Xorazm viloyat iqtisodiy sudining
Qarori
4-2201-2201/4837-sonli ish
Xorazm viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati Sh. Djamolov raisligida, hayʼat aʼzolari M. Kurbanov va V. Qazaqovdan iborat tarkibda, sudya katta yordamchisi S. Ruzmetovning kotibligida, Urganch tumanlararo iqtisodiy sudining 4-2201-2201/4837-sonli iqtisodiy ishi doirasida 2023-yil 03-fevralda qabul qilingan hal qiluv qaroriga nisbatan daʼvogar “YA.F.I” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan berilgan apellatsiya shikoyatini taraflardan daʼvogar “YA.F” masʼuliyati cheklangan jamiyati vakillari I.M. (rahbar), A.Roʻzimov (2023-yil 10-yanvardagi 2-sonli ishonchnoma va 2022-yil 12-dekabrdagi 000002-sonli orderga asosan), javobgar S.I.Z, uning vakili E.N. (2022-yil 04-oktabrda notarial tasdiqlangan ishonchnomaga asosan), uchinchi shaxs “I” masʼuliyati cheklangan jamiyati vakili U.Q. (rahbar) ishtirokida, viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati joylashgan binosida, ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
“YA.F.I” masʼuliyati cheklangan jamiyati Urganch tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvo ariza bilan murojaat qilib, S.I.Zni “I” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischilari roʻyxatidan chiqarishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudning 2023-yil 19-yanvardagi ajrimi bilan ishga nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida “I” MChJ jalb qilingan.
Urganch tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 02-fevraldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo arizani qanoatlantirish rad qilingan.
Hal qiluv qaroridan norozi boʻlgan daʼvogar apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilib, hal qiluv qarorini bekor qilishni va daʼvoni qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilish soʻragan.
Sud majlisida ishtirok etgan daʼvogar vakillari apellatsiya shikoyatida bayon etilgan vajlarni takrorlab, javobgar S.I.Z jamiyatning faoliyati toʻsqinlik qilib, rozilik bermayotganligi sababli koʻp qavatli uydagi xonadonlar oʻz egalari nomiga rasmiylashtirilib berish imkoniyati boʻlmayotganligini va bu holat fuqarolarning noroziligiga olib kelayotganligini bildirib, hal qiluv qarorini bekor qilib, javobgarni taʼsischilar safidan chiqarish haqida yangi qaror qabul qilishni soʻradilar.
Sud majlisida ishtirok etgan javobgar vakillari tushuntirish berib, jamiyatning faoliyatiga toʻsqinlik qilmasligini, faqat oʻzining huquqlarini talab qilganligini, jamiyatning faoliyati hamda buxgalteriya hisobotlari va pul aylanmalari toʻgʻrisida maʼlumot soʻralganda, hujjatlar bilan tanishtirilmaganligini, berilishi lozim boʻlgan 2 ta kvartira va doʻkonlar boshqa shaxslarga sotib yuborilganligini sababli hozirda ulushsiz qolganligini, endilikda jamiyat taʼsischiligidan chiqarib yuborishga harakat qilinayotganligini bildirib, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etib, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni soʻradilar.
Uchinchi shaxs “I” MChJ vakili apellatsiya shikoyatini quvvatlab, shikoyatini toʻliq qanoatlantirib, hal qiluv qarorini bekor qilishni va daʼvoni qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishni soʻradi.
Sudlov hayʼati, taraflar vakillarining tushuntirishlarini tinglab, apellatsiya shikoyatida bayon etilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, kuyidagi asoslarga apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirib, ishni apellatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini daʼvogar zimmasida qoldirishni lozim deb topadi.
Ish hujjatlaridan va sud muhokamasidan maʼlum boʻlishicha, “I” masʼuliyati cheklangan jamiyati ustav fondining 92,8 foiz ulushi “YA.F” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga, 7,20 foiz ulushi esa S.I.Zga tegishli hisoblanadi.
“I” MChJ tomonidan bankdan olingan kredit hamda fuqarolardan dastlabki toʻlov shartnomasi asosida olingan pul mablagʻlari hisobiga Urganch shahar, Fayazov koʻchasi 26-uy manzilida joylashgan 7 qavatdan iborat boʻlgan, birinchi qavati noturar, yuqori qavatlari esa koʻp xonadonli kvartiralardan iborat turar joy majmuasi qurib bitkazilgan.
Ushbu koʻp qavatli turar joy binosidagi xonadonlarga dastlabki toʻlov shartnomasi asosida toʻlovlarni amalga oshirgan fuqarolarga tegishli boʻlgan kvartiralarni oʻzlarining nomlariga notarial tartibda rasmiylashtirib berish uchun notariusga murojaat qilinganda “I” MChJ ustav fondining 7,20 foiz ulushi egasi hisoblangan S.I.Zning roziligi soʻralganda, S.I.Z uning marhum turmush oʻrtogʻi nomida boʻlgan choyxona binosi oʻrniga qurilgan koʻp qavatli turar joy binosidan oldindan vaʼda qilingan 2 va 3 xonali 2 ta kvartira va binoning birinchi qavatidan doʻkon uchun moʻljallangan mulklar ulush sifatida ajratib berilmaganligi, unga ulush sifatida berilishi lozim boʻlgan mulklar boshqa fuqarolarga sotib yuborilganligi sababli umumiy yigʻilish qaroridan norozi boʻlgan va taʼsischi sifatida hujjatlarga imzo qoʻymagan. Shunga koʻra, notarius tomonidan fuqarolarga xonadonlarini rasmiylashtirib berish rad qilingan.
Daʼvogar tomonidan notariusga xonadonlarni fuqarolar nomlariga rasmiylashtirib berish majburiyatini yuklash toʻgʻrisida Maʼmuriy sudga shikoyat daʼvo arizasi kiritilgan.
Urganch tumanlararo maʼmuriy sudining 2022-yil 13-iyundagi hal qiluv qarori bilan daʼvoni qanoatlantirish rad etilgan.
Shundan keyin, takroran jamiyat ishtirokchilarining 2022-yil 5-yanvarda umumiy yigʻilishi chaqirilganligini, ammo xabardor qilingan boʻlsada, jamiyat taʼsischisi S.I.Z umumiy yigʻilishga kelmaganligini, u jamiyatning faoliyatiga jiddiy toʻsqinlik qilib, fuqarolarga xonadonlarini rasmiylashtirib berishga qarshilik bildirayotganligini koʻrsatib, daʼvogar sudga daʼvo ariza bilan murojaat qilgan va S.I.Z.ni jamiyat (ishtirokchilar)roʻyxatidan chiqarishni soʻragan.
Nizoni hal etishda birinchi instansiya sudi ish uchun ahamiyatli holatlarni toʻliq aniqlab, u tomonidan aniqlangan holatlar isbotlangani hamda moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllagani holda, daʼvoni qanoatlantirish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Masʼuliyati cheklangan va qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi qonunining 8-moddasiga koʻra, jamiyatning ishtirokchilari ushbu Qonunda va jamiyatning taʼsis hujjatlarida belgilangan tartibda jamiyatning ishlarini boshqarishda ishtirok etish;
qonunchilikda va jamiyat taʼsis hujjatlarida belgilangan tartibda jamiyatning faoliyati toʻgʻrisida axborot olish hamda uning buxgalteriya daftarlari va boshqa hujjatlari bilan tanishish;
foydani taqsimlashda ishtirok etish;
jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) oʻz ulushini yoxud uning bir qismini ushbu Qonunda va jamiyatning ustavida nazarda tutilgan tartibda mazkur jamiyatning bir yoki bir necha ishtirokchisiga sotish yoki oʻzga tarzda ularning foydasiga voz kechish;
jamiyat boshqa ishtirokchilarining roziligidan qatʼi nazar ushbu Qonunda va jamiyatning taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda istalgan vaqtda jamiyatdan chiqish;
jamiyat tugatilgan taqdirda, kreditorlar bilan hisob-kitob qilinganidan keyin qolgan mol-mulkning bir qismini yoki uning qiymatini olishga haqlidir.
Jamiyat ishtirokchilari qonunchilikda va jamiyatning taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishlari mumkin.
Daʼvogar “YA.F” masʼuliyati cheklangan jamiyatining “I” masʼuliyati cheklangan jamiyatining ustav fondidagi ulushi 92,8 foizni, S.I.Zning ulushi turmush oʻrtogʻi vafotidan keyin qonun boʻyicha unga merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnomaga asosan oʻtkazilgan boʻlib, 7,20 % ni tashkil qiladi.
Sudlar ishtirokchilarning vakolatlarini tugatish, ishtirokchini shirkatdan chiqarish haqidagi nizolarini koʻrish jarayonida mazkur ishtirokchining vakolatlarini shirkatning taʼsis hujjatlarini oʻrgangan holda aniqlashlari lozim. Bunda javobgarning (javobgarlarning) oʻz vakolatlarini qoʻpol ravishda buzganligi yoki uning (ularning) shirkat ishlarini yuritishga qobiliyatsizligini isbotlash daʼvogar (daʼvogarlar)ning majburiyati hisoblanadi.
Bu haqida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining ning 2014-yil 20-iyundagi “Iqtisodiy sudlar tomonidan korporativ nizolarni hal etishning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi 262-sonli qarorining oʻn ikkinchi bandida tushuntirish berilgan.
Daʼvogar oʻzining daʼvo arizasida javobgar S.I.Z oʻz harakatlari bilan jamiyatning faoliyat koʻrsatishiga jiddiy tarzda qiyinlashtirganligini, jamiyatning faoliyati bilan bogʻliq muhim masalalarga eʼtiborsizlik bilan qarab, jamiyat umumiy yigʻilishlarida ishtirok etmaganligini va qurilgan koʻp qavatli turar joy majmuasidagi xonadonlarni fuqarolar nomlariga notarius orqali rasmiylashtirib berishda toʻsqinlik qilayotganligi holatlarini koʻrsatib, uni “I” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischilar safidan chiqarishni soʻragan.
Sudlov hayʼati, daʼvogarning S.I.Z “I” masʼuliyati cheklangan jamiyatining faoliyatiga jiddiy toʻsqinlik qilib, xonadonlarni fuqarolar nomlariga rasmiylashtirishga qarshilik qilishi natijasida muammolar yuzaga kelishiga sababchi boʻlayotganligi, unga ulush sifatida berilishi lozim boʻlgan 2 va 3 xonali xonadonlar hamda binoning birinchi qavatida joylashgan doʻkon taklif qilinganda olishdan bosh tortib, endilikda ushbu mulklarning qiymatidan ham koʻproq pul talab qilayotganligini, shu sababli uni jamiyat taʼsischilari roʻyxatidan chiqarish kerak degan vajlari bilan kelisha olmaydi.
Chunki, sudlov hayʼati yuqoridagi holatlarni jamiyatning faoliyat koʻrsatishiga imkon bermayotgan yoki uni jiddiy tarzda qiyinlashtirayotgan holatlar deb baholamaydi.
Zero, javobgar S.I.Z sud majlisida “jamiyatning faoliyatiga toʻsqinlik qilmasligini”, “koʻp qavatli turar joy binosidagi xonadonlarni fuqarolar nomiga rasmiylashtirib berishga qarshi emasligini”, “umumiy yigʻilishlarga chaqirilmaganligini”, “undan faqat rozilik berish talab qilinayotganligini”, “bir protokol bilan jamiyatdan chiqarib yuborilishi aytilganligini”, shuning uchun oʻzining huquqlarini talab qilib, “jamiyatning faoliyatiga oid buxgalteriya hisobotlari va pul aylanmalari toʻgʻrisida hamda xonadonlarning sotilish narxlari haqida maʼlumot soʻraganda, hujjatlar bilan tanishtirilmaganligini”, “oʻziga ulush sifatida berilishi lozim boʻlgan 2 va 3 xonadan iborat boʻlgan 2 ta kvartira va birinchi qavatda joylashgan doʻkon uchun moʻljallangan noturar joy boshqa fuqarolarga va taʼminotchi tashkilotga sotib yuborilganligini”, “hozirda esa oʻz ulushini pul shaklida sud orqali undirib olishi mumkinligi aytilganligini” oʻz koʻrsatmalarida aytib oʻtgan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Masʼuliyati cheklangan va qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi qonunining 8-moddasining ikkinchi qismida jami ulushlari jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) kamida oʻn foizini tashkil etadigan jamiyat ishtirokchilari oʻz majburiyatlarini qoʻpol buzayotgan yoxud oʻz harakatlari (harakatsizligi) bilan jamiyatning faoliyat koʻrsatishiga imkon bermayotgan yoki uni jiddiy tarzda qiyinlashtirayotgan ishtirokchini jamiyatdan sud tartibida chiqarilishini talab qilishga haqli ekanligi belgilab qoʻyilgan.
Ammo, ushbu moddiy huquq normasining talabidan kelib chiqib, daʼvogar tomonidan S.I.Zning oʻz majburiyatlarini qoʻpol buzayotganligi yoxud oʻz harakatlari va/yoki harakatsizligi bilan jamiyatning faoliyat koʻrsatishiga imkon bermayotganligi va uni jiddiy tarzda qiyinlashtirayotganlik holatlari isbotlanmadi.
Yuqorida qayd etilganlarning tahlili shuni koʻrsatadiki, birinchi instansiya sudi daʼvoni qanoatlantirishni rad qilib, toʻgʻri xulosaga kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 118-moddasi birinchi qismiga asosan sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarning qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda ularning zimmasiga yuklatiladi.
Sudlov hayʼati, nizoni hal etishda birinchi instansiya sudi ish uchun ahamiyatli holatlarni toʻliq aniqlab, u tomonidan aniqlangan holatlar isbotlangani hamda moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllagani holda, daʼvoni qanoatlantirish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan deb hisoblab, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etib, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni, shuningdek daʼvogar tomonidan apellatsiya shikoyati berishda 750.000 soʻm davlat boji va 30.000 soʻm pochta xarajati oldindan toʻlanganligini inobatga olib, oʻzining zimmasida qoldirishni lozim deb hisoblaydi.
Binobarin, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 30, 118, 274, 276-278, 280-moddalarini qoʻllab, sudlov hayʼati qaror qildi:
Urganch tumanlararo iqtisodiy sudining 4-2201-2201/4837-sonli iqtisodiy ishi doirasida 2023-yil 03-fevralda qabul qilingan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz, daʼvogar “YA.F.I” masʼuliyati cheklangan jamiyati ning apellatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirilsin.
Daʼvogar tomonidan davlat boji va pochta xarajatlari oldindan toʻlanganligi inobatga olinsin va oʻzining zimmasida qoldirilsin.
Qaror qabul qilingan paytidan qonuniy kuchga kiradi.
Qarorga nisbatan, u qabul qilingan kundan eʼtiboran bir yil ichida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga kassatsiya shikoyati berilishi (protest keltirilishi) mumkin.
Birinchi instansiya sudida ishni koʻrgan sudya N. ALLABERGANOVA
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya Sh. DJAMOLOV
Urganch sh.,
2023-yil 10-mart,
4-2201-2201/4837-son