
Birinchi instansiyada ishni koʻrishda maʼruzachi sudya — B. RADJABOV
Apellatsiya instansiyasida maʼruzachi sudya — S. JAKEEV
Apellatsiya instansiyasida maʼruzachi sudya — S. JAKEEV
Navoiy viloyat sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati T. Abdramanovning raisligida, hayʼat aʼzolari T. Qaxxorov va S. Jakeyevdan iborat tarkibda, G. Togʻayevaning sud majlisi kotibligida, daʼvogar U.N., vakili M.Gʻ. (14.02.2023-yildagi 10-sonli advokatlik ordyerga va ishonchnomaga asosan), javobgar “IP” MChJ vakillari Sh.Q. (14.02.2023-yildagi 2-sonli ishonchnoma va advokatlik orderga asosan), B.E. (15.02.2023-yildagi 28-sonli ishonchnomaga asosan), uchinchi shaxs vakili Sh.N. ishtirokida, daʼvogar N.U.Sh.ning javobgar “IP” masʼuliyati cheklangan jamiyatini 2020-yil 13-noyabrdagi umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi boʻyicha yuritilgan ish yuzasidan qabul qilingan Karmana tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 3-martdagi hal qiluv qarori ustidan daʼvogar tomonidan berilgan apellatsiya shikoyati asosida ishni Navoiy viloyat sudi binosida boʻlib oʻtgan ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, qoʻyidagilarni aniqladi:
Daʼvogar N.U.Sh. (bundan buyon matnda — “daʼvogar”, “U.N.” deb yuritiladi) Karmana tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “IP” masʼuliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda — “javobgar”, “MChJ” deb yuritiladi)ning 2020-yil 13-noyabrdagi umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2023-yil 3-martdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo talabini qanoatlantirish rad etilgan.
Ish yuzasidan qabul qilingan hal qiluv qarori ustidan daʼvogar apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan va unda ulush sotilishi noqonuniy boʻlganligini, ishtirokchilar tegishli tartibda xabardor qilinmaganligini, ustavda taʼsis hujjatlariga oʻzgartirishlar barcha ishtirokchilar bilan birga koʻrilishini, qalbaki hujjatlar asosida ishlar amalga oshirilganligini, Karmana tuman Ichki ishlar boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, A.A. vafot etganligi tufayli tugatilganligini bildirib, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirib, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilishni va daʼvoni qanoatlantirish toʻgʻrisida yangi qaror qabul qilishni soʻragan.
Sud muhokamasida daʼvogar apellatsiya shikoyatini qanoatlantirib, ulush sotilishi noqonuniy boʻlganligini, ishtirokchilar tegishli tartibda xabardor qilinmaganligini, ustavda taʼsis hujjatlariga oʻzgartirishlar barcha ishtirokchilar bilan birga koʻrilishini, qalbaki hujjatlar asosida ishlar amalga oshirilganligini, Karmana tuman Ichki ishlar boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, A.A. vafot etganligi tufayli tugatilganligini, bitimlar haqiqiy emasligi ushbu qarorlarga ham qoʻllanilishi lozimligini bildirib, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirib, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilishni va daʼvoni qanoatlantirish toʻgʻrisida yangi qaror qabul qilishni soʻrashdi.
Javobgar vakillari qaror toʻgʻri chiqarilganligini bildirib, shikoyatni qanoatlantirmasdan qoldirishni soʻrashdi.
Uchinchi shaxs vakili Sh.N. qaror notoʻgʻri chiqarilganligini bildirdi.
Sud muhokamasini oʻtkazilish vaqti va joyi toʻgʻrisida lozim darajada xabardor etilgan uchinchi shaxslar vakillari sud muhokamasiga kelmadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) 274-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, apellatsiya instansiyasi sudining sud majlisiga sud muhokamasini oʻtkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan, apellatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsning va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning kelmaganligi ishni ularning ishtirokisiz koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi.
Shuning uchun sudlov hayʼati ishni ularning ishtirokisiz koʻrib chiqishni lozim topadi.
Sudlov hayʼati ish hujjatlarini oʻrganib, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning fikrlarini tinglab, shikoyat vajlarini muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilishni va ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni, apellatsiya shikoyatini qisman qanoatlantirishni lozim topadi.
Mazkur nizo korporativ munosabatlardan kelib chiqqan.
Aniqlanishicha, MChJ 2012-yil 26-noyabrda 1459-son bilan tadbirkorlik subyektlarining yagona davlat reyestrida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boʻlib, javobgarning yangi tahrirdagi ustavi 2020-yil 30-dekabrda 1459-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan va A.Sh.Gʻ.da — 14.721.000 soʻm yoki 95,44 foiz, T. N.da — 389.000 soʻm yoki 2,52 foiz, N.Sh.da 260.000 soʻm yoki 1,69 foiz va N.U.da — 54.000 soʻm yoki 0,35 foiz miqdorida ulushlar taqsimlangan.
Birinchi instansiya sudining 2021-yil 14-iyuldagi, 27-oktabrdagi ajrimlari bilan nizo predmetiga mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida MChJ taʼsischilari “SS” korxonasi, “KS”, “TS”, “AO” va “RYo” fermer xoʻjaliklari, N.T., N.S., O.H., R.A., Sh.N., R.S., G.Sh., N.T., Davlat xizmatlari agentligi Navoiy viloyat boshqarmasi mutaxassislari jalb qilingan.
“Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining 3 va 41-moddalarga koʻra, bir yoki bir necha shaxs tomonidan taʼsis etilgan, ustav fondi (ustav kapitali) taʼsis hujjatlari bilan belgilangan miqdorlarda ulushlarga boʻlingan xoʻjalik jamiyati masʼuliyati cheklangan jamiyat deb hisoblanadi. Masʼuliyati cheklangan jamiyatning ishtirokchilari uning majburiyatlari boʻyicha javobgar boʻlmaydilar va jamiyat faoliyati bilan bogʻliq zararlar uchun oʻzlari qoʻshgan hissalar qiymati doirasida javobgar boʻladilar.
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari, jamiyatning ustavi talablari buzilgan holda qabul qilingan hamda jamiyat ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan qarori ovoz berishda ishtirok etmagan yoki bahsli qarorga qarshi ovoz bergan jamiyat ishtirokchisining arizasiga koʻra sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Lekin, birinchi instansiya sudi 95,44 foiz ulushga ega boʻlgan taʼsischi A. Sh. Gʻ.ni ishga jalb qilmagan.
Bundan koʻrinadiki, birinchi instansiya sudi ishga aloqador boʻlgan Sh.A.ni nizo predmetiga mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilmasdan turib, hal qiluv qarori chiqargan.
IPKning 278-moddasiga koʻra, apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha ushbu Kodeks 279-moddasi toʻrtinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan asos mavjud boʻlgan taqdirda hal qiluv qarorini bekor qilishga va ishni yangidan koʻrish uchun yuborishga haqli.
IPK 279-moddasi toʻrtinchi qismining 4-bandiga koʻra, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinganligi protsessual huquq normalarining buzilganligi yoki notoʻgʻri qoʻllanilganligi munosabati bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini har qanday holda bekor qilish uchun asos boʻladi.
Shuning uchun, sudlov hayʼati birinchi instansiya sudi tomonidan protsessual huquq normalar buzilganligini inobatga olib, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilishni va ishni yangidan koʻrish uchun Karmana tumanlararo iqtisodiy sudiga yuborishni, apellatsiya shikoyatini qisman qanoatlantirishni lozim topadi.
IPK 280-moddasi qoidalariga koʻra, apellatsiya instansiyasi sudining qarorida agar ish yangidan koʻrish uchun yuborilayotgan boʻlsa, birinchi instansiya sudi tomonidan bajarilishi kerak boʻlgan harakatlar koʻrsatilishi, sudning hal qiluv qarori bekor qilinib, ish yangidan koʻrish uchun yuborilgan taqdirda, sud xarajatlarini taqsimlash toʻgʻrisidagi masala ishni yangidan koʻrayotgan sud tomonidan hal etilishi belgilangan.
Shunga koʻra, birinchi instansiya sudi ishni yangidan koʻrishda ishga A.Sh.Gʻ.ni nizo predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilishi, U.N.ning vajlarini toʻliq tekshirishni, daʼvo talablariga qonuniy baho berishi, moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllagan holda asosli va qonuniy hal qiluv qarori qabul qilishi, shuningdek ishni apellatsiya instansiyasida koʻrish bilan bogʻliq holdagi sud xarajatlarini ishni koʻrish natijalariga koʻra ishda ishtirok etuvchi shaxslarning qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdorga mutanosib ravishda taqsimlashi lozim boʻladi.
Yuqoridagilarga asosan va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 118, 276, 278 — 280-moddalarini qoʻllab, sudlov hayʼati qaror qildi:
Daʼvogar N.U.Sh.ning apellatsiya shikoyati qisman qanoatlantirilsin.
Karmana tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 3-martdagi hal qiluv qarori bekor qilinsin.
Ish birinchi instansiya sudida koʻrib chiqish uchun Karmana tumanlararo iqtisodiy sudiga yuborilsin.
Mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Qarordan norozi taraf belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga kassatsiya tartibida shikoyat (protest) keltirishi mumkin.
Raislik qiluvchi T. ABDRAMANOV
Hayʼat aʼzolari T. QAXXOROV
S. JAKEEV
Hayʼat aʼzolari T. QAXXOROV
S. JAKEEV
Navoiy sh.,
2023-yil 25-aprel,
4-2101-2103/1190-son