Namangan viloyat SUDINING IQTISODIY IShLAR BOʻYIChA SUDLOV HAYʼATI APELLATSIYA INSTANSIYASINING
Qarori
Birinchi instansiyada ishni koʻrgan sudya — A. DADABAYEV
Apellatsiya instansiyasida maʼruzachi sudya — Q. XODJAYEV
Apellatsiya instansiyasida maʼruzachi sudya — Q. XODJAYEV
Namangan viloyat sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati sudya R. Mamajonovaning raisligida, sudyalar A. Inomov va Q. Xodjayevdan iborat tarkibda, M. Raximovaning kotibligida, daʼvogar “A” javobgar “B” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga nisbatan jamiyat taʼsischilarining 2011-yil 24-oktabrdagi 5-sonli qarorini haqiqiy emas deb topish, jamiyatning taʼsischilari S.A va T.Alar bilan tuzgan 2019-yil 14-iyundagi kelishuv bitimini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi boʻyicha qoʻzgʻatilgan ish boʻyicha Namangan tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 26-yanvardagi hal qiluv qarori ustidan daʼvogar “A” tomonidan berilgan apellatsiya shikoyatini, daʼvogar vakillari A.K va U.A (ishonchnomaga asosan), javobgar jamiyat rahbari S.A, advokat I.U (orderga asosan)larning ishtirokida, sudlov hayʼatining binosida ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
Mingbuloq tuman hokimining 1995-yil 20-oktabrdagi 364/10-sonli qaroriga asosan “B” OAJ tashkil etilgan boʻlib, jamiyat aksiyadorlari umumiy yigʻilishining 2005-yil 16-apreldagi qaroriga asosan jamiyatning mulkchilik shakli masʼuliyati cheklangan jamiyatiga oʻzgartirilgan. Unga koʻra, Namangan viloyat “V” AK jamiyatning 25 foizlik ulush bilan ishtirokchisi etib belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 30-martdagi 94-sonli qaroriga muvofiq, “V” hududiy aksiyadorlik kompaniyalarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tugatilishi belgilangan. Namangan viloyat “V” AK tugatish komissiyasining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishining 2011-yil 16-apreldagi qaroriga muvofiq, tuman jamiyat raislariga kompaniya ulushini bozor bahosida sotib olish boʻyicha takliflar yuborilgan, biroq, “B” masʼuliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda javobgar yoki jamiyat deb yuritiladi) Namangan viloyat “V” AKning 25 foiz ulushini sotib olmagan.
Jamiyat taʼsischilarining 2011-yil 24-oktabr kungi yigʻilishida taʼsischilar S.A va T.Alar oʻz ulushlarining bir qismini olib chiqib ketish va jamiyat ustav fondini kamaytirish, shuningdek “V” AKning 25 foiz ulushini jamiyat ixtiyorida saqlash toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan.
Namangan viloyat xoʻjalik sudining 16-1203/5415-sonli ishi boʻyicha 2012-yil 21-iyundagi hal qiluv qaroriga asosan “V” HAJning jamiyatdagi 25 foizlik ulushi hisobidan mol-mulklar ajratib berilgan.
Jamiyat va A.S.N oʻrtasida 2019-yil 14-iyunda tuzilgan kelishuv bitimiga asosan jamiyatga tegishli boʻlgan 19 ta bino-inshootlar, jamiyat va A.T.S oʻrtasida 2019-yil 14-iyunda tuzilgan kelishuv bitimiga asosan jamiyatga tegishli boʻlgan 9 ta bino-inshootlar ushbu taʼsischilarning ulushi hisobidan jamiyat tasarrufidan chiqarilgan.
Namangan viloyat hokimining 2022-yil 3-dekabrdagi farmoyishiga asosan “A” “V” HAJning huquqiy vorisi etib tayinlangan.
Bunga koʻra, “A” (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi) sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, jamiyat taʼsischilarining 2011-yil 24-oktabrdagi 5-sonli qarorini haqiqiy emas deb topish, jamiyatning taʼsischilari S.A va T.Alar bilan tuzgan 2019-yil 14-iyundagi kelishuv bitimini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Daʼvogar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) 157-moddasiga asosan, daʼvo arizasiga aniqlik kiritgan xolda jamiyatning taʼsischilari S.A va T.Alar bilan tuzgan 2019-yil 14-iyundagi kelishuv bitimini haqiqiy emas deb topish talabini jamiyatning taʼsischilari S.A va T.Alar bilan tuzgan 2019-yil 14-iyundagi kelishuv bitimlarini haqiqiy emas deb topish deb oʻzgartirgan.
Daʼvogar tomonidan taqdim etilgan iltimosnoma daʼvo arizasida qoʻyilgan talabga aniqlik kiritish yuzasidan ekanligini eʼtiborga olib, birinchi instansiya sudi iltimosnomani ish yuritishga qabul qilib, daʼvo arizasi bilan birga muhokama qilishni lozim deb topgan.
Birinchi instansiya sudining 2022-yil 30-dekabrdagi ajrimiga asosan ishga S.A va T.Alar qoʻshimcha javobgar sifatida jalb etilganlar.
Namangan tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 26-yanvardagi hal qiluv qarori bilan daʼvo talablarini qanoatlantirish rad etilgan.
Daʼvogar hal qiluv qarori ustidan apellatsiya shikoyati berib, unda hal qiluv qarorini bekor qilib, jamiyat taʼsischilarining 2011-yil 24-oktabrdagi 5-sonli qarori va jamiyatning taʼsischilari S.A va T.Alar bilan tuzgan 2019-yil 14-iyundagi kelishuv bitimlarini haqiqiy emas deb topish haqida yangi qaror qabul qilishni soʻragan.
Sud majlisida daʼvogar vakillari apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni soʻradilar.
Javobgar va jamiyat taʼsischisi S.A apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni soʻradi.
Sud muhokamasini oʻtkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan jamiyat taʼsischisi T.A sud majlisida ishtirok etmadi.
Sudlov hayʼati, IPK 274-moddasining toʻrtinchi qismiga asosan ishni jamiyat taʼsischisi T.A ishtirokisiz koʻrishni lozim topdi.
Sudlov hayʼati, taraflar vakillarining tushuntirishlarini tinglab, ish hujjatlarini oʻrganib, apellatsiya shikoyatini qisman qanoatlantirishni, hal qiluv qarorini bekor qilishni va ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
IPK 276-moddasining birinchi qismiga koʻra, sud ishni apellatsiya instansiyasida koʻrish chogʻida birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorining qonuniyligini va asosliligini tekshiradi. Sud yangi dalillarni tekshirishi va yangi faktlarni aniqlashi mumkin, ikkinchi qismiga koʻra, apellatsiya instansiyasining sudi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini toʻliq hajmda tekshirishi shart.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, jamiyatning 2005-yil 27-iyunda tasdiqlangan taʼsis shartnomasida, jamiyat taʼsischilari 15 ta shaxsdan iboratligi, B.Zning ulushi 3,06 foizni tashkil etishi, Mingbuloq tuman hokimligi huzuridagi “Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish Inspeksiyasi”da 2011-yil 28-oktabrda 246-son bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan yangi tahrirdagi taʼsis shartnomasida jamiyat taʼsischilari 13 ta shaxsdan iboratligi, B.Zning ulushi 8,3 foizni tashkil etishi aks ettirilgan.
Xuddi shuningdek jamiyatning 2019-yil 26-iyunda tasdiqlangan taʼsis shartnomasida, jamiyat taʼsischilari 3 ta shaxsdan iboratligi, A.S.N 99,86 foiz, B.Z 0,10 foiz, A.T.S 0,04 foiz ulushga ega ekanligi aks ettirilgan. Bu ishda mavjud hujjatlar bilan oʻz tasdigʻini topadi.
Birinchi instansiya sudi jamiyat taʼsischilari S.A va T.Alarni ishga qoʻshimcha javobgar sifatida jalb etgan, biroq nizo B.Z.Xning huquq va manfaatlariga taʼsir etsada, uni ishga jalb qilmasdan xatolikka yoʻl qoʻygan.
IPK 279-moddasi toʻrtinchi qismining 4-bandiga koʻra, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinganligi, protsessual huquq normalarining buzilganligi yoki notoʻgʻri qoʻllanilganligi munosabati bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini har qanday holda bekor qilish uchun asos boʻladi.
IPK 278-moddasining 5-bandiga koʻra, apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha: ushbu Kodeks 279-moddasi toʻrtinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan asos mavjud boʻlgan taqdirda hal qiluv qarorini bekor qilishga va ishni yangidan koʻrish uchun yuborishga haqli.
Yuqoridagilarga asosan sudlov hayʼati, apellatsiya shikoyatini qisman qanoatlantirishni, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilishni va ishni yangidan mazmunan koʻrib chiqish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
Ishni yangidan koʻrishda birinchi instansiya sudi, yuqorida bayon etilgan holatlarni tahlil qilib, ishga B.Z.Xni jalb etish masalasini hal qilib, ishda ishtirok etuvchi shaxslarni sud majlisi vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilib, ishni apellatsiya instansiyasida va birinchi instansiya sudida koʻrib chiqish natijalari boʻyicha sud xarajatlarini taqsimlash toʻgʻrisidagi masalani hal qilib, asoslantirilgan sud hujjati qabul qilishi lozim boʻladi.
Bayon etilganlarga koʻra, IPKning 276, 278 — 280-moddalarini qoʻllab, apellatsiya sudlov hayʼati qaror qildi:
“A” apellatsiya shikoyati qisman qanoatlantirilsin.
Namangan tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 26-yanvardagi hal qiluv qarori bekor qilinsin.
Ish yangidan koʻrish uchun Namangan tumanlararo iqtisodiy sudiga yuborilsin.
Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi. Qaror ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga kassatsiya tartibida shikoyat qilish mumkin.
Hayʼat raisi R. MAMAJONOVA
Hayʼat aʼzolari A. INOMOV
Q. XODJAYEV
Hayʼat aʼzolari A. INOMOV
Q. XODJAYEV
Namangan sh.,
2023-yil 5-aprel,
4-1601-2203/8461-son