Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston montaj va maxsus qurilish ishlari (“Oʻzmontajmaxsusqurilish”) assotsiatsiyasini tashkil etish toʻgʻrisida
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 10-iyundagi PF-4622-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston montaj va maxsus qurilish ishlari (“Oʻzmontajmaxsusqurilish”) assotsiatsiyasini tashkil etish toʻgʻrisida” 1992-yil 27-oktabrdagi PF-482-sonli Farmoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Montaj va maxsus qurilish tashkilotlari hamda korxonalarini bozor munosabatlariga oʻtkazishning tashkiliy va iqtisodiy shart-sharoitlarini yaratish ularning xoʻjalik mustaqilligini kengaytirish, mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishga oid tadbirlarni amalda roʻyobga chiqarish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Montaj va maxsus qurilish ishlari vazirligi tugatilsin.
Ixtiyoriy asosda Oʻzbekiston montaj va maxsus qurilish ishlari (“Oʻzmontajmaxsusqurilish”) assotsiatsiyasini tashkil etish toʻgʻrisida, montaj, ixtisoslashtirilgan qurilish, sozlash, ilmiy-tadqiqot va loyiha tashkilotlari, metall konstruksiyalari tayyorlash zavodlari hamda boshqa korxonalar mehnat jamoalarining taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston montaj va maxsus qurilish ishlari assotsiatsiyasi:
ijara, kollektiv, aksionerlik tashkilotlarini hamda mulkchilikning boshqa shakllariga asoslangan montaj, ixtisoslashtirilgan qurilish, sozlash, ilmiy-tadqiqot va loyiha tashkilotlarini, sanoat va transport korxonalarini ixtiyoriy paychilik asosida birlashtiruvchi yuridik shaxs huquqlariga ega boʻlgan xoʻjalik assotsiatsiyasidir;
oʻz faoliyatini muassislar yigʻilishi tasdiqlagan va Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan assotsiatsiya Nizomiga muvofiq toʻla xoʻjalik hisobi va oʻzini-oʻzi boshqarish prinsiplari asosida tashkil etadi.
3. Quyidagilar “Oʻzmontajmaxsusqurilish” assotsiatsiyasi faoliyatining asosiy vazifalari qilib belgilansin:
respublika xalq xoʻjaligi va aholisining yuqori sifatli qurilish mahsulotiga, maxsus qurilish-montaj ishlariga va xizmatlarga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash maqsadida assotsiatsiyaga kiruvchi trestlar, korxonalar va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;
yagona ilmiy-texnikaviy siyosat oʻtkazish, asosan materiallarning yangi turlarini, uskunalarni montaj qilish va ulardan foydalanishning ilgʻor sistemalarini, uy-joy, ijtimoiy-madaniy va sanoat inshootlarini qurish texnologiyalarini ishlab chiqish hamda joriy etish;
assotsiatsiyaga kiruvchi korxonalar va tashkilotlarga bozor munosabatlariga oʻtishda, ularni ijara, kollektiv, aksionerlik va boshqa tashkiliy-huquqiy shakllarga aylantirishda koʻmaklashish;
assotsiatsiyaga aʼzo boʻlgan korxonalarni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish istiqbollarini belgilash, birgalikdagi investitsiya faoliyati, mehnat jamoalarining ijtimoiy ahvolini yaxshilash, ularning moddiy-texnikaviy bazasini mustahkamlash sohasida yagona strategiyani roʻyobga chiqarish;
mahsulot yetkazib beruvchilar, jumladan tashqi iqtisodiy faoliyatda mahsulot yetkazib beruvchilar bilan uzoq muddatli bevosita aloqalar oʻrnatishda korxonalarga koʻmaklashish, ularga tijorat, marketing xizmatlari va boshqa xizmatlar koʻrsatish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddat ichida Oʻzbekiston montaj va maxsus qurilish ishlari assotsiatsiyasi faoliyatini tashkil etish masalalariga oid qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 27-oktabr,
482-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 12-son, 454-modda)