Birinchi instansiya sudida ishni koʻrgan sudya — B. Baymuratov
Apellatsiya instansiyasida maʼruzachi sudya — U. Sabirov
Kassatsiya instansiyasida maʼruzachi sudya — B.N. Sayfullayev
Apellatsiya instansiyasida maʼruzachi sudya — U. Sabirov
Kassatsiya instansiyasida maʼruzachi sudya — B.N. Sayfullayev
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati kassatsiya instansiyasining
Qarori
4-2301-2204/2089-sonli iqtisodiy ish
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati sudya B. Sayfullayevning raisligida, hayʼat aʼzolari sudyalar V. Sattorova va R. Sagatovdan iborat tarkibda, Z. Qodirovning kotibligida, sud majlisini videokonferetsaloqa rejimida koʻrishda koʻmaklashayotgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi xodimi M. Bekturganov, daʼvogar A. K, uning advokati U. A (2022-yil 23-sentabrdagi 88-sonli order asosida), javobgar A. Rning turmush oʻrtogʻi Q. X, uchinchi shaxs F. Mning ishtirokida, daʼvogar A. Kning javobgarlar A. R, Q. Q, Davlat xizmatlari agentligining Nukus shahar Davlat xizmatlari markazi, A. A va “K A” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga nisbatan jamiyat ishtirokchilarining 2017-yil 17-oktabrdagi qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi boʻyicha qabul qilingan Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 19-yanvardagi qarori ustidan A. K tomonidan berilgan kassatsiya shikoyati asosda ishni Oliy sud binosida videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilgan ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
“K A” masʼuliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda jamiyat yoki MChJ deb yuritiladi) ishtirokchilarining 2017-yil 10-oktabrdagi yigʻilishi tomonidan Nukus tumanlararo iqtisodiy sudining 23-1706/1356-sonli iqtisodiy ish boʻyicha qabul qilingan hal qiluv qaroriga asosan jamiyat ishtirokchilarining 2012-yil 28-avgustdagi 6 sonli yigʻilish qarori, MChJ rahbarining 2012-yil 29-avgustdagi 30-sonli buyrugʻini haqiqiy emas deb topish, MChJ ustavini qayta roʻyxatga olish, jamiyat ishtirokchilari R. A. Bning ulushi 20 foiz va K. K. Tning ulushi 80 foiz belgilash haqida 1-sonli qaror qabul qilingan.
Ushbu qaror asosida jamiyat Nizomiga oʻzgartirish kiritilib, 2017-yil 12-oktabr qayta roʻyxatdan oʻtkazilgan.
Jamiyatning 2015-yil 14-mayda roʻyxatdan oʻtkazilgan Nizomiga koʻra, yagona ulushdor hisoblangan A. K (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi) javobgarlar jamiyat ishtirokchilari R. A. B (bundan buyon matnda javobgar A. R deb yuritiladi) va K. K. T (bundan buyon matnda javobgar Q. Q deb yuritiladi), Davlat xizmatlari agentligining Nukus shahar Davlat xizmatlari markazi va A. A. K (bundan buyon matnda javobgar A. A deb yuritiladi)ga nisbatan sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, jamiyat ishtirokchilarining 2017-yil 10-oktabrdagi 1-sonli bayonnoma-qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Sudning 2022-yil 18-oktabrdagi ajrimi bilan MChJ ishga ikkinchi javobgar sifatida, 2022-yil 14-noyabrdagi ajrimi bilan F. M ishga nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan.
Nukus tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 24-noyabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvogarning daʼvosi qanoatlantirilgan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 19-yanvardagi qarori bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bekor qilingan va daʼvoni qanoatlantirishni rad etish haqida yangi qaror qabul qilingan.
Daʼvogarning kassatsiya shikoyatida apellatsiya instansiyasi sudining qarorini bekor qilib, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirish soʻralgan.
Bunga asos qilib, apellatsiya instansiyasi sudi tarkibida boʻlgan sudya G. Zaripova sudlov tarkibdan asossiz chiqarganligi va tarkibga B. K kirganligi, bu sud qarorining xolis chiqarganligiga shubha uygʻotganligi, apellatsiya instansiyasining daʼvo muddatini notoʻgʻri qoʻllaganini, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining iqtisodiy sudlar tomonidan fuqarolik qonun hujjatlarining daʼvo muddatiga oid normalarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida” 2015-yil 19-iyundagi 282-sonli qarori (bundan buyon matnda Oliy xoʻjalik sudining 282-sonli Plenum qarori deb yuritiladi)ning 5-bandi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Iqtisodiy sudlar tomonidan korporativ nizolarni hal etishning ayrim masalalari toʻgʻrisida” 2014-yil 20-iyundagi 262-sonli qarori (bundan buyon matnda Oliy xoʻjalik sudining 262-sonli Plenum qarori deb yuritiladi) 20.2-bandiga asoslanib, xatoga yoʻl qoʻyganligi, Oliy xoʻjalik sudining yuqorida qayd etilgan Plenum qarorida ikki oylik daʼvo muddati MChJ kollegial ijro etuvchi organining qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo ishi boʻyicha qoʻllash mumkin emasligi, Oliy xoʻjalik sudining 262-sonli Plenum qarorining 20.2-bandida bunday daʼvolarga nisbatan sud tomonidan umumiy daʼvo muddati qoʻllanishi mumkin deb koʻrsatilganligi, MChJning avvalgi taʼsischisi boʻlgan A. Rdan keyingi taʼsischi A. Aga qonuniy oʻtganligi Xorazm viloyat sudi Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasining qarori bilan isbotlanganligi, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi) 163-moddasida shaxsiy nomulkiy huquqlarni va boshqa nomoddiy boyliklarni himoya qilish haqidagi talablarga, omonatchilarning oʻz omonatlarini berish toʻgʻrisida bankka qoʻyadigan talablariga, jinoyat tufayli yetkazilgan zararni toʻlash haqidagi talablarga, mulkdorning yoki boshqa egalik qiluvchining oʻz huquqini har qanday buzishlarni, garchi bu buzishlar egalik qilishdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmasa ham (ushbu Kodeksning 231-moddasi), bartaraf etish haqidagi talablariga nisbatan daʼvo muddati joriy qilinmasligi belgilanganligi, daʼvogar nizoli yigʻilish qarori haqida 2022-yil 20-sentabrda, yaʼni daʼvogarning Davlat xizmatlari markazi Nukus boʻlimiga n�sbatan bergan arizasi boʻyicha maʼmuriy ish koʻrilgan vaqtda xabardor boʻlganligi haqida vajlar keltirilgan.
Sud majlisida ishtirok etgan daʼvogar vakillari kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarini takrorlab, uni qanoatlantirishni, apellatsiya instansiyasi sudi qarorini bekor qilib, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni soʻradi.
Sud majlisida ishtirok F. M, shuningdek A. Rning turmush oʻrtogʻi Q. X kassatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni soʻradi.
Sud majlisi vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tartibda xabardor qilingan MChJ, Q. Q, Davlat xizmatlari agentligining Nukus shahar Davlat xizmatlari markazi, A. A sud majlisida oʻz vakili ishtirokini taʼminlamadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) 297-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, kassatsiya instansiyasi sudining sud majlisiga sud muhokamasini oʻtkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan, kassatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsning va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning kelmaganligi ishni ularning ishtirokisiz koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi.
Sudlov hayʼati joyida maslahatlashib, ishni ular vakilining ishtirokisiz koʻrib chiqish mumkinligi haqida xulosaga keldi.
Sudlov hayʼati ishda ishtirok etuvchilar vakillarining tushuntirishlarini tinglab, shikoyatda keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra apellatsiya instansiyasining qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlariga koʻra MChJning 2015-yil 14-mayda roʻyxatdan oʻtkazilgan Nizomiga koʻra, daʼvogar uning yagona taʼsischisi hisoblangan.
Jamiyat ishtirokchilarining 2017-yil 10-oktabrdagi 1-sonli qaroriga asosan uning Nizomiga oʻzgartirish kiritilib, 2017-yil 12-oktabrda qayta roʻyxatdan oʻtkazilgan. Oʻzgartirilgan jamiyat taʼsis hujjatiga koʻra, uning ishtirokchilari sifatida A. R (javiyat ustav fondining 20 foizi) hamda K. K (jamiyat ustav fondining 80 foizi) kiritilgan.
Daʼvogar jamiyat ishtirokchilarining 2017-yil 10-oktabrdagi 1-sonli qarori qonunga zid ravishda qabul qilingan deb hisoblab, uni haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Javobgar K. K birinchi instansiya sudiga ariza taqdim etgan. Unda daʼvogarning daʼvo arizasi boʻyicha daʼvo muddati oʻtib ketganligini bildirgan va daʼvo muddatini qoʻllab, daʼvo arizasini qanoatlantirishni rad etishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan ushbu arizasi muhokama qilmagan va daʼvogarning daʼvosini qanoatlantirish haqida notoʻgʻri xulosaga kelgan. Shuning uchun apellatsiya instansiyasi hal qiluv qarorini bekor qilib, bildirilgan talabga nisbatan daʼvo muddatni qoʻllab, daʼvo talabini qanoatlantirishni rad etish haqida asosli xulosaga kelgan.
FKning 150-moddasiga koʻra, umumiy daʼvo muddati — uch yil.
FKning 151-moddasida ayrim turdagi talablar uchun qonunchilikda umumiy daʼvo muddatiga qaraganda qisqartirilgan yoki uzaytirilgan maxsus daʼvo muddatlari belgilanishi mumkinligi, agar qonunda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, ushbu Kodeks 152 — 162-moddalarining qoidalari maxsus daʼvo muddatlariga ham joriy qilinishi belgilangan.
Oliy xoʻjalik sudining 282-sonli Plenum qarorining 5-bandida ayrim turdagi talablar uchun qonun hujjatlarida umumiy daʼvo muddatiga qaraganda qisqartirilgan yoki uzaytirilgan maxsus daʼvo muddatlari belgilanishi mumkinligi, xususan, masʼuliyati cheklangan yoki qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi daʼvolar boʻyicha maxsus daʼvo muddatlari belgilanganligi qayd etilgan.
“Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni (bundan buyon matnda Qonun deb yuritiladi) 41-moddasining birinchi qismiga koʻra, jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari, jamiyatning ustavi talablari buzilgan holda qabul qilingan hamda jamiyat ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan qarori ovoz berishda ishtirok etmagan yoki bahsli qarorga qarshi ovoz bergan jamiyat ishtirokchisining arizasiga koʻra sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Bunday ariza jamiyat ishtirokchisi qabul qilingan qaror toʻgʻrisida bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan eʼtiboran ikki oy ichida berilishi mumkin. Agar jamiyat ishtirokchisi shikoyatga sabab boʻlgan qarorni qabul qilgan jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishida ishtirok etgan boʻlsa, mazkur ariza shunday qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran ikki oy ichida berilishi mumkin.
Oliy xoʻjalik sudi Plenumi 262-sonli qarorining 20.2-bandida Qonun va boshqa qonunchilik, jamiyatning ustavi talablari buzilgan holda qabul qilingan hamda jamiyat ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan qarori ovoz berishda ishtirok etmagan yoki bahsli qarorga qarshi ovoz bergan jamiyat ishtirokchisining arizasiga koʻra sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkinligi, bunday ariza jamiyat ishtirokchisi qabul qilingan qaror toʻgʻrisida bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan eʼtiboran ikki oy ichida berilishi mumkinligi, bunda ikki oylik muddat yigʻilishda ishtirok etgan ishtirokchi uchun qaror qabul qilingan kundan, yigʻilishda ishtirok etmagan ishtirokchi uchun esa u qaror toʻgʻrisida bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan boshlab hisoblanishi haqida tushuntirish berilgan.
Daʼvogar tomonidan bildirilgan jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishi qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi talablarga nisbatan qisqartirilgan, yaʼni ikki oylik daʼvo muddati qoʻllaniladi.
FKning 153-moddasida daʼvo muddati sud tomonidan faqat nizodagi tarafning sud qaror chiqargunicha bergan arizasiga muvofiq qoʻllanadi. Qoʻllanish toʻgʻrisida nizodagi taraf bayon qilgan daʼvo muddatining oʻtishi sudning daʼvoni rad etish haqida qaror chiqarishi uchun asos boʻladi.
Sudlov hayʼati daʼvogarning nizoli umumiy yigʻilish haqida 2022-yilning 20-sentabr kuni bilganligi toʻgʻrisidagi vaji bilan kelisha olmaydi.
Chunki, birinchidan daʼvo muddati shaxs oʻzining huquqi buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan oʻta boshlaydi (FK 154-moddasi). Yaʼni, mazkur holatda daʼvogar nizoli umumiy yigʻilish qarori qabul qilgani kundan qariyb 5 (besh) yildan muddat oʻtganidan keyin berilgan. Agar daʼvogar MChJga nisbatan oʻzining qandaydir huquqlari mavjud deb hisoblasa, ushbu muddat davomida MChJ ishtirokchilarning 2017-yil 10-oktabrdagi qarori haqida bilishi lozim edi. Chunki, ushbu qaror qabul qilinganidan keyin jamiyatning ustavi 2017-yil 12-oktabrda, 2021-yil 3-mayda qayta roʻyxatdan oʻtkazilgan. Ushbu holatlar yuzasidan daʼvogar bilishi lozim boʻlgan.
Bundan tashqari, Qoʻngʻirot tumanlararo iqtisodiy sudining 4-2303-1802/1471-sonli iqtisodiy ishida daʼvogar javobgar “S Q” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari sifatida ishtirok etgan. Ushbu ish boʻyicha qabul qilingan hal qiluv qarorida 2017-yil 10-oktabrda MChJning Nizomi qayta roʻyxatga olinganligi va javobgarlar A. R hamda Q. Qlar ulushdor boʻlganliklari qayd etib oʻtilgan. Yaʼni, ushbu (4-2303-1802/1471-sonli) ishda javobgar sifatida ishtirok etgan daʼvogar ushbu hal qiluv qarorida qayd etilgan holat yuzasidan nafaqat bilishi lozim boʻlgan, balki bilgan.
Shundan kelib chiqib, apellatsiya instansiyasi daʼvogar daʼvo muddati oʻtkazib yuborganligi haqida toʻgʻri xulosaga kelgan va javobgar K. Kning daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi arizasini qanoatlantirib, daʼvo muddatini qoʻllash va daʼvoni qanoatlantirish haqida toʻgʻri toʻxtamga kelgan.
Sudlov hayʼati quyidagi asoslarga koʻra daʼvogarning boshqa vajlari bilan kelisha olmaydi. Birinchidan, FKning 163-moddasida belgilangan daʼvo muddati qoʻllanilmaydigan talablar roʻyxatida MChJ ishtirokchilarining umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi talab koʻrsatilmagan. Ushbu talabga nisbatan ikki oylik daʼvo muddati qoʻllanilishi Qonunning 41-moddasida aniq koʻrsatib oʻtilgan. Ikkinchidan, MChJ ishtirokchilarning umumiy yigʻilishi qarori, kollegial ijro etuvchi organining qarori hisoblanmaydi. (Ushbu talabga nisbatan umumiy uch yillik daʼvo muddati qoʻllanilgan taqdirda ham, uch yillik muddat ham daʼvogar tomonidan oʻtkazib yuborilgan).
IPKda ishni apellatsiya instansiyasi sudida koʻrish jarayonida sudlov hayʼati tarkibiga oʻzgartirish kiritish taʼqiqlanmagan. Shuning uchun ishni koʻrishda dastlab, sudya G. Zaripova, keyinchalik sudya B. Ktaybekov ishtirok etganligi sud qarorini bekor qilish uchun asos boʻla olmaydi. Qolaversa, sud tarkibi oʻzgarganidan keyin taraflardan sudyalarga raddiya bildirilmagan.
IPK 302-moddasining birinchi qismiga koʻra, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun ish uchun ahamiyatli holatlarning toʻliq aniqlanmaganligi, sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatli boʻlgan holatlarning isbotlanmaganligi, hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalarning ish holatlariga muvofiq emasligi, moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilganligi asos boʻladi. Mazkur holatda bunday asoslar mavjud emas.
Bayon qilinganlarga asosan sudlov hayʼati, apellatsiya instansiyasi sudi qarorini oʻzgarishsiz, daʼvogarning kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq oldindan toʻlangan sud xarajatlarini daʼvogarning zimmasida qoldirib, undan ishni videokonferensaloqa rejimida koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini undirishni lozim topadi.
Yuqoridagilarga asosan va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 118, 301 — 303-moddalarini qoʻllab, sudlov hayʼati qaror qildi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 19-yanvardagi qarori oʻzgarishsiz, daʼvogar A. Kning kassatsiya shikoyati qanoatlantirmasdan qoldirilsin.
A. Kdan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining depozit hisob raqamiga ishni videokonferensaloqa rejimida koʻrish bilan bogʻliq 75000 soʻm sud xarajatlari undirilsin.
Ijro varaqasi berilsin.
Mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Raislik qiluvchi: B. SAYFULLAYEV
hayʼat aʼzolari: V. SATTOROVA
R. SAGATOV
Toshkent sh.,
2023-yil 18-aprel,
4-2301-2204/2089-son