Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining IQTISODIY IShLAR BOʻYIChA SUDLOV HAYʼATI APELLATSIYA INSTANSIYASINING
Qarori
4-14-2204/39-sonli iqtisodiy ish
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati sudya B. Sayfullayevning raisligida, hayʼat aʼzolari sudyalar I. Tadjiyev va R. Sagatovdan iborat tarkibda, B. Joʻrayevning kotibligida, sud majlisini videokonferensaloqa rejimida koʻrishda koʻmaklashayotgan Samarqand viloyat sudi xodimi S. Boyberdiyev, daʼvogar vakillari Sh.D (2022-yil 14-fevraldagi ishonchnoma hamda 2022-yil 24-noyabrdagi ishonchnoma asosida), M.A (2022-yil 14-fevraldagi ishonchnoma asosida), “I.y” aksiyadorlik innovatsiya tijorat banki vakili D.Q (2023-yil 4-yanvardagi ishonchnoma asosida)ning ishtirokida, daʼvogar “S.i.p” masʼuliyati cheklangan jamiyati qoʻshma korxonasi ishtirokchisi M.B.Mning javobgarlar “S.i.p” masʼuliyati cheklangan jamiyati qoʻshma korxonasi va “S.b.p” masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻrtasida 2021-yil 24-iyulda tuzilgan koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy emas deb topish hamda bitimning haqiqiy emasligining oqibatini qoʻllash toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi boʻyicha qoʻzgʻatilgan iqtisodiy ish yuzasidan qabul qilingan Samarqand viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 6-yanvardagi hal qiluv qarori ustidan “S.i.p” masʼuliyati cheklangan jamiyati ishtirokchisi M.B.M tomonidan berilgan apellatsiya shikoyati asosida ishni Oliy sudning binosida videokonferensaloqa rejimida boʻlib oʻtgan ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
Samarqand shahar Davlat xizmatlari markazi tomonidan 2018-yil 29-dekabr kuni 127426-tartib raqam bilan roʻyxatga olingan “S.i.p” masʼuliyati cheklangan jamiyati qoʻshma korxonasi (bundan buyon matnda qoʻshma korxona deb yuritiladi)ning ustaviga koʻra, uning ishtirokchilari Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi S.Sh.U (0,39 foiz), Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi N.Sh.B (28,35 foiz), Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi A.M.M (47,44 foiz), chet el fuqarosi M.B.Mlar (23,82 foiz) (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi) boʻlgan.
Qoʻshma korxona (sotuvchi) va “S.b.p” MChJ (sotib oluvchi) (bundan buyon matnda MChJ deb yuritiladi) oʻrtasida 2021-yil 24-iyulda koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomasi (bundan buyon matnda shartnoma deb yuritiladi) tuzilgan. Unga koʻra, qoʻshma korxona Jomboy tumani, Qoramuyin MFY, Oqqovun qishlogʻida joylashgan parrandachilik fermasi va parranda goʻshtini qayta ishlash sexining bir qismini, yaʼni ishchilar yotoqxonasi liter 0011, qurilish osti maydoni 173.60 m2, foydali (ichki) maydoni 297,60 m2 va maʼmuriy bino liter 0012, qurilish osti maydoni 225,6 m2, foydali (ichki) maydoni 403,20 m2, foydalanishda boʻlgan yer maydoni 5000,0 m2 (yer maydonisiz) (bundan buyon matnda koʻchmas mol-mulk deb yuritiladi)ni 21 000 000 soʻmga MChJga sotgan.
Shartnoma taraflari oʻrtasida shu kuni koʻchmas mulkni topshirish — qabul qilish dalolatnomasi tuzilgan, koʻchmas mulk sotib oluvchiga topshirilgan.
Keyinchalik, MChJ “Ipak yoʻli” AITB (bundan buyon matnda bank deb yuritiladi)dan olgan kreditni qaytarish boʻyicha majburiyatini bajarilishining taʼminoti sifatida 2021-yil 6-avgustdagi ipoteka shartnomasiga asosan koʻchmas mol-mulkni garovga qoʻygan.
Daʼvogar sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, shartnoma qoʻshma korxona uchun yirik bitim hisoblanishi, ushbu shartnoma qoʻshma korxona ishtirokchilarining roziligi olinmasdan, 3 784 344 000 soʻmlik koʻchmas mulk noreal narxda, yaʼni 21 000 000 soʻmga sotilganligini asos qilib, uni haqiqiy emas deb topishni va shartnomaning haqiqiy emaslik oqibatini qoʻllashni soʻragan.
Sudning 2022-yil 19-dekabrdagi ajrimi bilan bank ishga nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan.
Keyinchalik, daʼvogar daʼvo arizasiga aniqlik kiritish toʻgʻrisida ariza bilan sudga murojaat qilib, qoʻshma korxona va MChJ oʻrtasida tuzilgan shartnomani haqiqiy emas deb topib, bitimning haqiqiy emasligining oqibatini qoʻllab, koʻchmas mulkni MChJdan qoʻshma korxonaga qaytarishni soʻragan.
Sudning 2022-yil 6-yanvardagi ajrimi bilan ariza ish yurituvga qabul qilingan.
Samarqand viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 6-yanvardagi hal qiluv qarori bilan daʼvoni qanoatlantirish rad etilgan.
Daʼvogar Oliy sudga apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilib, hal qiluv qarorini bekor qilishni va daʼvoni qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishni soʻragan. Bunga asos qilib, shartnoma “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni (bundan buyon matnda Qonun deb yuritiladi) 43-moddasida koʻrsatib oʻtilgan afillangan shaxslar oʻrtasida tuzilganligi, yaʼni, shartnomani MChJ nomidan direktor sifatida imzolagan N.Sh.B, bir vaqtning oʻzida qoʻshma korxonaning 28,35 foiz ulushiga ega ishtirokchisi boʻlganligi, bundan tashqari mazkur shartnoma yirik bitim hisoblanishi, jumladan qoʻshma korxonaning 2020-yil moliya-xoʻjalik faoliyati yakuni bilan tuzilgan balansga koʻra, jamiyat aktivlarining jami qiymati 12 488 070 600 soʻmni tashkil qilganligi, sotilgan koʻchmas mulkning qiymati esa 3 784 344 000 soʻmni tashkil qilganligi, bu jamiyat balansi aktiv qismining 30,31 foizini tashkil qilishi, bu esa yirik bitim ekanligi, Qonunning 44-moddasida bunday bitim jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi tomonidan qabul qilinishi, qoʻshma korxona ustavining 16.1-bandi “o” xatboshisiga koʻra esa bunday bitimni tuzish boʻyicha qaror barcha ishtirokchilarning bir ovozi bilan qabul qilishini nazarda tutilganligi, biroq shartnoma qoʻshma korxona ishtirokchilarining roziligisiz tuzilganligi toʻgʻrisida vajlar keltirilgan.
Sud majlisida ishtirok etgan daʼvogar vakillari shikoyatni quvvatlab, uni qanoatlantirishni soʻrashdi.
Sud majlisida ishtirok etgan bank vakili apellatsiya shikoyatiga eʼtiroznoma taqdim etib, shartnoma boʻyicha sotilgan koʻchmas mulk bank tomonidan garovga olinganligi, 2023-yil 2-mart holatiga MChJning bank oldidagi qarzi 41 051,76 soʻmni tashkil qilishi, kadastr organi tomonidan berilgan maʼlumotga koʻra, qoʻshma korxonaga tegishli jami 70 000 m2 yer maydoniga nisbatan hisoblaganda, shartnoma boʻyicha sotilgan koʻchmas mulkning yer maydoni (5000 m2) 7,1 foizini, 7300,40 m2 qurilish osti maydon boʻyicha hisoblaganda (399,20 m2) 5,5 foizni, 7104,80 m2 boʻyicha hisoblaganda (700,80 m2) 9,9 foizni tashkil qilganligi, bu esa qoʻshma korxona uchun yirik bitim hisoblanmasligi, yaʼni sotilgan mulklarning yer maydoni ham, foydali maydoni ham 10 foizga ham yetmasligini, qoʻshma korxona hamda MChJ rahbarlarining maqsadi bankdan olingan kreditni qaytarmaslik ekanligini, hal qiluv qarori adolatli qabul qilinganligini bildirib, shikoyatni qanoatlantirmasdan qoldirishni soʻradi.
Sud majlisi vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tartibda xabardor qilingan MChJ oʻz vakili ishtirokini taʼminlamadi.
Sudlov hayʼati, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) 274-moddasining toʻrtinchi qismiga asosan ishni MChJ vakili ishtirokisiz koʻrib chiqishni lozim deb topdi.
Sudlov hayʼati sud majlisida ishtirok etgan shaxslarning vakillarining tushuntirishlarini tinglab, shikoyatda keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra shikoyatni qanoatlantirishni, hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvoni qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishni lozim topadi.
Qonun 43-moddasining birinchi, ikkinchi hamda beshinchi qismlariga koʻra, tuzilishidan jamiyat kuzatuv kengashining aʼzosi, jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi vazifasini amalga oshiruvchi shaxslar, jamiyatning kollegial ijro etuvchi organi aʼzosi manfaatdor boʻlgan yoki oʻz affillangan shaxslari bilan birgalikda jamiyat ishtirokchilari umumiy ovozlari sonining yigirma va undan ortiq foiziga ega boʻlgan jamiyat ishtirokchisining manfaatdorligi boʻlgan bitimlar jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining roziligisiz jamiyat tomonidan tuzilishi mumkin emas.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar, ularning erlari (xotinlari), ota-onalari, bolalari, aka-ukalari, opa-singillari va (yoki) ularning affillangan shaxslari quyidagi hollarda jamiyat tomonidan bitim tuzilishidan manfaatdor shaxslar deb eʼtirof etiladi:
bitim taraflari hisoblansalar yoki jamiyat bilan munosabatlarda uchinchi shaxslarning manfaatlarini ifodalasalar;
bitim tarafi hisoblanuvchi yoki jamiyat bilan munosabatlarda uchinchi shaxslarning manfaatlarini himoya qiluvchi yuridik shaxs aksiyalarining (paylari, ulushlarining) yigirma va undan ortiq foiziga ega boʻlsalar (har biri alohida-alohida yoki jamlangan holda);
bitim tarafi hisoblanuvchi yoki jamiyat bilan munosabatlarda uchinchi shaxslarning manfaatlarini himoya qiluvchi yuridik shaxsning boshqaruv organlarida lavozim egallab turgan boʻlsalar.
Tuzilishidan manfaatdorlik boʻlgan bitimlarni jamiyat tuzishi toʻgʻrisidagi qaror jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi tomonidan jamiyatning uning tuzilishidan manfaatdor boʻlmagan ishtirokchilari umumiy ovozlarining koʻpchilik ovozlari bilan qabul qilinadi.
Shartnoma qoʻshma korxona nomidan direktor M.A, MChJ nomidan esa direktor Sh.N tomonidan imzolangan. Sh.N MChJning direktori, yaʼni jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi vazifasini amalga oshiruvchi shaxs boʻlib, bir vaqtning oʻzida qoʻshma korxonaning yigirma foizdan ortiq, yaʼni 28,35 foiz ulush bilan uning ulushdori hisoblanadi. Bu esa, jamiyat ishtirokchisining manfaatdorligi boʻlgan bitim hisoblanib, bunday bitim jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining roziligisiz tuzilishi mumkin emas. Shartnoma tuzishda esa, ushbu qonun talabiga rioya qilinmagan.
Qonun 43-moddasining yettinchi qismiga koʻra, tuzilishidan manfaatdorlik boʻlgan va ushbu moddada nazarda tutilgan talablar buzilgan holda tuzilgan bitimlar jamiyatning yoki uning ishtirokchisining daʼvosi asosida sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Bundan tashqari, Qonun 44-moddasining birinchi — uchinchi qismlariga koʻra, agar jamiyatning ustavida yirik bitimlarning ancha katta miqdori nazarda tutilgan boʻlmasa, bunday bitimlarni tuzish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinadigan kundan oldingi oxirgi hisobot davri uchun buxgalteriya hisobotlari maʼlumotlari asosida aniqlangan jamiyat mol-mulki qiymatining yigirma besh foizidan ortiq qiymatga ega boʻlgan mol-mulkni jamiyatning olishi, tasarrufidan chiqarishi yoki jamiyat bevosita yoxud bilvosita mol-mulkni tasarrufidan chiqarishi ehtimoli bilan bogʻliq boʻlgan bitim yoki oʻzaro bogʻliq bir necha bitim yirik bitim deb hisoblanadi. Jamiyatning odatdagi xoʻjalik faoliyati jarayonida tuziladigan bitimlar yirik bitimlar deb eʼtirof etilmaydi.
Ushbu moddaning maqsadlari uchun yirik bitim natijasida jamiyatning tasarrufidan chiqariladigan mol-mulkning qiymati uning buxgalteriya hisobi maʼlumotlari asosida, jamiyat oladigan mol-mulkning qiymati esa — taklif qilingan baho asosida aniqlanadi.
Yirik bitimni tuzish toʻgʻrisidagi qaror jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi tomonidan qabul qilinadi.
Qoʻshma korxona ustavi (shartnoma tuzilgan paytdagi tahrir) 16-bandining “o” kichik bandida qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda qoʻshma korxona tomonidan mol-mulk sotib olish va uni oʻz tasarrufidan chiqarish bilan bogʻliq yirik bitim tuzish umumiy yigʻilishning mutlaq vakolatiga kirishi belgilangan.
Qoʻshma korxona tomonidan berilgan maʼlumotga koʻra, uning 2020-yil boʻyicha hisobot davri boʻyicha jami aktivlari qiymati 12 488 070 600 soʻmni, shartnoma asosida sotilgan koʻchmas mulk qiymati esa 3 784 344 000 soʻmni tashkil qilgan. Bu esa, qoʻshma korxona mol-mulki qiymatining yigirma besh foizidan ortiq summani tashkil etadi. Yaʼni, shartnoma yirik bitim hisoblansa-da, uni tuzish toʻgʻrisidagi jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi tomonidan qaror qabul qilinmagan.
Qonun 44-moddasining beshinchi qismida ushbu moddada nazarda tutilgan talablar buzilgan holda tuzilgan yirik bitim jamiyatning yoki uning ishtirokchisining daʼvosiga binoan sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkinligi belgilangan.
Qayd etilgan holatlar, yaʼni shartnoma jamiyat ishtirokchisining manfaatdorligi boʻlgan bitim hisoblanishi hamda u yirik bitim ekanligidan kelib chiqib, uni tuzishda qonun talablariga rioya qilinmaganligi tasdiqlanadi. Shuning uchun daʼvogarning shartnomani haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi talabi asosli hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 114-moddasining ikkinchi qismiga koʻra, bitim haqiqiy boʻlmaganida taraflarning har biri boshqasiga bitim boʻyicha olgan hamma narsani qaytarib berishi, olingan narsani aslicha (shu jumladan olingan narsa mol-mulkdan foydalanish, bajarilgan ish yoki koʻrsatilgan xizmat bilan ifodalanganda) qaytarib berish mumkin boʻlmaganida esa, agar bitim haqiqiy emasligining boshqa oqibatlari qonunda nazarda tutilgan boʻlmasa, uning qiymatini pul bilan toʻlashi shart.
Sudlov hayʼati, shartnoma haqiqiy emas deb topilganligi sababli daʼvogarning shartnoma haqiqiy emasligining oqibatini qoʻllab, koʻchmas mulkni qoʻshma korxonaga qaytarish toʻgʻrisidagi talabini ham asosli deb hisoblaydi va ushbu talab ham qanoatlantirilishi lozim. Ish hujjatlarida MChJ tomonidan qoʻshma korxonaga 21 000 000 soʻm toʻlanganligi toʻgʻrisida dalil mavjud emas. Shuning uchun agar ushbu toʻlov amalga oshirilgan boʻlsa, MChJ 21 000 000 soʻmni qaytarish talabini qoʻyish huquqiga ega boʻladi.
Sudlov hayʼati birinchi instansiya sudining qoʻshma korxona direktorining vakolat doirasidan chetga chiqib bitim tuzganligi qoʻshma korxonaning sotib oluvchi bilan munosabatlariga taʼsir koʻrsatmasligi, FKning 126-moddasiga asosan daʼvogar koʻchmas mulkning oldi-sotdi shartnomasini tuzishda qoʻshma korxona sobiq direktori M.Aning vakolat doirasidan chetga chiqqanligini MChJ bilganligi yoki oldindan bilishi lozimligini isbotlab bera olmaganligi toʻgʻrisidagi xulosasi bilan kelisha olmaydi. Chunki, MChJ direktori Sh.N qoʻshma korxonaning ishtirokchisi hisoblanib, koʻchmas mol-mulk qoʻshma korxona ishtirokchilarining umumiy yigʻilish qarorisiz sotilayotganligini nafaqat bilishi lozim boʻlgan, balki bilgan ham.
Shuningdek, sudlov hayʼati bank vakilining sotilgan koʻchmas mulk qoʻshma korxona mol-mulkining oʻn foizini ham tashkil qilmasligi toʻgʻrisidagi vaji bilan kelisha olmaydi. Chunki, tuzilgan shartnoma yirik bitim ekanligini aniqlash uchun sotilgan koʻchmas mulkning hududi (hajmi)ning qoʻshma korxonaning jami hududiga nisbati bilan hisoblanishi lozimligini asoslantirib bermagan.
IPK 278-moddasining 2-bandida apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha hal qiluv qarorini toʻliq yoki qisman bekor qilishga va yangi qaror qabul qilishga haqli ekanligi belgilangan.
IPK 279-moddasi birinchi qismining 4-bandiga koʻra, moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilganligi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladi.
Mazkur holatda birinchi instansiya sudi moddiy huquq normalarini notoʻgʻri qoʻllagan. Shuning uchun hal qiluv qarori bekor qilinishi va daʼvoni qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilinishi lozim. Nizoning kelib chiqishiga qoʻshma korxona tomonidan qonuniy shartnoma tuzilganligi sabab boʻlgan. Shuning uchun sud xarajatlari qoʻshma korxona zimmasiga yuklanadi. Ishni birinchi instansiya sudida koʻrish bilan bogʻliq daʼvogar tomonidan toʻlangan 6 000 000 soʻm davlat boji, 24 000 soʻm pochta xarajatlari, ishni apellatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq 1 700 000 soʻm davlat boji, 30 000 soʻm pochta xarajatlari, jami 7 754 000 soʻm qoʻshma korxonadan undiriladi. Koʻchmas mulkni qaytarish bilan bogʻliq talab mulkiy talab ekanligidan kelib chiqib, ushbu talab boʻyicha koʻchmas mulk bahosi, yaʼni 3 784 344 000 soʻm hisobidan 113 530 320 soʻm davlat boji summasini qoʻshma korxonadan undirish lozim. Biroq, daʼvogar tomonidan ushbu talab boʻyicha birinchi va apellatsiya instansiyasi sudiga 3 200 000 (3 000 000 + 200 000) soʻm toʻlanganligi sababli, ushbu summani chegirgan holda qoʻshma korxonadan 110 330 320 soʻm undiriladi. Bundan tashqari, qoʻshma korxonadan sud muhokamasini videokonferensaloqa rejimida koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini ham undirish lozim.
Yuqoridagilarga asosan va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 118, 278 — 280-moddalarini qoʻllab, sudlov hayʼati qaror qildi:
Samarqand viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 6-yanvardagi hal qiluv qarori bekor qilinsin.
Yangi qaror qabul qilinsin.
“S.i.p” masʼuliyati cheklangan jamiyati qoʻshma korxonasi ishtirokchisi M.B.Mning daʼvosi qanoatlantirilsin.
“S.i.p” masʼuliyati cheklangan jamiyati qoʻshma korxonasi hamda “S.b.p” masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻrtasida 2021-yil 24-iyulda tuzilgan koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomasi haqiqiy emas deb topilsin.
Shartnomaning haqiqiy emasligining oqibati qoʻllanilib, “S.b.p” masʼuliyati cheklangan jamiyatidan 2021-yil 24-iyuldagi topshirish — qabul qilish dalolatnomasi asosida qabul qilib olingan Jomboy tumani, Qoramuyin MFY, Oqqovun qishlogʻida joylashgan parrandachilik fermasi va parranda goʻshtini qayta ishlash sexining bir qismi, yaʼni ishchilar yotoqxonasi liter 0011, qurilish osti maydoni 173.60 m2, foydali (ichki) maydoni 297,60 m2 va maʼmuriy bino liter 0012, qurilish osti maydoni 225,6 m2, foydali (ichki) maydoni 403,20 m2, foydalanishda boʻlgan yer maydoni 5000,0 m2 (yer maydonisiz) “S.i.p” masʼuliyati cheklangan jamiyati qoʻshma korxonasiga qaytarilsin.
“S.i.p” masʼuliyati cheklangan jamiyati qoʻshma korxonasidan “S.i.p” masʼuliyati cheklangan jamiyati qoʻshma korxonasi ishtirokchisi M.B.M foydasiga oldindan toʻlangan 7 754 000 soʻm davlat boji undirilsin.
“S.i.p” masʼuliyati cheklangan jamiyati qoʻshma korxonasidan respublika budjetiga 110 330 320 soʻm davlat boji undirilsin.
“S.i.p” masʼuliyati cheklangan jamiyati qoʻshma korxonasidan Oliy sudning depozit hisob raqamiga ishni videokonferensaloqa rejimida koʻrish bilan bogʻliq 75 000 soʻm sud xarajatlari undirilsin.
Ijro varaqalari berilsin.
Mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Raislik qiluvchi: B. SAYFULLAYEV
hayʼat aʼzolari: I. TADJIYEV
R. SAGATOV
Toshkent sh.,
2023-yil 2-mart,
4-14-2204/39-son