SAMARQAND VILOYAT SUDI IQTISODIY IShLAR BOʻYIChA SUDLOV HAYʼATI APELLATSIYA INSTANSIYASINING
Qaror
4-1407-2201/2230-sonli iqtisodiy ish
Samarqand viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha apellatsiya sudlov hayʼati sudya Sh. Mamadiyarovning raisligida, sudyalar Oʻ. Muradov va O. Nurimovlardan iborat tarkibda, sudya katta yordamchisi Sh. Abduxomidovning kotibligida, daʼvogar MChJ shaklidagi “A.I” qoʻshma korxonasi vakili R.T. (ishonchnoma asosida), javobgar MChJ shaklidagi “Oʻ.K” qoʻshma korxonasi vakillari D.T., advokat R.M. (ishonchnoma va order asosida) ishtirokida, javobgar MChJ shaklidagi “Oʻ.K” qoʻshma korxonasi tomonidan Pastdargʻom tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 20-yanvardagi hal qiluv qarori ustidan berilgan apellatsiya shikoyatini ish hujjatlari bilan birga Samarqand viloyat sudi binosida oʻtkazilgan videokonferensaloqa rejimidagi ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni, aniqladi:
MChJ shaklidagi “Oʻ.K” qoʻshma korxonasining taʼsis shartnomasiga koʻra, jamiyat taʼsischilari “R.F” MChJ (20 foiz), MChJ shaklidagi “A.I” qoʻshma korxonasi (30 foiz) va Turkiya Respublikasi fuqarosi N.K.A (50 foiz)dan iborat.
MChJ shaklidagi “Oʻ.K” qoʻshma korxonasining 2022-yil 28-oktabrdagi navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi oʻtkazilib, unda A.S. jamiyat bosh direktori lavozimiga tayinlanib, u bilan 3 yil muddatga mehnat shartnomasi tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.
Shundan soʻng, daʼvogar “A.I” MChJ javobgar MChJ shaklidagi “Oʻ.K” qoʻshma korxonasiga nisbatan Pastdargʻom tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, mazkur umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Sudning 2023-yil 4-yanvardagi ajrimi bilan “R.F” MChJ va Turkiya Respublikasi fuqarosi N.K.A ish boʻyicha nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida ishda ishtirok etishga jalb qilingan.
Sudning 2023-yil 20-yanvardagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilib, javobgar MChJ shaklidagi “Oʻ.K” qoʻshma korxonasi ishtirokchilarining 2022-yil 28-oktabrdagi navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi qarori haqiqiy emas deb topilgan.
Javobgar MChJ shaklidagi “Oʻ.K” qoʻshma korxonasi apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan boʻlib, unda MChJning umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi ishda jamiyat ishtirokchilari uchinchi shaxs sifatida jalb qilinishi mumkin boʻlmasada, jamiyat ishtirokchilari uchinchi shaxs sifatida ishga jalb qilinganligi, daʼvogar umumiy yigʻilishda bosh direktor nomzodi bir ovozdan tasdiqlanishi lozimligini vaj qilib keltirgan boʻlsada, uning ushbu vaji jamiyat ustavi talabiga zidligi, jamiyat ustavida bosh direktor nomzodini tasdiqlash koʻpchilik ovoz berish yoʻli amalga oshirilishi belgilanganligi, umumiy yigʻilishda 70 foiz kvorum boʻlganligi, umumiy yigʻilish qarori qonun hujjatlariga zid emasligini maʼlum qilib, hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvoni rad etish toʻgʻrisida yangi qaror qabul qilishni soʻragan.
Sud muhokamasida ishtirok etgan javobgar vakillari apellatsiya shikoyatini quvvatlab uni qanoatlantirishni soʻrashdi.
Daʼvogar vakili apellatsiya shikoyatini tan olmasdan, daʼvoni qanoatlantirishga yetarli asos mavjudligini maʼlum qilib, shikoyatni qanoatlantirishni rad etishni soʻradi.
Sudlov hayʼati, taraflar vakillari tushuntirishlarini tinglab, apellatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagilarga koʻra apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etib, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topdi.
“Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 32-moddasiga koʻra, jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi jamiyatning ustavida belgilangan hollarda, shuningdek, agar bunday umumiy yigʻilishni oʻtkazishni jamiyatning va uning ishtirokchilarining manfaatlari taqozo etsa, boshqa hollarda ham oʻtkaziladi.
Mazkur Qonunning 33-moddasi birinchi qismida jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishini chaqiruvchi organ yoki shaxslar uni oʻtkazishdan kamida oʻttiz kun oldin bu haqda jamiyatning har bir ishtirokchisini jamiyat ishtirokchilarining roʻyxatida koʻrsatilgan manzil boʻyicha buyurtma xat bilan yoki jamiyatning ustavida nazarda tutilgan boshqa usulda xabardor qilishi shartligi, ikkinchi qismida xabarnomada jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi oʻtkaziladigan vaqt va joy, shuningdek taklif qilinayotgan kun tartibi koʻrsatilishi kerakligi, sakkizinchi qismida esa jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishini chaqirishning ushbu moddada belgilangan tartibi buzilgan taqdirda, agar bunday umumiy yigʻilishda jamiyatning barcha ishtirokchilari ishtirok etayotgan boʻlsa, u vakolatli deb eʼtirof etilishi belgilangan.
Biroq MChJ shaklidagi “Oʻ.K” qoʻshma korxonasi ishtirokchilarining 2022-yil 28-oktabrda oʻtkazilgan navbatdan tashqari umumiy yigʻilishining joyi va vaqti haqida “A.I” MChJ xabardor qilinmagan.
Javobgar oʻzining vajida daʼvogarni xabardor qilish uchun bir oy oldin pochta aloqa xizmati orqali chaqiruv xati yuborilganligini keltirgan boʻlsada, pochta joʻnatmasi daʼvogarga topshirilmasdan qaytarilgan.
Jamiyat ustavining 14.3-bandida jamiyatning ijro etuvchi organini tuzish va uning vakolatlarini muddatidan oldin tugatish toʻgʻrisidagi qaror jamiyat ishtirokchilari umumiy ovozlar sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinishi belgilangan.
Apellatsiya shikoyatida daʼvogar umumiy yigʻilishda ishtirok etmagan boʻlsada, qaror qabul qilish uchun kvorum mavjudligini vaj qilib keltirgan.
Ammo jamiyat ishtirokchisi “R.F” MChJ sudlov hayʼatiga 2023-yil 3-apreldagi 364-sonli xat bilan murojaat qilib, unda 2022-yil 28-oktabrdagi umumiy yigʻilishda barcha ishtirokchi ishtirok etib, oʻzining fikrini bildirganda, boshqacha qaror qabul qilinishi mumkinligini maʼlum qilgan.
Yuqorida qayd etilgan Qonunning 41-moddasi birinchi qismiga koʻra jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari, jamiyatning ustavi talablari buzilgan holda qabul qilingan hamda jamiyat ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan qarori ovoz berishda ishtirok etmagan yoki bahsli qarorga qarshi ovoz bergan jamiyat ishtirokchisining arizasiga koʻra sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 68-moddasi birinchi qismiga koʻra ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talablari va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak.
Sudlov hayʼati birinchi instansiya sudi daʼvoni qanoatlantirish toʻgʻrisida qonuniy hal qiluv qarori qabul qilgan, shikoyatda keltirilgan vajlar daʼvo talablarini qanoatlantirish uchun asos boʻlmaydi deb hisoblaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi IPKning 276-moddasi birinchi qismiga binoan, sud ishni apellatsiya instansiyasida koʻrish chogʻida birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorining qonuniyligini va asosliligini tekshirishi, ushbu kodeksning 278-moddasi birinchi qismi 1-bandiga binoan apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini koʻrish natijalari boʻyicha hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishga haqli ekanligi qayd etilgan.
Shu sababli, sudlov hayʼati apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni, apellatsiya instansiyasi uchun oldindan toʻlab chiqilgan 1 500 000 davlat boji va 30 000 soʻm pochta xarajatini javobgar zimmasida qoldirishni, sud majlisi videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilganligi bilan bogʻliq 75 000 soʻm sud xarajatlarini javobgarning zimmasiga yuklashni lozim deb topadi.
Yuqoridagilarga asosan va Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksining 118, 274-279, 280-moddalarini qoʻllab, apellatsiya instansiyasi sudi qaror qiladi:
MChJ shaklidagi “Oʻ.K” qoʻshma korxonasining apellatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan, Pastdargʻom tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 20-yanvardagi hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilsin.
MChJ shaklidagi “Oʻ.K” qoʻshma korxonasi tomonidan apellatsiya instansiyasi uchun oldindan toʻlab chiqilgan 1 500 000 soʻm davlat boji va 30 000 soʻm pochta xarajati oʻz zimmasida qoldirilsin.
MChJ shaklidagi “Oʻ.K” qoʻshma korxonasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining depozitiga 75 000 soʻm sud xarajatlari undirilsin.
Mazkur qarordan norozi taraflar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bir yil ichida kassatsiya tartibida shikoyat berishga haqli.
Raislik qiluvchi Sh. MAMADIYAROV
hayʼat aʼzolari Oʻ. MURADOV
O. NURIMOV
Samarqand v.,
2023-yil 5-aprel,
4-1407-2201/2230-son